30.10.2024, Chorshanba

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 17 iyuldagi “Ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarni ijtimoiy-maishiy ta'minlash va ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish bo'yicha amaliy chora-tadbirlar to'g'risida” gi 543-sonli qarori haqida



O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 17 iyuldagi “Ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarni ijtimoiy-maishiy ta'minlash va ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish bo'yicha amaliy chora-tadbirlar to'g'risida”gi 543-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi
QAROR QILADI:

1. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 17 iyuldagi “Ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarni ijtimoiy-maishiy ta'minlash va ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish bo'yicha amaliy chora-tadbirlar to'g'risida”gi 543-sonli qarori ijro uchun rahbarlikka olinsin.
2. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori bilan:
a) O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yuqorida ko'rsatilgan qarori bilan ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarni reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish tizimini takomillashtirish bo'yicha 2018-2022 yillarga mo'ljallangan «Yo'l xaritasi» ilovaga muvofik tasdiqlanganligi;
b) Quyidagilar:
ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarni ijtimoiy moslashtirishga mas’ul tuzilmalar faoliyatining institutsional va tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish, ularning vazifa, funktsiya va vakolatlarini aniq chegaralash;
ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarni ijtimoiy moslashtirish, shu jumladan, ular hayotining sifati 
va darajasini oshirish;
ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarning psixologik va ijtimoiy moslashuvi monitoringi tizimini shakllantirish;
ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarni ijtimoiy moslashtirish va reabilitatsiya qilish sohasidagi ishlarni amalga oshirish doirasida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o'rtasida ijtimoiy sherikchilikni rivojlantirish;
ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarni reabilitatsiya qilish jarayoniga xususiy sektor vakillarini keng jalb etish orqali ularga tegishli imtiyozlar berishni nazarda tutuvchi davlat organlari va tadbirkorlik sub’ektlari o'rtasida davlat-xususiy sherikchilik tizimini rivojlantirish;
ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarning psixologik, ijtimoiy-maishiy ta'minot va ish bilan ta'minlash faoliyatini tayyorlash, prognozlash va rejalashtirish; 
retsidiv va takroriy jinoyatlar sonini kamaytirishga qaratilgan ta'sirchan choralar ko'rish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimini kuchaytirish; 
v) Ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan va maxsus kommendatura hisobidan chiqqan shaxslarni ijtimoiy moslashtirish markazlari negizida Ozodliqdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarni reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish markazlari (keyingi o'rinlarda markazlar deb ataladi) tashkil etilganligi va ularga quyidagi:
ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarning ijtimoiy himoya qilinishini tashkil etish va ta'minlash, tegishli tartibda kiyim-kechak, oziq- ovqat va turar joy uchun bir martalik to'lanadigan nafaqa puli berish orqali ularning birlamchi extiyojlarini qondirish;
maqbul ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratish, soha mutaxassislari (psixolog, tibbiyot xodimi, huquqshunos va boshqalar)dan yordam olish, zarur holatlarda davolanishga, qariyalar va nogironlar uylariga yo'llanmalar berish;
reabilitatsiya qilishda, uy-joy va maishiy hamda boshqa ijtimoiy-maishiy muammolarini hal qilishda, qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlar olishda yordam ko'rsatish vazifalari yuklatilganligi;
Markazlarga Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi 
va hokimliklar huzuridagi Ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarga ijtimoiy-maishiy sohada va ish bilan ta'minlashda yordam ko'rsatish maxsus komissiyalari, ichki ishlar organlari 
va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari bilan hamkorliqda jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga ijtimoiy-iqtisodiy yordam ko'rsatishning individual dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash, shuningdek, har oyda sud qarori bo'yicha ushbu toifadagi shaxslarga ijtimoiy-huquqiy yordam berish individual dasturlarining joylarda ijro etilishini o'rganish topshirilganligi;
g) 2019 yil 1 yanvardan boshlab jazoni ijro etish muassasalarida:       
to'liq ijtimoiy moslashtirish maqsadida mahkumlarni tizimli o'rganish va ularning ongini o'zgartirishga qaratilgan tarbiyaviy ishlarning yagona kompleks tizimi joriy etilganligi;
mahkumlarni ahloqan tuzatish, ularga qonunga itoatkorlik ruxini singdirish, jamiyatning ijtimoiy faol a'zosi bo'lishiga yordam ko'rsatish bo'yicha individual manzilli dasturlar ishlab chiqilganligi va tasdiqlanganligi;
mahkumlarga hujjatlashtirish masalasi (shaxsiy hujjatlarni tiklash, pasport olish)da yordam ko'rsatiladi, ularning pensiya sug'urtasi, mehnat daftarchasini rasmiylashtirish shaxs jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingunga qadar amalga oshirilishi;
d) mahkumlar bilan tarbiyaviy ishlar ularni quyidagi toifalarga ajratgan holda amalga oshirilishi:
tarbiyasi og'irlar - ular bilan ma'naviy qiyofasini yaxshilashga doir chora-tadbirlar amalga oshiriladi, ularni sodir etgan jinoyatidan pushaymon bo'lishga va qonunga itoatkor turmush tarziga rioya qilishga undaydi;
tuzalish yo'liga kirganlar - ularga mustaqil mehnat ko'nikmasini uyg'otish va ijtimoiy faol hayotiy pozitsiyasini rivojlantirish maqsadida tarbiyachilar biriktiriladi; 
to'liq tuzalganlar - ularga nisbatan to'liq ijtimoiy moslashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishi;
e) tarbiyaviy ishlar uch bosqichda amalga oshirilishi:
mahkum jazoni ijro etish muassasasiga kelib tushgan bosqichda uning psixologik ahvoli tuzalishga bo'lgan moyilligini aniqlashtirish orqali oldindan o'rganishi;
mahkumning ongini o'zgartirish, unda sodir etgan jinoyatidan pushaymon bo'lish hissini uyg'otish bo'yicha chora-tadbirlar olib borishi;
mahkumni talab yuqori bo'lgan kasb va mutaxassisliklarga o'qitish uchun kasbiy ta'limni tashkil etish, o'qish yakuni bo'yicha tegishli hujjat taqdim etish va kelgusida ish bilan ta'minlashi;
shaxsning jazoni ijro etish muassasasidan ozodlikka chiqqan paytidan boshlab bir yil mobaynida ijtimoiy hayotga moslashish sifatini o'rganish belgilab qo'yilganligi;
yo) Ichki ishlar vazirligi va O'zbekiston yoshlar ittifoqi, shuningdek Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo'yicha Respublika kengashining fuqarolar yig'inlari huzuridagi voyaga etmaganlar, yoshlar va sport ishlari bo'yicha komissiyalar zimmasiga O'zbekiston yoshlar ittifoqi, O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi, Aholi bandligiga ko'maklashish markazining birlamchi tashkilotlari, shuningdek, tuman hokimliklari, ta'lim muassasalari va boshqalar bilan yaqin hamkorliqda ozodlikdan mahrum qilish joylaridan ozod bo'lgan voyaga etmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish va ish bilan ta'minlash bo'yicha ta'sirchan chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasini yuklash to'g'risidagi taklifi qo'llab-quvvatlanganligi;
j) O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga:
uch oy muddatda O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ichki ishlar, bandlik va mehnat munosabatlari organlari, sog'liqni saqlash va markazlar o'rtasida idoralararo hamkorlik dasturini ishlab chiqish va tasdiqlashi;
jazoni ijro etish muassasalari negizida, xo'jalik yurituvchi sub’ektlarni jalb etish orqali, davlat-xususiy sherikchilikning imkoniyatlarini qo'llagan holda mahkumlar ozodlikka chiqqunga qadar olgan mutaxassisligi bo'yicha tegishli hujjatlarni taqdim etishni nazarda tutib, ularni mehnat bozori talabiga mos mutaxassisliklar bo'yicha tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishi;
har yili 1 iyulga qadar mahalliy davlat hokimiyati va mehnat organlariga kelgusi kalendar yilida ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilinadigan shaxslarning soni hamda ularning kasbi va mutaxassisligi hakida prognoz taqdim etilishini ta'minlash topshirilganligi;
z ) Vazirliklar va idoralarga o'zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni uch oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirish topshirilganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.
3. Nukus shahar va tumanlar hokimliklari, Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo'yicha Qoraqalpog'iston Respublikasi Kengashi (T.Romanov), Ichki ishlar vazirligi (A.Temirxanov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (U.Saburov), Moliya vazirligi (M.Sodiqov), Sog'liqni saqlash vazirligi (D.Xodjiev), Ozodliqdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarni reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish markazlari bilan hamkorliqda jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga ijtimoiy-iqtisodiy yordam ko'rsatishning individual dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash, shuningdek, har oyda sud qarori bo'yicha ushbu toifadagi shaxslarga ijtimoiy-huquqiy yordam berish individual dasturlarining joylarda ijro etilishini o'rganish topshirilsin.
4. Manfaatdor vazirliklar, idoralar, shahar va tumanlar hokimliklari o'zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni uch oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosari M.Jumanov va Ichki ishlar vaziri A.Temirxanov zimmasiga yuklansin.


Qoraqalpog'iston Respublikasi 
 Vazirlar Kengashining Raisi                                   Q.Sariev