22.12.2024, Yakshanba

O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari ikki tomonlama kun tartibidagi masalalarni muhokama qildilar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 iyul kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqot qildi.

Turkiya yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik va katta muvaffaqiyatlar, O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi.

Ikki tomonlama kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan batafsil fikr almashildi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston-Turkiya ko‘p qirrali hamkorligining jadal rivojlanishiga xizmat qilayotgan o‘zaro muloqot va almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Pandemiya oqibatlariga qaramay, joriy yil boshidan tovar ayirboshlash qariyb ikka baravarga ko‘paydi, 230 dan ortiq yangi qo‘shma korxona tashkil etildi, muhim madaniy-gumanitar dasturlar amalga oshirilmoqda.

Davlat rahbarlari bo‘lajak tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar hamda joriy yil yakuniga qadar mamlakatimizda oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishini o‘tkazishga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhim ekanini ta’kidladilar.

Mintaqaviy sheriklikning amaliy jihatlari, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyatning keskinlashishi nuqtai nazaridan muhokama qilindi.

Markaziy va Janubiy Osiyoda mintaqaviy bog‘liqlikni kuchaytirish bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasining yakunlari yuksak baholandi.