Bugungi
kunda zamonaviy avtomobil yo'llari tarmog'ini rivojlantirish mamlakatimiz
iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirishda, respublika transport
salohiyatini rivojlantirishda va eksport imkoniyatlarini kengaytirishda muhim
ahamiyatga ega bo'lgan ustuvor vazifa hisoblanadi.
Mamlakatimizda
xalqaro standartlarga mos zamonaviy avtomobil yo'llarini qurish, yo'l harakati
qulayligi va xavfsizligini oshirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga
oshirilmoqda. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “O'zbekiston Respublikasi
yo'l xo'jaligi tizimini chuqur isloh qilish chora-tadbirlari to'g'risida”gi
farmoni hamda “Yo'l sohasini boshqarish tizimini yanada takomillashtirishga oid
chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasining “O'zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi
Avtomobil yo'llari qo'mitasi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori
bu borada salmoqli ishlarni tashkil etishda muhim hujjat bo'lmoqda.
Amudaryo tumani Yo'llardan foydalanish unitar korxonasi sohada joriy qilinayotgan islohotlar ijrosini ta'minlash borasida samarali faoliyat olib bormoqda. Korxona tomonidan tuman hududidagi ichki yo'llarni ta'mirlash bo'yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy
yilning birinchi yarmida shartnomaviy qiymati 9 mlrd. 432 mln so'm bo'lgan 41,2
km ichki yo'llarni ta'mirlash ishlari amalga oshirildi. Shundan 29,9 km
yo'llarda tuproq ishlari, 22,2 km yo'llarda tosh yotqizish ishlari amalga
oshirigan. Joriy yil yakuniga qadar 8,3 km ichki yo'llarga asfalt yotqizish
ishlari rejalashtirilgan. Tumandagi Xitoy va Qipchoq ovullari, Chordara
mahallasida eng ko'p ichki yo'llarni ta'mirlash ishlari olib borilgan.
Shuningdek,
tuman Yo'llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan joriy yil
umumfoydalanuvdagi avtomobil yo'llarida qator ta'mirlash ishlari
rejalashtirilgan hamda reja amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yil davomida
davlat ahamiyatidagi yo'llarni ta'mirlash uchun 150 mln so'm, Qipchoq ponton
ko'prigini joriy ta'mirlash uchun 350 mln so'm, mahalliy ahamiyatdagi avtomobil
yo'llarini ta'mirlash uchun esa 922 mln so'm mablag'lar ajratilgan.
Korxona
xodimlarining mashaqqatli mehnati evaziga qator ijobiy natijalar qo'lga
kiritilmoqda. Bugungi kunda korxonada jami 138 nafar ishchi-xodimlar faoliyat
yuritib kelishmoqda. Korxonaga qarashli 3 ta yo'l bo'limi mavjud bo'lib, 1-yo'l
bo'limda 23 nafar, 2-yo'l bo'limda 21 nafar, 3-yo'l bo'limda 25 nafar yo'llarni
ta'mirlovchi xodimlar ish yuritishmoqda. Shuningdek, Qipchoq panton ko'prigi
bo'limida 23 nafar, joriy ta'mirlash bo'limida 8 nafar, avtokalonnada 11 nafar,
ustaxonada 8 nafar, tosh maydalash va saralash zavodida 2 nafar, boshqaruv
apparatida 17 nafar xodimlar faoliyat yuritishadi.
Tuman
Yo'llardan foydalanish unitar korxonasi xodimlarining ish jarayonlarini
samarali tashkil qilish maqsadida qator zarur texnikalar jalb qilingan.
Xususan, yo'llarni ta'mirlash ishlarini tashkil etishda 2 ta avtogreyder, 2 ta
yuk ortuvchi mashina, 4 ta avtosamosval, 3 ta traktor hamda 2 ta ishchilarni
tashiydigan avtomobil biriktirilgan.
Muxtasar
aytganda, korxonada ish jarayonlarining to'g'ri tashkil etilishi, ishchilarning
mashaqqatli mehnatlari natijasida tumanimiz yo'llari tobora ravonlashib,
yo'lovchi hamda haydovchilar uchun yangi qulayliklar yaratilmoqda.
B.Xodjaev,
Tuman Yo'llardan foydalanish unitar korxonasi direktori.