22.12.2024, Yakshanba

Pokiston Bosh vaziri: Samarqand va Buxoroni ko‘rish orzuim edi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan yurtimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon 16 iyul kuni Samarqand va Buxoroda bo‘ldi.

Oliy martabali mehmonga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri hamrohlik qildi.

Pokiston Bosh vaziri Samarqand bilan tanishuvni Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilishdan boshladi.

Qur’on tilovat qilinib, buyuk alloma yod etildi.

Islom olamida muhaddislar sultoni, deb e’zozlanadigan Imom Buxoriy merosini o‘rganish va keng targ‘ib etish, bu zot nomi bilan bog‘liq maskanni obod etish borasida olib borilayotgan ishlarga yuksak baho berildi.

Imron Xon Amir Temur maqbarasi, Registon majmuasi, Mirzo Ulug‘bek muzeyi va rasadxonasini borib ko‘rdi.

Oliy martabali mehmonga mazkur obidalarning bunyod etilish tarixi, buyuk jahongir Amir Temur va temuriylarning davlatchilik an’analari, ilm-fan va madaniyat homiysi sifatida amalga oshirgan ishlari haqida ma’lumot berildi.

Registon maydonidagi Tillakori madrasasida namoyish etilgan milliy hunarmandchilik mahsulotlari, bu ishni davom ettirib kelayotgan usta-hunarmandlarning ishi Imron Xonda katta taassurot qoldirdi.

Pokiston Bosh vaziri yoshligidan Samarqand va Buxoroni ko‘rishni orzu qilgani, Amir Temurning bunyodkorlik ishlarini katta qiziqish bilan o‘rganganini alohida qayd etdi.

– Samarqand haqida, Amir Temur va temuriylar davlati, ularning bunyodkorlik ishlari haqida kitoblarda o‘qiganim uchun biroz tasavvurga ega edim. Bugun kelib ko‘rdimki, Samarqand men o‘ylaganimdan ham tarixiy, go‘zal va muqaddas shahar ekan. Uning har bir go‘shasida tarixning, buyuk ajdodlaringiz aqlu zakovati, madaniyatining izi bor. O‘zbekistonga tashrifim ana shunday unutilmas taassurotlarga boy bo‘layotganidan xursandman. Biz Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga intilyapmiz va bu boshlanishi. Kelgusida  aloqalarimiz keng ko‘lamda, izchil davom etishiga ishonaman, – dedi Imron Xon.

*         *         *

Ma’lumki, Pokistonda O‘zbekistonni, uning jahon tamadduniga katta hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlari, xususan, Naqshbandiya tariqati asoschisi Bahouddin Naqshbandni yaxshi bilishadi. Shu bois har bir pokistonlik Buxoroning muqaddas joylarini ko‘rishni orzu qiladi.

Pokiston Bosh vaziri Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi. 

Mehmonlar majmuada olib borilgan bunyodkorlik ishlariga yuqori baho berdi.

Imron Xon Buxoro shahridagi Poyi Kalon majmuasida bo‘ldi.

Kalon minorasi va masjidi XII va XVI asrlar oralig‘ida bunyod etilgan. Bu obidalar Mir Arab madrasasi bilan uyg‘unlashib, go‘zal ansambl hosil qilgan. Ularning me’moriy yechimi ajdodlarimiz madaniyati va san’atining yaqqol ifodasi sifatida bugun ham barchani hayratga solib kelmoqda.

Mehmonlar Mir Arab madrasasi bilan tanishdi. Shuningdek, mamlakatimizdagi eng qadimiy va yirik jome masjidlaridan biri bo‘lgan Masjidi Kalonni ziyorat qildi.

Oliy martabali mehmon Buxoro shahrining tarixiy qismida zardo‘zlik, zargarlik, gilamdo‘zlik, kashtachilik, kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi, Labi hovuz va uning atrofida joylashgan obidalarni tomosha qildi.

Qadimiy shaharning betakror qiyofasi, me’moriy obidalari, xalqimizning bebaho urf-odatlari Pokiston delegatsiyasida katta qiziqish uyg‘otdi.

Shu bilan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xonning mamlakatimizga rasmiy tashrifi yakuniga yetdi. 

G‘olib HASANOV,
Zarif KOMILOV,
O‘zA muxbirlari