O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
f a r m o n i
So‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish borasida keng miqyosli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, oxirgi to‘rt yilda 27 ta tibbiy-ijtimoiy muassasalarda 267,2 milliard so‘mlik qurilish-rekonstruksiya ishlari bajarildi
va zamonaviy talablarga mos bo‘lgan 1327 ta o‘rinlar foydalanishga topshirildi.
Sanatoriylarda sog‘lomlashtirilgan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar soni 43 ming nafarni tashkil etib, 20 foizga ortdi, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul taqdim etiladigan asosiy oziq-ovqat va gigiyena vositalari soni 15 tadan 19 tagacha oshirildi, nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul beriladigan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarining ro‘yxati 22 turdan 27 tagacha ko‘paytirildi.
Odam savdosidan jabrlangan 1 024 nafar fuqaroga tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya va psixologik qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rsatildi.
Shu bilan birga, tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish muassasalari faoliyatidagi kamchilik va muammolar keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat tomonidan ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan vazifalarni samarali hal etishga to‘sqinlik qilmoqda. Xususan:
birinchidan, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida davlat qaramog‘iga olingan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni samarali boshqarish tizimi yetarlicha shakllantirilmagan;
ikkinchidan, nogironlikning oldini olish va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmati sifati lozim darajada emas;
uchinchidan, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha tibbiy-ijtimoiy muassasalar moddiy-texnika bazasi holatida bir qator muammolar saqlanib qolmoqda;
to‘rtinchidan, tibbiy-ijtimoiy muassasalar xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash tizimi bugungi kun talablariga javob bermaydi;
beshinchidan, tibbiy-ijtimoiy muassasalarda ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar tizimli tashkil etilmagan;
oltinchidan, odam savdosidan jabrlanganlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya choralari va psixologik qo‘llab-quvvatlash sifati yetarli darajada emas.
Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, ijtimoiy himoya va tibbiy-ijtimoiy yordamning zamonaviy mexanizmlarini amalga oshirishda yangi yondashuvlarni joriy etish maqsadida:
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi va uning hududiy bo‘linmalari negizida O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etilsin.
Belgilansinki:
Agentlik keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;
Agentlik o‘z faoliyatida Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi va hisobot beradi;
Agentlik direktori va uning o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Quyidagilar Agentlik tizimiga o‘tkazilsin:
a) “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari, Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun hududiy reabilitatsiya markazlari, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriy va pansionatlar, Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari, Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo‘yicha Respublika reabilitatsiya markazi;
b) Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi.
Quyidagilar:
a) Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilansin:
keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
tibbiy-ijtimoiy muassasalarning, jumladan, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarining keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatini tashkil etish va boshqarish;
keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va ularga uslubiy rahbarlik qilish;
nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy, kasbiy va ijtimoiy reabilitatsiya qilish sohasida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilishini hamda mutaxassislar tayyorlanishini tashkil etish;
muhtoj shaxslarni protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlash faoliyatini tashkil etish;
tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishning samaradorligini ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy rivojlanish tendensiyalari asosida tahlil qilish va monitoring qilib borish;
tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati, nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish faoliyatiga tashkiliy-uslubiy rahbarlik qilish;
odam savdosidan jabrlanganlarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish va psixologik qo‘llab-quvvatlash tizimini muvofiqlashtirish;
nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari ijrosini tashkil etish;
b) “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarining asosiy vazifalari etib belgilansin:
keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, ularni sog‘lomlashtirish va qo‘llab-quvvatlash, ularning sifatli tibbiy-ijtimoiy yordam olishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy-huquqiy himoya qilinishini ta’minlash;
nogironligi bo‘lgan shaxslar, jumladan bolalarni ijtimoiy moslashtirish, ularga o‘z qiziqishlaridan kelib chiqib kasb-hunar o‘rgatish;
dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash tizimining yuqori malakali mutaxassislarini jalb etgan holda keksalar
va nogironligi bo‘lgan shaxslarni har yili ikki marta dispanserizatsiyadan o‘tkazish, sanatoriylarda rejali sog‘lomlashtirish va ixtisoslashtirilgan statsionarlarda davolashni tashkil qilish;
keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya buyumlari, reabilitatsiya texnik vositalari (eshitish apparatlari, nogironlar aravachalari, hassa va qo‘ltiqtayoqlar, yurish moslamalari), shaxsiy gigiyena vositalari bilan ta’minlash;
keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni muntazam takomillashtirib borish;
ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar, shu jumladan konsert dasturlari tashkil etish orqali keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning madaniy hayotda faol ishtirokini ta’minlash;
keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning yurtimizdagi diqqatga sazovor joylar va ziyoratgohlarga tashriflarini tashkil etish;
ta’lim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirokida madaniy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish orqali yoshlarni keksalarni e’zozlash ruhida tarbiyalash;
v) Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo‘yicha Respublika reabilitatsiya markazining asosiy vazifalari etib belgilansin:
odam savdosidan jabrlanganlarni qulay yashash va shaxsiy gigiyena shart-sharoitlari, shuningdek, oziq-ovqat, dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash;
odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy moslashtirish sohasida xorijiy mamlakatlarning ilg‘or metodikalarini o‘rganish hamda amaliyotga tatbiq etish;
odam savdosidan jabrlanganlarga o‘z qiziqishlaridan kelib chiqib kasb-hunar o‘rgatish, ularning bandligini ta’minlashga ko‘maklashish;
nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda keng miqyosda ogohlantirish-profilaktika ishlarini tashkil qilish;
odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilishda ko‘maklashish.
Quyidagilar:
tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmati sifatini oshirish, ularda ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlarni tizimli ravishda tashkil etish, tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimiga “autsorsing” asosida xususiy sektorni jalb qilish, tizim xodimlarining malaka
va kasb mahoratini oshirish, ularni moddiy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishni nazarda tutuvchi Davlat tomonidan ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni takomillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;
tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, jumladan, 35 ta muassasada 428 milliard so‘mlik qurilish-rekonstruksiya ishlarini olib borish va ularni 40 milliard so‘mlik jihozlar va texnika bilan ta’minlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etishni nazarda tutuvchi Tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Agentlik, vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlari “yo‘l xaritalari”da belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsan mas’ul ekanliklari ko‘rsatib o‘tilsin.
6. 2021 yil 1 apreldan boshlab:
a) “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatining:
rahbar va shifokorlar oylik lavozim maoshi 1,5 barobarga;
o‘rta va kichik tibbiyot xodimlari oylik lavozim maoshi
2 barobarga;
boshqa barcha xodimlar oylik lavozim maoshi 1,2 barobarga;
b) Agentlik markaziy apparati xodimlarining oylik lavozim maoshini 1,5 barobarga, uning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlari hamda Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi markaziy apparati va uning hududiy komissiyalari xodimlari oylik lavozim maoshi 1,2 barobarga;
v) “Saxovat” internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatida yashovchi yolg‘iz pensionerlarga shaxsiy sarf-xarajatlari uchun kamida to‘lanadigan oylik pensiya miqdori
10 foizdan 20 foizgacha oshirilsin.
Moliya vazirligi Agentlik bilan birgalikda:
a) uch oy muddatda “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari, Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati, Agentlik markaziy apparati, uning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlari, Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi markaziy apparati, uning hududiy komissiyalari xodimlarining oylik lavozim maoshi miqdori oshirilishi bilan bog‘liq xarajatlar uchun 2021 yilda Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha mablag‘ ajratish uchun “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish kiritish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin hamda 2022 yil Davlat byudjetini shakllantirishda mazkur xarajatlarni inobatga olsin;
b) “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylaridagi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning oziq-ovqat, shaxsiy gigiyena va dori vositalari ta’minoti uchun ajratiladigan mablag‘ miqdorini
2022-2024 yillarda bosqichma-bosqich oshirish, shuningdek, 2021 yilda mahalliy byudjetdan qo‘shimcha mablag‘ ajratish hisobiga “Saxovat”
va “Muruvvat” internat uylaridagi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni shaxsiy gigiyena vositalari bilan to‘liq ta’minlashni moliyalashtirish choralarini ko‘rsin.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi Agentlik, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi”da yangidan qurish va rekonstruksiya qilish nazarda tutilgan ob’ektlarni 2022 yil va undan keyingi yillar uchun shakllantiriladigan O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritish choralarini ko‘rsin.
Bunda tibbiy-ijtimoiy muassasalarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha tayyorlanadigan loyiha-smeta hujjatlarida muassasa faoliyati uchun zarur bo‘lgan tibbiy, fizioterapiya va sport anjomlari bilan jihozlash nazarda tutilsin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
o‘n kun muddatda mavjud muammolarni tezkor hal etish maqsadida tegishli hokim va uning o‘rinbosarlarini “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylariga biriktirsin;
bir oy muddatda Agentlik bilan birgalikda har bir tibbiy-ijtimoiy muassasadagi sharoitni o‘rganib, qo‘shimcha bino qurish, mukammal ta’mirlash va jihozlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ko‘tarish platformalari bilan ta’minlash, kutubxonalarni tashkil etish va ularning fondini boyitish yuzasidan hududiy chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin va ijrosini ta’minlasin;
uch oy muddatda tegishli binolar (xonalar), mebel, kompyuter texnikasi va aloqa vositalarini ajratish yo‘li bilan Agentlik barcha bo‘linmalarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlanishini ta’minlasin;
Moliya vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 mayga qadar “Saxovat” internat uylari hamda keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylarning har birini sayohatga mo‘ljallangan avtobuslar bilan ta’minlash uchun mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan zarur mablag‘lar ajratsin;
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan belgilangan tartibda turoperatorlar va turagentlar bilan shartnoma tuzgan holda muntazam ravishda “Saxovat” internat uylaridagi keksalarning respublikamizdagi diqqatga sazovor joylari va ziyoratgohlarga tashriflarini uyushtirsin;
tibbiy-ijtimoiy muassasalarni 2021-2024 yillarda bosqichma-bosqich zarur tibbiy va boshqa jihozlar bilan ta’minlash uchun mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin;
davriy ravishda uyda yashovchi, o‘zgalar yordamiga muhtoj yolg‘iz keksalar va faxriylar holidan xabar olish hamda ularga ijtimoiy-maishiy xizmat ko‘rsatish choralarini ko‘rsin.
Toshkent shahar hokimligi Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatida:
Agentlik va Moliya vazirliklari bilan birgalikda bir oy muddatda zamonaviy fizioterapiya bo‘limi tashkil etilishini hamda muassasada mavjud tibbiy uskuna va jihozlar yangilanishini;
2021-2022 yillarda mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan madaniy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish uchun yangi bino qurilishini va ushbu muassasaga tutash hududda Nuroniylar istirohat bog‘i tashkil etilishini ta’minlasin.
O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi ikki oy muddatda “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari, urush va mehnat faxriylari sanatoriylari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazlari hududlarida manzarali va mevali daraxtlar ekilishi, ko‘kalamzorlashtirilishi va obodonlashtirilishini ta’minlasin.
Agentlik uch oy muddatda:
a) tibbiy-ijtimoiy muassasalarda qo‘shimcha va yordamchi funksiyalar (taom tayyorlash, kir yuvish, tozalash, texnik xizmat ko‘rsatish, axborot-komunikatsiya ta’minoti va boshqalar) “autsorsing” xizmati orqali amalga oshirilishini joriy etish tartibini tasdiqlasin;
b) tibbiy-ijtimoiy muassasalarda pullik xizmat ko‘rsatish tartibini tasdiqlasin, bunda:
“Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida shartnoma asosida pullik tibbiy-ijtimoiy xizmatning kunduzgi qatnov hamda internat tizimi (haftasiga 6 kungacha kelish) tashkil etilishi;
tibbiy-ijtimoiy muassasalarda ko‘rsatiladigan pullik xizmatlarning 2 foizi miqdoridagi mablag‘larni Agentlikning byudjetdan tashqari hisobvaraqasiga yo‘naltirish tartibi nazarda tutilsin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi:
a) tibbiy-ijtimoiy muassasalarda ishlovchi vrach va o‘rta tibbiyot xodimlarining Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalari va tibbiyot markazlarida bepul malakasini oshirishni ta’minlasin;
b) tibbiy-ijtimoiy muassasalar xodimlarini Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot muassasalarida bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazsin;
v) Agentlik bilan birgalikda bir oy muddatda tibbiy reabilitatsiya tizimini tubdan yaxshilash hamda “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazish
va sog‘lomlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin.
Bunda, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida yashovchi keksalar
va nogironligi bo‘lgan shaxslarning salomatlik ko‘rsatkichlarini alohida dastur asosida muntazam ravishda baholab borish, ularni ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlariga biriktirish, bepul davolash va sog‘lomlashtirishni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilsin;
g) Agentlik bilan birgalikda ikki oy muddatda “Muruvvat” internat uylarida yashovchi bemorlar uchun olinadigan dori vositalarini qayta ko‘rib chiqib, ularning ro‘yxatini tasdiqlasin.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2021-2024 yillarda tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘limlarida ishlovchi ijtimoiy xodimlarning oliy ma’lumot olishi uchun respublika oliy ta’lim muassasalarida maqsadli kvotalar ajratilishini ta’minlasin.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Agentlikning 2021 yil may oyidan boshlab “Saxovat” internat uylari hamda Urush
va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatidagi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni har yili bir marta O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi mablag‘lari hisobidan sanatoriylarda bepul sog‘lomlashtirishni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Agentlik O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan birgalikda:
bir oy muddatda “Saxovat” internat uylarida yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni 2021 yilda sanatoriylarda sog‘lomlashtirish jadvalini;
har yili 1 oktyabrga qadar keyingi yil uchun “Saxovat” internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatidagi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni sanatoriylarda sog‘lomlashtirish jadvalini tasdiqlasin.
Tibbiy-ijtimoiy muassasalarga tibbiyot muassasalari, o‘rta, professional va oliy ta’lim muassasalari 3-ilovaga muvofiq biriktirilsin.
Agentlik ikki oy muddatda:
Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda umumiy o‘rta ta’lim maktablari
10–11-sinf o‘quvchilari, professional va oliy ta’lim muassasalarining talabalari va yoshlarning biriktirilgan tibbiy-ijtimoiy muassasalarda “ikki avlod” uchrashuvlarini tashkil etish, ular bilan turli madaniy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish, ularning holidan xabar olish, ta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan “keksalar ma’rifati” soatiga taklif qilish;
Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda biriktirilgan tibbiy-ijtimoiy muassasalarda hududiy tibbiyot muassasalari
va respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari shifokorlari tomonidan ko‘riklar va sog‘lomlashtirish ishlarini tashkil etish;
Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi bilan birgalikda tibbiy-ijtimoiy muassasalarda konsert dasturlari, ma’naviy-ma’rifiy, madaniy tadbirlarning yil davomida o‘tkazib borilishi yuzasidan reja-jadvalni tasdiqlasin va ijrosini tashkil etsin.
2021 yil 1 apreldan boshlab Agentlik tizimidagi “Saxovat”
va “Muruvvat” internat uylarida yashovchilarning sonidan qat’i nazar
1 nafardan kutubxonachi shtat birligi joriy etilsin.
Agentlik:
a) Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Urush
va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari kutubxonalarini kompyuter texnikasi va boshqa turdagi orgtexnika, mebel, shu jumladan maxsus mebel hamda tegishli kutubxona uskunalari bilan jihozlash bo‘yicha talablarni tasdiqlasin.
Bunda keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga xizmat ko‘rsatish uchun o‘quv zallarini maxsus kompyuter jihozlari va boshqa qo‘shimcha vositalar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilsin;
b) 2021 yil yakuniga qadar Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari kutubxona fondlarini milliy va jahon adabiyotining 100 ta eng yaxshi asarlari (bestsellerlari), davriy nashrlar (gazeta va jurnallar) bilan ta’minlasin;
v) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati, “Saxovat” internat uylari kutubxonalarining Internet jahon axborot tarmog‘iga ulanishini va ular uchun Milliy kutubxona elektron resurslaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlasin.
Belgilansinki, Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari kutubxona fondlarini to‘ldirish, shuningdek, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ushbu maqsadlar uchun ajratiladigan byudjet mablag‘lari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar doirasida amalga oshiriladi.
Agentlik Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda tibbiy-ijtimoiy muassasalarning yillik ish rejasini tasdiqlasin va ijrosi monitoringini olib borsin.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan ushbu Farmonning maqsad va vazifalari bosma va elektron axborot vositalarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘i orqali aholi o‘rtasida muntazam, tizimli va keng ko‘lamda yoritib borilishini ta’minlasin.
Ushbu Farmonda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan:
Agentlik direktori zimmasiga – tibbiy-ijtimoiy muassasalarni rivojlantirish, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini amalga oshirish ta’minlanishi uchun;
Sog‘liqni saqlash vaziri A.Xadjibayev zimmasiga – tibbiy-ijtimoiy muassasalarda keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni sog‘lomlashtirish ishlari tashkil etilishi uchun;
Xalq ta’limi vaziri Sh.Shermatov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.Toshqulov va Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa’dullayev zimmasiga – tibbiy-ijtimoiy muassasalarda keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning holidan xabardor bo‘lish va yosh avlodni keksalarga nisbatan g‘amxo‘rlik ruhida tarbiyalash tashkil etilishi uchun;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga – tibbiy-ijtimoiy muassasalar qurilishi va rekonstruksiya qilish ishlari sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi, tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishi va ularning hududlari obodonlashtirilishi, keksalarni yurtimizning diqqatga sazovor joylariga va ziyoratgohlarga muntazam tashriflari uyushtirilishi uchun shaxsiy mas’uliyat yuklansin.
Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Ushbu Farmonning o‘z vaqtida va natijali ijro etilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov
va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Mazkur Farmon ijrosi 2021 yil avgust va 2022 yil yanvar oylarida ko‘rib chiqilsin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021 yil 25 mart