22.12.2024, Yakshanba

Yangi massivlar qurish va hududlarni obod qilish bo‘yicha vazifalar belgilandi


Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2 noyabr kuni aholini uy-joy bilan ta’minlash hamda yashil maydonlarni kengaytirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Bu ikki masala ham Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida belgilangan muhim vazifalardan. Xalq bilan uchrashuvlarda davlatimiz rahbari inson qadrini ulug‘lash, munosib turmush sharoitlari yaratish asosiy maqsad bo‘lishini aytgan edi. Bularning bosh omili esa, avvalo, uyli bo‘lish, obod va fayzli yashashdir.

So‘nggi yillarda yurtimizda ipoteka dasturlari doirasida 140 mingdan ortiq xonadonli uy-joylar barpo etildi. Bu undan oldingi yillarga qaraganda 10 martadan ham ko‘p.

Shu bilan birga, bu ishlarni davom ettirish zarur. Mamlakatimizda har yili 300 mingga yaqin nikohlar qayd etilmoqda. Kelgusi besh yilda aholi soni 38 millionga yetishi kutilmoqda.

Uylar qurilishi ko‘lami shunga muvofiq kengaytirib boriladi. Har bir hududda barpo etiladigan “Yangi O‘zbekiston” massivlari bunda muhim o‘rin tutadi. Kelgusi besh yilda ularda 250 mingdan ziyod oila uy bilan ta’minlanadi.

Yig‘ilishda shu boradagi bunyodkorlik ishlarining tashkiliy, moliyaviy jihatlari muhokama qilindi.

Prezidentimiz “Yangi O‘zbekiston” massivlari kompleks rivojlanish tamoyili asosida barpo etilishi kerakligini ta’kidladi.

Ya’ni, har bir massivda sanoat loyihalari, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari va ijtimoiy infratuzilma bir vaqtda quriladi. U yerda odamlar ham uyli, ham ishli bo‘ladi. Kelgusi yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 40 ta shunday zamonaviy mavze barpo etish mo‘ljallangan.

– Bag‘dod tumanidagi yangi massivni ko‘rdingiz. Loyiha tayyor, endi tajriba ham bor. Faqat shu loyihani har bir hududga moslashtirish kerak. Ochiq tanlov o‘tkazish juda muhim. Ochiqlik, halollik bo‘lsa, sifat bo‘ladi, xalq oldida yuzingiz yorug‘ bo‘ladi, – dedi Prezident mutasaddilarga.   

Qurilish vazirligiga viloyat hokimlari bilan birga, har bir hududda yer maydonlarini aniqlab, ularning bosh rejasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

“Yangi O‘zbekiston” massivlari qurish uchun kelgusi yilda 15 trillion so‘m ajratilishi belgilandi. Bu mablag‘ ipoteka krediti berish uchun banklarga yo‘naltiriladi. Qurilish investorlar hisobidan amalga oshiriladi.

Davlatimiz rahbari ehtiyojmand oilalarga ko‘maklashish, boshlang‘ich badal va foizlar bo‘yicha subsidiya berish muhimligini ta’kidladi.

Kelgusi yili yangi massivlarda quriladigan uylarning mingtasi ehtiyojmand oilalar va yolg‘iz ayollar uchun davlat tomonidan sotib olinadi. Buning uchun, qurilish tashkilotlariga 220 milliard so‘m oldindan o‘tkazib beriladi.

bugungi kunda uylarning bir kvadrat metri narxi o‘rtacha 4 million 500 ming so‘mni tashkil etmoqda. Yig‘ilishda yangi massivlardagi narxni shu miqdorda saqlab qolish vazifasi qo‘yildi. Shu maqsadda, yangi massivlarni ichki va tashqi infratuzilma bilan ta’minlashga byudjetdan har yili 1 trillion so‘m ajratilishi belgilandi.

Kelgusi yildan sement ishlab chiqaruvchilardan foyda solig‘i 20 foizdan 15 foizgacha, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq 2 baravarga kamaytirilmoqda. Shuningdek, sement importi uchun imtiyozlar muddati yana bir yilga uzaytiriladi. Bular ham uylar narxi sezilarli tushishiga sabab bo‘ladi.

Yig‘ilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari ham ko‘rib chiqildi. Bu loyiha doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejalashtirilgan.

– Shuncha yillarda “qog‘ozda” ekilgan daraxtlarni hisoblasa, O‘zbekistonda bo‘sh joy qolmasligi kerak edi. Tizim, qarov bo‘lmagani uchun ekilganining ham ko‘pi qurib ketdi. bugungi va kelgusidagi ekologik vaziyatni inobatga olib, daraxt ekishni davlat siyosati darajasiga ko‘tarayapmiz. Shuning uchun bu umummilliy loyihani puxta tayyorgarlik bilan, puli, egasi, sug‘orish tizimi bilan amalga oshirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois, birinchi navbatda, mavjud va yangidan barpo etiladigan yashil maydonlarga tuman yoki shahar hokimining qarori bilan mas’ul belgilanadigan bo‘ldi. Ular daraxtlarni parvarishlash bilan birga, ushbu hududni obod saqlashga ham javob beradi.

Obodonlashtirish bo‘limlari maxsus texnika bilan ta’minlanadi, zarur joylarda sug‘orish tarmoqlari barpo etiladi. Ekologiya, daraxt ekish va parvarishlash masalalariga hokimlarning qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlari mas’ul bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari ushbu savobli ishda har bir tashkilot, har bir fuqaro o‘z o‘rnini topishi kerakligini ta’kidladi.

Ko‘p qavatli uylarga tutash hududlar uy-joy mulkdorlariga yashil maydonlar barpo etish uchun biriktiriladi va u yerda qurilish qilishga ruxsat berilmaydi. Muassasalar hovlisi, mahallalar, yo‘l va dala chetlariga daraxtlar ekiladi.

Yig‘ilishda 10 dekabrga qadar daraxt ekish bo‘yicha “dolzarb 40 kunlik” e’lon qilindi.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga hokimlar bilan birga, har bir hududning iqlim sharoitiga mos ko‘chatlarni ko‘paytirish va yetkazib berish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun, qo‘mita huzurida “Yashil hudud” unitar korxonasi va har bir viloyatda uning filiallari tashkil etiladigan bo‘ldi.

Sohadagi ishlarda Ekologiya qo‘mitasining o‘rni ta’kidlanib, uning tuzilmasi, vakolat va vazifalari qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda sug‘orish tizimini yangilash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Hokimlarga irrigatsiya tarmoqlari qurish, quduqlar qazdirish va tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ko‘chatchilikni rivojlantirish, kam suv talab qiladigan daraxt navlarini ko‘paytirish choralari ham belgilandi.


UzA