22.12.2024, Yakshanba

QORAQALPOG'ISTON RESPUBLIKASI I.V.SAVITSKIY NOMIDAGI DAVLAT SAN’AT MUZEYI

Muzey kollektsiyasi Markaziy Osiyodagi eng yaxshi san’at to'plamlarining biri hisoblanadi. Muzey o'zining 100 mingga yaqin bebaho eksponatlari bilan er yuzidagi madaniyat, san’at sohasi ihlosbandlarini o'ziga tortgan

Markaziy Osiyodagi xalqaro ahamiyatga ega muzeylarning biri. Bu dargoh 1966 yili rassom, O'zbekiston Respublikasi san’at arbobi, Qoraqalpog'iston xalq rassomi, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi Igor Vitalievich Savitskiy tashabbusi bilan ochilgan. 1984 yili muzeyga I.V.Savitskiy nomi berilgan. 2011 yili muzey “Turistlar nazariga tushgan muzey” diplomiga ega bo'lib, 2016 yili O'zbekistonning etti mo'jizasining biri sifatida tan olingan.



Mamlakatimizning yirik san’at markazlaridan biri bo'lgan muzey arxeologiya, qoraqalpoq xalq amaliy san’ati va tasviriy san’ati kabi uch bo'limdan iborat. Bugungi kunda muzeyda 100 mingga yaqin eksponat saqlanib, ulardan 2,5 mingga yaqin eksponat ko'rgazmaga qo'yilgan. Xronologik jihatdan eksponatlar bronza davridan boshlab hozirgi davr ijodlarini o'z ichiga olgan. 1920-1930 yillari yaratilgan o'zbek va rus rassomlarining avangard yo'nalishidagi asarlari muzeyning baholi durdonalari hisoblanadi.