Qoraqalpog'iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida yong'in xavfsizligining oldini olish bo'yicha o'tgan yili amalga oshirilgan ishlarning yakuniga bag'ishlangan matbuot anjumani bo'lib o'tdi.
Boshqarma boshlig'i A.Davletov o'tgan 2020 yil mobaynida Qoraqalpog'iston Respublikasi hududida 633 ta yong'in sodir bo'lganligini ma'lum qildi. 2019 yilning shu davriga nisbatan esa yong'inlar 11,5 foizga kamaygan.
Ammo, yuz bergan yong'inlar oqibatida 4 nafar fuqaro halok bo'lgan, 5 nafari tan jarohati olgan bo'lsa, 2 nafari zaharlangan. Yong'in natijasida keltirilgan zarar 6 milliard 342,9 million so'mni tashkil etadi.
Yong'inlarning kelib chiqish sababi tahlil qilinganda, qasddan va o'ziga-o'zi o't qo'yish, elektr qurilmalari, isitish qozonlaridan foydalanish qoidalarining buzilishi, ochiq olovdan foydalanishdagi e’tiborsizlik, bolalarning olov bilan o'ynashi, texnologik hodisalar sabab bo'lgani aniqlandi.
Shuningdek, 10 tasi ishlab chiqarish tsexida, 5 tasi omborxonada, 6 tasi savdo-sotiq korxonasi, 4 tasi qishloq xo'jaligi uchun ajratilgan binoda, 2 tasi yong'in ob’ekti va qurilmasida, 64 tasi ochiq havoda saqlanayotgan qishloq xo'jaligi mulklarida, 40 tasi transport vositasida, 496 tasi fuqarolarning shaxsiy turar joyida yuz bergan.
Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar fuqarolarning, ayniqsa, bolalarning suvga cho'kish holati, turar joylar atrofidagi o'zboshimcha va noqonuniy qurilmalar, piyodalar yo'lining yopib qo'yilishi va shu kabi muhim masalalar yuzasidan o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Tadbir ishtirokchilari zamonaviy yong'in o'chirish texnikalari ko'rgazmasi bilan tanishdi.
Dovud Abibullaev,
Maqsad Habibullaev (surat),
O'zA