22.12.2024, Yakshanba

Aholining ijtimoiy zaif qatlami bandligini ta'minlashni rag'batlantirishning tashkiliy chora-tadbirlari to'g'risida

Aholining ijtimoiy zaif qatlami bandligini ta'minlashni rag'batlantirishning tashkiliy chora-tadbirlari to'g'risida
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 
q a r o r i

Mamlakatda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini, jumladan, tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanish istagi bo'lgan past daromadli oilalarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash bo'yicha amaliy choralar ko'rilmoqda.

Xususan, og'ir ijtimoiy-maishiy sharoitlarda yashovchi oilalar arzon uy-joy bilan ta'minlanmoqda, ularga tibbiy xizmatlarni olishda, maishiy texnikalar va uy hayvonlarini sotib olishda beg'araz yordamlar ko'rsatilib kelinmoqda hamda nogironligi bo'lgan shaxslar uchun mahsulot va asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchilar va ularning bandligini ta'minlayotgan tashkilotlarga soliq va kredit imtiyozlari tizimi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, o'tkazilgan tahlillar nogironligi bo'lgan shaxslarning jamoat birlashmalari va tadbirkorlik sub’ektlarining aholining ijtimoiy zaif qatlamini, jumladan, nogironligi bo'lgan shaxslarni mehnat faoliyatiga jalb etish imkoniyatlaridan to'liq foydalanilmayotganini ko'rsatmoqda.

Aholining ijtimoiy zaif qatlami farovonligini oshirish, ularning turmush darajasini yaxshilash, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 dekabrdagi “Nogironligi bo'lgan shaxslarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF–5270-son Farmoniga asosan nogironligi bo'lgan shaxslarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishning asosiy yo'nalishlarini amalga oshirish maqsadida:

1. 2018 yil 1 avgustdan boshlab 1-ilovaga muvofiq alohida toifadagi tadbirkorlik sub’ektlariga quyidagi imtiyozlar va preferentsiyalar berilsin:

xaridor tomonidan investitsion va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan davlat mulki ob’ektlarini “nol” xarid qiymatida sotish bo'yicha o'tkaziladigan tanlov savdolari natijalariga ko'ra tanlov savdolarining boshqa ishtirokchilari bilan uning takliflari o'rtasida teng sharoitlar yuzaga kelgan hollarda bitimni tuzish bo'yicha ustuvorlik huquqi;

davlat mulki ob’ekti uchun ijara to'lovini ushbu ob’ektga nisbatan
eng kam ijara to'lovi stavkasining 50 foizi miqdorida belgilash.

O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat soliq qo'mitasi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu bandda nazarda tutilgan imtiyoz va preferentsiyalarni qo'llash tartibini ishlab chiqsin va O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan kelishgan holda o'rnatilgan tartibda tasdiqlasin.

2. Tijorat banklariga 1-ilovada ko'rsatilgan alohida toifadagi tadbirkorlik sub’ektlariga:

aylanma mablag'ini to'ldirish uchun – uch oylik imtiyozli davr bilan
18 oygacha muddatga;

asbob-uskunalar va sarflash materiallari xarid qilish uchun – olti oylik imtiyozli davr bilan 3 yil muddatga kreditlar ajratish tavsiya etilsin.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo'llab-quvvatlash davlat jamg'armasi ushbu bandda nazarda tutilgan kreditlar bo'yicha foizlarni to'lash uchun kompensatsiya hamda majburiyatlar ta'minoti yuzasidan kafillik berishni ta'minlasin.

3. Shunday tartib o'rnatilsinki, unga ko'ra 2018 yil 1 avgustdan boshlab shtatdagi xodimlarining 50 foizi nogironligi bo'lgan shaxslardan tashkil topgan nogironligi bo'lgan shaxslarning jamoat birlashmalari korxonalari jami xodimlarining mehnatiga haq to'lash fondi uchun yagona ijtimoiy to'lov stavkasi 4,7 foiz miqdorda belgilanadi va yagona ijtimoiy to'lov summasi o'rnatilgan tartibda taqsimlanadi.

4. O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda ilg'or xorijiy tajriba va milliy amaliyotni chuqur o'rganish asosida ijtimoiy tadbirkorlik sub’ektlarini aniqlashning tartibi va mezonlarini, ularning huquqlari, majburiyatlari va faoliyati erkinligi kafolatlarini nazarda tutuvchi tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

5. O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi:

O'zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi manfaatdor nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birgalikda uch oy muddatda nogironligi bo'lgan shaxslarning erkin foydalanishi uchun barcha texnik va tibbiy-ijtimoiy imkoniyatlarni inobatga olgan holda homiylar va homiylik oluvchilarni bog'laydigan, eng avvalo, homiylar yordamiga va qo'llab-quvvatlashiga o'ta muhtoj kishilar haqidagi maqolalar hamda ma'lumotlar joylashtiriladigan maxsus veb-portal yaratish to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;

O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va boshqa manfaatdor nodavlat notijorat tashkilotlar bilan birgalikda nogironligi bo'lgan shaxslarni ishga qabul qilishda berilgan imtiyoz va preferentsiyalar to'g'risida, shuningdek, nogironligi bo'yicha hech qanday kamsitishga yo'l qo'ymaslik, nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishdagi teng sharoitlar yaratish va ularni buzganlik uchun javobgarlik muqarrarligi haqida keng tushuntirish ishlarini amalga oshirsin.

6. O'zbekiston nogironlar jamiyati, O'zbekiston ko'zi ojizlar jamiyati, O'zbekiston karlar jamiyati (keyingi o'rinlarda jamoat birlashmalari deb yuritiladi)ning ularning korxonalari tasarrufidagi ishlab chiqarish ob’ektlaridan samarali foydalanilishi va ularga biriktirilgan er maydonlaridan oqilona foydalanishni kompleks o'rganish bo'yicha takliflari qabul qilinsin.

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

bir hafta muddatda respublikaning har bir hududi kesimida 2-ilovaga muvofiq jamoat birlashmalarining korxonalariga tegishli ishlab chiqarish ob’ektlari va er maydonlaridan samarali foydalanishni kompleks o'rganish bo'yicha ishchi guruhlar tashkil etsin;

bir hafta muddatda jamoat birlashmalarining korxonalariga tegishli ishlab chiqarish ob’ektlari va er maydonlaridan samarali foydalanishni o'rganish jadvalini ularning har bir tuman (shahar) dagi soni hamda ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatidan kelib chiqqan holda tasdiqlasin;

2018 yil 1 avgustga qadar ishchi guruhlar tomonidan jamoat birlashmalarining korxonalariga tegishli ishlab chiqarish ob’ektlari va er maydonlaridan samarali foydalanishni o'rganilishini hamda ular tomonidan zaruratga ko'ra aniqlangan muammolarni hal etish choralari ko'rilishini ta'minlasin;

2018 yil 1 sentyabrga qadar o'rganishlar natijasi bo'yicha jamoat birlashmalarining korxonalariga tegishli ishlab chiqarish ob’ektlari holatini yaxshilash va ularga biriktirilgan er maydonlaridan oqilona foydalanish bo'yicha aniq chora-tadbirlardan iborat “Yo'l xaritasi”ni tasdiqlash uchun O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

7. O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi O'zbekiston Milliy axborot agentligi, O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun hamda mohiyati keng yoritilishini va aholi hamda tadbirkorlik sub’ektlariga etkazilishini ta'minlasin.

8. O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o'zgartish va qo'shimchalar to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O'zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov va O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o'rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.




O'zbekiston Respublikasi Prezidenti                                Sh.MIRZIYoEV

Toshkent shahri, 
2018 yil 11 iyun