Maishiy chiqindilar bilan bog'liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada rivojlantirish, aholining sifatli sanitariya jixatidan tozalash xizmatlari bilan ta'minlanganligi darajasini oshirish, shuningdek, ekologik muammolarni xal etishdagi mavjud imkoniyatlarni ishga solish maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi qaror qiladi:
1. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 18 maydagi PQ-3730-sonli “Maishiy chiqindilar bilan bog'liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijro uchun rahbarlikka olinsin.
2. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida atab o'tilgan qarori asosida:
a) O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 21 apreldagi PQ-2916-son qarori bilan O'zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasiga (keyingi o'rinlarda Davlat ekologiya qo'mitasi deb yuritiladi) tadbirkorlik sub’ektlarining chiqindilarni yig'ish, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, ko'mish va realizatsiya qilish jarayonlaridagi ishtirokini yanada kengaytirishni nazarda tutish vazifasi yuklatilganligi ma'lumot uchun qabul qilinganligi;
b) Davlat ekologiya qo'mitasining mazkur sohaga investitsiya kiritish uchun qulay sharoit yaratish orqali maishiy chiqindilarni to'plash va olib chiqish xizmatlarini ko'rsatish faoliyatiga tadbirkorlik sub’ektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida jalb qilish to'g'risidagi taklifi ma'qullanganligi;
v) 2018 yil 1 avgustdan quyidagilar belgilab qo'yilganligi:
maishiy chiqindilarni to'plash va olib chiqish faoliyatini amalga oshirish uchun tuman va shahar hududlari (keyingi o'rinlarda - hududlar) tadbirkorlik sub’ektlariga davlat-xususiy sheriklik asosida chiqindi to'plash shoxobchalarida lozim darajadagi tozalikni ta'minlash, shuningdek, maishiy chiqindilarni mustaqil ravishda saralash sharti bilan biriktirib berilishi;
maishiy chiqindilarni to'plash va olib chiqish xizmatlarini ko'rsatish uchun hududlarni tadbirkorlik sub’ektlariga davlat-xususiy sheriklik asosida biriktirib berish faqat tanlov asosida, nol stavkadan boshlanuvchi elektron auktsion yo'li bilan “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi orqali amalga oshirilishi;
jismoniy shaxslarga maishiy chiqindilarni to'plash va olib chiqish xizmatlari ommaviy shartnomalar asosida ko'rsatilishi.
Quyidagilar belgilanganligi:
maishiy chiqindilarni to'plash va olib chiqish xizmatlarini ko'rsatish uchun hududlarni tadbirkorlik sub’ektlariga biriktirib berish bo'yicha tanlov o'tkazilmagan deb topilgan hollarda, tegishli hududlar “Toza hudud” DUK yoki “Maxsustrans” DUKga tanlov o'tkazilmagan holda biriktirib berilishi;
Davlat ekologiya qo'mitasi maishiy chiqindilar bilan bog'liq ishlarni amalga oshirish sohasiga investitsiyalarni jalb qilishga yo'naltirilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo'yicha tadbirlarni muvofiqlashtirishi;
g) O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga va Davlat ekologiya qo'mitasiga Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
maishiy chiqindilarni to'plash va olib chiqish xizmatlarini ko'rsatish uchun hududlarni tadbirkorlik sub’ektlariga biriktirib berish materiallarini yig'ish va vakolatli organlar bilan kelishish tartib- taomillarini amalga oshirish bo'yicha avtomatlashtirilgan axborot tizimining ishlab chiqilishi va joriy etilishini, shuningdek, uning “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasiga integratsiya qilinishini;
maishiy chiqindilarni to'plash va olib chiqish xizmatlarini ko'rsatish uchun hududlarni elektron auktsion o'tkazish yo'li bilan tadbirkorlik sub’ektlariga biriktirishning “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi orqali tashkillashtirilishini ta'minlash topshirilganligi;
d) 2019 yil 1 yanvardan boshlab quyidagilar taqiqlanganligi:
polimer plyonkali paketlarni bepul berish, ularning narxini O'zbekiston Respublikasi hududida sotiladigan tovarlar narxiga qo'shish, shuningdek, ularni o'z tannarxidan past narxlarda sotish (tutqichsiz va tovarlarning ajralmas qismi hisoblangan paketlar bundan mustasno);
O'zbekiston Respublikasi hududida qalinligi 40 mikrondan kam bo'lgan polimer plyonkali paketlarni ishlab chiqarish (eksport uchun ishlab chiqariladigan, tutqichsiz va tovarlarning ajralmas qismi hisoblangan, xo'jalikda foydalanish uchun rulonlarda sotiladigan polimer plyonkali paketlar, shuningdek, biologik chiriydigan polimer materiallardan tayyorlangan paketlar bundan mustasno);
O'zbekiston Respublikasi hududiga polimer plyonkali paketlarni (TIF TN bo'yicha 3923 21 000 0, 3923 29 100 0, 3923 29 000 kodli) olib kirish, jismoniy shaxslar tomonidan tovarlar va shaxsiy buyumlarni tashish va qadoqlash uchun olib kiriladigan paketlar, shuningdek, tamg'alangan yuk bo'linmasida tranzit tarzida olib o'tiladigan tovarlar bundan mustasno.
Davlat ekologiya qo'mitasiga, O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasiga va Davlat bojxona qo'mitasiga mazkur bandda belgilangan talablarga rioya etilishi ustidan qat’iy nazorat o'rnatish vazifalari belgilanganligi;
e) Davlat ekologiya qo'mitasiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda xorijiy tajriba va jamoatchilikning har tomonlama muhokamasini hisobga olgan holda, 2020 yil 1 yanvarga qadar muddatda foydalanish xususiyatini yo'qotgandan so'ng atrof-muhitga zarar etkazuvchi ishlab chiqariladigan va import qilinadigan tovarlar guruhiga ekologik yig'imni joriy qilishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan asoslangan takliflar kiritish topshirilganligi;
j) 2023 yil 1 yanvargacha bo'lgan muddatga:
maishiy chiqindilar bilan bog'liq ishlarni amalga oshirish sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar sotib oladigan, mamlakatda ishlab chiqarilgan yangi maxsus avtotransport vositalarini O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi organlarida ro'yxatga olishda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo'l jamg'armasiga to'lanadigan yig'imlardan;
“Toza hudud” DUK va “Maxsustrans” DUK er solig'i va davlat maqsadli jamg'armasiga majburiy to'lovlardan (yagona ijtimoiy to'lovdan tashqari) bo'shayotgan mablag'larni ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga maqsadli yo'naltirgan holda;
respublikada ishlab chiqarilmaydigan, tovarlarni qadoqlash va joylash-o'rash uchun biologik chiriydigan polimer materiallarni ishlab chiqarishning texnologik jarayonida foydalanish uchun o'rnatilgan tartibda tasdiqlanadigan ro'yxatlar asosida olib kirilgan texnologik uskunalar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar, xom ashyo va materiallar bojxona to'lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig'imidan tashqari);
respublikada ishlab chiqarilmaydigan, maishiy chiqindilar bilan bog'liq ishlarni kompleks amalga oshirish klasterlarini tashkil qilish bo'yicha loyihalarni amalga oshirish doirasida o'rnatilgan tartibda tasdiqlanadigan ro'yxatlar asosida olib kirilgan maxsus texnika, texnologik uskunalar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar bojxona to'lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig'imidan tashqari) ozod qilinganligi;
z) O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va Markaziy bankining:
maishiy chiqindilar bilan bog'liq ishlarni kompleks amalga oshirish klasterlarini tashkil qilish bo'yicha loyihalarni amalga oshirish doirasida xorijiy kredit liniyalari hisobidan ajratilgan kreditlarni (keyingi o'rinlarda - ajratilgan kreditlar) milliy valyutaga almashtirib, ularning foiz stavkasini O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasidan yuqori bo'lmagan miqdorda belgilab, restrukturizatsiya qilish;
kreditlarni qaytarish jadvallariga tegishli o'zgartishlar kiritgan holda, ularning so'nggi to'lov muddatlarini restrukturizatsiya qilingan sanadan boshlab 7 yil etib belgilash;
berilgan kreditlarga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining aktivlar sifatini tasniflash to'g'risidagi talablarini qo'llamaslik, ularni qayta ko'rilgan kreditlar hisob varaqlariga o'tkazmaslik va ular bo'yicha zahiralar tashkil qilmaslik to'g'risidagi takliflari ma'qullanganligi;
i) Quyidagilar:
2019-2021 yillarda “Toza hudud” DUKlarni Qoraqalpog'iston Respublikasi respublika byudjeti va viloyatlar mahalliy byudjeti mablag'lari hisobidan maxsus texnika va uskunalar bilan qo'shimcha jihozlashning prognoz parametrlari 1-ilovaga muvofiq;
2019 yilda Qoraqalpog'iston Respublikasi respublika byudjeti va viloyatlar mahalliy byudjeti mablag'lari hisobidan chiqindi to'plash shoxobchalarini qurish va ularni konteynerlar bilan jihozlash bo'yicha manzilli dastur 2-ilovaga muvofiq;
2020 yilda Qoraqalpog'iston Respublikasi respublika byudjeti va viloyatlar mahalliy byudjeti mablag'lari hisobidan “Toza hudud” DUKlarning faoliyat ko'rsatayotgan amaldagi poligonlarini jihozlash bo'yicha manzilli dastur 3-ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi;
chiqindilar bilan bog'liq ishlarni amalga oshirish tizimini muvofiqlashtirish va takomillashtirish bo'yicha Respublika komissiyasiga mazkur bandda nazarda tutilgan prognoz parametrlari va manzilli dasturlarga o'zgartishlar kiritish huquqi berilganligi;
k) O'zbekiston Respublikasi Davlat ekologiya qo'mitasiga:
k.1) Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda 2018 yil 1 iyulga qadar muddatda:
maishiy chiqindilarni to'plash va olib chiqish xizmatlarini ko'rsatish uchun hududlarni tadbirkorlik sub’ektlariga biriktirish tartibi to'g'risidagi nizom loyihasini;
jismoniy shaxslarga maishiy chiqindilarni to'plash va olib chiqish bo'yicha xizmatlar ko'rsatish bo'yicha namunaviy ommaviy shartnoma loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
k.2) O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda 2018 yil 1 avgustga qadar muddatda:
hududlarni ifloslantirganlik uchun shaxslarni javobgarlikka tortishning ta'sirchan mexanizmlarini ishlab chiqishni, chiqindilar bilan bog'liq ishlarni amalga oshirish sohasida fuqarolar va mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirishni;
jamoat joylarida chiqindilarni to'plash uchun konteynerlar (chiqindi qutilari)ni o'rnatishga, jumladan ularning namunaviy shakllariga, shuningdek, tashkilotlarning o'zlariga tegishli bo'lgan binolarga yaqin yoki tutash hududlarga mazkur konteynerlar (chiqindi qutilari)ni o'rnatish bo'yicha talablarni nazarda tutuvchi takliflar kiritish;
k.3) O'zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2018 yil 1 sentyabrga qadar muddatda:
aholiga atrof-muhit holati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish imkonini beruvchi, mazkur sohadagi huquqbuzarliklar to'g'risidagi foto va video materiallarni joylashtirish imkoniyatiga ega bo'lgan maxsus veb-portalni yaratish hamda har bir xabar berilgan holat bo'yicha tezkor choralar ko'rish tizimi joriy qilinishini;
Davlat ekologiya qo'mitasining rasmiy veb-saytida mazkur sohada davlat-xususiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadida mamlakat hududlari kesimida aholi yashash punktlari, yashovchi aholi va mavjud konteynerlar sonini ko'rsatgan holda barcha chiqindi to'plash shoxobchalari joylashishining elektron xaritasini ko'rsatuvchi sahifa ochilishini ta'minlash topshirilganligi ma'lumot va ijro uchun qabul qilinsin.
3. Qoraqalpog'iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo'mitasi (T.Xojanazarov) Nukus shahri va tumanlar hokimliklari, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2018 yil 10 iyulga qadar:
maishiy chiqindilarni to'plash va olib chiqish xizmatlarini ko'rsatish uchun hududlarni tadbirkorlik sub’ektlariga biriktirib berish materiallarini yig'ish va vakolatli organlar bilan kelishish tartib- taomillarini amalga oshirish bo'yicha avtomatlashtirilgan axborot tizimining ishlab chiqilishi va joriy etilishini, shuningdek, uning “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasiga integratsiya qilinishini;
maishiy chiqindilarni to'plash va olib chiqish xizmatlarini ko'rsatish uchun hududlarni elektron auktsion o'tkazish yo'li bilan tadbirkorlik sub’ektlariga biriktirishning “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi orqali tashkillashtirilishini ta'minlasin.
4. Nukus shahri va tumanlar hokimlari maishiy chiqindilar bilan bog'liq ishlarni amalga oshirish sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlarga tegishli bo'lgan maxsus avtotransport vositalarini ularning faoliyati bilan bog'lik bo'lmagan (qishloq xo'jaligi, qurilish va boshqalar) ishlarga jalb qilinishiga yo'l qo'yilmasligi to'g'risida qatiy ogohlantirilsin.
5. Qoraqalpog'iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo'mitasi (T.Xojanazarov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o'zgartish va qo'shimchalar to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Davlat ekologiya qo'mitasiga takliflar kiritsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosari S.Nag'metov hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo'mitasi raisi T.Xojanazarov zimmalariga yuklansin.
Qoraqalpog'iston Respublikasi
Vazirlar Kengashining Raisi
Q. Sariev