21.12.2024, Шанба

Qoraqalpog`iston Respublikasida xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni, ular o`rtasida o`z joniga qasd yoki suiqasd qilish holatlarni taxlil etish, asl sabablarini o`rganish, ularni bandligini ta`minlash borasida hamkorlikda amalga oshirilgani

MA`LUMOT

 

Hozirgi kunda Qoraqalpog`iston Respublikasida jami 1 800 200 nafar aholi yashayotgan bo`lsa, ularning 901 554 nafarini xotin-qizlar, 632 214 nafari voyaga etmaganlar, shundan 319 848 nafari qizlarni tashkil etadi.

Qoraqalpog`iston Respublikasida jami tibbiyot sohasida 24395 nafar, iqtisodiyot sohasida 2852 nafar, ta`lim sohasida 49695 nafar xotin-qizlar mehnat qilmoqda.

Bugungi kunda Qoraqalpog`iston Respublikasida 3 ming 250 nafardan ziyod xotin-qiz turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat ko`rsatmoqda. Jumladan, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga 4 nafar, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesiga 12 nafar, shahar va tuman Kengashlariga 85 nafar xotin-qiz deputat etib saylangani ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga qaratilayotgan ulkan e`tiborning amaliy ifodasidir.

Hozirgi kunda Qoraqalpog`iston Respublikasida ilm-fan taraqqiyoti yo`lida samarali mehnat qilayotgan 168 nafar olima ayollar, 5 mingdan ortiq tadbirkor ayollar, 200 ga yaqin hunarmand ayollar, 500 ga yaqin fermer ayollar, 397 nafar diniy ma`rifat va ma`naviy axloqiy tarbiya masalalari bo`yicha maslahatchilari mamlakatimiz ravnaqi yo`lida o`zlarining hissalarini qo`shmoqda.

2016-2017 o`quv yilida 93 ta kasb-xunar kollejlarini jami 11828 nafar bitiruvchi qizlardan, bugungi kunga kelib 3863 nafari qizlar ya`ni 35,1% ining bandligi ta`minlangan. Shundan, 347 nafar qizlar oliy ta`lim muassasalariga o`qishga kirgan.

Bundan tashqari, 2017 yil 9 oyi davomida tijorat banklari tomonidan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga o`z biznesini boshlash uchun 2014-2017 yillarda kasb-hunar kollejlarini bitirgan qizlarning 930 nafari uchun 9,3 mlrd so`m miqdorida imtiyozli kredit mablag`lari ajratilgan bo`lib, shundan 2016-2017 yillarda kasb-hunar kollejlarini bitirgan 377 nafar qizlar uchun 4,4 mlrd.so`m ajratilib, bugungi kunda bu qizlarimiz ham o`z tadbirkorlik faoliyatini boshlab yuborgan.

Qoraqalpog`iston Respublikasi Xotin-qizlar qo`mitasi tomonidan 2017 yil 30 yanvar kuni 09-01/05-son bilan “2017 yil davomida xotin-qizlar orasida ularning huquqiy bilimlarini oshirish, diniy ekstremizm, missionerlikning hamda har turli diniy oqimlar ta`siriga tushib qolish, jinoyatchilik va huquqbuzarlik, erta nikoh qurish, OITS kasalligi va o`z joniga qasd qilishning oldini olish, odam savdosiga qarshi kurashish, hamda tuy marakalarni tartibli, isrobgarchiliksiz o`tkazishga qaratilgan targ`ibot-tashviqot ishlarini olib borish bo`yicha Manzilli Rejasi” tasdiqlanib, mazkur manzilli Reja  bo`yicha joylarda Ichki ishlar, Sog`liqni saqlash, Xalq ta`limi vazirliklari, O`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi boshqarmasi, “Mahalla” fondi bilan hamkorlikda vaqtincha ishsiz ayollar va uy bekalari bilan diniy ekstremistik oqim a`zolari va missionerlar faoliyati ta`siriga tushib qolishlarining oldini olishga qaratilgan 400 ta targ`ibot tadbirlari amalga oshirildi.

Shuningdek, Qoraqalpog`iston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi, O`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi boshqarmasi, Xalq ta`limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti bilan hamkorlikda Qoraqalpog`iston Respublikasining shahar, tumanlaridagi ta`lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan psixolog o`qituvchilarning voyaga etmaganlar o`rtasida salbiy holatlarning oldini olish bo`yicha faoliyatini takomillashtirish yuzasidan o`tkaziladigan seminar mashg`ulotlar jadvali tasdiqlanib, mazkur rejaga asosan joriy yilning 1 martdan 4 aprel kuniga qadar barcha shahar, tumanlarda seminarlar tashkil etilib, 1100 ta`lim muassasalari psixologlari va mahalla maslahatchilari ishtirok etdi.

Yuqorida belgilangan chora-tadbirlar asosida amalga oshirilgan targ`ibotlar va ro`yxatga olingan xotin-qizlar va ularga ko`rsatilgan amaliy yordamlar, jumladan, bandligini ta`minlash, nafaqalarini tiklash, tadbirkorlikga jalb etish, farzandlarining bo`sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish kabi yo`nalishlar bo`yicha olib borilgan ishlar tufayli o`tgan yilning shu davriga qaraganda xotin-qizlar orasida salbiy-holatlar kamaydi.

Jumladan, xonadonlarga kirib borish, ularning oilaviy ahvolini o`rganish natijasida aniqlangan muammolarni hamkorlikda bartaraf etish tizimi yaratildi. Qaynonalar Kengashi va yarashtirish komissiyalari tomonidan olib borilayotgan ishlar  natijasida:

- 431 ta ajrashish yoqasida turgan oila tiklandi

Misol uchun, Chimboy tumani Temir jol guzari MFYda istiqomat qiluvchi fuqarolar Urazova Xalida va Duysenbaev Jusipalilar kelishmovchiliklar sababli ajrashmoqchi bo`lib turganida mahalladagi Yarashtirish komissiyasi a`zolarining olib borgan tushuntirish ishlari natijasida joriy yil 3 may kuni ikki juft yarashtirildi.

Shuningdek, Ellikqal`a tumani Navbahor MFYda istiqomat qiluvchi Durdiev Jamoladdin va Osmiqova Tovuslarning oilasidagi kelishmovchiliklar sababli ajrashmoqchi bo`lgan. Mahallasidagi Yarashtirish komissiyasining olib borgan tushuntirish ishlari natijasida oila yarashtirildi.

- 25 ta aliment o`ndirildi;

Masalan, Amudaryo tumani Quyik ko`pir OFYda yashovchi Otajonova Gulasalga sobiq turmush o`rtog`i Almonov Xamzadan mahalla xodimlari yordamida 1 nafar farzandiga har oyda 150 ming so`m aliment pulini undirishda yordam berilmoqda.

Yoki Xo`jayli tumani Tinchlik MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro Ishamuratova Tolg`anayga sobiq turmush o`rtog`i Jumamuratov Amangeldidan ularning 4 farzandi uchun 3,5 mln.so`m miqdorda aliment pulini undirishda yordam ko`rsatildi.

- 125 nafar chetga ketmoqchi bo`lgan ayollarning 96 tasi qaytarildi;

- 24 ta xotin-qizlar jinoyatining oldi olindi

Misol uchun, Amudaryo tumani Arnabo`yi MFYda yashovchi fuqaro Yuldasheva Tazagul o`z kelini Raximova Sharofat bilan urushib, biri biriga tana jarohatini etkazgan. Sudga ariza bergan. Lekin tuman Xotin-qizlar qo`mitasi raisi, IIB mas`ul xodimi va “Nuroniy” fondining tuman bo`limi boshlig`i tomonidan olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida ikki ayol yarashtirildi va ariza qaytarildi.

Shuningdek, Sho`manoy tumani Begjap OFYda yashovchi Jumanova Denegulni 2017 yil 11 avgust kuni uning turmush o`rtog`i Fayzimov Muratbay mast holatda urgan. D.Jumanova uni qaytarib urib, ikkilasi o`rtasida janjal boshlangan paytda mahalla faollari aralashib, ikkalasi bilan tushuntirish ishlarini olib borish natijasida jinoyat qilib qo`yish holatining oldi olindi. Hozirgi kunda oila tinch va ahil yashamoqda. 

- 12 nafar xotin-qizlar o`rtasida o`z joniga qasd holatlarining oldi olindi.

Misol uchun Chimboy tumani Berdaq MFYda istiqomat qiluvchi 1999 yili tug`ilgan Bazarbaeva Nasiba tanishlaridan olgan qarzini o`z vaqtida qaytara olmaganligi sababli o`z joniga qasd qilmoqchi bo`lgan. Lekin uning qo`shnilari bundan xabar topib qolib, mahalla faollari qiz bilan darhol tushuntirish ishlarini olib borishi natijasida o`z joniga qasd qilish holatining oldi olindi.

To`rtko`l tumani Sho`raxon OFYda istiqomat qiluvchi fuqaro Arzieva Nodira eri qamoqda bo`lganligi sabali 3 nafar farzandi bilan uysiz qolgan. Qayinota-onasi bilan janjal qilib, tuman Xotin-qizlar qo`mitasiga o`zi joniga qasd qilishini aytib murojaat qilgan. Tuman Xotin-qizlar qo`mitasi tomonidan fuqaro bilan tushuntirish ishlari olib borilib, o`z jonigna qasd qilish holatining oldi olingan. Bundan tashqari qo`mita yordamida ushbu fuqaroga erining nomidagi uyi qonuniy ravishda uning nomiga o`tkazib berilgan. Fuqaro 17-sonli umumta`lim maktabiga farrosh etib ishga joylashtirilgan.

- 17 ta foxishaxonalar faoliyati to`xtatildi;

Respublikada mavjud 405 ta mahallalarning 44 tasida o`tgan davr mobaynida salbiy holatlar (jinoyat, o`z joniga qasd, ajrim v.h) sodir bo`lmadi.

Qoraqalpog`iston Respublikasida 2017 yil 10 oy davomida xotin-qizlar tomonidan jami 247 ta jinoyatlar sodir etilgan bo`lib, o`tgan yilning shu davriga nisbatan 111 taga kamaygan (2016 y. – 358 ta). Jumladan, Nukus shahrida 78 ta bo`lib, 23 taga (2016 y. – 101 ta), To`rtko`l tumanida 25 ta bo`lib, 28 taga (2016 y.                  – 53 ta), Qo`ng`irot tumanida 24 ta bo`lib, 18 taga (2016 y. – 42 ta), Xo`jayli tumanida 22 ta bo`lib, 9 taga (2016 y. – 31 ta), Beruniy tumanida 18 ta bo`lib, 1 taga (2016 y. – 19 ta), Amudaryo tumanida 15 ta bo`lib, 19 taga (2016 y. – 34 ta), Chimboy tumanida 11 ta bo`lib, 2 taga (2016 y. – 13 ta), Ellikqal`a tumanida 8 ta bo`lib,       1 taga (2016 y. – 9 ta), Qorao`zak tumanida 7 ta bo`lib, 1 taga (2016 y. – 8 ta), Taxtako`pir tumanida 5 ta bo`lib, 3 taga (2016 y. – 8 ta), Taxiatosh tumanida 4 ta bo`lib, 8 taga (2016 y. – 12 ta), Kegeyli tumanida 3 ta bo`lib, 5 taga (2016 y. – 8 ta), Shumanay tumanida 3 ta bo`lib, 2 taga (2016 y. – 5 ta), Nukus tumanida 2 ta bo`lib,  2 taga (2016 y. – 4 ta), Muynoq tumanida 1 ta bo`lib, 4 taga (2016 y. – 5 ta) kamayishiga erishilgan.  

Jinoyat sodir etishda ishtirok etgan xotin-qizlar soni jami 278 nafarni tashkil etib, 148 nafarga kamaygan.

Joriy yil 10 oy yakuni bilan hisobda turgan uzoq muddatga ketgan xotin-qizlar soni 5894 nafarni, qaytib kelgan xotin-qizlar 4967 nafarni (ketganlarning 75%ini) tashkil etadi.