22.12.2024, Yakshanba

O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida



O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 25 martdagi “Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari tizimini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi PF–6195-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida:

  1. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi markaziy apparatining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;

tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘limlarining namunaviy tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tizimidagi tashkilotlar ro‘yxati 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 356 nafar, shu jumladan markaziy apparatida 39 nafar etib belgilansin.

3. Agentlik direktoriga quyidagi huquqlar berilsin:

boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida Agentlikning markaziy apparati va uning hududiy bo‘linmalari tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmalari hamda tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘limlari tuzilmalarini tasdiqlash;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmalari hamda tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘limlari boshqaruv xodimlarining cheklangan sonini umumiy belgilangan shtat birliklari doirasida tasdiqlash;

Agentlikning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan Agentlik tuzilmasiga qo‘shimcha boshqaruv xodimlari shtat birliklarini kiritish.

4. Belgilab qo‘yilsinki, Agentlik Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligining shartnomalari, huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

5. Quyidagilar Agentlik faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Davlat byudjeti mablag‘lari;

xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablag‘lari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Bunda, Agentlik markaziy apparati faoliyati respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan, Agentlik hududiy bo‘linmalari faoliyati mahalliy byudjetlar mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

6. Sog‘liqni saqlash vazirligining Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Navoiy ko‘chasi, 12-uy manzilidagi bino va inshootlarining A-bloki Agentlikka operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilsin.

7. Moliya vazirligi Agentlikka jami to‘rtta, shu jumladan uchta biriktirilgan va bitta navbatchi yengil avtotransport vositalarini xarid qilish uchun mablag‘lar va ularni saqlash uchun limit ajratsin.

8. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Agentlikning buyurtmanomasi bo‘yicha uni belgilangan tartibda tegishli aloqa turlari bilan ta’minlasin.

9. Bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari (B.A. Musayev) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:

Agentlik va uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal etish;

Agentlik va uning tizimidagi tashkilotlarni zamonaviy talablarni hisobga olgan holda, qo‘yilgan vazifalarning samarali bajarilishini yuksak professional darajada ta’minlashga qodir bo‘lgan malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish choralarini ko‘rsin.

10. Agentlik Moliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:

a) Agentlik to‘g‘risidagi nizom loyihasini;

b) Agentlik va uning tizimidagi tashkilotlarga yuklangan asosiy vazifalarni chuqur tahlil qilib, mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish, tibbiy-ijtimoiy muassasalar faoliyatini samarali tashkil etishni inobatga olgan holda:

“Saxovat” keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun internat uylari to‘g‘risidagi nizom;

“Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun internat uylari to‘g‘risidagi nizom;

“Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uylari to‘g‘risidagi nizom;

Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylar to‘g‘risidagi nizom;

Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati to‘g‘risidagi nizom;

Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo‘yicha respublika reabilitatsiya markazi to‘g‘risidagi nizom loyihalarini;

v) qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

         Prezidenti                Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2021 yil 25 mart