22.12.2024, Yakshanba

Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish va shifoxona ichki infektsiyalarini profilaktika qilish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish va shifoxona ichki infektsiyalarini profilaktika qilish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O'zbekiston Respublikasi sog'liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida aholining sog'lig'ini saqlash, shu jumladan, odamning immunitet tanqisligi virusi (keyingi o'rinlarda OIV-infektsiyasi deb yuritiladi) keltirib chiqaradigan kasallik profilaktikasi, diagnostikasi va uni davolash sohasida ijobiy natijalarga erishildi. Mazkur yo'nalishda kompleks tadbirlarning amalga oshirilishi epidemik vaziyatning barqarorlashishiga ko'maklashdi.

Shu bilan birga, o'rganishlar OIV-infektsiyasi tarqalishiga samarali qarshi kurashish va shifoxona ichki infektsiyalarini profilaktika qilishga to'siq bo'layotgan bir qator muammolar mavjudligidan dalolat bermoqda, xususan:

birinchidan, shifoxona ichki infektsiyalari bilan kasallanish pasayganligiga qaramay, davolash-profilaktika muassasalarida qon orqali yuqadigan infektsiyalarning profilaktikasida kamchiliklar mavjud;

ikkinchidan, davolash-profilaktika muassasalarini, ayniqsa, sog'liqni saqlashning birlamchi bo'g'inini tibbiy asboblar va sarflash materiallari bilan o'z vaqtida va to'liq ta'minlash borasida zarur choralar ko'rilmayapti;

uchinchidan, joylarda, ayniqsa, uzoq tumanlarda tibbiyot muassasalarini elektr energiyasi va toza ichimlik suvi bilan uzluksiz ta'minlashda muammolar saqlanib qolmoqda, bu esa tibbiy asboblarni sterilizatsiya qilish sifatiga va amalga oshiriladigan davolash-profilaktika muolajalarining xavfsizligiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda;

to'rtinchidan, davolash-profilaktika muassasalari sterilizatsiya bo'linmalarining zarur uskuna va inventarlar bilan jihozlanganlik darajasi talabga javob bermaydi, sterilizatsiya tadbirlarini tashkil etish uslublariga zamonaviy yondashuv mavjud emas;

beshinchidan, respublika mintaqalarida OIVni yuqtirib olgan shaxslar statsionar davolash bilan etarli darajada qamrab olinmasdan qolmoqda, OITSga qarshi kurashish mintaqaviy markazlari va OIV-infektsiyasi diagnostikasi bo'yicha tumanlararo laboratoriyalarning zaif moddiy-texnika bazasi amalga oshirilayotgan ishlar sifatiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.

OIV-infektsiyasini o'z vaqtida profilaktika va diagnostika qilish, uni davolash bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish, bemorlarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko'rsatish sifatini oshirish, ularni statsionarda davolash ko'lamini kengaytirish, shifoxona ichki infektsiyalari bilan kasallanish holatlarini kamaytirish maqsadida:

1. Quyidagilar OIV-infektsiyasini profilaktika va diagnostika qilish, uni davolash bo'yicha aholiga ko'rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy yordamni yanada takomillashtirish va kengaytirishning asosiy yo'nalishlari etib belgilansin:

qon orqali yuqadigan infektsiyalarni profilaktika qilish sohasidagi davolash-profilaktika muassasalarining faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;

epidemiologik nazoratni, respublikada OIV-infektsiyasi tarqalishi va shifoxona ichki infektsiyalarining profilaktikasi nazorat qilinishini kuchaytirish;

tibbiy asboblarni sterilizatsiya qilish va tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilish funktsiyalarini xususiy tuzilmalarga berish orqali
davlat tibbiyot muassasalarida davlat-xususiy sheriklikni bosqichma-bosqich joriy etish;

davolash-profilaktika muassasalarini test-tizimlar va retrovirusga qarshi preparatlar bilan uzluksiz ta'minlash, shuningdek, respublikada OIV-infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo'yicha tadbirlarni barqaror moliyalashtirish maqsadida byudjetdan ajratiladigan mablag'lar miqdorini bosqichma-bosqich ko'paytirish;

OIV-infektsiyasini davolash va shifoxona ichki infektsiyalarini profilaktika qilishda fan va texnikaning eng yangi yutuqlariga asoslangan innovatsion yondashuvlarni keng qo'llash;

OIVni yuqtirib olgan shaxslarni kompleks tibbiy-psixologik qo'llab-quvvatlash ishlarini tashkil etish;

OIV-infektsiyasini profilaktika va diagnostika qilish, uni davolash bo'yicha tibbiyot xodimlarining kasbiy bilimlari darajasini oshirish;

davlat tibbiyot muassasalarining OIV-infektsiyasini profilaktika va diagnostika qilish, uni davolash bilan shug'ullanuvchi tibbiyot xodimlarini ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish;

OITSga qarshi kurashish markazlari va OIV-infektsiyasi diagnostikasi bo'yicha tumanlararo laboratoriyalarning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, ularni zamonaviy diagnostika va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash;

xorijiy sohaviy muassasalar bilan yaqin aloqalarni yo'lga qo'yish va hamkorlikni yanada rivojlantirish.

2. OIV-infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va shifoxona ichki infektsiyalarini profilaktika qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan tadbirlarning samaradorligini oshirish bo'yicha kompleks qo'shimcha chora-tadbirlar (keyingi o'rinlarda – Kompleks chora-tadbirlar) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Kompleks chora-tadbirlarda nazarda tutilgan tadbirlarning o'z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi bo'yicha vazirliklar, idoralar, hokimliklar va boshqa tashkilotlarning faoliyati samarali muvofiqlashtirilishini hamda ularning o'zaro hamkorligini ta'minlasin.

O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishi yuzasidan monitoring olib borilishini ta'minlasin hamda bajarilgan ishlar to'g'risida har chorakda Vazirlar Mahkamasiga axborot taqdim etsin.

3. Belgilansinki, Kompleks chora-tadbirlarda ko'rsatilgan muassasalarni qurish, rekonstruktsiya qilish va kapital ta'mirlash ishlarini moliyalashtirish O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hamda O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari ta'lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg'armasi mablag'lari hisobidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Moliya vazirligi har yili O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda Kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur mablag'larni nazarda tutsin.

4. O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi:

a) Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar bo'yicha davlat qo'mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda dastlabki bosqichda sog'liqni saqlashning birlamchi bo'g'inida tajriba loyihalarini joriy etishni, keyinchalik ijobiy tajribani respublikaning barcha mintaqalariga tarqatishni nazarda tutgan holda, tibbiy asboblarni sterilizatsiya qilish va tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilish sohasida davlat-xususiy sheriklikni bosqichma-bosqich joriy etish bo'yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;

b) Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirligi, “O'zbekenergo” AJ, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda davolash-profilaktika muassasalari, jumladan, sterilizatsiya bo'linmalari va operatsiya bloklarining suv, gaz va elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlanganligi holatini o'rganib chiqsin hamda rivojlanish davlat dasturlariga birinchi navbatda ularni kiritish yuzasidan har bir hudud kesimida takliflar tayyorlasin;

v) Moliya vazirligi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda respublika hududlarida OIVni yuqtirib olgan shaxslarning statsionar davolash bilan qamrab olinishini kengaytirishga hamda davolash-profilaktika muassasalarini ko'p marta va bir marta ishlatiladigan tibbiy asboblar, tibbiyot buyumlari va sarflash materiallari bilan to'liq va o'z vaqtida ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ko'rsin;

g) Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda tegishli hududda va umuman respublika bo'yicha OIV-infektsiyasi va shifoxona ichki infektsiyalari tarqalishi profilaktikasining holatini doimiy ravishda kompleks baholashni ta'minlasin, ularning holati yomonlashishiga munosabat bildirish yuzasidan aniq tadbirlarni ishlab chiqsin.

5. O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Sog'liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda jazoni ijro etish muassasalarida, shuningdek, ichki ishlar organlarining tibbiyot muassasalarida epidemiologik nazorat hamda OIV-infektsiyasi va shifoxona ichki infektsiyalari tarqalishi ustidan nazorat qilish tizimini takomillashtirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

6. O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi, Adliya vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita, Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo'yicha respublika kengashi, O'zbekiston yoshlar ittifoqi, O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari bilan birgalikda OIVni yuqtirib olgan shaxslarni ijtimoiy, huquqiy, ma'naviy va tibbiy-psixologik qo'llab-quvvatlash, yoshlar o'rtasida, ayniqsa, OIV-infektsiyasi tarqalishi masalalari bo'yicha keng tushuntirish va tarbiyaviy tadbirlar o'tkazish, jamiyatda oila va ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash ishlarini kuchaytirsin.

7. O'zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O'zbekiston Milliy axborot agentligi, O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda mavzuga oid maqolalar, turkum teleko'rsatuv va radioeshittirishlar tashkil etish orqali aholi o'rtasida OIV-infektsiyasiga qarshi kurashishning dolzarb masalalari muntazam va keng yoritilishini ta'minlasin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S.Qosimov, O'zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov va O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti                               Sh.Mirziyoev

Toshkent shahri, 2018 yil 22 iyun