O'zbekiston Respublikasiga xorijiy fuqarolarning kirishi tartibini optimallashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining
q a r o r i
2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq hozirgi vaqtda respublikaga xorijiy fuqarolarning kirishi uchun ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish tartibini optimallashtirishga, milliy iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biriga kirish turizmini transformatsiya qilish, madaniy-tarixiy merosni, tabiiy boyliklar va an’analarni, shuningdek, respublikaning turizm imkoniyatlari va salohiyatini keng targ'ib qilishga yo'naltirilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xorijiy fuqarolarning respublikaga kirishi tartibini yanada takomillashtirish elektron kirish vizasini rasmiylashtirish va berish bo'yicha interaktiv xizmatlarni, shuningdek, bir qator xorijiy mamlakatlar fuqarolari uchun O'zbekiston Respublikasiga vizasiz qisqa muddatli kirish va 16 yoshga to'lmagan xorijiy fuqarolarning O'zbekiston Respublikasiga vizasiz kirish tartibini joriy qilish yo'li bilan xorijiy fuqarolarning kirish vizasini olish jarayonlarini soddalashtirish zaruratini taqozo etadi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 fevraldagi “O'zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo'yicha qo'shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to'g'risida”gi PF-5326-son Farmonining 3-bandi talablari amalga oshirilishini ta'minlash maqsadida:
1. Ma'lumot uchun qabul qilinsinki, 2018 yil 15 iyuldan boshlab:
xorijiy fuqarolarning kirish vizasini rasmiylashtirish uchun O'zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari, konsullik idoralariga majburiy murojaat etishlarini bekor qilish;
xorijiy fuqaroning kirish vizasini olish uchun murojaatini ko'rib chiqish muddatlarini qisqartirish;
respublikaga kirish uchun ruxsat beruvchi hujjatni rasmiylashtirishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish;
elektron kirish vizalarining yagona ma'lumotlar bazasini shakllantirish orqali elektron kirish vizasini rasmiylashtirishning markazlashtirilgan tizimini yaratishni nazarda tutuvchi elektron kirish vizalarini rasmiylashtirish va berish tizimi (keyingi o'rinlarda «E-VISA.UZ» tizimi deb ataladi) joriy etiladi.
2. O'zbekiston Respublikasining elektron vizasi to'g'risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo'shinlarining asoslangan hisob-kitoblari bo'yicha «E-VISA.UZ» tizimi joriy qilinishini amalga oshirish uchun O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan zarur mablag'lar ajratilishi ta'minlansin.
4. Belgilansinki, «E-VISA.UZ» tizimi qatnashchilarining idoraviy tizimlarini keyinchalik texnik qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag'lari hisobiga amalga oshiriladi.
5. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va O'zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda O'zbekiston Respublikasiga kirish uchun xorijiy fuqarolarga elektron vizani rasmiylashtirish va berish tizimini yanada joriy qilish, elektron vizani hamda bir qator xorijiy mamlakatlar fuqarolari uchun O'zbekiston Respublikasiga qisqa muddatli vizasiz kirish va 16 yoshga to'lmagan xorijiy fuqarolarning O'zbekiston Respublikasiga vizasiz kirishini rasmiylashtirish jarayonida foydalaniladigan idoraviy tizimlarni modernizatsiya qilish bo'yicha Tashkiliy-texnik chora-tadbirlar kompleksini (“Yo'l xaritasi”) O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda tasdiqlashga kiritsin.
6. Xorijiy fuqarolarning O'zbekiston Respublikasiga kirishi uchun elektron viza rasmiylashtirilganligi va berilganligi uchun konsullik yig'imi miqdori 20 AQSh dollari etib belgilansin, tushgan mablag'lar keyinchalik O'zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari, konsullik idoralarini moliyalashtirishga yo'naltirish uchun O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining valyuta hisobraqamiga o'tkazilsin.
7. O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi, Moliya vazirligining berilgan elektron kirish vizalarini identifikatsiya qilish maqsadida dasturiy ta'minotni modernizatsiya qilish bo'yicha ishlarni moliyalashtirish uchun O'zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo'shinlariga beg'araz moliyaviy yordam sifatida O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizm sohasini qo'llab-quvvatlash jamg'armasidan 300 million so'mni ajratish to'g'risidagi taklifi ma'qullansin.
8. «E-VISA.UZ» tizimini yanada joriy qilish doirasida olib kiriladigan, O'zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan uskunalar, dasturiy ta'minot, ehtiyot qismlar va materiallar belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro'yxatlar bo'yicha bojxona to'lovlaridan 2021 yil 1 yanvargacha (bojxona yig'imlaridan tashqari) ozod qilinsin.
9. 2018 yil 15 iyuldan boshlab:
O'zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo'shinlari bo'linmalariga passajirlar to'g'risida oldindan o'z vaqtida ma'lumot beradigan tashuvchining uchinchi mamlakatga aviabileti mavjud bo'lgan, 2-ilovaga muvofiq davlatlarning O'zbekiston Respublikasidan tranzit orqali o'tadigan fuqarolari uchun – 5 sutkadan ortiq bo'lmagan muddatda mamlakatning xalqaro aeroportlari o'tkazish punktlari orqali vizasiz kirish, vaqtincha bo'lish va O'zbekiston Respublikasidan chiqib ketish;
xorijiy pasport yoki biometrik harakatlanish (o'tish) hujjati bilan qonuniy vakili kuzatuvida bo'lgan, 16 yoshga to'lmagan xorijiy fuqarolar uchun – kuzatuvchi shaxsning pasportidagi kirish vizasi muddati amal qilishi davrida, biroq O'zbekiston Respublikasiga kirgan kundan boshlab 90 kundan ortiq bo'lmagan davrda, o'tkazish punktlari orqali vizasiz kirish, vaqtincha bo'lish va O'zbekiston Respublikasidan chiqib ketish tartibi belgilansin.
Shu bilan birga, xorijiy fuqarolar O'zbekiston Respublikasi hududida bo'lgan vaqtlarida 16 yoshga to'lganlarida chiqish vizasi ichki ishlar organlari migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo'linmalari tomonidan belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.
10. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining birinchi o'rinbosari M.I.Ataev, O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari A.A.Abduxakimov va O'zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi o'rinbosari A.A.Usmanov:
O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi va Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi bilan hamkorlikda 2018 yil 1 oktyabrgacha bo'lgan muddatda O'zbekiston Respublikasiga tashrif buyuradigan xorijiy fuqarolarning turli toifalariga qo'shimcha viza rejimlarini joriy qilish bo'yicha taklif kiritsin («Silk road» – Ipak yo'li mamlakatlari bo'ylab sayohat qilayotgan turistlar uchun boshqa mamlakatlar viza belgilarini tan olish imkoniyati bilan, «Vatandosh» – kelib chiqishi O'zbekiston Respublikasidan bo'lganlar va ularning oila a'zolariga – besh yillik viza, «Golden visa» – yirik xorijiy investorlar uchun – o'n yillik viza);
O'zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo'shinlari bilan hamkorlikda yo'lovchilar to'g'risida oldindan ma'lumot olish tizimini ishga tushirgach O'zbekiston Respublikasidan tranzit orqali o'tadigan, vaqtincha bo'ladigan va O'zbekiston Respublikasidan chiqib ketadigan xorijiy fuqarolar uchun erdagi o'tkazish punktlari orqali vizasiz kirish tartibini joriy qilishni ta'minlasin;
O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi bilan hamkorlikda O'zbekiston Respublikasidan tranzit orqali o'tadigan, vaqtincha bo'ladigan va O'zbekiston Respublikasidan chiqib ketadigan xorijiy fuqarolar uchun vizasiz kirish tartibini joriy qilish natijasiga ko'ra 2019 yil 1 martgacha bo'lgan muddatda fuqarolari O'zbekiston Respublikasidan tranzit orqali o'tadigan, vaqtincha bo'ladigan va O'zbekiston Respublikasidan chiqib ketadigan mamlakatlar ro'yxatini kengaytirish bo'yicha taklif kiritsin.
11. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 6 fevraldagi “Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-3509-son qarorining 2-bandi o'z kuchini yo'qotgan deb hisoblansin.
12. O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O'zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalari mazkur qaror qoidalarining keng yoritilishini ta'minlasin.
13. O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O'zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari orqali 2018 yil 15 iyuldan boshlab O'zbekiston Respublikasi hududiga xorijiy fuqarolarning kirishi uchun elektron vizalarni rasmiylashtirish va berish tartibi, bir qator xorijiy mamlakatlar fuqarolariga O'zbekiston Respublikasiga qisqa muddatli vizasiz kirish hamda 16 yoshga to'lmagan xorijiy fuqarolarning O'zbekiston Respublikasiga vizasiz kirishi joriy qilinganligi to'g'risida keng xabardor bo'lishini ta'minlasin.
14. O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Ichki ishlar vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o'zgartirish va qo'shimchalar to'g'risidagi takliflarni ikki oy muddatda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Maxmudov va O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari A.A.Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
O'zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYОEV
Toshkent shahri,
2018 yil 4 iyul