Prezidentimiz raisligida qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berish, meva-sabzavotchilik klasterlari hamda tomorqa xo‘jaliklari faoliyatini yanada rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Qayd etilganidek, kelgusi yil paxta va g‘alladan qisqartiriladigan 80 ming gektar yer aholiga dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun 10 sotixdan 1 gektargacha, 10 yil muddatga ijaraga beriladi.
Bunda asosiy mezon – tomorqadan samarali foydalanish va yaratiladigan ish o‘rinlari bo‘ladi. Tanlovda dehqonchilikda tajribasi bor aholi, shuningdek, 3 ta ijtimoiy daftarga kirgan oilalar qatnashadi.
Ochiq elektron tanlovda har bir talabgorning hozirgacha o‘z tomorqasidan qanday foydalanayotganiga yangi joriy etilayotgan hokim yordamchilari baho beradi.
Ushbu yerlarda dehqonchilik uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida sabzavot, poliz va dukkakli ekinlar ekishga 6 oylik imtiyozli davr bilan 2 yilgacha kredit ajratiladi.
Dehqon xo‘jaligi yerdan oqilona foydalanmasa, ijara shartnomasi sud orqali muddatidan oldin bekor qilinadi.
Yig‘ilishda bir oy muddatda 80 ming gektar yerni lotlarga bo‘lib, ochiq tanlovga chiqarish, har bir yer uchastkasini ikki kunda kadastr ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Kelgusi yil 1 martga qadar barcha qishloq xo‘jaligi yerlari kadastr ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
– Birorta hudud rahbarining bu masalada “o‘yin qilishga” haqqi yo‘q, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Quyiga tushib ushbu yo‘nalishda korrupsiyaga qarshi kurashamiz. Bu borada qattiq nazorat o‘rnatiladi.
bugungi kunda 5,5 ming gektar yaroqsiz bog‘lar va 2,5 ming gektar tokzorlar, yana bir qancha samarasiz issiqxonalar mavjud.
Yig‘ilishda ushbu bog‘, tokzor va issiqxonalarga tajribasi bor tadbirkorlarni jalb qilish zarurligi ta’kidlandi.
O‘zA