Ustyurt platosi
o'z bag'riga olam-olam sirlarini, tarixning ochilmagan jumboqlarini jamlagan.
Hududning flora va fauna dunyosi ham o'ziga xos - kamyob o'simliklar va
jonivorlar yashaydi. Bu erda davlat muhofazasi olingan hududlar ham mavjud.
22 - may
Butunjahon biologik xilmaxillikni saqlash kuni munosabati bilan joriy yilning
15-16-may kunlari Qoraqalpog'iston Respublikasi Ekologiya qo'mitasi va «Janubiy
Ustyurt» milliy tabiat bog'i, "Saygachiy" majmua (landshaft) buyurtma
qo'riqxonasi bilan Qoraqalpog'istonlik jurnalist va blogerlar uchun
"Ustyurt platosi"ga mediatur tashkillashtirildi.
Mediaturning
asosiy maqsadi OAV vakillarini respublikamizning o'ziga xos tabiatini, hududda
joylashgan "Sariqamish" ko'li hamda «Janubiy Ustyurt» milliy tabiat
bog'ini o'z ichiga olgan bir qancha ob’ektlar bilan tanishtirish, va shu orqali
Ustyurt platosining jonli hayvonot dunyosini ko'rsatish.
Media turning
dastlabki kunida ishtirokchilar «Sariqamish» ko'liga tashrif buyurdi. Ma'lumki,
mazkur ko'lning taxminan 70% Turkmaniston, 30% O'zbekiston Respublikalari
hududida joylashgan. Ko'lda do'ngpeshona, tovonbaliq, moybaliq, qizilko'z
balig'i, sudak va ilonbosh kabi baliq turlari mavjud.
«Sariqamish»
ko'lining suvi, havosi kishini o'ziga ohangraboday rom etadi. To'lqinlarning
qirg'oqqa urilishi, uning shovullagan ovozi bir muddat jim turib eshitishga
majbur qiladi. Shu orada qushlarning ovozi to'lqinlarga jo'r bo'ladi. Bunday
ajoyib hissiyot uyg'ota oladigan tabiyat Ustyurtda mavjud.
Bilamizki, Ustyurt
platosida O'zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan hayvonlar
yashaydi. Media tur ishtirokchilari ana shunday noyob jonivorlardan jayron,
qulon, ustyurt qo'yi (arqal) bundan tashqari tulki, bo'ri, qarsaq, ilon,
yovvoyi g'oz, yo'rg'a tuvaloq, ukki, oqqushlar kabi hayvonot dunyosiga jonli
guvoh bo'lishdi. Bepoyon Ustyurtning keng bag'rida erkin yashayotgan bu
jonivorlar «Janubiy Ustyurt» milliy tabiat bog'i muhofazasida. Afsuski, hamon
brakonerlar tomonidan ularning ovlanishi kuzatilmoqda. Avtomobilda ularga yaqin
borib rasmga olishga harakat qildik ammo, keng Ustyurtni makon qilgan
jonivorlar bizni 2-3 kilometrdan payqab qochishga tushishdi. Ular qaydan bilsin
bizning faqat rasmga olishga borganimizni. Lekin shunday bo'lsa ham rasmga
olishga erishdik.
Media turning
navbatdagi qismida OAV vakillari Ustyurt platosining uchta mamlakatni
birlashtirgan nuqtasi "Qoplonqir" xududigayo'l olishdi. Mazkur hudud
ko'rinishi jihatidan ajralib turadi, baland-baland chinklar, bepoyon
kengliklari ko'rgan insonlarni o'ziga mahliyo etib qo'yadi. Jurnalistlarni
o'ziga jalb qilgan narsa-bu hududning nomi bo'ldi. Ma'lum qilinishicha,
"Qoplonqir" deya nomlanishiga sabab bu erlarda qadimdan Qoplonlar
yashagan va hali ham mavjudligi tahmin qilinib kelinmoqda.
Tunni shu manzilda
o'tkazib tongni qarshi oldik. Bu go'zallikni so'z bilan ta'riflash mushkul.
Tongi Ustyurt havosi – undan to'yib nafas olib keyingi manzilga yo'l oldik.
Noteks va olis yo'llar bizni biroz charchatgan bo'lsa da, jonivorlarni va
go'zal tabiatni ko'rib hammasi esdan chiqdi.
Navbatdagi manzil
"Qulontaqir" bo'ldi. Bu erning bepoyon tekisligi ham ko'rgan
insonning hayratini oshirsa ajabmas.
Ikki kunlik media
tur davomida jurnalist va blogerlar tabiatning noyob ko'rnishlaridan bahramand
bo'ldi, desak yangilishmaymiz. Bu erlarga hammaning ham qadami etmagan, hali
to'liq o'rganilmagan. Media turning maqsadi esa Ustyurt va undagi go'zallikni
ommaga tanitishdan va keng yoritishdan iborat edi.