22.12.2024, Yakshanba

Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori


Muborak Qurbon hayitining xalqimizga xos bo‘lgan insonparvarlik, mehr-oqibat, saxovat va o‘zaro hamjihatlik kabi fazilatlarni qaror toptirishdagi muhim ahamiyatini e’tiborga olib hamda milliy-diniy qadriyatlarimizni ulug‘lash maqsadida:

1. O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2021 yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 20 iyul – seshanbaga to‘g‘ri kelishi haqida qabul qilgan qarorini inobatga olib, mamlakatimizda 2021 yil 20 iyul kuni Qurbon hayiti bayrami etib belgilansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 dekabrdagi “2021 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi PF–6122-son Farmoniga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi PF–6222-son Farmoni bilan 2021 yil 21–22 iyul kunlari ham dam olish kunlari sifatida belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Qurbon hayitini karantin talablariga amal qilgan holda xalqimizning milliy va diniy an’analariga mos ravishda oila davrasida o‘tkazish afzalligi haqida keng tushuntirish ishlarini amalga oshirsin.

3. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

       Prezidenti            Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,