22.12.2024, Yakshanba

Islom taraqqiyot bankining Toshkent anjumani

Poytaxtimizda Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 sentyabr kuni ushbu anjumanga tashrif buyurdi.

Tadbir avvalida Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilindi.

Davlatimiz rahbari mehmonlarni qutlab, O‘zbekistonning mazkur bank bilan hamkorligi, istiqboldagi muhim masalalar haqida nutq so‘zladi.

– Bankning yillik anjumani Toshkentda o‘tkazilishi o‘ziga xos ramziy ma’noga ega. Biz buni O‘zbekistonning islom dunyosi rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, mamlakatda so‘nggi besh yil davomida olib borilayotgan izchil islohotlarning e’tirofi, deb hisoblaymiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Ma’lumki, Islom taraqqiyot banki guruhi 1973 yil tashkil topgan. Bosh qarorgohi Saudiya Arabistonining Jidda shahrida joylashgan. bugungi kunda bankka 57 ta davlat a’zo bo‘lib, ustav jamg‘armasi 150 milliard dollarga teng.

Bankning asosiy faoliyati iqtisodiyotning strategik tarmoqlarida yirik infratuzilma va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni moliyalashtirishdan iborat.

ITBning Boshqaruv kengashi asosiy organ bo‘lib, bir yil Jidda shahrida va keyingi yil esa a’zo davlatlarning biri hududida o‘tkaziladi.

Bank Boshqaruvchilar kengashining 2021 yildagi yillik anjumani 2-4 sentyabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Unda ishtirok etish uchun ITB guruhiga kiruvchi mamlakatlardan vazirlar va yuqori lavozimli shaxslar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, 2 mingdan ortiq yirik biznes vakillari, ekspertlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari O‘zbekistonga kelgan.

Anjumanda COVID-19 pandemiyasidan so‘ng ITBga a’zo mamlakatlarda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash masalalarini muhokama qilish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, sammit doirasida iqtisodiyot, barqaror rivojlanish, sog‘liqni saqlash, a’zo davlatlarda ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar ekotizimini qo‘llab-quvvatlash, islom moliyasi mavzularida sho‘’ba majlislari, qator uchrashuvlar o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Islom taraqqiyot bankiga 2003 yilda a’zo bo‘lgan. bugungi kunga qadar jami 2,5 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 30 ta yirik investitsiya loyihasi ma’qullangan. Ular doirasida maktablar, arzon uy-joylar, avtomobil yo‘llari, elektr va ichimlik suvi tarmoqlari qurilib, sog‘liqni saqlash muassasalari zamonaviy jihozlangan.

Prezidentimiz O‘zbekiston zamini asrlar davomida islom olamining buyuk va noyob madaniyati, ilm-fani va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti markazlaridan biri bo‘lganini ta’kidladi.

Bu an’analarni davom ettirgan holda, mamlakatimizda islom qadriyatlarini asrab-avaylash va yanada rivojlantirish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, so‘nggi yillarda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro hadisshunoslik markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi va Xalqaro islom akademiyasi tashkil qilindi.

Yangi maktablar, ilm-fan maskanlari barpo etildi. So‘nggi besh yilda 64 ta yangi oliy ta’lim dargohi ochilib, ularning soni 141 taga yetkazildi. Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida yoshlarga axborot texnologiyalari bo‘yicha chuqur bilim berilmoqda.

Davlatimiz rahbari koronavirus pandemiyasining iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarini yengib o‘tish masalalariga to‘xtaldi. Mamlakatimizda inqirozga qarshi ishlab chiqilgan choralarni o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlagani uchun Islom taraqqiyot bankiga minnatdorlik bildirdi.

Anjuman doirasida Iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha kelishuv imzolangani qayd etildi. Kapitali 500 million dollarga yetkazilishi ko‘zda tutilgan mazkur jamg‘arma orqali kambag‘allikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladigan loyihalar qo‘llab-quvvatlanadi.

Shavkat Mirziyoyev mintaqamizdagi ekologik muammolarni qayd etib, bank boshqaruvchilari e’tiborini Birlashgan Millatlar Tashkiloti sha’feligida tuzilgan Trast jamg‘armasi hamda Orolbo‘yi mintaqasida tashkil etilayotgan ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududini qo‘llab-quvvatlash masalalariga qaratdi.

Mintaqamizda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarini o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish, yangi transport yo‘laklarini rivojlantirish borasidagi ishlar qayd etib o‘tildi.

Ma’lumki, bugun dunyo mamlakatlari iqlim o‘zgarishi, yirik migratsion jarayonlar, tabiiy resurslar va oziq-ovqat yetishmovchiligi kabi sinovlarga duch kelmoqda. Shundan kelib chiqib, Prezidentimiz bank faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qator takliflarni bildirdi.

“G‘arbiy Afrikadan Sharqiy Osiyogacha yashil yo‘lak” nomli savdo-iqtisodiy makonni shakllantirish tashabbusi ilgari surildi. Uning amalga oshirilishi o‘zaro savdo va sarmoyaviy aloqalar kengayishga, mamlakatlarning iqtisodiy jihatdan birlashishi va barqaror o‘sishiga xizmat qiladi.

Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi hamda Investitsiyalar va eksport kreditlarini sug‘urtalash islom korporatsiyasi tomonidan moliyaviy instrumentlarni kengaytirish lozimligi qayd etildi. Bu erkin savdoni rag‘batlantirish, investitsiyaviy xatarlarni sug‘urtalash, transport va logistika infratuzilmalarini rivojlantirishga hissa qo‘shadi.

Koronavirus pandemiyasidan keyingi davrda a’zo mamlakatlar iqtisodiyotlari rivojlanishiga innovatsion tus berish muhimligi ta’kidlandi. Jumladan, Islom taraqqiyot bankining fan, texnologiya va innovatsiyalar jamg‘armasi imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish, qishloq xo‘jaligiga ilg‘or ishlanmalarni joriy qilish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qayta tiklanadigan energiya va ekologik texnologiyalarni keng qo‘llash ayniqsa dolzarbdir.

Shuningdek, mintaqaviy ahamiyatga ega investitsion va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishni kengaytirish zarurligi qayd etildi.

– bugungi xalqaro anjuman bank doirasidagi sherikligimizni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi va a’zo mamlakatlar xalqlarining umumiy farovonligiga katta hissa qo‘shadi, – deya ishonch bildirdi Shavkat Mirziyoyev.

Tadbirda Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon Al-Jassir ham nutq so‘zladi.

– Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 2021 yilgi anjumaniga yuqori darajada mezbonlik uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga chuqur minnatdorlik bildiraman. Murakkab pandemiya davrida bunday yirik anjumanlarni o‘tkazish oson emas. Jahon sog‘liqni saqlash tizimi inqirozi sharoitida yillik uchrashuvimiz zamonaviy tibbiyotning otasi bo‘lmish Ibn Sino Vatanida o‘tkazilayotgani katta baxt. O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi va ilm-faniga salmoqli hissa qo‘shgan. Samarqand va Buxoro kabi tarixiy shaharlar jo‘shqin islomiy, ilmiy va madaniy meros o‘chog‘i bo‘lgan. Bu zamindan yetishib chiqqan ko‘plab allomalar ilmda olamshumul kashfiyotlar qilgan. Shu jihatdan, Islom taraqqiyot banki prezidenti sifatida uning yillik yig‘ilishida ilk bor O‘zbekiston zaminida ishtirok etayotganim chuqur mazmunga ega, – dedi Muhammad Al-Jassir.

Islom taraqqiyot banki prezidenti 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini ishlab chiqqani va hayotga samarali tatbiq etgani uchun mamlakatimiz rahbariyatiga tahsin aytdi. Ushbu strategiyadagi ulkan maqsadlarni ko‘zlagan keng qamrovli rejalar Islom taraqqiyot bankining inklyuziv taraqqiyotni rag‘batlantirish va ijtimoiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash maqsadlariga mos kelishi qayd etildi.

O‘zbekiston Islom taraqqiyot banki guruhining muhim a’zosi hisoblanadi. Bank moliyalashtirayotgan loyihalar mamlakatimiz va ITB o‘rtasida mustahkam hamkorlik o‘rnatilganidan dalolatdir. Islom taraqqiyot banki mamlakatimizda tibbiy asbob-uskunalar sotib olish, katta, o‘rta va kichik biznesni rivojlantirish uchun 141 million AQSH dollari ajratdi. Bu kabi ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishda O‘zbekiston, Saudiya Arabistoni va ITB hamkorligida tashkil etilayotgan Iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamg‘armasi muhim o‘rin tutadi. 34 ming kichik va o‘rta biznes sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashi kutilayotgan ushbu jamg‘arma 100 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratish va kambag‘allikni qisqartirishga o‘z hissasini qo‘shadi.

Anjumanda Islom taraqqiyot banki guruhining O‘zbekistonning rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha kelgusidagi strategiyalarini qo‘llab-quvvatlashga ahdi qat’iy ekani yana bir bor tasdiqlandi.

Tadbir so‘ngida ITBning 46-yillik yig‘ilishi yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi. Shuningdek, iqtisodiy transformatsiya yo‘nalishini o‘zgartirish, huquq va imkoniyatlarni kengaytirish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha majlis, xususiy sektor forumi, Islom taraqqiyot banki Transformatsiya jamg‘armasining kelajak innovatsiyalari namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Anjuman 4 sentyabrgacha davom etadi. Tadbir doirasida Bank Boshqaruvchilarining yalpi majlisi, COVID-19 pandemiyasidan so‘ng biznesni tiklash va raqamlashtirishda xususiy sektorni rivojlantirish, dengizdan uzoq mamlakatlarni global ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirlariga ulash uchun mintaqaviy integratsiyani qo‘llab-quvvatlashga doir majlislar, qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi mo‘ljallangan.

 

O‘zA