O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda tovarlarni sotish jarayonlariga bozor tamoyillarining faol joriy qilinishi yashirin iqtisodiyotning qisqarishiga, ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlariga haqiqiy narxlarning shakllanishiga va soliq bazasining kengayishiga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, birja savdolarida “forvard” shartnomalarining joriy qilinishi ijtimoiy ahamiyatga ega asosiy mahsulotlar narx-navolari keskin o‘sishidan himoyalanish, bozorda talab va taklif muvozanatini ta’minlash, tadbirkorlik sub’ektlarining bo‘sh mablag‘laridan samarali foydalanish imkonini yaratdi.
Shu bilan birga, birja savdolarida faol ishtirok etayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini rag‘batlantirish va yuqori likvidli yoki monopol tovarlarni sotish amaliyotiga bozor mexanizmlarini keng qo‘llashni davom ettirish, birja savdolariga zamonaviy tovar derivativlarini, shu jumladan fyuchers shartnomalarini joriy etish bugungi kun talabi bo‘lib qolmoqda.
Nohalol tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ichki bozorda yuqori likvidli va monopol mahsulotlarning narxlarini sun’iy oshirishga, tanqislik va ajiotaj talabni vujudga keltirishga yo‘l qo‘ymaslik, taqsimlash tizimi elementlarini tugatish hamda birja savdolarini yanada faollashtirish maqsadida:
1. 2021 yil 15 iyundan boshlab shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq quyidagi tovarlar ichki bozorda faqat birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida realizatsiya qilinadi:
a) monopolist korxonalar va (yoki) ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxs, ustav fondi (kapitali)ning 50 foizi va undan ortig‘i ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxs (keyingi o‘rinlarda – monopol va davlat ishtirokidagi tashkilotlar) tomonidan ishlab chiqarilgan:
polivinilxlorid (PVX) va formalin – barcha xaridorlarga;
iste’mol etil spirti – tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, tegishli litsenziya va muvofiqlik sertifikatlariga ega bo‘lgan ishlab chiqaruvchilarga;
texnik etil spirti – barcha xaridorlarga;
kumush – zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga;
b) 2022 yil 1 yanvarga qadar monopolist bo‘lmagan va (yoki) ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foizdan kam bo‘lgan yoki davlat ulushi mavjud bo‘lmagan yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan:
sement – ishlab chiqarish hajmining kamida 50 foizi;
paxtadan olingan chigit, paxta moyi (jumladan, ekstraksiya paxta moyi) va qayta ishlangan chigit chiqindilari (shrot, sheluxa) – ishlab chiqarish hajmining 100 foizi;
v) tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, qazib oluvchi (gazni qayta ishlovchi, ishlab chiqaruvchi) tashkilotlar tomonidan neft va gaz kondensati – tegishli litsenziya va muvofiqlik sertifikatlariga ega bo‘lgan ishlab chiqaruvchilarga.
2. Belgilab qo‘yilsinki, tovar-xomashyo birjalarining xorijdagi savdo maydonchalarida tuzilgan bitimlari bo‘yicha tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash faqat mazkur bitimlarda belgilangan qiymat bo‘yicha amalga oshiriladi.
Davlat bojxona qo‘mitasi “O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” AJ bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur bandning ijrosini ta’minlash uchun o‘zaro axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari integratsiyasini hamda ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘ysin.
3. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga ichki bozorda narxlarning sun’iy ravishda oshib ketishi va bozordagi boshqa salbiy holatlarning oldini olish uchun, zarur hollarda:
birja savdolarining bir savdo sessiyasida bir xaridor tomonidan xarid qilinadigan mahsulot hajmlarining maksimal miqdorini (limitini) belgilash hamda talab va taklifdan kelib chiqib, ushbu hajmlarga o‘zgartirish kiritish;
yuqori likvidli, shu jumladan mavsumiylik talabdan kelib chiqqan holda talab oshadigan tovarlarni faqat tovar-xomashyo birjalari orqali sotish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar tashkilotlarga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar kiritish vakolati berilsin.
Bunda, ushbu ko‘rsatmalar berilgan tashkilotlarga hamda mazkur qarorning 1-bandi “b” va “v” kichik bandlarida nazarda tutilgan tashkilotlarga birja savdolarida yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni sotish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablari hamda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikda ko‘zda tutilgan birja savdolariga doir monopoliyaga qarshi talablar qo‘llaniladi.
4. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi muntazam ravishda talab yuqori bo‘lgan, shu jumladan mavsumiylik xususiyatidan kelib chiqqan holda talab oshadigan tovarlar bo‘yicha tahlil o‘tkazib, ularning birja savdolariga qo‘yib borilishini ta’minlasin.
5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:
2022 yil 1 yanvardan boshlab paxta-to‘qimachilik klasterlari va kooperatsiyalar tomonidan paxtadan olingan chigitni tayyor mahsulotni qaytarish sharti asosida yog‘-moy tashkilotlariga berish faqat bir paxta-to‘qimachilik klasteri doirasidagi tashkilotlar o‘rtasida amalga oshiriladi;
2021 yil 1 sentyabrdan boshlab monopol va davlat ishtirokidagi tashkilotlar tomonidan birja savdolarida sotilayotgan mahsulotlarni avtotransportda tashish xizmatlari faqat elektron logistika savdo portali orqali auksion tartibida amalga oshiriladi. Bunda, elektron logistika savdo portali orqali tashish xizmatlari:
xaridorlarning o‘z avtotransportida amalga oshirilgan taqdirda ro‘yxatga qo‘yish;
xaridorlarga affillangan tashish xizmatini ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish orqali amalga oshiriladi.
6.Tovar-xomashyo birjalari faoliyatiga ilg‘or axborot texnologiyalarini keng joriy etish va elektron tijorat faoliyatini izchil rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, “O‘zmaxsusmontajqurilish” AK, “O‘zmetkombinat” AJ hamda “Toshkent metallurgiya zavodi” MCHJ bilan birgalikda silliqlangan oyna hamda po‘lat list ishlab chiqarish bo‘yicha yangi quvvatlarni ishga tushirish choralarini ko‘rish hamda mazkur tovarlarni birja savdolariga qo‘yish hajmlarini oshirishga qaratilgan choralarni amalga oshirib borsin.
8. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tovar-xomashyo birjalari bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu qarorning mazmun-mohiyatini tadbirkorlik sub’ektlari va aholi o‘rtasida keng yoritish va targ‘ib qilishga qaratilgan media-rejani tasdiqlasin va uning ijrosini ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilsin.
10. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va javobgar etib O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi belgilansin.
Qaror ijrosi uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021 yil 17 mart