22.12.2024, Yakshanba

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 iyundagi “Noruda foydali qazilmalarni o'z ichiga olgan er qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga litsenziyalar berish tartibini takomillashtirish to'g'risida”gi 443-sonli qarori haqida

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 iyundagi “Noruda  foydali qazilmalarni o'z ichiga olgan er qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga litsenziyalar berish tartibini takomillashtirish to'g'risida”gi 443-sonli qarori haqida

 

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 maydagi “O'zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi  PF-5429-sonli Farmonini, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 yanvardagi  “Mamlakat iqtisodiyotining tarmoqlarini talab yuqori bo'lgan mahsulot va xomashyo turlari bilan barqaror ta'minlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-3479-sonli hamda 2018 yil 1 martdagi “O'zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo'mitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi                   PQ-3578-sonli qarorlarini bajarish yuzasidan Qoraqalpog'iston Respublikasi  Vazirlar Kengashi qaror qiladi:

1. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 iyundagi “Noruda  foydali qazilmalarni o'z ichiga olgan er qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga litsenziyalar berish tartibini takomillashtirish to'g'risida”gi  443-sonli qarori ijro uchun rahbarlikka olinsin.

2. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yuqorida ko'rsatilgan qarori bilan:

a) Noruda  foydali qazilmalarni o'z ichiga olgan er qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga litsenziyalar berish tartibi to'g'risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi;

b) O'zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo'mitasiga:

noruda foydali qazilmalarni o'z ichiga olgan er qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga litsenziyalar berishni ushbu qarorga qat’iy muvofiq amalga oshirish;

noruda foydali qazilmalarni o'z ichiga olgan er qa'ri uchastkalaridan maqsadli foydalanilishi va oqilona o'zlashtirilishi yuzasidan amaliy nazorat qilinishini ta'minlash;

O'zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda noruda foydali qazilmalarni o'z ichiga olgan er qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga litsenziyalar olish uchun buyurtmanomalar berishning elektron tizimini joriy etish topshirilganligi;

v) noruda foydali qazilmalarni o'z ichiga olgan er qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga litsenziyalarni olish uchun oldin berilgan buyurtmanomalarni ko'rib chiqish noruda foydali qazilmalarni o'z ichiga olgan er qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga litsenziyalarni berishning ushbu qaror bilan belgilangan tartibiga muvofiq yakuniga etkazilishi;

g'oliblar oldin o'tkazilgan ochiq savdolarda aniqlangan noruda foydali qazilmalarni o'z ichiga olgan er qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun letsenziyalarni berish ushbu qarorga muvofiq ular tomonidan moliyaviy taklif summasi O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga to'langanidan so'ng belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi belgilab qo'yilganligi;        

g) O'zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo'mitasiga manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ular tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirish topshirilganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.

3. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosari S.Nagmetovga  “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspektsiyasi Qoraqalpog'iston mintaqaviy inspektsiyasi, manfaatdor vazirliklar, idoralar hamda tumanlar va Nukus shahri hokimliklari bilan birgalikda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yuqorida ko'rsatilgan qarori bilan tasdiqlangan Noruda  foydali qazilmalarni o'z ichiga olgan er qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga litsenziyalar berish tartibi to'g'risidagi nizom talablariga muvofiq  vazifalarni amalga oshirish topshirilsin.

4. “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspektsiyasi Qoraqalpog'iston mintaqaviy inspektsiyasi:

noruda foydali qazilmalarni o'z ichiga olgan er qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga litsenziyalar berish tartibi to'g'risidagi nizom bilan tasdiqlangan sxemaga qat’iy muvofiq amalga oshirish;

noruda foydali qazilmalarni o'z ichiga olgan er qa'ri uchastkalaridan maqsadli foydalanilishi va oqilona o'zlashtirilishi yuzasidan amaliy nazorat qilishni ta'minlasinlar.

5. “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspektsiyasi Qoraqalpog'iston mintaqaviy inspektsiyasiga vazirliklar va idoralar, tumanlar va Nukus shahri hokimliklari bilan birgalikda o'zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosari S.Nagmetov zimmasiga yuklansin.

 

 

Qoraqalpog'iston Respublikasi  

 Vazirlar Kengashining Raisi

 

    Q.Sariev