22.12.2024, Yakshanba

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi “O'zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasi to'g'risida”gi PF-5468-sonli Farmoni haqida



Soliq yukini izchillik bilan kamaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirish va soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirish iqtisodiyotni jadal rivojlantirish hamda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini yaxshilashning eng muhim shartlari hisoblanadi.


Shu bilan birga, o'rganishlar natijalari mazkur sohada bir maromda iktisodiy o'sishga, ishbilarmonlik va investitsiyaviy faollikni oshirishga, sog'lom raqobat muhitini shakllantirishga, shuningdek, soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar yig'iluvchanligining zarur darajasini ta'minlashga to'skinlik qilayotgan bir kator tizimli muammolarni ko'rsatdi, xususan:


birinchidan, umumbelgilangan soliqlarni to'lovchilar uchun soliq yuki darajasining yuqoriligi, shuningdek, soliq solishning soddalashtirilgan va umumbelgilangan tizimida soliqlarni to'laydigan xo'jalik yurituvchi sub’ektlar o'rtasidagi soliq yuki darajasidagi farqning sezilarliligi;


ikkinchidan, qo'shilgan qiymat solig'ini undirishning samarasiz tizimi, soliq to'lovchilarning aylanma mablag'larini jalb qiladigan, shuningdek, iste’mol mahsulotining oraliq va yakuniy qiymati qimmatlashishiga olib keladigan hamda yirik va kichik biznes o'rtasidagi kooperatsiyaning rivojlanishiga to'sqinlik qiladigan majburiy to'lovlarning mavjudligi;


uchinchidan, soliq to'lovchilar tomonidan xodimlarning real sonini va mehnatga hak to'lash fondini yashirishga olib keluvchi mehnatga haq to'lash fondi soliq stavkalarining yuqoriligi;


to'rtinchidan, imtiyozlarning samaradorligini monitoring va nazorat qilish bo'yicha ta'sirchan tizimning mavjud emasligi sababli sog'lom raqobatni ta'minlashga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi, xo'jalik yurituvchi sub’ektlarni soliq va bojxona, shu jumladan individual xususiyatga ega bo'lgan imtiyozlar xisobiga qo'llab-kuvvatlash amaliyotining keng tarqalganligi;


beshinchidan, davlat organlari va tashkilotlari o'rtasida axborot almashish mexanizmlarining, elektron soliq ma'muriyatchiligi hamda soliq nazoratini amalga oshirish shakl va uslublarining takomillashmaganligi;


oltinchidan, o'tkaziladigan nazorat tadbirlarining sifatiga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi va insofli tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatiga aralashishlarni kamaytirishga to'sqinlik qiluvchi nazorat faoliyatini amalga oshirishda xavf-xatarlarni tahlil qilish va boshqarishning aniq tizimi yo'qligi;


ettinchidan, mahalliy soliq va yig'imlarning ma'muriyatchiligi mexanizmlarining samarasizligi oqibatida ularning yig'iluvchanlik darajasi etarli emasligi, shuningdek, ko'chmas mulk va er uchastkalarini to'liq hisobga olish va qiymatini ob’ektiv aniqlashning mavjud emasligi.


Mavjud tizimli muammolarni bartaraf etish, 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan soliq yukini kamaytirish va soliq solish tizimini soddalashtirish, soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirish vazifalarini amalga oshirish maqsadida, shuningdek, keng jamoatchilik muhokamasi natijalari hamda Xalqaro valyuta jamg'armasi, Jahon banki va xalqaro ekspertlarning tavsiyalaridan kelib chiqib Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi qaror qiladi:


1. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi “O'zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasi to'g'risida”gi PF-5468-sonli Farmoni ijro uchun rahbarlikka olinsin.


2. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur Farmoni bilan:


a) quyidagilar O'zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasining asosiy yo'nalishlari etib belgilanganligi:


iqtisodiyotga soliq yukining darajasini kamaytirish, shuningdek, soliq solishning soddalashtirilgan va umumbelgilangan tizimi bo'yicha soliqlarni to'laydigan xo'jalik yurituvchi sub’ektlar o'rtasidagi soliq yuki darajasidagi nomutanosibliklarni bartaraf etish;


soliqlarni unifikatsiya qilish orqali ularning sonini optimallashtirish, shuningdek, o'xshash soliq solish bazasiga ega bo'lgan soliqlarni birlashtirish, soliq hisobotlarini qisqartirish va soddalashtirish, operatsion xarajatlarni minimallashtirish;


makroiqtisodiy vaziyatning barqarorligini, O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va uning daromadlarini shakllantirishning mustahkamligini ta'minlash;


soliq qonunchiligini soddalashtirish, soliq munosabatlari sohasida normativ-huquqiy hujjatlardagi qarama-qarshiliklar va ziddiyatlarni bartaraf etish, insofli soliq to'lovchilarning huquklari va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirish;


soliq solish masalalarini tartibga soladigan havolaki normalar va qonun osti hujjatlarini maksimal darajada cheklagan holda, soliq qonunchiligining barqarorligini hamda O'zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi normalarining to'g'ridan-to'g'ri amal qilishini ta'minlash, shu jumladan kodeksda soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar stavkalarining miqdorlarini belgilash;


xorijiy investorlar va investitsiyalar uchun qulay rejimni saqlab qolish, ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlash va ishonchli huquqiy himoyalash;


soliq nazoratining shakl va mexanizmlarini, shu jumladan soliq solish ob’ektlari hamda soliq to'lovchilarni yanada to'liq qamrab olish va hisobini ta'minlaydigan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish hisobiga takomillashtirish, transfer narxlarni shakllantirish bilan bog'lik operatsiyalarga soliq solish tartibini joriy etish;


b) O'zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasi doirasida 2019 yil 1 yanvardan boshlab:


birinchidan, mehnatga hak to'lash fondiga soliq yuki quyidagilar orqali kamaytirilishi:


barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig'ining yagona stavkasini 12 foiz miqdorida joriy etilishi, shundan 0,1 foizini   shaxsiy jamg'arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga yo'naltirish. Bunda, ayrim toifadagi fuqarolarning eng kam oylik ish hakining 4 baravari mikdoridagi daromadlarini soliq solishdan ozod qilishning amaldagi tartibi saqlab qolinishi;


fuqarolarning mehnatga haq to'lash turidagi daromadlaridan Byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasiga ushlab qolinadigan sug'urta badallarini bekor qilinishi;


pensiya   tizimining barqarorligini ta'minlash maqsadida byudjet tashkilotlari va davlat korxonalari, ustav jamg'armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ko'proq miqdorda bo'lgan yuridik shaxslar, ustav jamg'armasi (kapitali)ning 50 foizi va undan ko'proq miqdori davlat ulushi             50 foiz va undan ko'prok bo'lgan yuridik shaxsga tegishli yuridik shaxslar hamda ularning tarkibiy tuzilmalari uchun yagona ijtimoiy to'lovni 25 foiz mikdorida belgilanishi, shuningdek, boshqa yuridik shaxslar uchun ushbu to'lov stavkasini          15 foizdan 12 foizgacha pasaytirilishi;


ikkinchidan, oborot (tushum)dan soliqlarni optimallashtirgan holda umumbelgilangan va soddalashtirilgan soliqlar to'lovchilarni soliqqa tortish, shuningdek, soliq solishning soddalashtirilgan tartibiga o'tish mezonlari quyidagilar orqali takomillashtirilishi:


davlat  maqsadli jamg'armalariga yuridik shaxslarning oboroti (tushumi)dan undiriladigan majburiy ajratmalarni bekor kilinishi;


yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig'i stavkasini 14 foizdan               12 foizgacha, tijorat banklari uchun - 22 foizdan 20 foizgacha pasaytirish, shuningdek, mobil aloqa xizmati ko'rsatayotgan yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) uchun rentabellik darajasidan kelib chiqib ular uchun qo'shimcha foyda solig'i hisoblash tartibini bekor qilgan holda 14 foizdan 20 foizgacha oshirilishi;


dividendlar va foizlar ko'rinishidagi daromadlar bo'yicha to'lov manbaidan ushlab qolinadigan foyda solig'i stavkasini 10 foizdan 5 foizgacha pasaytirilishi;


o'tgan yil yakunlari bo'yicha yillik oboroti (tushumi) 1 milliard so'mdan oshgan yoki yil davomida belgilangan chegaraviy miqdorga etgan korxonalarni umumbelgilangan soliqlarni to'lashga o'tkazilishi. Bunda, yillik oborot (tushum)ning 1 milliard so'm etib belgilangan chegaraviy miqdori 3 yilda kamida bir marta qayta ko'rib chiqilishi;


barcha tadbirkorlik sub’ektlari, shu jumladan oboroti (tushumi) 1 milliard so'mgacha bo'lgan yuridik shaxslar uchun yuridik shaxslarning mol-mulk solig'i, er solig'i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni joriy etilishi;


qo'shimcha foyda solig'ini hisoblash va to'lash tartibini, shu jumladan royalti to'lashni joriy etish orqali takomillashtirilishi;


uchinchidan, soliq solishning soddalashtirilgan tartibi bo'yicha soliq to'lovchilarga soliq siyosatini takomillashtirishning salbiy ta'sirini kamaytirish choralari quyidagilar orqali amalga oshirilishi:


yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasini, bino va inshootlardan, shu jumladan ilgari xususiylashtirilgan ob’ektlardan samarasiz foydalanayotgan yuridik shaxslar uchun oshirilgan stavkada soliq hisoblash tartibini saqlab qolgan holda, 5 foizdan 2 foizga pasaytirilishi;


yillik oboroti (tushumi) 1 milliard so'mgacha bo'lgan soliq to'lovchilar uchun oborotdan (tushumdan) soliqni 4 foiz miqdordagi bazaviy stavkadan kelib chiqib hisoblash va to'lash tartibini hamda qo'shilgan qiymat solig'ini ixtiyoriy ravishda to'lash imkoniyatini belgilanishi;


yagona er solig'i to'lovchilar uchun soliq solish tartibining saqlab qolinishi;


to'rtinchidan, qo'shilgan qiymat solig'i va aktsiz solig'ini hisoblash va to'lash tartibi quyidagilar orqali takomillashtirilishi:


qo'shilgan qiymat solig'ini to'liq hisobga olish tizimini joriy etilishi, soliq solish bazasini aniqlashtirilishi va imtiyozlar sonini kamaytirilishi, shuningdek, 2019 yil yakuni bo'yicha mazkur soliq stavkasi miqdorini pasaytirish orqali qo'shilgan qiymat solig'ining 20 foiz miqdordagi amaldagi stavkasini saqlab qolinishi;


hozirgi vaqtda sotib olinadigan asosiy vositalar, qurilishi tugallanmagan ob’ektlar va nomoddiy aktivlar narxiga kiritiladigan qo'shilgan qiymat solig'ini hisobga olish summalariga kiritish huquki berilishi;


tegishli tadbirlarni moliyalashtirish uchun mablag'larni respublika byudjetiga o'tkazgan holda, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar uchun har bir ishlab chiqariladigan mahsulot birligiga o'rnatilgan aktsiz va yig'imlarni birlashtirilishi ma'lumot uchun qabul qilinganligi;


v) O'zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish hamda samarasiz soliq va bojxona imtiyozlari va preferentsiyalarini bekor qilish bo'yicha ishchi komissiyaning yangilangan tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi;


Ishchi komissiya (B.Mavlonov)ga:


bir hafta muddatda tegishli yo'nalishlar bo'yicha ekspert guruhlari faoliyatini, shu jumladan ular ishiga soliqqa tortish sohasida amaliy tajribaga ega ekspertlar va biznes vakillarini jalb qilgan holda tashkil etish;


2018 yil 1 noyabrga qadar muddatda samarasiz soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferentsiyalarini bekor qilish, O'zbekiston Respublikasining Soliq va Bojxona kodekslariga muvofiq doimiy amal qiluvchi soliq hamda bojxona imtiyozlarini taqdim etish tartibini joriy qilish bo'yicha takliflar tayyorlanishini ta'minlash;


2018 yil 1 dekabrga qadar muddatda Xalqaro valyuta jamg'armasi, Jahon banki va boshqa tashkilotlar ekspertlarini jalb qilgan holda, O'zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasining asosiy yo'nalishlaridan kelib chiqib, uning keng jamoatchilik muhokamasini o'tkazish orqali O'zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqilishini ta'minlash;


O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga O'zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahrirdagi loyihasini tayyorlashda va O'zbekiston Respublikasi soliq tizimini isloh qilishda texnik jihatdan ko'maklashishni ta'minlash uchun Xalqaro valyuta jamg'armasi va Jahon banki bilan o'zaro hamkorlikni tashkil etish choralarini ko'rish topshirilganligi;


g)  O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda:


soliq majburiyatlarini bajaruvchi soliq to'lovchilar ma'muriy xarajatlarining keskin oshishini oldini olishga qaratilgan quyidagilarni nazarda tutuvchi kompleks tadbirlarni tasdiqlash:


davlat soliq xizmati organlari xodimlari va soliq to'lovchilarning, shu jumladan qo'shilgan qiymat solig'i va yuridik shaxslarning foyda solig'ini hisoblab chiqish va to'lash bo'yicha malakasini oshirish;


soliq hisobotini soddalashtirish va uning avtomatlashtirilgan buxgalteriya hisobini yurituvchi dasturiy mahsulotlar bilan integratsiyalashuvini ta'minlash;


soliq ma'muriyatchiligini, shu jumladan soliqlarni to'lash davriyligini tubdan takomillashtirish bo'yicha chora-tadbirlar dasturini;


pensiyalarni hisoblash uchun zarur bo'lgan hisoblangan ish haqining personallashtirilgan hisobini yuritish tartibini joriy qilish;


yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan amalga oshirishga ruxsat etilgan faoliyat turlari tanqidiy qayta ko'rib chiqilishi va qisqartirilishini ta'minlash;


ma'lumotlar bazalari soliq organlarining Yagona integratsiyalashtirilgan axborot-resurs bazasiga integrtsiya qilinadigan davlat organlari va tashkilotlarining ro'yxatini tasdiqlash;


O'zbekiston Respublikasi Hisob palatasi Davlat soliq qo'mitasi bilan birgalikda 2019 yil 1 yanvarga qadar muddatda vazirlik va idoralarning soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni hisoblash uchun foydalaniladigan ma'lumotlar bazalarining ishonchliligini o'rgansin hamda ularning ishonchliligini ta'minlash bo'yicha “Yo'l xaritasi”ni ishlab chiqish topshirilganligi;


d) O'zbekiston Respublikasi Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo'mitasi, Davlat soliq qo'mitasi, Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda ommaviy baholash o'tkazish bo'yicha ilg'or xorijiy tajribani hisobga olgan xolda, yuridik shaxslar ko'chmas mulkining bozor qiymatini aniqlash mexanizmini joriy qilish yuzasidan kompleks chora-tadbirlarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirilganligi;


e) O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligiga, Markaziy banki va Davlat statistika qo'mitasi bilan birgalikda 2018 yil             1 avgustga qadar muddatda strategik rejalashtirish va prognozlashning zamonaviy uslublaridan foydalangan holda va mazkur Farmonda soliq tizimini isloh qilish bo'yicha belgilangan chora-tadbirlarni inobatga olib, O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning 2019-2021 yillarga mo'ljallangan asosiy makroiqtisodiy ko'rsatkichlari prognozini ishlab chiqishni ta'minlash topshirilganligi;


j) O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - moliya vaziri J.A.Ko'chkorovga:


2019 yil uchun byudjetnomada ushbu Farmon bilan belgilangan norma va qoidalarni nazarda tutish;


2019 yilgi O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti loyihasini taqdim etish bilan bir vaqtda Vazirlar Mahkamasiga O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarining 2020-2021 yillarga mo'ljallangan o'rta muddatli byudjet yo'nalishlarini kiritish;


2019-2021 yillarga O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetini ishlab chiqishda xorijdan jalb qilinadigan mablag'lar hisobiga moliyalashtiriladigan sarf-xarajatlarni inobatga olmagan holda uning mutanosibligini ta'minlash topshirilganligi;


z) Davlat soliq qo'mitasiga, Davlat bojxona qo'mitasi, Moliya vazirligi rahbarlari, shuningdek, ularning o'rinbosarlari, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari byudjet tizimi byudjetlarining prognoz parametrlari bajarilishi uchun shaxsan mas’ul ekanligi belgilab qo'yilganligi;


i) Moliya-byudjet intizomini mustahkamlash va O'zbekiston Respublikasi byudjetining balanslashgan ijrosini ta'minlash uchun:


vazirliklar va idoralar, ishonchli boshqaruvchilar, shuningdek, davlatning ishonchli vakillari 2019 yildan boshlab ustav kapitalidagi davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo'lgan xo'jalik birlashmalari tomonidan dividendlar so'zsiz hisoblanishini, shuningdek, amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq davlat unitar korxonalari tomonidan ularning sof foydasidan 30 foiz miqdorida O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga ajratilishini ta'minlash;


O'zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko'maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasi 2018 yil 1 sentyabrga qadar muddatda davlat mulki bo'yicha ijara to'lovlarining minimal stavkalarini har bir hududning o'ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda qayta ko'rib chiqish;


O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarning to'liq yig'ilishini, ish bilan band fuqarolarning maksimal qonuniylashtirilishini va ish haqi fondini ko'paytirishni ta'minlash bo'yicha kat’iy choralar ko'rish;


O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo'mitasiga Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda O'zbekiston Respublikasi Hisob palatasi bilan kelishilgan holda ikki oy muddatda mahalliy davlat hokimiyati, davlat soliq xizmati, moliya va boshqa organlarning, shuningdek, ular mansabdor shaxslarining aniq bosqichma-bosqich harakatlarini va qat’iy javobgarligini nazarda tutgan holda, soliq solish bazasini kengaytirish, byudjetga qo'shimcha tushum manbalarini aniqlash, shuningdek, uning mutanosibligini hamda defitsit yuzaga kelishiga yo'l qo'ymaslikni ta'minlash bo'yicha tumanlar va shaharlar kesimida “Yo'l xaritalari”ni tasdiqlash topshirilganligi;


y) O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasiga, Davlat bojxona qo'mitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O'zbekiston Matbuot va axborot agentligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur Farmonning mazmun-mohiyatini keng tushuntirish ishlarini, shu jumladan ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog'i orqali tizimli ravishda tashkil etish topshirilganligi;


k) O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga, Hisob palatasi, Davlat soliq qo'mitasi, Davlat bojxona qo'mitasi, Moliya vazirligi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda ikki oy muddatda soliq to'lovchilarning soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni to'lashdan bo'yin tovlash holatlariga barham berishga, jismoniy va yuridik shaxslarning soliqlarni o'z vaqtida va to'liq to'lamaganligi uchun javobgarligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni kuchaytirish bo'yicha takliflar kiritish topshirilganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.


3. Qoraqalpog'iston Respublikasi Davlat soliq boshqarmasi (Qarabaev), Bojxona boshqarmasi (Fayzullaev), Moliya vazirligi (Sodiqov) rahbarlari, shuningdek, ularning o'rinbosarlari, Nukus shahri va tuman hokimlari byudjet tizimi byudjetlarining prognoz parametrlari bajarilishi uchun shaxsan mas’ul ekanligi belgilab qo'yilsin.


4. Moliya-byudjet intizomini mustahkamlash va Qoraqalpog'iston  Respublikasi byudjetining balanslashgan ijrosini ta'minlash uchun Qoraqalpog'iston Respublikasi Moliya vazirligi (Sodiqov) va Davlat soliq boshqarmasi (Qarabaev) Nukus shahri va tuman hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda mahalliy davlat hokimiyati, davlat soliq xizmati, moliya va boshqa organlarning, shuningdek, ular mansabdor shaxslarining aniq bosqichma-bosqich harakatlarini va qat’iy javobgarligini nazarda tutgan holda, soliq solish bazasini kengaytirish, byudjetga ko'shimcha tushum manbalarini aniqlash, shuningdek, uning mutanosibligini hamda defitsit yuzaga kelishiga yo'l qo'ymaslikni ta'minlash bo'yicha tumanlar va shaharlar kesimida “Yo'l xaritalari”ni tasdiqlasin.


5. Qoraqalpog'iston Respublikasi Davlat soliq boshqarmasi (Qarabaev), Bojxona boshqarmasi (Fayzullaev), Moliya vazirligi (Sodiqov), Iqtisodiyot vazirligi (Qaypbergenov), Adliya vazirligi (Sadikov), Nukus shahri va tuman hokimliklari Qoraqalpog'iston teleradiokompaniyasi (Nagmetov), Matbuot va axborot agentligi (Bekmuratov), boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur Farmonning mazmun-mohiyatini keng tushuntirish ishlarini, shu jumladan ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog'i orqali tizimli ravishda tashkil etsin.


6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Kengashi Raisining birinchi o'rinbosari A.Tajetdinov, Qoraqalpog'iston Respublikasi Moliya vaziri M.Sodiqov va Qoraqalpog'iston Respublikasi Davlat soliq boshqarmasi boshlig'i v.v.b. B.Qarabaevlar zimmasiga yuklansin.


          


 


Qoraqalpog'iston Respublikasi


Vazirlar Kengashining Raisi


 


                   Q.Sariev