2019 yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko'rish, boshoqli don ekinlarini navlar bo'yicha optimal joylashtirish, g'alla ekishni uyushqoqlik bilan maqbul muddatlarda o'tkazishni tashkil etish maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi
QAROR QILADI:
1. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 iyuldagi EDO-01-03-17-1-sonli yig'ilish bayoni topshiriqlari ijro uchun rahbarlikka olinsin.
2. 2019 yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekish mavsumiga tayyorgarlik ko'rish va g'alla ekish mavsumini uyushqoqlik bilan tashkil qilish bo'yicha ishchi guruhi tarkibi 1-ilovaga;
2019 yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlarini ekishni tashkil qilish tizimi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tuman hokimlari:
uch kun muddatda kuzgi g'alla ekish bo'yicha tuman ishchi guruhlari tarkibini shakllantirib, ishchi guruhlarining g'alla ekish mavsumiga tayyorgarlik ko'rish va mavsumni uyushqoqlik bilan o'tkazish yuzasidan ish rejalarini tasdiqlash va unda har bir ishchi guruhi a'zolarining vazifalarini aniq belgilab berish;
ishchi guruh rahbari etib tuman hokimining qishloq va suv xo'jaligi masalalari bo'yicha o'rinbosarlarini tayinlash va ishchi guruh tarkibini
2-ilovaga mos ravishda shakllantirib, g'alla ekishga aloqador bo'lgan tashkilotlar va korxonalar rahbarlari hamda mutaxassislarini kiritib, ekish ishlarini samarali tashkil etish;
2019 yil hosili uchun boshoqli don ekinlarini ekishga tayyorgarlik ko'rish, hosildorlikni belgilashda er ball boniteti va suv yo'llarini inobatga olgan holda taqsimot ishlab chiqib, g'allani navlar bo'yicha joylashtirish, ekish uchun er tayyorlash, don ekish agregatlarini ta'mirlash, urug'lik donni tayyorlash va shoxobchalar orqali fermer xo'jaliklariga etkazib berish, g'alla ekish mavsumini uyushqoqlik bilan tizim asosida tashkil etish bo'yicha tuman qarorlarini qabul qilish;
er tayyorlash va boshoqli don ekishni joriy yilning 25 sentyabrigacha yakunlash bo'yicha grafiklar ishlab chiqib tasdiqlash hamda tasdiqlangan grafiklarni umumlashtirish va Vazirlar Kengashiga taqdim etish uchun Qishloq xo'jaligi vazirligiga topshirilishini ta'minlasinlar.
4. Qoraqalpog'iston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi (Annaqulov), «Urug'chilikni rivojlantirish markazi» DUK Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'limi (Ibragimov), «Qoraqalpoq agrokimyohimoya» HAJ (Davletov), «To'rtko'ldonmahsulotlari» MChJ (Ruzmetov), «Taxiatoshdon-mahsulotlari» AJ (Utemuratov), «Qoraqalpoqdonmahsulotlari» AJ (Xudayarov), «Chimboydonmahsulotlari» MChJ (Jalekeev), «Qo'ng'irot un zavodi» AJ (Bekeshov) bilan birgalikda:
joriy yil 20 sentyabrgacha hududlarda ekishning optimal muddatlaridan kelib chiqqan holda zarur bo'lgan urug'lik donni belgilangan navlar bo'yicha tayyorlash va grafik asosida o'z vaqtida etkazib berish;
urug'lik tsexlarining betuxtov ishlashini, ularda urug'likni sifatli tayyorlanishi, grafikda belgilangan muddatlarda joylarga etkazib berilishini shaxsan qat’iy nazorat qilish;
urug'lik tsexlarida va tashish jarayonida urug'lik donning to'kilishiga, navlarning aralashib ketishiga va isrof bo'lishiga yo'l qo'ymaslikni, ortish-tushirish qoidalariga rioya qilinishini alohida nazoratga olish;
urug'lik tarqatish shaxobchalarini mavsumga to'liq tayyorlash, fermer xo'jaliklariga qulay masofalarda qo'shimcha shaxobchalar tashkil qilish choralarini ko'rish;
ekish uchun talab etiladigan kuzgi g'alla urug'ligini joriy yilning 20 avgustigacha to'liq etkazib berilishini ta'minlash;
2019 yil g'alla hosili uchun ekiladigan urug'lik don to'liq qayta ishlanishini (tozalanishi, saralanishi kasallik va zararkunandalarga qarshi sifatli qilib dorilanishi) qatiy nazoratga olish;
urug'lik donni dorilashda ishlatiladigan kimyoviy preparatlar qat’iy ravishda «Urug'chilikni rivojlantirish markazi» DUK Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'limining taqsimoti bo'yicha urug'likni dorilash uchun qo'llanilishiga Don korxonalari shaxsan javobgar ekanligi belgilab qo'yilsin.
5. «Agrobank» ATB Qoraqalpog'iston Respublikasi boshqarmasi (Baltabaev) don korxonalariga urug'dorilagichlar va urug'likni tashish uchun zarur bo'lgan mablag'larning o'z vaqtida ajratilishini ta'minlasin.
6. Qoraqalpog'iston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi (Annaqulov), «Urug'chilikni rivojlantirish markazi» DUK Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'limi (Ibragimov), Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti Qoraqalpog'iston tajriba stantsiyasi (Utambetov), Er resurslari va davlat kadastri boshqarmasi (Yakupov) tumanlar hokimlari bilan birgalikda sovuqqa, sho'rga chidamli g'alla navlarini yangilash, erta pishar g'alla navlarini tanlash va ekilishini ta'minlasinlar.
7. Qoraqalpog'iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (Temirxanov), Qishloq xo'jaligi vazirligi (Annaqulov), «Qoraqalpog'iston agroservis MTP» MChJ (Hakimov), «Agrobank» ATB Qoraqalpog'iston Respublikasi boshqarmasi (Baltabaev) tuman hokimlari bilan birgalikda:
2019 yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekish mavsumiga texnikalarni tayyorlash, ta'mirlash va ehtiyot qismlar zaxirasini yaratish choralarini ko'rsinlar va zarur miqdordagi mablag'lar ajratilishini ta'minlash;
hududdagi g'alla ekish uchun er tayyorlash va boshqa texnikalarni, don ekish seyalkalari va moslamalarini mulk shaklidan qat’iy nazar yoppasiga texnik xatlovdan o'tkazilishini tashkil qilish;
tumanlar hokimliklari bilan birgalikda er tayyorlash va g'alla ekish texnikalarini uch kun muddatda, g'o'za qator orasiga don ekish agregat va moslamalarini 1 sentyabrgacha mavsumga tayyorlash ishlarini yakunlash;
Mavsumda qatnashadigan barcha texnikalarni ustaxonalarga yig'ib, ularni markazlashgan holda sifatli ta'mirlashni, ustaxonalarda ishchilar uchun zarur shart-sharoitlar va issiq ovqat bilan ta'minlashni tashkil etish va nazoratga olish topshirilsin.
8. Qishloq xo'jaligi vazirligi (Annaqulov), «Qoraqalpoq agrokimyohimoya» AJ (Davletov), «Taxiatosh neft bazasi» MChJ (Abdimuratov) bilan birgalikda kuzgi g'alla ekish mavsumi uchun zarur bo'lgan fosforli va kaliyli mineral o'g'itlar va yonilg'i-moylash materiallari hajmlarini aniqlab, mavsum boshlanguniga qadar joylarda ularning etarli zaxirasini yaratish;
uch kun muddatda tumanlar hokimliklari ishtirokida mineral o'g'itlar va yonilg'i-moylash materiallarini me’yorlar bo'yicha etarli miqdorda etkazib berish grafiklarini ishlab chiqib tasdiqlasin.
9. Qoraqalpog'iston Respublikasi Suv xo'jaligi vazirligi (Uzaqov) irrigatsiya tizimlari boshqarmalari rahbarlari bilan birgalikda g'alla ekish uchun sho'r yuviladigan hududlarni oldindan aniqlab, 2 kun muddatda sho'r yuvish grafiklarini ishlab chiqilishini va ularning bajarilishi bo'yicha kunlik ma'lumotlarni Vazirlar Kengashiga berib borilishini ta'minlasin.
10. Qoraqalpog'iston Respublikasi Er resurslari va davlat kadastri boshqarmasi (Yakupov) kuzgi boshoqli don ekinlari to'liq ekilishi va joriy yilning 20 noyabrigacha g'alla ekilgan maydonlarni yoppasiga xatlovdan o'tkazishni va har bir konturda to'liq ko'chat olinishi monitoringini tashkil qilinishini va natijasi bo'yicha Vazirlar Kengashiga axborot kiritilishini ta'minlasin.
11. «Qoraqalpoq agrokimyohimoya» AJ (Davletov), «Agrobank» ATB Qoraqalpog'iston Respublikasi boshqarmasi (Baltabaev) birgalikda 2019 yil g'alla hosilini kasallik, zararkunandalar, begona o'tlarga qarshi kurash uchun qarshi ishlatiladigan kimyoviy preparatlar zaxirasini joriy yilning 1 dekabrigacha yaratish choralarini ko'rsinlar.
12. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosari (Xojametov) zimmasiga yuklatilsin.
Qoraqalpog'iston Respublikasi
Vazirlar Kengashining Raisi Q.Sariev