22.12.2024, Yakshanba

2021 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

Aholi bandligi va daromadlarini oshirishga har tomonlama ko‘maklashish, ishsizlar, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar, mehnat bozoriga ilk bor kirib kelayotgan bitiruvchilar bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi ta’sirchan mexanizmlarni joriy etish, ehtiyojmand aholini mehnat faoliyatiga jalb qilishda qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, yangi ish o‘rinlarini tashkil etgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini yanada rag‘batlantirish maqsadida:

1. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan, quyidagilarni o‘z ichiga oluvchi 2021 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha davlat dasturi (keyingi o‘rinlarda – Davlat dasturi) ma’qullansin:

a) 2021 yilda 457 127 ta doimiy yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlari, shu jumladan:

2021 yilda doimiy yangi ish o‘rinlarini tashkil etishning yig‘ma prognoz ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;

2021 yilda tarmoq investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hisobiga yaratiladigan ish o‘rinlarining prognoz ko‘rsatkichlari 1.1-ilovaga muvofiq;

2021 yilda hududiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish va yangi kichik korxona, mikrofirmalar tashkil etish hisobiga yaratiladigan ish o‘rinlarining prognoz ko‘rsatkichlari 1.2-ilovaga muvofiq;

2021 yilda yakka tartibdagi tadbirkorlikni hamda hunarmandchilikni rivojlantirish hisobiga yaratiladigan
ish o‘rinlarining prognoz ko‘rsatkichlari 1.3-ilovaga muvofiq;

b) 2021 yilda mehnat organlari tomonidan 513 575 nafar fuqaro bandligiga ko‘maklashish va ish beruvchilarni rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlarning prognoz ko‘rsatkichlari, shu jumladan:

2021 yilda aholi bandligiga ko‘maklashish va ish beruvchilarni rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlarning umumiy prognoz ko‘rsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;

2021 yilda ishsizlarni bo‘sh va zaxira ish o‘rinlariga ishga joylashtirish prognoz ko‘rsatkichlari 2.1-ilovaga muvofiq.

2. Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2021 yilda aholi bandligiga ko‘maklashish uchun quyidagi miqdorlarda subsidiya, nafaqalar va mikrokreditlar ajratish prognoz ko‘rsatkichlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

subsidiyalar ajratish uchun – 92,3 milliard so‘m;

ishsizlik nafaqalari to‘lab berish uchun – 65,1 milliard so‘m;

kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish xarajatlarini qoplash uchun – 40,6 milliard so‘m;

yangi ish o‘rinlari tashkil etishni nazarda tutuvchi kichik loyihalarni amalga oshirish uchun tijorat banklariga ajratiladigan resurslar uchun – 125 milliard so‘m.

3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar
va Toshkent shahar hokimliklari ikki hafta muddatda:

Davlat dasturi doirasidagi prognoz ko‘rsatkichlarini tuman (shahar)lar va sektorlar bo‘yicha oylar va choraklar kesimida ishlab chiqib, ularning xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlarida muhokamadan o‘tkazilishini;

Davlat dasturi doirasidagi 2021 yilga mo‘ljallangan loyihalarning tarmoq jadvallarini ishlab chiqib, hududiy mutasaddi tashkilot va idoralar tomonidan tasdiqlanishini;

2021 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish to‘g‘risidagi hududiy (manzilli) dastur to‘g‘risida qaror qabul qilinishini ta’minlasin.

4. Davlat dasturini o‘z vaqtida va sifatli bajarish yuzasidan quyidagi idoralar rahbarlari tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha mas’ul ekanligi belgilab qo‘yilsin:

Bosh vazir o‘rinbosari S.U. Umurzakov, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (A.V. Voitov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (B.K. Abdinazarov) – tarmoq investitsiya loyihalarini amalga oshirish va 34 881 ta ish o‘rni yaratishga;

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (O.B. Rustamov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (S.M. Xolxo‘jayev), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari – hududiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish va 206 098 ta ish o‘rni yaratishga;

Bosh vazir o‘rinbosari B.M. Musayev, Maktabgacha ta’lim vazirligi (A.V. Shin), Xalq ta’limi vazirligi (Sh.X. Shermatov), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.H. Toshqulov), Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.M. Xadjibayev), Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (A.M. Boboyev), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari – ijtimoiy soha ob’ektlarini ishga tushirish va 6 641 ta ish o‘rni yaratishga;

Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov, Iqtisodiy taraqqiyot
va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (S.M. Xolxo‘jayev), Davlat soliq qo‘mitasi (Sh.D. Kudbiyev), Savdo-sanoat palatasi (A.I. Ikramov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari – yuridik shaxs tashkil etgan holda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga ish o‘rinlarini tashkil etish va 121 038 ta ish o‘rni yaratishga;

Davlat soliq qo‘mitasi (Sh.D. Kudbiyev), Savdo-sanoat palatasi (A.I. Ikramov), Davlat xizmatlari agentligi (U.I. Muhammadiyev), Moliya vazirligi (D.Sh. Sultonov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari – yuridik shaxs tashkil etmagan holda yakka tartibdagi tadbirkorlikni, shu jumladan, hunarmandchilikni rivojlantirish hisobiga ish o‘rinlarini tashkil etish va 88 469 ta ish o‘rni yaratishga;

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.B. Husanov) – mehnat organlari tomonidan 513 575 nafar fuqaro bandligiga ko‘maklashishga;

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.B. Husanov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (S.M. Xolxo‘jayev) – mas’ul davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Davlat dasturi o‘z vaqtida bajarilishini muvofiqlashtirishga.

Davlat dasturi yuzasidan ushbu bandda ko‘rsatilgan mas’ul vazirlik, idora hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har oy yakuniga ko‘ra keyingi oyning beshinchi sanasiga qadar tegishli ma’lumotlarni umumlashtirish uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga taqdim etib borsin.

5. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bir oy muddatda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksining Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat statistika qo‘mitasi axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlasin. Bunda, quyidagilar “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida aks ettiriladi:

mehnat staji uchun ijtimoiy soliq to‘lagan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar har oy yakuni bo‘yicha hisobot oyidan keyingi oyning beshinchi sanasiga qadar;

tashkil etilgan ish o‘rnida band bo‘lgan jismoniy shaxslardan (yakka tartibdagi tadbirkorlardan) olinadigan daromad solig‘i yoki ijtimoiy soliq hamda norasmiy faoliyat ko‘rsatayotgan yashirin ish o‘rinlarini rasmiylashtirish, shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar har oy yakuniga qadar;

yuridik shaxslar tomonidan yangi tashkil etilgan va qisqartirilgan ish o‘rinlari soni to‘g‘risidagi oylik, choraklik, yillik ma’lumotlar (kichik korxona va mikrofirmalardan tashqari) hisobot oyidan keyingi oyning beshinchi sanasiga qadar.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi har oy yakuni bo‘yicha:

Davlat dasturi ijrosi yuzasidan umumlashgan tahliliy ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritib borsin;

Davlat dasturi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasi Rayosatida hisobot berib borsin.

6. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining vaqtincha, mavsumiy va bir martalik ishlarda (keyingi o‘rinlarda – vaqtincha ishlar) band bo‘lgan fuqarolarning mehnat faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha quyidagilardan iborat yangi тизимni yaratish haqidagi taklifi ma’qullansin:

vaqtincha ishlarda band bo‘lgan fuqarolarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, shu jumladan, ularga vaqtincha
ish joylari va ish beruvchilarni qidirishda ko‘maklashish, o‘zini o‘zi band qilib ishlash uchun zarur sharoitlar yaratib berish;

ish beruvchi jismoniy va yuridik shaxslarga vaqtincha ishlarda band bo‘lgan fuqarolarni yollash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish, mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etish masalalari bo‘yicha maslahat va uslubiy yordam berish;

vaqtincha ishlarda band bo‘lgan fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnatini muhofaza qilish, ularga mehnat qurollari, shaxsiy himoya vositalari va maxsus kiyimlar bilan ta’minlash xizmatlarini ko‘rsatish;

“barcha uchun ish” tamoyili asosida vaqtincha ishlarni tashkil etishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, ish beruvchilar va ishlovchilarga masofadan turib xizmatlar ko‘rsatishni keng joriy etish;

vaqtincha ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish jarayonlariga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tadbirkorlik sub’ektlarini keng jalb etish, bunda ish izlovchilarni yotoqxona
va transport bilan ta’minlash, tezkor buyurtmalar olish va boshqa qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish.

7. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari huzurida faoliyat yuritayotgan vaqtincha bir martalik ish bilan ta’minlash byurolari Kunlik mehnat markazlari (keyingi o‘rinlarda – Markaz) sifatida qayta tashkil etilsin hamda quyidagilar ularning asosiy vazifalari etib belgilansin:

ish izlovchilarni ro‘yxatga olish, ular to‘g‘risida ma’lumotlar bazasini yuritish, ish beruvchi jismoniy va yuridik shaxslardan fuqarolarni vaqtincha ishlarga yollash bo‘yicha buyurtmalar olish;

vaqtincha ishlarni bajaruvchi shaxslarning o‘zini o‘zi band qilgan sifatida ro‘yxatdan o‘tishi va elektron (qog‘oz) shakldagi ma’lumotnoma olishiga shart-sharoit yaratish;

ish izlovchilarni korxona va tashkilotlardagi bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari bilan muntazam tanishtirib borish hamda doimiy ishga joylashishlariga ko‘maklashish;

vaqtincha ishlar bilan shug‘ullanuvchi shaxslarni haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etish, kasbga tayyorlash (qayta tayyorlash va malakasini oshirish)ni tashkil etish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish;

manfaatdor ish beruvchilar va ish izlovchilar ishtirokida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalarini tashkil qilish;

vaqtincha ishlar bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga mehnat qurollari, shaxsiy himoya vositalari va maxsus kiyimlarni ijaraga berish.

8. Belgilansinki:

Markazda vaqtincha ishlarni bajaruvchi shaxslarga ularning doimiy yashash joyidan qat’i nazar (eksterritoriallik tamoyili bo‘yicha)ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan holda bandlik xizmatlari ko‘rsatiladi;

Markazda tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori tomonidan tayinlanadigan ishga joylashtirish mutaxassislari faoliyat yuritadi;

tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktorining o‘rinbosari bir vaqtning o‘zida ushbu hududdagi Markazning rahbari hisoblanadi;

jamoat tartibini saqlash uchun Markazga tegishli tuman (shahar) ichki ishlar bo‘limining mas’ul xodimi doimiy ravishda biriktiriladi;

Markaz xodimlarining va unga doimiy ravishda biriktirilgan tuman (shahar) ichki ishlar bo‘limining mas’ul xodimi mehnatiga haq to‘lash tegishli ravishda tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazi hamda ichki ishlar bo‘limi tomonidan amalga oshiriladi.

9. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda olti oy muddatda “barcha uchun ish” tamoyili asosida quyidagilarni nazarda tutuvchi “Mening ishim” buyurtmalar birjasi onlayn-maydonini ishga tushirsin:

ishsizlar, ayniqsa, ayollar, yoshlar, talabalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ishlar, masofadan turib bajariladigan ishlar, uyda bajariladigan ishlar, kasanachilik ishlari, frilanserlik faoliyati,
ish grafiklari, talab etiladigan malaka darajasi, ish haqi miqdori va boshqalarni aks ettirish;

o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning faoliyat turlari (xizmatlari, ishlari) hamda ularga ehtiyoji bor bo‘lgan ish beruvchilar to‘g‘risida ma’lumotlarni olish;

o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning faoliyat turlari (xizmatlari, ishlari)ni reklama qilish;

o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va ularning xizmatiga ehtiyoji bor ish beruvchilar o‘rtasida kunlik va uzoq muddatli oferta shartnomasi tuzish.

10. Belgilab qo‘yilsinki:

“Mening ishim” buyurtmalar birjasi onlayn-maydonini ishga tushirishni moliyalashtirish Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

vaqtincha bir martalik ishlar to‘g‘risidagi kunlik ma’lumotlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning faoliyat turlari (xizmatlari, ishlari) to‘g‘risidagi e’lonlar “Mening ishim” buyurtmalar birjasi onlayn-maydoni orqali bepul taqdim etib boriladi;

xususiy bandlik agentliklariga kunlik ishlar haqidagi axborotni va ish izlovchilarning rezyumelarini e’lon qilish uchun “Mening ishim” buyurtmalar birjasi onlayn-maydonida shaxsiy kabinet ochishiga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ruxsat beriladi;

tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari huzurida ehtiyojdan kelib chiqib, filial shaklida Markazlarni tashkil etish, Markaz to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash hamda shtat birliklari ajratish mehnat bozorining kon’yunkturasi va kunlik ishlarga bo‘lgan talabdan kelib chiqqan holda, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;

Markazlarni tashkil etish, saqlash va moddiy-texnik ta’minlash xarajatlari Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, ularda videokuzatuv va ogohlantiruvchi aloqa tizimlarini o‘rnatish Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari mablag‘lari hisobidan hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda vaqtincha, mavsumiy va bir martalik ishlarda band bo‘lgan fuqarolarning mehnat
faoliyatini tartibga solish hamda Kunlik mehnat markazlari faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha Hukumat qarori qabul qilinishini ta’minlasin.

11. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari
va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:

2021 yil 1 iyulga qadar yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha hisobotlarni yuritish, ularni real vaqt rejimida Davlat soliq qo‘mitasining yagona integratsiyalashgan axborot-resurs bazasi bilan monitoring qilishga mo‘ljallangan elektron dastur ishlab chiqilishini;

uch oy muddatda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun tumanlar (shaharlar) hokimlarining qarori bilan belgilangan ish o‘rinlarining eng kam soni va ish beruvchilar tomonidan ish o‘rinlari zaxiraga qo‘yilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida aks ettirilishini;

ikki oy muddatda nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda tadbirkorlik sub’ektlari uchun bandlik sohasida interaktiv xizmatlar doirasi kengaytirilishini ta’minlasin.

12. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.B. Husanov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga 2021 yil 1 dekabrga qadar axborot berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi

          Prezidenti                Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2021 yil 28 aprel