22.12.2024, Yakshanba

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyundagi “O'zbekiston davlat filarmoniyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-3813-sonli qarori haqida

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyundagi “O'zbekiston davlat filarmoniyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-3813-sonli qarori haqida

Xalqimizning ma'naviy saviyasini oshirish, o'sib kelayotgan avlodni musiqa-estetik jihatdan tarbiyalash tizimini takomillashtirish hamda milliy, mumtoz va zamonaviy san’atni targ'ib qilish hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyundagi PQ-3813-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida:
1. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyundagi “O'zbekiston davlat filarmoniyasi faoliyatini tashkil etish 
chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-3813-sonli qarori ijro uchun rahbarlikka olinsin.
2. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarori bilan:
a) O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining:
O'zbekiston badiiy jamoalari ijodiy birlashmasi, O'zbekiston milliy simfonik, kamerli va xalq cholg'u asboblari orkestrlari jamoalari birlashmasi hamda "Turkiston" san’at saroyi negizida davlat muassasasi shaklida O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi xuzuridagi O'zbekiston davlat filarmoniyasini (keyingi o'rinlarda Davlat filarmoniyasi deb yuritiladi);
akademik va xalq badiiy jamoalari direktsiyalari, birlashmalari negizida Davlat filarmoniyasining Qoraqalpog'iston Respublikasidagi hamda viloyatlardagi hududiy bo'linmalarini tashkil etish to'g'risidagi takliflari ma'qullanganligi:
b) Davlat filarmoniyasi O'zbekiston badiiy jamoalari ijodiy birlashmasi, O'zbekiston milliy simfonik, kamerli va xalq cholg'u asboblari orkestrlari jamoalari birlashmasi hamda "Turkiston" san’at saroyining barcha huquq, majburiyat va shartnomalari bo'yicha huquqiy vorisi hisoblanishi;
Davlat filarmoniyasining Qoraqalpog'iston Respublikasidagi hamda viloyatlardagi hududiy bo'linmalari tegishli akademik va xalq badiiy jamoalari direktsiyalari, birlashmalarining huquqiy vorisi hisoblanishi belgilab qo'yilganligi;
v) Quyidagilar Davlat filarmoniyasining asosiy vazifalari etib belgilanganligi:
milliy, mumtoz va zamonaviy musiqa hamda raqs san’atini ilg'or yutuqlar asosida rivojlantirish;
aholining musiqa va raqs san’atiga bo'lgan ma'naviy ehtiyojini lektoriy, kontsert ishlari hamda musiqiy-ma'rifiy ishlar orqali shakllantirish va qondirish;
musiqa va raqs san’ati sohasidagi ijodkorlarning samarali ish yuritishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
musiqa va raqs san’atidagi yutuqlarni O'zbekistonda va xorijda targ'ib qilish;
Davlat filarmoniyasi repertuarini milliy va xorijiy mumtozning eng sara namunalari bilan to'ldirish;
musiqiy-ma'rifiy ishlar orqali barkamol shaxsni shakllantirish, aholini estetik va ahloqiy tarbiyalash, iste’dodli yoshlarni 
qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirish;
barcha turdagi va janrdagi musiqa hamda raqs san’atini faol targ'ib qilish, ularni radio va televidenie, boshqa ommaviy axborot vositalari orqali, shu jumladan Internet tarmog'ida ommalashtirish;
aholini madaniy hayotga jalb etish maqsadida ularning barcha qatlamlari uchun kontsert tadbirlariga borish imkoniyatlarini ta'minlash;
musiqa va raqs jamoalari hamda ijrochilarining badiiy darajasi va kasb mahoratini takomillashtirish.
g) O'zbekiston davlat filarmoniyasining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
O'zbekiston davlat filarmoniyasi Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'linmasining tuzilmasi hamda O'zbekiston davlat filarmoniyasi viloyatlar bo'linmalarining namunaviy tuzilmasi 2-ilovalarga muvofiq;
O'zbekiston davlat filarmoniyasiga operativ boshqarish uchun beriladigan bino va inshootlar ro'yxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi;
O'zbekiston Respublikasi madaniyat vaziriga, zarur hollarda, Davlat filarmoniyasining tuzilmasiga, shuningdek, Davlat filarmoniyasi Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'linmasi va viloyatlar bo'linmalarining tegishincha tuzilmasi hamda namunaviy tuzilmalariga xodimlarning tasdiqlangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq to'lash fondi doirasida o'zgartirishlar kiritish huquqi berilganligi;

d) O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda O'zbekiston davlat filarmoniyasining, jumladan, moddiy-texnika bazasini mustahkamlashni nazarda tutgan holda, uning faoliyatini rivojlantirish bo'yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash topshirilganligi;
e) Quyidagilar Davlat filarmoniyasi va uning hududiy bo'linmalari faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilanganligi:
O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag'lari;
kontsert-tomosha faoliyatidan tushumlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari hamda donor tashkilotlar grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;
O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag'lari Davlat filarmoniyasi va uning hududiy bo'linmalarini saqlash, jumladan, 
moddiy-texnika ta'minot uchun ularning o'z daromadlari bilan qoplanmagan harajatlarini qoplash maqsadida ajratilishi belgilanganligi;
j) Davlat filarmoniyasi va uning hududiy bo'linmalari artistlari hamda badiiy xodimlariga O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 
1995 yil 20 oktyabrdagi "O'zbekistonda teatr va musiqa san’atini yanada rivojlantirishni qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi PF-1280-son Farmonining amal qilishi, artistlar hamda badiiy xodimlarning avvalgi ish joylarida uzoq muddat xizmat qilgani saqlab qolingan holda, tatbiq etilishi;
z) Davlat filarmoniyasi va uning hududiy bo'linmalari, qonun hujjatlari talablariga rioya qilgan holda, kontsert-tomosha faoliyatini tegishli litsenziyani olmasdan, shuningdek, O'zbekiston Respublikasida kontsert-tomosha tadbirlarini bir martalik ruxsatnoma olmasdan amalga oshirish huquqiga ega ekanligi belgilanganligi;
i) O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga Davlat filarmoniyasiga samarali kontsert-tomosha tadbirlari o'tkazilishini ta'minlash uchun ikkita engil avtomobil, ikkita katta sig'imdagi avtobus va bitta yuk avtomobili harid qilish uchun mablag'lar ajratish topshirilganligi;
k) Davlat filarmoniyasi Toshkent shahri, Navoiy ko'chasi, 
2-uy manzilida joylashtirilishi;
l) O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 fevraldagi "O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini tashkil etish to'g'risida"gi PK-2778-son qaroriga 4-ilovaga muvofiq o'zgartishlar kiritilganligi;
m) O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga:

bir oy muddatda Davlat filarmoniyasi ustavini tasdiqlash hamda uning belgilangan tartibda davlat ro'yxatidan o'tkazilishini ta'minlash;
O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Davlat filarmoniyasi hamda uning hududiy bo'linmalari namunaviy shtatlarini tasdiqlash;
manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o'zgartish va qo'shimchalar to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish topshirilganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.
3. Qoraqalpog'iston Respublikasi Madaniyat vazirligi:
O'zbekiston davlat filarmoniyasining Qoraqalpog'iston Respublikasidagi bo'linmasini tashkil qilish bo'yicha hujjatlashtirish ishlarini belgilangan tartibda amalga oshirsin;
bir oy muddatda O'zbekiston davlat filarmoniyasi Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'limining ustavini tasdiqlash hamda uning davlat ro'yxatidan o'tkazilishi bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga taqdim etsin;
manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o'zgartirish va qo'shimchalar to'g'risida Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga takliflar kiritsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosari M.A.Jumanov va Madaniyat vaziri P.Aytmuratov zimmasiga yuklansin. 

Qoraqalpog'iston Respublikasi 
Vazirlar Kengashining Raisi Q.Sariev