22.12.2024, Yakshanba

O‘zbekiston Prezidenti Qatar Davlati delegatsiyasini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 iyun kuni Qatar Davlati Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Ko‘p qirrali O‘zbekiston-Qatar munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari ikki tomonlama hamkorlik sur’ati keyingi yillarda jadallashib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Xususan, yuqori darajadagi tashriflar va siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazildi, tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari o‘smoqda. Ishbilarmonlik va turizm sohalaridagi almashinuvlarni rag‘batlantirish maqsadida Qatar fuqarolari O‘zbekistonda bo‘lishi uchun viza tartibi soddalashtirildi.

O‘zbekiston Prezidenti Qatar Amiri shayx Tamim Ol Soniyga mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelish to‘g‘risidagi taklifini tasdiqladi.

Qatar delegatsiyasi rahbari, o‘z navbatida, iliq qabul uchun O‘zbekiston yetakchisiga samimiy minnatdorlik bildirib, Qatar Amirining salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Suhbatda O‘zbekiston Prezidenti birinchi navbatda savdo, investitsiyaviy, innovatsiyaviy, moliyaviy-texnik sohalarda, shuningdek, bugun imzolangan Havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga muvofiq – transport sohasida amaliy sheriklikni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish muhim ekanini ta’kidladi.

Qo‘shma investitsiya jamg‘armasini tashkil etish, Qatarning yetakchi kompaniyalari va bank-moliya institutlarini jalb qilgan holda sanoat tarmoqlarida zamonaviy ishlab chiqarishlarni ishga tushirish, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni tez fursatda tayyorlash va ilgari surish muhimligi qayd etildi.

Bundan tashqari, ta’lim, fan, madaniyat va ziyorat turizmi sohalarida almashinuvlar dasturlarini amalga oshirishdan ikki mamlakat ham manfaatdor ekani ta’kidlandi.

Xalqaro siyosatga doir va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Qatar tashqi siyosiy idorasi rahbari O‘zbekistonning Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etishga va ushbu mamlakatning iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish borasidagi faol sa’y-harakatlarini yuksak baholadi va qo‘llab-quvvatladi.