Qoraqalpog`iston
Respublikasi
Muqaddas Vatanimiz – O`zbekiston Respublikasi o`zining 27 yillik
mustaqil rivojlanish
yillarida asrlarga teng yo`lni bosib o`tdi. Tarixan qisqa bu davrda shahar va
qishloqlarimiz, butun yurtimiz qiyofasi, jamiyatimizdagi ijtimoiy-siyosiy
munosabatlar butunlay o`zgardi. Hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida
barqaror o`sish sur`atlari kuzatilmoqda. Eng muhimi, xalqimiz qalbida o`z
yurtiga egalik hissi, shu ulug` Vatanning bugungi va ertangi kuni uchun
mas`uliyat va daxldorlik tuyg`usi ortib, uning ongu tafakkuri va dunyoqarashi
yuksalib bormoqda.
Mustaqillik yillari butun mamlakatimizga,
har bir hudud va mintaqaga bunyodkorlik va yangilanishlar boshlab kelganining
tasdig`ini O`zbekistonimizning shimoliy qismida joylashgan Qoraqalpog`iston
Respublikasi misolida ham yaqqol ko`rish mumkin.
Ma`lumki, saxovatli va betakror qoraqalpoq
diyori mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojida alohida o`rin tutadi. Bu haqda so`z yuritganda,
Muhtaram Birinchi Prezidentimiz Islom
Abdug`anievich Karimovning “Qoraqalpoq xalqi doimo yurtimizning tayanch
tog`laridan hisoblangan” degan so`zlarini esga olish o`rinlidir.
Shuning uchun ham mustaqillik yillarida
boshqa mintaqalarimiz qatori Qoraqalpog`istonning rivojlanishiga ham ulkan
e`tibor berilmoqda. Aynan ana shunday e`tibor tufayli bugungi kunda respublika
poytaxti – Nukus shahridan boshlab, tumanlar markazlari, shahar va qishloqlar,
hatto chekka ovullargacha har tomonlama o`zgarib, rivojlanib bormoqda. Bunda, ayniqsa, davlatimiz
rahbari Shavkat
Miromoniovich Mirziyoevning
bevosita tashabbusi bilan ishlab chiqilib, izchil amalga oshirilayotgan
Qoraqalpog`iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari
muhim ahamiyat kasb etmoqda. Aytish kerakki, bu dasturlar respublikani asrlar
davomidagi oddiy agrar o`lkadan zamonaviy ishlab chiqarish va
ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmalar, transport-kommunikatsiya tarmoqlari, yuksak
malakali kadrlarga ega bo`lgan qudratli mintaqaga aylantirishni nazarda tutadi.
Dasturlarning bosqichma-bosqich hayotga
tadbiq etilishi natijasida qoraqalpoq zamini bugungi kunda tanib bo`lmas
darajada o`zgarib, yildan-yilga chiroy ochib, barqaror sur`atlarda rivojlanib
borayotgan diyorga aylandi.
Mustaqillik yillarida bu zaminda amalga
oshirilgan ulkan iqtisodiy-ijtimoiy o`zgarishlar, qurilish va obodonchilik
ishlarini sanab adog`iga etib bo`lmaydi. O`rta Osiyoda yagona bo`lgan, sahro
bag`ridagi mo``jiza deb nom olgan Qo`ng`irot soda zavodi, Ustyurt gaz-ximiya kompleksi,
Nukus polimer, Samsung-Nukus, Nukus elektroapparat, «Lanextrakt» qospa kәrxanasы, «Nukus Med Tex» MChJ, «Tөrtkүl shiyshe ыdыslarы» MChJ, Xo`jayli
shisha zavodi, “Markaziy Osiyo bezak toshlari” qo`shma korxonasi,
Qo`ng`irotdagi karbid, Nukusdagi marmar va kabel` zavodlari, O`rga gaz koni,
“Elteks” va “Kateks” majmualari kabi zamonaviy ishlab chiqarish ob`ektlari,
Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, Toshkent axborot
texnologiyalari universitetining Nukus filiali, Olimpiya zaxiralari kolleji
binolari, 345 kilometrlik Navoiy – Nukus temir yo`li, Nukus bilan Xo`jaylini
bog`laydigan ulkan ko`prik, Qo`ng`irot avtomobil` yo`li, o`nlab umumta`lim
maktablari
va maktabgacha ta`lim
muassasalari, litsey va kollejlar,
bolalar sporti, bolalar musiqa va san`at maktablari singari ko`plab inshootlar
– bularning barchasi istiqlol mevasidir.
Milliy avtomagistral qurilishida ro`y
bergan ulkan voqealardan biri – bu shu yo`lning Nukus shahriga kiraverishida
yangi ko`prik va chorraha yo`lning qurilishidir.
Shuni ham alohida ta`kidlab o`tishimiz
kerak, Muhtaram Birinshchi Prezidentimizning tashabbusi
bilan
tamal toshi qo`yilgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasining qurilishi bugun dunyo
xalqlari e`tiborini jalb etmoqda.
Eng muhimi, qoraqalpoq xalqi asrlar
davomida orzu qilib, intilib kelgan ezgu maqsadiga etdi – ozod va erkin,
tinch-osuda hayotga erishdi, o`z tarixi, madaniy merosi, milliy an`ana va
qadriyatlarini tiklash, rivojlantirish, o`zligini anglash imkoniga ega bo`ldi.
Qoraqalpog`iston Respublikasi
O`zbekistonning shimoliy-g`arbiy qismida, Amudaryoning quyi qismi, Orol
dengizining janubiy sohilida joylashgan. Respublika janubi-g`arb tomondan
Qoraqum sahrosiga tutashgan. Uning shimoliy-g`arbida Ustyurt tekisligi,
shimoliy-sharqiy tomonida esa Qizilqum sahrosi yastanib yotibdi. Orol
dengizining janubiy hududi qoraqalpoq zaminida joylashgan. Qoraqalpog`istonning
umumiy er maydoni 166,6 ming kvadrat kilometrdan iborat bo`lib, u hududining
kattaligi jihatdan O`zbekiston Respublikasi viloyatlari o`rtasida birinchi
o`rinda turadi. Respublika
aholisi 2018 yil 1
aprel holatiga 1 million 800 ming kishidan ziyoddir.
Respublikaning ma`muriy-hududiy tuzilmasi
15
ta tuman va 1 ta shahardan iborat. Bular Amudaryo, Beruniy, Qorao`zak, Kegeyli,
Qo`ng`irot, Qonliko`l, Mo`ynoq, Nukus, Taxtako`pir, To`rtko`l, Xo`jayli,
Taxiyotosh,
Chimboy, Sho`manoy, Ellikqal`a tumanlari va Nukus shahridir.
Qoraqalpog`iston O`zbekiston Respublikasi
tarkibidagi parlament boshqaruv shakliga ega bo`lgan suveren respublikadir.
Qoraqalpog`iston o`z Konstitutsiyasi, bayrog`i, gerbi va gimniga ega.
Qoraqalpog`iston Respublikasi Konstitutsiyasi va
qonunlari O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiq
ishlab chiqilgan. Respublikada umumiy rahbarlik Jo`qorg`i Kenges Raisi –
Qoraqalpog`iston Respublikasi parlamenti Raisi
tomonidan amalga oshiriladi.
Respublikaning oliy ijroiya hokimiyati
Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi tomonidan tasdiqlangan Vazirlar
Kengashi hisoblanadi. Respublika Vazirlar Kengashi tarkibiga Kengashining
Raisi, Raisning o`rinbosarlari, vazirlar, davlat qo`mitalari raislari, yirik
kontsern va birlashmalar rahbarlari kiradi. Qoraqalpog`iston Respublikasi
Vazirlar Kengashining Raisi o`z vazifasiga ko`ra O`zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasining tarkibiga kiradi. O`zbekiston Respublikasi poytaxti
Toshkent shahrida, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida
Qoraqalpog`iston Respublikasining doimiy vakolatxonasi faoliyat ko`rsatadi.