Ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo`yicha kotibiyatining funktsional vazifalari to`g`risida
NIZOM
1-bob. Umumiy
qoidalar
1. Ushbu Nizom
Vazirlar Kengashining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo`yicha
kotibiyatining (keyingi o`rinlarda kotibiyat deb ataladi) funktsional
vazifalarini belgilaydi.
2. Kotibiyat
Vazirlar Kengashining funktsional tarkibiy bo`linmasi hisoblanadi.
3. Kotibiyat o`z
faoliyatini O`zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog`iston Respublikasi
Konstitutsiyalari va qonunlariga, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
palatalarining qarorlariga, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari,
qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va
farmoyishlariga, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesining qarorlari
va boshqa hujjatlariga, Vazirlar Kengashining qarorlari va farmoyishlariga,
shuningdek, mazkur Nizomga amal qiladi.
4. Kotibiyat o`z
faoliyatini Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar
siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha
o`rinbosari rahbarligida amalga oshiradi.
5. Kotibiyat
o`ziga yuklangan vazifalar va funktsiyalarni bajarishda Qoraqalpog`iston
Respublikasi Vazirlar Kengashining boshqa tarkibiy bo`linmalari, davlat va
xo`jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa
organlar va tashkilotlar bilan o`zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
2-bob.
Kotibiyatning vazifalari va funktsiyalari
6. Quyidagilar
kotibiyatning asosiy vazifalari hisoblanadi:
o`ziga yuklangan
vazifalar va funktsiyalarni bajarish bo`yicha Vazirlar Kengashi Raisining
yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha
o`rinbosari ishlarini tashkil qilish;
Vazirlar
Kengashiga kiritilgan takliflarning hamda kotibiyat faoliyati sohasiga kiruvchi
masalalar bo`yicha Vazirlar Kengashi Raisining hujjatlari loyihalari ko`rib
chiqilishini ta`minlash, ularni ekspert jihatdan ishlab chiqilishini, qabul
qilingan hujjatlarning bajarilishini nazorat qilish;
Vazirlar Kengashi
Raisi va Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish
va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari tomonidan o`tkaziladigan
majlislar, shu jumladan har haftalik apparat yig`ilishlari va turli
komissiyalar majlislari materiallari tayyorlanishini va ularda qabul qilingan
qarorlar rasmiylashtirilishini ta`minlash;
sohasida:
aholiga ijtimoiy
xizmat ko`rsatish darajasi va sifatini oshirish, hayot va mehnat faoliyati,
malakali tibbiy yordam olish, madaniy meroslardan bahramand bo`lish, jismoniy
tarbiya va sport bilan shug`ullanish, dam olishni tashkil etish uchun qulay
tashkiliy-huquqiy va ijtimoiy shart-sharoitlarni yaratish hamda sifat jihatdan
yangi darajaga ko`tarish bo`yicha tizimli ishlarni amalga oshirish;
aholining ijtimoiy
ehtiyoj va talablarini o`rganish asosida hududlarda ijtimoiy rivojlantirish
dasturlarini ishlab chiqish va ijrosini monitoring qilish;
sog`liqni saqlash
tizimini isloh qilish, aholiga yuqori malakali tibbiy yordamni ko`rsatish,
sog`liqni saqlash muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni
zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash va kadrlar salohiyatini
oshirish borasida tizimli ishlarni amalga oshirish;
qishloq vrachlik
punktlari va oilaviy poliklinikalarning ish samaradorligini oshirish, har bir
inson va butun oila darajasida eng ko`p uchraydigan kasalliklar profilaktikasi
va davolash jarayonini tashkil etish, oilalarni patronaj tizimi bilan to`liq
qamrab olish, aholining tibbiy madaniyatini oshirish, sog`lom turmush tarzini,
shu jumladan sog`lom ovqatlanishni targ`ib qilish chora-tadbirlarini amalga
oshirish;
aholining
reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalar, bolalar va o`smirlar
sog`lig`ini muhofaza qilish, tug`ma va irsiy kasalliklarning oldini olish,
rivojlanish nuqsoni bo`lgan bolalarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish
sifatini oshirish, ularning jamiyat hayotida to`laqonli qatnashishlari uchun
zarur shart-sharoitlar yaratish;
aholiga tashhis
qo`yishning zamonaviy usullarini joriy etish va yuqori malakali
ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko`lamini yanada kengaytirish. Jahon standartlari
darajasidagi eng samarali, murakkab va yuqori texnologiyali usullarga bo`lgan
aholi ehtiyojini qondirishga yo`naltirilgan tadbirlar ijrosini ta`minlash;
aholini dori
vositalari bilan ta`minlashni yanada yaxshilash, mahalliy ishlab chiqaruvchilar
tomonidan ishlab chiqarilgan sifatli dori vositalar
va tibbiy buyumlar bilan ta`minot darajasini oshirish, mahalliy farmatsevtika
sanoatiga investitsiyalar kiritish uchun chet el etakchi kompaniyalari va
investorlarini jalb qilish bo`yicha tadbirlarni amalga oshirish;
sport sohasida
olib borilayotgan ishlar ko`lamini yanada kengaytirish, sportning ommaviyligini
oshirish, qizlar o`rtasida sportni rivojlantirish, barcha hududlar, ayniqsa eng
chekka qishloqlarda xalqaro talablarga javob beradigan moddiy-texnik bazaga ega
zamonaviy sport inshootlarini barpo etish;
aholining turmush
madaniyatini, hayot sifatini oshirishga qaratilgan ta`lim, dam olish va hordiq
chiqarish, bandlik, maishiy xizmatlar ko`rsatish, madaniyat, san`at va sport
sohalari muassasalaridan foydalanish ko`lamini kengaytirishga qaratilgan
kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.
mahalla fuqarolar
yig`inlari, xotin-qizlar, nuroniylar, yoshlar tashkilotlari, fuqarolik
jamiyatlari institutlari, ommaviy axborot vositalarining tinch osoyishta
hayotimizni asrash va mustahkamlashga qaratilgan vazifalar ijrosini
muvofiqlashtirish.
7. Kotibiyat
o`ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funktsiyalarni amalga
oshiradi:
sohaga oid
topshiriqlari bilan Kotibiyatga yuklangan vazifalarni bajarish yuzasidan aniq
chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
sohaga oid
topshiriqlari bo`yicha tegishli tahliliy, ma`lumotnoma, statistik materiallar
va takliflarni umumlashtiradi va tayyorlaydi;
O`zbekiston
Respublikasi Prezidenti Devoniga, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
palatalariga, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Qoraqalpog`iston
Respublikasi Jo`qorg`i Kengesiga kiritiladigan, shuningdek, Vazirlar Kengashi
Raisi tomonidan qabul qilinadigan tegishli normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar
loyihalarini tayyorlaydi;
sohaga oid
qarorlari va farmoyishlari bajarilishi yuzasidan tizimli nazoratni tashkil
etadi, ularning bajarilishini ta`minlash bo`yicha tegishli tashkiliy
chora-tadbirlarni va nazorat rejalarini ishlab chiqadi;
muammoli masalalarni
hal etish hamda Qoraqalpog`iston Respublikasi, shuningdek, kotibiyatga tegishli
sohalarni rivojlantirishning istiqbolli vazifalarini amalga oshirish yuzasidan
takliflar va aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqadi hamda Vazirlar Kengashi
Raisiga va bevosita Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy
rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosariga taqdim etadi;
davlat dasturlari
amalga oshirilishida topshiriqlarning bajarilishi bo`yicha tegishli tizimlangan
ma`lumotlar bazasini shakllantiradi va yuritadi;
Vazirlar Kengashi
Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar
bo`yicha o`rinbosari ishtirokida o`tkaziladigan yig`ilishlar o`tkazilishini
ta`minlaydi va mas`ullarni jalb etgan holda ishlarni muvofiqlashtiradi;
Vazirlar Kengashi
Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar
bo`yicha o`rinbosari ish rejasini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
jismoniy va
yuridik shaxslarning murojaatlarini “Jismoniy va yuridik shaxslarning
murojaatlari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog`iston
Respublikasi Qonunlariga muvofiq ko`rib chiqadi;
davlat sirlari
bo`lgan ma`lumotlar yoki qonun bilan muhofaza qilinadigan boshqa axborotlarning
himoya qilinishini ta`minlaydi;
Vazirlar
Kengashining faoliyati to`g`risida jamoatchilikni belgilangan tartibda xabardor
qilishni tashkil etadi;
kotibiyatda ijro
intizomini mustahkamlash chora-tadbirlarini amalga oshiradi.
Kotibiyat qonun
hujjatlariga muvofiq boshqa funktsiyalarni ham bajaradi.
3-bob.
Kotibiyatning huquqlari va javobgarligi
8. Kotibiyat
o`ziga yuklangan vazifalar va funktsiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga
ega:
Vazirlar
Kengashida ko`rib chiqiladigan masalalarni tahlil qilish va ishlab chiqish
uchun kotibiyatga qonun hujjatlarida belgilangan zarur bo`lgan materiallar va
ma`lumotlarni davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining hududiy
bo`linmalaridan, tumanlar va shahar hokimliklaridan, boshqa tashkilotlardan,
Vazirlar Kengashining tegishli tarkibiy bo`linmalaridan belgilangan tartibda
so`rab olish;
zarurat bo`lganda,
kotibiyatda ko`rib chiqiladigan masalalarni ishlab chiqish, axborot va tahliliy
materiallarni, shuningdek, Vazirlar Kengashi Raisining hujjatlari loyihalarini
tayyorlash uchun davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining hududiy
bo`linmalari, tumanlar va shahar hokimliklari rahbarlari va xodimlarini,
Vazirlar Kengashining tegishli majmualari, boshqarma va guruhlari xodimlarini
taklif etish, jalb etish va ushbu maqsadlar uchun vaqtinchalik ekspert
guruhlari tashkil etish;
davlat va xo`jalik
boshqaruvi organlarining hududiy bo`linmalari, tumanlar va shahar hokimliklari,
boshqa tashkilotlar, Vazirlar Kengashining tegishli tarkibiy bo`linmalariga
tezkorlik bilan hal etishni talab qiladigan hamda kotibiyatga yuklangan
vazifalar va funktsiyalarni bajarish bilan bog`liq bo`lgan masalalar bo`yicha
belgilangan tartibda topshiriqlar berish;
davlat va xo`jalik
boshqaruvi organlarining hududiy bo`linmalari, tumanlar va shahar hokimliklari,
boshqa tashkilotlarda, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi va
Vazirlar Kengashi tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy va boshqa
hujjatlarning bajarilishi yuzasidan ishlarni belgilangan tartibda o`rganish.
9. Kotibiyatning
javobgarligi:
o`ziga yuklangan
vazifalar hamda funktsiyalarning sifatli va o`z vaqtida bajarilishi;
sohaga oid
hujjatlar va topshiriqlarga muvofiq kotibiyatga tegishli takliflar va hujjatlar
loyihalari har tomonlama va o`z vaqtida tayyorlanishiga;
davlat organlari
va boshqa tashkilotlar tomonidan Vazirlar Kengashiga, ya`ni kotibiyatga
yuklatilgan vazifalar yuzasidan kiritiladigan takliflar va hujjatlar sifatli va
o`z vaqtida ishlab chiqilishining tashkil etilishi, ularning iqtisodiy,
moliyaviy va huquqiy ekspertizadan o`tkazilishi, shuningdek, asoslangan
xulosalar tayyorlanishiga;
O`zbekiston
Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti
Devoni, Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi va
Vazirlar Kengashiga ko`rib chiqish uchun kiritiladigan hujjatlar va takliflar
loyihalarini ishlab chiqish va ekspertizadan o`tkazish sifati, shuningdek,
kiritilgan loyihalar va qabul qilingan qarorlar amalga oshirilishining
ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlariga;
O`zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash
to`g`risida”gi 1999 yil 12 yanvardagi 12-sonli qaroriga muvofiq ijro intizomi
ta`minlanishiga;
sohaga oid
topshiriqlarning va kotibiyatga bevosita tegishli davlat organlari va boshqa
tashkilotlar tomonidan bajarilishi holatining o`z vaqtida o`rganilishiga
uchun javob beradi.
4-bob.
Kotibiyatning tuzilmasi
10. Kotibiyatining
tuzilmasiga kotibiyat boshlig`i, bosh mutaxassis kiradi.
11. Kotibiyatning
tuzilmasi Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi tomonidan tasdiqlanadi.
12. Kotibiyatning
faoliyati mazkur Nizomga muvofiq tashkil etiladi.
13. Kotibiyat o`z
faoliyatida Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy
rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosariga bo`ysunadi.
14. Kotibiyat
boshlig`i Vazirlar Kengashi Raisining qarori bilan lavozimga tayinlanadi va
lavozimdan ozod etiladi.
15. Kotibiyat
mutaxassisi Vazirlar Kengashi Raisining qarori bilan lavozimga tayinlanadi va
lavozimdan ozod etiladi.
16. Kotibiyat
nizomi Vazirlar Kengashi Raisining qarori bilan tasdiqlanadi.
17. Kotibiyat bosh
mutaxassisining funktsional vazifalari Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari
– yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar
kompleksi rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
5-bob. Kotibiyat
faoliyatini tashkil etish
18. Kotibiyat
ishlari O`zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog`iston Respublikasi
Konstitutsiyalari va boshqa qonunlariga, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
palatalarining qarorlariga, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari
va topshiriqlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari va
topshiriqlariga, O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning o`rinbosarlari
topshiriqlariga, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi va Vazirlar
Kengashining qarorlari va topshiriqlariga muvofiq, shuningdek, Vazirlar
Kengashining ish rejalari asosida tashkil etiladi.
19. Kotibiyat o`z
faoliyatini yarim yillik va yillik ish rejalari asosida olib boradi.
20. Kotibiyatda
har haftada yig`ilishlar o`tkazilib, berilgan topshiriqlar, rejalarning
bajarilishi nazorat etilib, yangi haftaga mo`ljallangan ishlar va topshiriqlar
belgilab olinadi.
21. Kotibiyatda
ish yuritilishi, hujjatlarning o`tishi kotibiyat mutaxassislari tomonidan olib
boriladi hamda shu haqda muntazam ravishda Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar
siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha
o`rinbosariga ma`lumot berib boriladi.
22. Kotibiyat
boshlig`i:
Vazirlar Kengashi
Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar
bo`yicha o`rinbosarining ko`rsatmasi va topshiriqlariga asosan ishni tashkil
etadi;
bevosita
kotibiyatning boshqaruvini amalga oshiradi, mutaxassisning faoliyatini
tashkillashtiradi va kotibiyatga yuklatilgan vazifalarni bajarishda shaxsan
mas`ul hisoblanadi;
kotibiyat ish
rejasini shakllantiradi va uning bajarilishi yuzasidan nazoratni amalga
oshiradi;
kotibiyatga
yuklangan vazifalarni bajarishda kotibiyat xodimiga ishlarni taqsimlaydi va
bevosita ijrosini nazoratga oladi;
o`ziga yuklangan
vazifalar va funktsiyalarni bajarish bo`yicha Vazirlar Kengashi Raisining
yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha
o`rinbosari ishlarini tashkil qiladi.
Vazirlar
Kengashiga kiritilgan takliflarning hamda kotibiyat faoliyati sohasiga kiruvchi
masalalar bo`yicha Vazirlar Kengashi Raisining hujjatlari loyihalari ko`rib
chiqilishini ta`minlaydi, ularning ekspert jihatdan ishlab chiqilishini, qabul
qilingan hujjatlarning bajarilishini nazorat qiladi;
tegishli davlat
organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan takliflarni va
hujjatlar loyihalarini har tomonlama tahlil qiladi, ular bo`yicha tahliliy
materiallarni va ekspert takliflarini tayyorlaydi, shuningdek, ularning qonun
hujjatlarida belgilangan tartibda zarur tarzda kelishilishini ta`minlaydi;
materiallar va
hujjatlar loyihalari to`g`risida belgilangan tartibda Vazirlar Kengashi
Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar
bo`yicha o`rinbosariga axborot beradi;
tegishli
funktsional masalalar va hujjatlar bo`yicha tizimlashtirilgan ma`lumotlar
bazasi shakllantirilishi va yuritilishini, uning muntazam ravishda
yangilanishini tashkil etadi;
Vazirlar Kengashi
Raisi va Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish
va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari tomonidan kotibiyatga
yuklatilgan vazifalarga taalluqli masalalar yuzasidan o`tkaziladigan majlislar,
har haftadagi apparat yig`ilishlarida va barcha komissiyalarda hamda kotibiyat
sohasiga kiruvchi masalalar bo`yicha o`tkaziladigan boshqa yig`ilishlarda
ishtirok etadi;
agar kotibiyat
boshlig`i vaqtinchalik bo`lmasa, uning majburiyatlarini bosh mutaxassis
vaqtinchalik bajaradi;
ijtimoiy
rivojlantirish masalalari bo`yicha ishlarni targ`ib qilish maqsadida qabul
qilingan sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarning bajarilishini tashkil etadi;
Vazirlar Kengashi Raisi va Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosarining topshiriqlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.