21.12.2024, Shanba

Mahalla institutining jamiyat hayotidagi rolini mustahkamlash va moliyaviy imkoniyatini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mahalla instituti imkoniyatlaridan keng foydalanish, aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi PF–60-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida:

1. Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining har bir mahalla uchun byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg‘armasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanmaydigan Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasini (keyingi o‘rinlarda – jamg‘arma) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Belgilansinki:

a) quyidagilar jamg‘armalar mablag‘larini shakllantirish manbalari hisoblanadi:

mahalladagi hududi 2 000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchisining onlayn-buyurtmanomasiga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron onlayn-auksion savdolari orqali sotishdan tushadigan mablag‘lar, baholash va sotish xarajatlari chegirilgan holda;

mahallaning mol-mulkini belgilangan tartibda ijaraga berishdan olinadigan mablag‘lar;

xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari qarorlariga asosan mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan ajratiladigan mablag‘lar;

mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchisi tavsiyasi asosida mahalla infratuzilmasini yaxshilash uchun mahalliy byudjetdan ajratiladigan mablag‘lar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xorijiy (xalqaro) moliya institutlari va boshqa xorijiy tashkilotlarning texnik ko‘mak mablag‘lari (kredit, grant, beg‘araz yordam
va boshqalar);

qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar;

b) quyidagilar jamg‘armalar mablag‘laridan moliyalashtiriladigan asosiy yo‘nalishlar hisoblanadi:

mahalla hududidagi ichki yo‘llar, elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlari, ichimlik va oqova suv tizimini ta’mirlash va tiklash;

mahalla binosi, mahalla hududida joylashgan sport maydoni, nuroniylar choyxonasi, yoshlar markazi, bolalar maydonchasi, kutubxona, madaniyat markazini qurish, mukammal va joriy ta’mirlash hamda ularni inventar, mebel, kompyuter texnikasi va boshqa uskunalar bilan jihozlash;

mahalla hududida infratuzilmani rivojlantirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish;

ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan oilalarga moddiy ko‘maklashish hamda ularning turar joylarini ta’mirlash va jihozlash.

3. Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasi to‘g‘risidagi namunaviy nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

4. Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi:

a) 2023 yil 1 yanvarga qadar:

Kadastr agentligi bilan birgalikda har bir mahallaning aniq chegaralari belgilanishini;

Davlat statistika qo‘mitasi bilan birgalikda mahallalarning yagona klassifikatori ishlab chiqilib, Davlat statistika qo‘mitasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinishini ta’minlasin;

b) Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda mahallalar tashkil etilishi mezonlarini ular hududidagi xonadonlar sonidan kelib chiqqan holda belgilash bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

v) Moliya vazirligi bilan birgalikda doimiy ravishda jamg‘armalar faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha hamkorlikda ishlarni olib borsin va 2023 yil 1 yanvarga qadar amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritsin;

g) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 18 martdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–168-son qarorining 3-bandiga ilovaga muvofiq qo‘shimchalar kiritilsin.

6. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri v.b. T.A.Xudaybergenov hamda moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

         Prezidenti                            Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2022 yil 16 avgust