So'nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan Qoraqalpog'iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish bo'yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu yo'nalishdagi ishlarning uzviy davomi sifatida joriy yilning 2 oktyabr kuni Prezidentimizning Qoraqalpog'iston Respublikasiga tashrifi davomida hududning har bir shahar va tumanini rivojlantirish, aholi hayotini yaxshilashga qaratilgan vazifalar belgilab berilgan edi. Shu maqsadda 2020 yil 11 noyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “2020-2023 yillarda Qoraqalpog'iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan Qoraqalpog'iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo'yicha barcha sohalarning maqsadli ko'rsatkichlari belgilanib, amalga oshirilishi lozim bo'lgan loyihalar va chora-tadbirlar dasturlari tasdiqlandi. Shuningdek, qarorda Oliy Majlis Senatiga mas’ul vazirlik hamda idoralar rahbarlari bilan birgalikda Dastur doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligini ta'minlash, yuzaga kelayotgan muammolarni joyida hal etish va aholi turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasi shahar hamda tumanlariga har oyda chiqish tizimini yaratish hamda sohaga oid muammolarni shahar va tumanlarning o'ziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda joyida hal etib borish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish masalalari topshirilgan edi
Shu maqsadda Amudaryo tumaniga biriktirilgan mas’ullar – Oliy Majlis Senati a'zosi Bahodir Tajiev, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining Qonuniylik, sud-huquq va korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari qo'mitasi raisi Zuhra Reimovalar 23 noyabr kuni tumanga tashrif buyurdi.
Dastlab Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining doimiy komissiyalari raislari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Uchrashuvda ta'kidlanganidek, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarori bilan Parlament nazoratini amalga oshirishda, Prezident qarori mazmun-mohiyatini aholi orasida tushuntirish va targ'ib qilishda Senat a'zolariga Qoraqalpog'iston Respublikasining Jo'qorg'i Kengesi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari bilan uzviy hamkorlikni yo'lga qo'yish topshirilgan. Shu maqsadda hududlarga biriktirilgan senatorlarga har oyda bir marotaba mahalliy Kengash deputatlari hamda Kengashning doimiy komissiyalari bilan birgalikda uchrashuvlar o'tkazib, Prezident qaroridagi topshiriqlarni muhokama qilib borish topshirilgan.
Senatning Agrar, suv xo'jaligi masalalari va ekologiya qo'mitasi raisi Bahodir Tajiev xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining doimiy komissiyalariga Prezident qarorining mazmun-mohiyatini aholiga kengroq etkazish uchun joylarda uchrashuvlar, tushuntirish-targ'ibot ishlarini kuchaytirish lozimligini ta'kidlab, bu bo'yicha tavsiyalar berdi.
Shundan keyin “2020-2023 yillarda Qoraqalpog'iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident qarorida ko'rsatilgan topshiriqlar ijrosini nazorat qilish va bu borada amaliy ko'mak ko'rsatish bo'yicha tuzilgan shtabning yig'ilishi bo'lib o'tdi. Yig'ilishda tuman hududidan saylangan Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi deputatlari, tuman Kengashi deputatlari, tuman hokimligi mas’ullari, muassasa, korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Yig'ilishni tuman hokimi Sultonboy Yo'ldashev ochib, Qoraqalpog'iston Respublikasini 2020-2023 yillar davomida kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida qabul qilingan Prezident qarorining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida to'xtalib o'tdi. Tuman hokimi o'z so'zida Prezident qarori bilan to'qimachilik sanoati va bog'dorchilikni rivojlantirish Amudaryo tumanining o'sish nuqtalari etib belgilanganini, bu bo'yicha qator ishlar amalga oshirilayotganini ta'kidlab o'tdi.
Senatning Agrar, suv xo'jaligi masalalari va ekologiya qo'mitasi raisi Bahodir Tajiev so'zga chiqib, Prezidentimizning yuqoridagi qarori ijrosini samarali tashkil qilish maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi deputatlari tuman va shaharlarga, mahalliy Kengashlar deputatlari okruglar kesimida mahallalarga mas’ul etib biriktirilganini ta'kidlab o'tdi. Prezident qarori bilan Qoraqalpog'iston Respublikasi shahar va tumanlarining o'sish nuqtalari belgilanib, tegishli hududlarda mazkur iqtisodiy faoliyat yo'nalishlari bo'yicha yangidan tashkil qilingan tadbirkorlik sub’ektlari 2024 yil 1 yanvarga qadar er solig'i, mol-mulk solig'i, kichik korxonalar aylanmasidan olinadigan soliq, yakka tartibdagi tadbirkorlarning qat’iy miqdordagi daromad solig'ini to'lashdan ozod qilindi.
Prezident qarori bilan tasdiqlangan 2020-2022 yillarda Qoraqalpog'iston Respublikasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli ro'yxatiga Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'yicha 1 359 ta, Amudaryo tumani bo'yicha 77 ta loyihalar kiritilgan bo'lib, ularni amalga oshirishning aniq muddatlari, loyihalarni moliyalashtirish manbalari aniq belgilab qo'yilgan.
Yig'ilishda tijorat banklariga mazkur loyihalarni o'z vaqtida moliyalashtirish, vakolatli organlar rahbarlariga loyihalarni tegishli infratuzilma bilan ta'minlashda, deputatlarga esa bu borada yuzaga keladigan muammolarni hal qilishda amaliy yordam berish vazifalari topshirildi.
Aytish kerakki, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining turmush sharoitlarini yaxshilashda fuqarolar bilan sayyor muloqotlar olib borish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda Senatning Agrar, suv xo'jaligi masalalari va ekologiya qo'mitasi raisi Bahodir Tajiev hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining Qonuniylik, sud-huquq va korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari qo'mitasi raisi Zuhra Reimovalar bir necha kun davomida tumanda bo'lib, tuman hokimi Sultonboy Yo'ldoshev rahbarligida joylarga chiqib, hududlarda aholini tashvishga solayotgan muammolarni o'rganadilar.
Tuman hokimligining axborot xizmati.