22.12.2024, Yakshanba

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti MDH norasmiy sammitida ishtirok etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 dekabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tashabbusi bilan Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi.

Sammitda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ham ishtirok etdi.

Uchrashuvda joriy yilgi hamkorlik yakunlari sarhisob qilinib, kelgusi 2022 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Pandemiya oqibatlarini yengib o‘tish va epidemiologik xavfsizlikni ta’minlashda yaqin hamkorlikni davom ettirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

MDHni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘z yuritar ekan, davlatimiz rahbari asosiy e’tiborni uchta: siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda hamkorlikka qaratishni taklif etdi.

MDH makonida to‘laqonli erkin savdo zonasini shakllantirish va transport bog‘liqligini mustahkamlash muhim ekani ta’kidlandi.

Ishtirokchilarning e’tibori global iqlim kun tartibini hisobga olgan holda barqaror “yashil” taraqqiyotga qaratilgan milliy dastur va strategiyalarni amalga oshirish borasida sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligiga qaratildi.

Oziq-ovqat xavfsizligini mamlakatlarimiz iqtisodiyotlarining raqobatli ustunliklari va bir-birini to‘ldirib turishidan foydalangan holda ta’minlash masalalarini hal qilishga doir yangi yondashuvlar ishlab chiqish dolzarb ekani qayd etildi.

Ta’kidlash joizki, keyingi yillarda O‘zbekiston Hamdo‘stlik faoliyatidagi ishtirokini faollashtirdi. Mamlakatimiz 40 dan ziyod ko‘p tomonlama bitimni imzoladi va tashkilotning 23 ta organiga qo‘shildi. O‘tgan yilda O‘zbekiston ilk bor MDHga raislik qildi.

2021 yilda O‘zbekistonning Hamdo‘stlik mamlakatlari bilan tovar ayirboshlashi o‘ttiz foizdan ziyodga oshdi, qariyb mingta qo‘shma korxona tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida O‘zbekiston MDH doirasida keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishning qat’iy tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqladi hamda sammit ishtirokchilari va ular orqali birodar xalqlarni yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan tabrikladi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Sankt-Peterburg shahriga amaliy tashrifi yakunlandi, davlatimiz rahbari Toshkentga qaytib keldi.

O‘zA