Ustav fondida davlat ulushi ustuvor bo‘lgan davlat korxonalari va boshqa yuridik shaxslar (keyingi o‘rinlarda davlat korxonalari deb yuritiladi) ustuvor sohalarda, eng avvalo, yoqilg‘i-energetika, agrosanoat, tog‘-kon komplekslarida, mashinasozlik, transport, kimyo sanoati, telekommunikatsiya sohalarida hal qiluvchi o‘rinlarni egallagan holda milliy iqtisodiyotda muhim rol o‘ynaydi.
Shu bilan birga, bugungi kunda davlat korxonalariga o‘z vazifalarini to‘liq bajarish va mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy va texnologik rivojlantirishga ko‘maklashish imkonini bermaydigan qator muammolar mavjud. Xususan:
birinchidan, korporativ boshqaruv jarayonida davlat korxonalarining boshqaruv organlarida ijro etuvchi hokimiyatning sohaviy komplekslari va davlat boshqaruvi organlari rahbarlari ishtiroki oqibatida yuzaga keladigan manfaatlar to‘qnashuvining mavjudligi;
ikkinchidan, davlat korxonalarida optimal boshqaruv qarorlari qabul qilish, moddiy-texnika, moliyaviy va mehnat resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlovchi investitsiyaviy jarayonlarni boshqarishning yo‘lga qo‘yilgan tizimi mavjud emasligi;
uchinchidan, korporativ boshqaruvning shaffof emasligi, davlat korxonalarining moliyaviy va xo‘jalik faoliyatini muntazam tahlil qilish, ularga yuklatilgan vazifa va funksiyalarning bajarilishi va natijadorligini samarali nazorat qilish amaliyotining mavjud emasligi;
to‘rtinchidan, davlat korxonalarining korporativ va loyiha boshqaruvi sohasidagi rahbar xodimlari va mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimining samarasiz ekanligi.
Davlat aktivlarini boshqarishning samaradorligini yanada oshirish, davlat korxonalari faoliyatini takomillashtirish, ularning O‘zbekiston Respublikasini iqtisodiy, texnologik va ijtimoiy jihatdan yanada rivojlantirishdagi rolini oshirish maqsadida:
1. Davlat korxonalari faoliyatini tashkil etishda keng ko‘lamli o‘zgarishlarni amalga oshirish, shuningdek, davlat aktivlarining qiymatini va ularni boshqarish samaradorligini oshirishni ko‘zda tutuvchi davlat korxonalarini transformatsiya qilish dasturlarini amalga oshirishning xalqaro tajribasi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining quyidagilarni nazarda tutuvchi 2018-2020 yillarda ustav fondida davlat ulushi ustuvor bo‘lgan davlat korxonalari va boshqa yuridik shaxslarni transformatsiya qilish dasturini (keyingi o‘rinlarda – Dastur) amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin:
boshqaruv xodimlariga yuklatilgan vazifalarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi uchun ularning mas’uliyatini ta’minlovchi korporativ boshqaruv tizimini joriy etish;
davlat korxonalari faoliyati samaradorligini ta’minlash bo‘yicha tashabbuslarni amalga oshirish;
davlat korxonalari rahbarlari va mutaxassislarining kasbiy ko‘nikmalarini, jumladan, tegishli tarmoqlar bo‘yicha yetakchi xorijiy korporatsiyalar bilan tajriba almashinishni tashkil etish orqali rivojlantirish;
davlat korxonalarini transformatsiya qilish tadbirlarini amalga oshirishda loyiha boshqaruvi vositalaridan foydalanish.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Dasturning strategik maqsadlari va muhim vazifalarni aniqlash va tasdiqlash, shuningdek, uni amalga oshirish masalalari bo‘yicha qarorlar qabul qilishga vakolatli Loyiha ofisi (keyingi o‘rinlarda – Loyiha ofisi) funksiyalarini bajaradi;
Dasturning amal qilishi “O‘zbekneftgaz”, “O‘zkimyosanoat”, “O‘zbekenergo”, “O‘zbekgidroenergo”, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati”, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatlari, “O‘zbektelekom” AK, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK, “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK va AT Xalq bankiga (keyingi o‘rinlarda – davlat kompaniyalari) tatbiq qilinadi.
Loyiha ofisiga Dasturning amal qilishi muddatini uzaytirish, shuningdek, unga boshqa davlat korxonalarini kiritish bo‘yicha takliflarni belgilangan tartibda kiritish huquqi berilsin.
4. Belgilansinki, Dasturni amalga oshirish davrida:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining davlat kompaniyalarining boshqaruv organlarini shakllantirish bo‘yicha;
O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazining davlat kompaniyalariga nisbatan;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining AT Xalq bankiga nisbatan vazifa, funksiya va huquqlari Loyiha ofisiga o‘tkaziladi.
Loyiha ofisi Dasturning ijrosi bo‘yicha o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Moliya vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasidan mustaqil ravishda amalga oshiradi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Moliya bozori va davlat aktivlari bo‘yicha daromadlar tushumini nazorat qilish boshqarmasi tugatilsin hamda bo‘shayotgan 5 ta shtat birligi O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markaziga o‘tkazilsin.
6. Loyiha ofisiga Dasturni amalga oshirish doirasida quyidagi vakolatlar berilsin:
Dasturga muvofiq davlat kompaniyalarining tashabbuslarini ishlab chiqish va joriy etish;
davlat kompaniyalarining moliya-xo‘jalik faoliyati to‘g‘risidagi axborotlarni, shu jumladan, tijorat, bank, soliq sirlarini va boshqa cheklangan axborotlarni o‘z ichiga oluvchi ma’lumotlarni so‘rab olish;
davlat kompaniyalarining faoliyatini, shu jumladan, ularning tashabbuslarini amalga oshirish nuqtai nazaridan muntazam tahlil qilish;
korporativ boshqaruvning samarali tizimini biznes-jarayonlarni takomillashtirish, asosiy ishlab chiqarish, ma’muriy va operativ jarayonlarni optimallashtirish, zamonaviy menejment va resurslarni boshqarishni joriy qilish orqali yo‘lga qo‘yish.
7. Quyidagilar:
Dasturni amalga oshirish masalalari bo‘yicha Loyiha ofisining qarorlari davlat kompaniyalari tomonidan ijro etilishi uchun majburiy hisoblanadi;
Loyiha ofisi Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish sifati va muddatlari ustidan monitoring o‘tkazadi;
davlat kompaniyalarining byudjetini shakllantirish Loyiha ofisi bilan majburiy kelishilishi lozim.
Loyiha ofisi Dastur amalga oshirilishining borishi to‘g‘risidagi ma’ruzani har yili O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini joriy etish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashga taqdim qiladi.
8. Loyiha ofisi davlat kompaniyalari bilan birgalikda ikki oy muddatda:
Loyiha ofisi ishining reglamenti;
Dasturni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish
va belgilangan tartibda tasdiqlashni ta’minlasin.
Belgilansinki, Dasturni amalga oshirish tadbirlarini moliyalashtirish davlat kompaniyalarining shaxsiy mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
9. O‘zbekiston Respublikasi Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) balansidagi binolari, inshootlari va boshqa moddiy-texnika qimmatliklari bilan birgalikda Loyiha ofisiga berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazining Vasiylik kengashi tarkibi va tashkiliy tuzilmasi 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
10. Belgilansinki, Markaz mavjud vakolatlari bilan bir qatorda:
davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarini loyiha boshqaruvi masalalari bo‘yicha o‘qitishni tashkil etadi;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining loyiha boshqaruvi hamda davlat xaridlari sohalarida malakasini oshirish bo‘yicha maxsus qisqa muddatli ta’lim dasturlarini ishlab chiqadi;
loyiha boshqaruvi hamda davlat xaridlari sohalarida kadrlar zaxirasini shakllantiradi;
loyiha boshqaruvi hamda davlat xaridlari sohalarida davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarini sertifikatlash tizimini ishlab chiqadi va amalga joriy etadi;
loyiha boshqaruvi hamda davlat xaridlarining xalqaro va milliy standartlari bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalar, axborot beruvchi adabiyotlar va boshqa materiallar ishlab chiqishni amalga oshiradi.
11. Markazda 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab:
har yilgi qabul kvotalari 40 kishidan iborat bo‘lgan magistratura ta’lim dasturi asosida “Loyiha boshqaruvi” (“Project management”) mutaxassisligi bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarini loyiha boshqaruvi hamda davlat xaridlari sohalari bo‘yicha tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish yuzasidan imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan taqdirda belgilangan namunadagi sertifikatlar berilgan holda, maxsus kurslar tashkil etilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda belgilangan tartibda:
magistrlar tayyorlash sohasidagi zamonaviy tendensiyalarni hisobga olgan holda, “Loyiha boshqaruvi” magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash sohasida oliy ta’lim davlat ta’lim standartini tasdiqlasin;
oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga “Loyiha boshqaruvi” magistratura mutaxassisligini kiritsin.
13. Markaz ikki oy muddatda kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv rejalarini xorijda qisqa muddatli stajirovkalar o‘tashni va loyiha boshqaruvi hamda davlat xaridlari sohasidagi yetakchi xorijiy mutaxassislarni keng jalb qilishni nazarda tutgan holda ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan kelishgan holda tasdiqlasin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar, shuningdek, davlat kompaniyalari bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori Sh.M.Sadikov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018-yil 12-may