Shu yilning 22 fevral kuni Qoraqalpog'iston Respublikasi Suv xo'jaligi vazirligida «Suv resurslaridan samarali foydalanish» mavzusidagi matbuot anjumani o'tkazildi.
___Suv resurslaridan samarali foydalanish va suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishga oid qabul qilingan qarorlarning mazmun-mohiyati va ularda belgilangan vazifalar ijrosi bilan ommaviy axborot vositalari vakillarini tanishtirish maqsadida tashkil qilingan tadbirda mahalliy va markaziy matbuot nashrlari, radio-televidenie, internet jurnalistlari va blogerlar ishtirok qildi.
___Matbuot anjumanii avvalida Qoraqalpog'iston Respublikasi Suv xo'jaligi vaziri Jalg'as Uzaqov so'zga chiqib, Prezidentimizning Qoraqalpog'istonga tashrifi davomida hududda suv xo'jaligini rivojlantirish bo'yicha alohida qaror loyihasini ishlab chiqish topshirig'ini bergani va shu asosida qilingan tadbirlar ijrosi natijasida 2020 yilning 5 dekabridagi «Qoraqalpog'iston Respublikasida suv resurslaridan samarali foydalanish va erlarning meliorativ holatini yaxshilash bo'yicha kechiktirib bo'lmaydigan chora-tadbirlar to'g'risida»gi qaror qabul qilinganini va bu nafaqat suvchilar, yoki fermer-dehqonlar, balki butun Orolbo'yi xalqining taqdiriga daxldor bo'lgan aholining turmush farovonligini yaxshilashga zamin yaratadigan muhim hujjat bo'lganini alohida e’tirof qildi.
___Matbuot anjumanida Qoraqalpog'iston Respublikasi Suv xo'jaligi vazirining birinchi o'rinbosari Alao'atdin Mambetkarimov «Qoraqalpog'iston Respublikasida suv resurslaridan samarali foydalanish va erlarning meliorativ holatini yaxshilash bo'yicha kechiktirib bo'lmaydigan chora-tadbirlar to'g'risida»gi qarorning mazmun-mohiyati, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 dekabrda qabul qilingan PQ-4919-sonli qarorlarida belgilangan vazifalar va ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan tadbirlar haqida ma'lumot berdi.
___Shundan so'ng matbuot anjumani ochiq muloqot tarzida davom qildi.
___– O'tgan yilda 30 gektar maydonga, tomchilatib sug'orish texnologiyalarni joriy qildik, deydi «Sardor sarialtin» fermer xo'jaligi rahbari Shukurulla Sa'dullav. – Men o'zimning ishlab tajribadan o'tkazgan jarayonim va suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish kelgusida yuqori hosil olib, faoliyatimni rivojlantiraman degan fermerlar uchun bugungi kun talabi ekanligini tushuntirishga harakat qildim. Blogerlar tomonidan berilgan ayrim savollarga javob berar ekanman bu boradagi targ'ibot tadbirlarini yanada ko'paytirish kerakligini angladim.
___Tadbirda olim, professor Sarsenboy Shamshetov ham so'z olib, respublikada fermerlarga suv tejovchi texnologiyalarning afzalliklari va uning keng targ'ib etish bщyicha takliflarini aytib o'tdi.
___Matbuot anjumanida hududlardan kelgan fermer xo'jaliklari rahbarlari suv taqchilligi yuzasidan muammolari bo'yicha murojaatlari ham tinglandi va bu masalani Qoraqalpog'iston Respublikasi Suv xo'jaligi vazirining shaxsan o'zi alohida nazoratga olib, muammoni imkon qadar bartaraf qilish choralarini ko'rishini ta'kidladi.
___Jurnalist va blogerlar tomonidan berilgan savollarga vazirlikning mas’ul xodimlaridan tashqari taklif qilingan olimlar, o'tgan yilda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan fermerlar ham javob berib, o'zlarining tajribalari bilan o'rtoqlashdi. Yuqorida keltirilgan qarorlar ijrosini ta'minlash, suv tejovchi texnologiyalar va ilg'or tajribalarni keng targ'ib qilishda ommaviy axborot vositalarining roli muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois matbuot anjumanida barcha OAV vakillarini hamkorlikda ishlashga chaqirildi.
G'.Otajonov,
Qoraqalpog'iston Respublikasi
Suv xo'jaligi vazirligi matbuot kotibi