Qo'shimcha davlat granti asosidagi qabul ko'rsatkichlari doirasida xotin-kizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish tartibi o'zgardi
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta'lim muassasalariga qo'shimcha davlat granti asosidagi qabul ko'rsatkichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni o'qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2020 yil 23 iyundagi 402-son qaroriga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish haqida”gi 338-sonli qarori qabul qilindi.
Unga ko'ra:
qo'shimcha davlat granti asosidagi qabul ko'rsatkichlari doirasida xotin-kizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish masalasini ko'rib chiqish jarayoni Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg'armasining “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi, “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi bilan bog'lanadi
oilaning ehtiyojmandlik darajasi “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning qiz farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar to'g'risidagi ma'lumotlar orqali aniqlanadi.
▪️ tavsiyanoma belgilangan mezonlarga mos kelgan ehtiyojmand oilalardagi barcha talabgor xotin-qizlarga beriladi;
▪️ tavsiyanoma olish uchun talabgor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo'yicha yashash joyidagi tuman (shahar) mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash bo'limlariga elektron shaklda murojaat qiladi;
▪️ tavsiyanoma olish maqsadida murojaat etgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarning hujjatlari har yili 30 maydan 8 iyunga qadar qabul qilinadi;
▪️ tegishli mezonlardan birini tasdiqlovchi ma'lumotlar va elektron shakldagi hujjatlar (tug'ilganlik, nikoh qayd etilganlik, vafot etganlik haqida va boshqa) Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamharmasining “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi hamda “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali olinadi.
talabgorlarning mobil telefon raqamiga yoki elektron manziliga tavsiyanoma berishga tavsiya etilganligi yoki rad etilganligi to'g'risida xabar yuboriladi.
tavsiyanomalar berilgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarning ro'yxati Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi;
tavsiyanoma ishchi guruh yig'ilishining yakuniy bayonnomalariga ko'ra rasmiylashtirilgan tuman (shahar) mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash bo'limlarining buyrug'i asosida elektron hujjat shaklida Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi tomonidan beriladi.
oliy ta'lim muassasalariga qo'shimcha davlat granti asosidagi qabul ko'rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma bir yil muddatga beriladi.
ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga berilgan tavsiyanomalar tuman (shahar) mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash bo'limlariga yuboriladi
tuman (shahar) mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash bo'limlari har yili 15 iyunga qadar tavsiyanomaning talabgorlarga etkazilishini ta'minlaydi.