Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida 20 dekabr kuni oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, bu boradagi ishlarning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida baliqchilik sohasini rivojlantirish va kooperatsiya asosida baliq yetishtirish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilish
avvalida davlatimiz rahbari aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash
sohasida moliyaviy masalalar hal qilinib, barcha imkoniyatlar yaratib
berilganiga qaramay, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda kamchiliklar
saqlanib qolayotganiga e’tibor qaratdi. Ko‘rsatilgan muammolarni bartaraf
etish, o‘z hududida zarur oziq-ovqat mahsulotlarining yetarli zaxirasini
shakllantirish va narxlar barqarorligini ta’minlash barcha darajadagi
hokimlarning diqqat markazida bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
- Dunyoda
oziq-ovqat narxlarining o‘sishi, inflyatsiya xavf-xatarlari kelgusi yilda
oziq-ovqat xavfsizligi eng dolzarb masala bo‘lib qolishini yaqqol ko‘rsatmoqda.
Shu bois, viloyat hokimlari o‘z hududida baliq yetishtirish holatini tahlil
qilib, tadbirkorlar va aholi xonadonlariga barcha sharoitlarni yaratib berish
bo‘yicha tizimli shug‘ullanishi zarur, - dedi Prezident.
O‘tgan
besh yilda mamlakatimizda baliqchilik tarmog‘ida umumiy qiymati 2,2 trillion
so‘mlik 1016 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida baliq yetishtirish hajmi 6
baravarga oshib, joriy yilda 400 ming tonnaga yetkaziladi. Baliq iste’mol qilish hajmi 2016
yilga nisbatan 5,7 barobarga oshdi.
Yig‘ilishda bu ko‘rsatkichlar yetarli emasligi, mavjud
imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani tanqid qilindi.
Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Farg‘ona, Toshkent
viloyatlarida hosildorlik haligacha gektariga 3-4 tonnani tashkil etayotgani,
ushbu hududlarda intensiv baliq yetishtirish hajmi umumiy ishlab chiqarishning
10 foizidan oshmayotgani qayd etildi.
Shu
munosabat bilan sun’iy havzalarni intensivlashtirish, tarmoqda klasterlar va
kooperatsiya tizimini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Kelgusi yilda
baliq yetishtirish hajmini 600 ming tonnaga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Bunga
erishish uchun Sharof Rashidov tumani tajribasi asosida kelgusi yilda 10 mingta
xonadonda intensiv baliq yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Xonadonlarda
kooperatsiya asosida yiliga 80 tonnadan ortiq baliq yetishtirgan klasterlar uch
yil muddatga soliqlardan ozod etiladi. Xorijdan mutaxassis jalb qilgan
klasterlarga esa xarajatlarning bir qismini qoplab berish tartibi o‘rnatiladi.
Uyida
baliq yetishtiruvchilar uchun “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida
ajratiladigan kreditlar miqdori 2 barobarga oshiriladi, bu maqsadlarga kelgusi
yilda 400 milliard so‘m va 20 million dollar yo‘naltiriladi.
Baliq yetishtiruvchi xonadon egalari uchun yer va mulk soliqlari 50 foizga kamaytirilib, ular o‘zini o‘zi band qilgan aholi toifasiga o‘tkaziladi.
Yangiyo‘l va Quyichirchiq tumanlarida aholini baliq
yetishtirishga o‘rgatish bo‘yicha tajriba o‘tkazilib, kelgusi yil 1 iyundan
Navoiy, Sirdaryo va Farg‘onada ham keng joriy qilishga ko‘rsatma berildi.
Shuningdek,
yirik baliqchilik loyihalariga kelgusi yilda 20 million yevro jalb qilish
rejalashtirilgan.
Hosildorligi
past bo‘lgan 21 ming gektar sun’iy havzalarda hosildorlikni 3 barobarga
oshirish va qo‘shimcha 190 ming tonna baliq yetishtirish zarurligi ta’kidlandi.
Buning uchun 2,2 mingta xo‘jalikni 50 mingta suvni kislorod bilan boyitish
uskunasi – aerator bilan jihozlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mutasaddilarga
ushbu imkoniyatlardan foydalanib, yangi loyihalarni va mahsulot ishlab
chiqarishni ko‘paytirish, shu asosda aholi bandligini ta’minlash va ichki
bozorni baliq mahsulotlari bilan to‘ldirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Tarmoq va hududlar rahbarlari baliqchilikda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida hisobot berdi hamda 2022 yilgi rejalarini taqdimot qildi.