22.12.2024, Yakshanba

Investitsiyaviy sheriklik to'g'risida O'zbekiston, AQSh va Qozog'iston qo'shma bayonoti

Mintaqa COVID-19 pandemiyasining iqtisodiy oqibatlarini engib o'tishga intilar ekan, bunday hamkorlik va barqarorlik har qachongidan ham muhimdir.
Amerika Qo'shma Shtatlari, O'zbekiston Respublikasi va Qozog'iston Respublikasi hukumatlari “Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi” tashabbusi yo'lga qo'yilganini e’lon qildi. Ishtirokchilar boshqa mamlakatlarni mintaqaviy iqtisodiy sheriklik va farovonlikni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan ushbu tashabbusga qo'shilishlarini olqishlaydi.

Mazkur tashabbus orqali AQSh Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC), O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Qozog'iston Respublikasi Hukumati manfaatlarini ko'zlab harakat qiluvchi “Ostona” Xalqaro moliya markazi, Markaziy Osiyo va mintaqadagi xususiy sektor o'sishiga hamda iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladigan loyihalarni qo'llab-quvvatlash uchun besh yil ichida kamida 1 milliard dollar mablag' jalb etish maqsadida barcha imkoniyatlarni ishga soladilar.

“Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi”ning maqsadi xalqaro infratuzilma sifat standartiga javob beradigan hamda inklyuziv, shaffof va barqaror investitsiya hajmi o'sishiga ko'maklashuvchi xususiy sektor sohasidagi loyihalarni ilgari surishdan iborat. Sheriklar loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga hissa qo'shadi, mintaqaga qo'shimcha xususiy investitsiya kirib kelishini faollashtiradi.

Mazkur loyiha AQShning Markaziy Osiyoda iqtisodiy o'sish va farovonlikni qo'llab-quvvatlash borasidagi sa'y-harakatlarini hayotga tatbiq etishdagi muhim qadamdir. “C5+1” platformasi orqali amalga oshirilayotgan ushbu tashabbus Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotini mustahkamlash va o'sishini ta'minlash maqsadida savdo-sotiq ko'lamini kengaytirish, kompleks rivojlanishni rag'batlantirish va ko'p tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish uchun barcha mavjud imkoniyatlardan foydalanishga intiladi.

Mintaqa COVID-19 pandemiyasining iqtisodiy oqibatlarini engib o'tishga intilar ekan, bunday hamkorlik va barqarorlik har qachongidan ham muhimdir.

“Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi” mintaqamizdagi har bir davlatning rivojlanish, gullab-yashnash sari intilishiga asoslanadi.

Mintaqaviy loyihalarni qo'llab-quvvatlashdan tashqari, DFC O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Qozog'iston Respublikasi Hukumati manfaatlarini ko'zlab harakat qiluvchi “Ostona” xalqaro moliya markazi bilan o'zaro anglashuv memorandumini imzolash hamda investitsiya jamg'armalari faoliyatini rivojlantirishni qo'llab-quvvatlash, qo'shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatini o'rganish orqali Markaziy Osiyoda sheriklikni chuqurlashtirishda davom etadi.

Ushbu bayonot matni Amerika Qo'shma Shtatlari, O'zbekiston Respublikasi va Qozog'iston Respublikasi hukumatlari tomonidan e’lon qilindi.

O'zA