22.12.2024, Yakshanba

Qoraqalpog'istonda davlat tiliga e’tibor qay darajada?

Hukumat qarori asosida (https://kun.uz/36684831) Davlat tilida ish yuritish asoslarini o'qitish va malaka oshirish markazi tashkil qilingandi. Hozirda Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlarda ushbu markazning hududiy bo'linmalari faoliyat olib bormoqda.
25-26 iyun kunlari markazning Navoiy, Jizzax, Surxondaryo, Sirdaryo viloyatlari hududiy bo'linma rahbarlari Nukusdagi hududiy bo'linma faoliyati bilan tanishishdi. 

Mehmonlar dastlab Nukusdagi mashg'ulotlar jarayonida ishtirok etishdi. Bu erda jami 6 ta modul asosida mashg'ulotlar tashkil qilingan. Mazkur bo'linmada vazirlik, idora, hokimiyat va xo'jalik birlashmalari xodimlariga shartnoma asosida o'zbek hamda qoraqalpoq adabiy til me’yorlari, lotin yozuviga asoslangan o'zbek hamda qoraqalpoq alifbosi va imlosi, davlat tilida ish yuritish asoslari fanlari bo'yicha mashg'ulotlar olib borilmoqda. Mehmonlar tinglovchilar bilan suhbat o'tkazishdi.

Shundan keyin mehmonlar tajriba almashish maqsadida nukuslik hamkasblari bilan muloqot o'tkazdi. Unda Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining davlat tili masalalari bo'yicha maslahatchisi Perdeg'aliy Dabilov va bo'linma rahbari Farhod Bobojonov ishtirok etishdi. Uchrashuvda davlat tili, lotin yozuviga asoslangan o'zbek va qoraqalpoq alifbosini davlat tashkilotida ishlaydigan xodimlarga tezkor sur’atda o'rgatish borasida fikr almashildi.

Shunindek, kunning ikkinchi yarmida bo'linmaning may oyidagi bitiruvchilariga sertifikat topshirish marosimi o'tkazildi. Davlat ximzatchilariga sertifikatlarni Navoiy, Jizzax, Surxondaryo, Sirdaryo viloyatlarida hududiy bo'linma rahbarlari va Vazirlar Kengashi raisi maslahatchisi topshirdi.

Yakunda namunaviy faoliyati uchun Davlat tilida ish yuritish asoslarini o'qitish va malaka oshirish Markazi Qoraqalpog'iston Respublikasi hududiy bo'linmasi rahbari Farhod Bobojonov Vazirlar Kengashi tomonidan hurmat yorlig'i bilan taqdirlandi.

Ma'lumot uchun, 2020 yilning tsentyabr oyida tashkil qilingan Markazning Qoraqalpog'iston Respublikasi hududiy bo'linmasida har oy 80 nafarga yaqin davlat xizmatchilari malakasini oshirishadi.

Eslatib o'tamiz, oldinroq Vazirlar Kengashi raisining davlat tili masalalari bo'yicha maslahatchisi Perdeg'aliy Dabilov Lotin yozuviga asoslangan qoraqalpoq alifbosiga qachon to'liq o'tilishiga (https://kun.uz/news/2021/05/03/lotin-yozuviga-asoslangan-qoraqalpoq-alifbosiga-qachon-toliq-otilishi-malum-qilindi) aniqlik kiritgandi.