22.12.2024, Yakshanba

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 iyundagi “Dori vositalarini davlat ro'yxatidan o'tkazish samaradorligini oshirish va aholini ular bilan ta'minlashni yaxshilash chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-5460-sonli Farmoni haqida

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 iyundagi “Dori vositalarini davlat ro'yxatidan o'tkazish samaradorligini oshirish va aholini ular bilan ta'minlashni yaxshilash chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-5460-sonli Farmoni haqida

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 iyundagi “Dori vositalarini davlat ro'yxatidan o'tkazish samaradorligini oshirish va aholini ular bilan ta'minlashni yaxshilash chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-5460-sonli Farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida Vazirlar Kengashi qaror qiladi:
1. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 iyundagi “Dori vositalarini davlat ro'yxatidan o'tkazish samaradorligini oshirish va aholini ular bilan ta'minlashni yaxshilash chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-5460-sonli Farmoni ijro uchun rahbarlikka olinsin.
2. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur Farmoni bilan:
a) Farmatsevtika tarmog'ini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, sifatli dori vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va O'zbekiston farmatsevtika bozorining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida:
 O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi va O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining:
ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini qat’iy narxlarda sotish to'g'risidagi talabni bekor qilish;
davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun yuqori tartibga soluvchi talablar qo'yilgan mamlakatlarda amalga oshirilgan, dori vositalarini, jumladan, dori moddalari (substantsiyalar) va dori preparatlari (keyingi o'rinlarda dori vositalari deb ataladi)ni davlat ro'yxatidan o'tkazish natijalarini tan olish tartibini 2018 yil 1 avgustdan joriy etish to'g'risidagi takliflari ma'qullanganligi;
b) ijtimoiy dorixonalar tomonidan ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini sotish ularning sotib olish qiymati yoki ulgurji narxiga 10 foiz cheklangan savdo ustamasi qo'llanilgan holda amalga oshirilishi;
 yuqori tartibga soluvchi talablar qo'yilgan mamlakatlarda ro'yxatdan o'tkazilgan dori vositalarini ro'yxatdan o'tkazish natijalarini tan olish:
xavfsizligi, sifati va samaradorligi bo'yicha shubha uyg'otmaydigan dori vositalarini davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun mas’ul bo'lgan xorijiy davlatlarning vakolatli organlari va xalqaro tashkilotlarni tabaqalashtirish asosida;
davlat ro'yxatidan o'tkazish natijalari O'zbekiston Respublikasida tan olinadigan dori vositalarini yuqori tartibga soluvchi talablar qo'yilgan mamlakatlarning tibbiyot amaliyotida qo'llashga ruxsat etilgan taqdirda amalga oshiriladiganligi;
Mazkur Farmonning 1-bandi uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan tartib qo'llaniladigan dori vositalari ushbu vositalarning xavfsizligi, sifati va samaradorligini aniqlash maqsadida O'zbekiston Respublikasi hududida davlat ro'yxatidan o'tkazilishida ekspertiza qilinmasligi belgilab qo'yilganligi;
v) O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 noyabrdagi “Farmatsevtika tarmog'ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF–5229-son Farmonining 11-bandi o'z kuchini yo'qotgan deb hisoblanganligi;
g) O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligiga:
ilg'or xalqaro amaliyotni o'rganish asosida bir oy muddatda asosiy kasalliklarning diagnostika va davolash standartlari, klinik protokollari qayta ko'rib chiqilishini hamda har chorakda Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ro'yxati qayta ko'rib chiqilishini ta'minlash;
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda 2018 yil 20 iyulga qadar muddatda tanqidiy o'rganish o'tkazib:
yuqori tartibga soluvchi talablar qo'yilgan mamlakatlarda amalga oshirilgan, dori vositalarini davlat ro'yxatidan o'tkazish natijalarini tan olish tartibini belgilash;
dori vositalarining bojxona rasmiylashtiruviga, davlat ro'yxatidan o'tkazilishi va realizatsiya qilinishiga talablarni takomillashtirish, shuningdek, farmatsevtika faoliyatini tartibga soluvchi boshqa masalalar bo'yicha takliflar kiritish topshirilganligi;
Bosh prokuratura va O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda 2018 yil 1 dekabrga qadar muddatda mamlakatda ro'yxatdan o'tkazilgan dori vositalarini yuqori tartibga soluvchi talablar qo'yilgan mamlakatlarda qo'llashga taqiq mavjudligi nuqtai nazaridan inventarizatsiya qilish, bunday taqiqlarni joriy etishning sabab va shart-sharoitlarini o'rganish hamda O'zbekiston Respublikasi hududida ular kelgusida qo'llanilishining maqsadga muvofiqligi to'g'risida takliflar kiritish topshirilganligi;
d) O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga 2018 yil 20 iyulga qadar muddatda:
dori vositalarini davlat ro'yxatidan o'tkazish natijalari O'zbekiston Respublikasida tan olinadigan mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar ro'yxatini tasdiqlash uchun;
qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o'zgartish va qo'shimchalar to'g'risidagi takliflarni kiritish topshirilganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.
3. Qoraqalpog'iston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligiga:
ilg'or xalqaro amaliyotni o'rganish asosida bir oy muddatda asosiy kasalliklarning diagnostika va davolash standartlari, klinik protokollari hamda har chorakda Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ro'yxati qayta ko'rib chiqilishini ta'minlash;
davlat ro'yxatidan o'tkazilishi va realizatsiya qilinishiga talablarni takomillashtirish, shuningdek, farmatsevtika faoliyatini tartibga soluvchi boshqa masalalar bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligiga takliflar kiritsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosari M.Jumanov va Sog'liqni saqlash vaziri D.Xodjiev zimmalariga yuklansin.


Qoraqalpog'iston Respublikasi 
Vazirlar Kengashining Raisi Q.Sariev