22.12.2024, Yakshanba

2018/2019 o'quv yilida O'zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilish to'g'risida

2018/2019 o'quv yilida O'zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilish to'g'risida
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va sohalarida ehtiyoj yuqori bo'lgan mutaxassisliklar bo'yicha yuqori malakali mutaxassislarni sifatli tayyorlashni ta'minlash, bakalavr va magistrlarni tayyorlashda ish beruvchilarning joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini inobatga olgan holda son va ta'lim yo'nalishlari uyg'unligiga erishish, oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilari mehnatidan tarmoq, hududiy va maqsadli loyihalar portfellarini inobatga olgan holda foydalanishni yaxshilash maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini Faol tadbirkorlik, innovatsion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturiga muvofiq:

1. Ma'lumot uchun qabul qilinsinki, O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda davlat hamda xo'jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar ishtirokida:

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 23 iyundagi “Respublika oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilish parametrlarini shakllantirish mexanizmini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ–2360-sonli qaroriga muvofiq oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilish va ish beruvchilarning oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilariga bo'lgan talabi parametrlarining balans hisob-kitobi ishlab chiqildi;

aniq yo'nalish va mutaxassisliklar bo'yicha tayyorgarlikka ega bo'lgan oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilariga nisbatan istiqbolga mo'ljallangan talab-ehtiyoj, shuningdek, bitiruvchilarning tanlangan mutaxassislik bo'yicha ishga joylashuvi monitoringi ma'lumotlari asosida 2018/2019 o'quv yili uchun oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilish kvotalari shakllantirildi.

2. 2018/2019 o'quv yilida O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilish bo'yicha umumiy kvota:

1-ilovaga muvofiq bakalavrlar uchun 69 200 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo'yicha – 17 654 nafar va to'lov-kontrakt asosida – 51 546 nafar;

2-ilovaga muvofiq magistrlar uchun 5 903 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo'yicha – 1 552 nafar va to'lov-kontrakt asosida – 4 351nafar;

3-ilovaga muvofiq maxsus sirtqi bo'limlarda bakalavrlar uchun 11 765 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo'yicha – 15 nafar va to'lov-kontrakt asosida – 11 750 nafar etib belgilansin.

3. 2018/2019 o'quv yilida qabul qilish kvotalari:

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Buxoro filiali uchun – O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ–3702-sonli qarori bilan;

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti uchun – O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi “Samarqand veterinariya meditsinasi institutini tashkil etish to'g'risida”gi PQ–3703-sonli qarori bilan;

Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filiali, Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali va Toshkent davlat agrar universitetining Andijon filiali uchun – O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi “Toshkent davlat agrar universitetida oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ–3704-sonli qarori bilan;

O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti uchun – O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 maydagi “O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish to'g'risida”gi PQ–3737-sonli qarori bilan tasdiqlanganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.

4. O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Sog'liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Moliya vazirligining 2018/2019 o'quv yilida Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari buyurtmalariga binoan yuqori malakali tibbiyot kadrlariga o'tkir talab mavjud bo'lgan hududlar uchun maqsadli qabul bo'yicha kvotalarni O'zbekiston Respublikasining tibbiyot oliy ta'lim muassasalariga davlat grantlari asosida bakalavriat yo'nalishi bo'yicha mutaxassislar tayyorlashning umumiy belgilangan parametrlari doirasida ajratish bo'yicha taklifi 4-ilovaga muvofiq qabul qilinsin.

5. Belgilansinki, 2018/2019 o'quv yilidan boshlab oliy ta'lim muassasalarida “Maktabgacha ta'lim” bakalavriat ta'lim yo'nalishi bo'yicha kadrlar tayyorlash o'qish muddati 3 yil bo'lgan bakalavriat ta'lim dasturlari doirasida amalga oshiriladi.

O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi Maktabgacha ta'lim vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2018/2019 o'quv yilidan boshlab oliy ta'lim muassasalarida o'quv jarayonini to'laqonli tashkil etish uchun “Maktabgacha ta'lim” bakalavriat ta'lim yo'nalishining malakaviy talablari, o'quv rejalari hamda dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

6. O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Farg'ona viloyati hokimligining 2018/2019 o'quv yilidan boshlab Toshkent tibbiyot akademiyasining Farg'ona filialiga o'qishga qabul qilishni qaytadan tiklash haqidagi taklifiga rozilik berilsin.

O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi va Farg'ona viloyati hokimligi 2018 yil 1 iyulgacha Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg'ona filialining o'quv binolari, laboratoriyalari va talabalar turar joylarini yangi 2018/2019 o'quv yiliga tayyorlash bo'yicha qurilish-ta'mirlash ishlarini yakunlasin, shuningdek, ularni zarur uskunalar bilan jihozlasin.

7. O'zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilish bo'yicha Davlat komissiyasi (keyingi o'rinlarda Davlat komissiyasi deb ataladi) tarkibi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Davlat komissiyasiga quyidagi huquqlar berilsin:

bakalavriat ta'lim yunalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo'yicha oliy ta'lim muassasalariga o'qishga kirish chog'ida abiturientlar to'plagan ballarning reyting bahosini hisobga olgan holda oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat va magistraturasiga qabul qilish parametrlariga o'zgartirishlar kiritish;

yangi yo'nalishlar va mutaxassisliklarni kiritish uchun bakalavriat
hamda magistraturaning qabul kvotalariga o'zgartirishlar kiritish;

iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning, shu jumladan, respublikaning olis va borish qiyin bo'lgan tumanlarining mutaxassislarga bo'lgan o'rinli ehtiyojlarini qondirish uchun oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat va magistraturasiga tegishli tarmoqlar va hududlar bo'yicha maqsadli qabul ko'rsatkichlarini belgilash.

8. Tasarrufida oliy ta'lim muassasalari bo'lgan vazirlik va idoralar O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda uch hafta muddatda tasarrufidagi oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat va magistratura bo'yicha davlat granti hamda to'lov-kontrakt asosida o'rinlar kvotasini ta'lim tillariga qarab taqsimlashga oid takliflarni Davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

9. O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi:

“O'zstandart” agentligi va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda bir oy muddatda yangi kiritilayotgan bakalavriat ta'lim yo'nalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari yuzasidan Oliy ta'lim yo'nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga belgilangan tartibda o'zgartish va qo'shimchalar kiritsin;

ikki oy muddatda yangi kiritilayotgan bakalavriat ta'lim yo'nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo'yicha malakaviy talablar, o'quv rejalari hamda dasturlar ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda respublika oliy ta'lim muassasalari reytingini har yili aniqlash milliy tizimini reytingning ustuvor ko'rsatkichlarini belgilashda kadrlarga asosiy buyurtmachilarning – vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning talablariga alohida e’tibor qaratgan holda takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlasin va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi tasarrufida oliy ta'lim muassasalari bo'lgan vazirlik va idoralar hamda kadrlarning asosiy buyurtmachilari bilan birgalikda oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat ta'lim yo'nalishlarini 5 yilda bir marta attestatsiyadan o'tkazsin va natijalari bo'yicha ushbu bakalavriat ta'lim yo'nalishi bo'yicha belgilangan talablarga javob bermaydigan mutaxassislik kafedrasining faoliyatini tugatish haqida takliflar kiritsin.

11. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2018/2019 o'quv yilida davlat grantlari asosida bakalavriat va magistraturaga o'qishga qabul qilish bo'yicha belgilangan kvotalarni hisobga olgan holda O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan zarur mablag'lar ajratilishini ta'minlasin.

12. O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi tasarrufida oliy ta'lim muassasalari bo'lgan vazirlik va idoralar, Moliya vazirligi bilan birgalikda 2018 yil 1 iyulgacha o'qitishga sarflanadigan jami xarajatlardan kelib chiqqan holda qiymat miqdorini aniqlashni nazarda tutadigan, oliy ta'lim muassasalarida talabalarni to'lov-kontrakt asosida o'qitish qiymatini aniqlash mexanizmini takomillashtirish yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi tasarrufida oliy ta'lim muassasalari bo'lgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda oliy ta'lim muassasalarining sirtqi va kechki bo'limlariga qabul kvotalari yuzasidan, salohiyatli iste’molchilar talablarini hisobga olgan holda, Davlat komissiyasiga ehtiyoj yuqori bo'lgan bakalavriat ta'lim yo'nalishlari kesimida asoslangan takliflar kiritsin.

Belgilansinki:

oliy ta'lim muassasalarining sirtqi va kechki ta'lim bo'limlariga umumiy qabul kvota respublika oliy ta'lim muassasalari bakalavriatiga 2018/2019 o'quv yili uchun tasdiqlangan umumiy qabul kvotasining 30 foizigacha bo'lgan miqdorida belgilanadi;

oliy ta'lim muassasalarining sirtqi va kechki ta'lim bo'limlarida o'qitish to'lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;

oliy ta'lim muassasalarining sirtqi va kechki ta'lim bo'limlarida o'qitish qiymati tegishli bakalavriat ta'lim yo'nalishi bo'yicha kunduzgi o'qitish shakli qiymatidan kam bo'lmagan miqdorida belgilanadi.

14. O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi
kadrlar buyurtmachilari bilan birgalikda har yili yangi o'quv yili boshlanguniga qadar bakalavriat ta'lim yo'nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining o'quv rejalari hamda dasturlarini mehnat bozori kon’yunkturasining tez o'zgaruvchan sharoitida yuqori malakali kadrlarning amaliy tayyorgarligini ta'minlaydigan zamonaviy fanlar kiritgan, ishlab chiqarish va real iqtisodiyot tarmoqlarida innovatsion hamda ilm-fanga asoslangan texnologiyalarni tatbiq qilishni hisobga olgan holda qayta ko'rib chiqsin.

15. O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot markazi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda 2018/2019 o'quv yilidan boshlab respublika oliy ta'lim muassasalari ta'lim jarayoniga xorijiy etakchi olimlar, mutaxassis-amaliyotchilar va yuqori malakali o'qituvchilarni tegishli bakalavriat ta'lim yo'nalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari bo'yicha dars mashg'ulotlarini o'tkazishga jalb etish choralarini ko'rsin.

16. O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, tasarrufida oliy ta'lim muassasalari bo'lgan vazirlik va idoralar Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 yanvargacha:

kadrlar buyurtmachilari ro'yxati va 2018/2019 o'quv yilida bakalavriat ta'lim yo'nalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari bo'yicha o'qishga qabul qilingan va o'zi tomonidan taqsimlangan talabalar sonini;

2018/2019 o'quv yilida bakalavriat ta'lim yo'nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo'yicha o'qishga qabul qilingan talabalarning amaliyot o'tash ob’ektlari ro'yxatini Davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

17. O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, tasarrufida oliy ta'lim muassasalari bo'lgan vazirlik va idoralar hay’atlari amaliyotiga:

oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilarining mehnat faoliyati davomida ularning bilim va ko'nikmalarida kuzatilgan kamchiliklarni ish beruvchilar ishtirokida har chorakda kamida bir marta muhokama qilish;

har yil yakuni bo'yicha, lekin keyingi yilning fevral oyidan kechiktirmasdan, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ta'lim, sog'liqni saqlash, jismoniy tarbiya, sport va turizm masalalari kompleksiga tayyorlanayotgan kadrlar malakasidagi kamchiliklar to'g'risidagi umumlashtirilgan tahliliy axborot, shuningdek, ularni bartaraf etish bo'yicha tavsiya va takliflar taqdim etish kiritilsin.

Ushbu band ijrosining nazorati O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi “Oliy ma'lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ–3151-sonli qaroriga muvofiq oliy ta'lim muassasalari biriktirilgan Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbarlari, vazirliklar va idoralar rahbarlari zimmasiga yuklatilsin.

18. O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o'zgartirish va qo'shimchalar to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

19. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S.Qosimov zimmasiga yuklansin.


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti                         Sh.Mirziyoev

Toshkent shahri, 2018 yil 4 iyun