17:39:56
30.12.2024, Dushanba

Imtiyozlar va preferensiyalar berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

Mamlakatni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida iqtisodiyotni erkinlashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, chet el investitsiyalarini faol jalb qilish, tovarlar (ishlar va xizmatlar)dan erkin foydalanishni ta’minlash hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning barcha toifalari uchun teng raqobat sharoitlariga ega bo‘lgan yagona iqtisodiy makonni shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Shu bilan birga, ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarga imtiyozlar, preferensiyalar va eksklyuziv huquqlar berish yuzasidan shakllangan amaliyot quyidagilar kabi qator jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda: 

birinchidan, muayyan tarmoq yoki hududdagi alohida tashkilotlarga imtiyozlar, preferensiyalar va eksklyuziv huquqlar aniq mezonlarsiz hamda ularni asoslovchi shaffof mexanizmlarsiz tanlab berilishi oqibatida mazkur tashkilotlar uchun asossiz ustuvor shart-sharoitlar yaratilmoqda; 

ikkinchidan, ko‘plab xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan davlat boshqaruvi funksiyalari qo‘shib amalga oshirilmoqda, bu esa bozorda imtiyozli maqomga ega bo‘lish uchun ma’muriy resurslardan foydalanishga va insofli raqobat prinsiplari buzilishiga olib kelmoqda; 

uchinchidan, individual imtiyozlar va preferensiyalardan foydalanuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarda boqimandalik kayfiyati shakllanmoqda, bunday subyektlarning tashabbuskorligi yo‘q va ishchanlik faolligi past, shuningdek, ular ishlab chiqargan mahsulotlar raqobatbardosh emas; 

to‘rtinchidan, berilayotgan imtiyozlar va preferensiyalarning samaradorligini, jumladan ularning muayyan tarmoqlar, hududlar va umuman mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishiga amaliy ta’sirini baholashda tizimlilik mavjud emas. 

Bozorda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va biznes yuritish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, faol tadbirkorlik rivojlanishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, insofli raqobat prinsiplari amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining vazifalariga muvofiq: 

1. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, O‘zbekiston Respublikasining soliq tizimini isloh qilish doirasida: 

sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash uchun individual soliq va bojxona imtiyozlari berish amaliyotini maksimal darajada cheklash, imtiyozlar va preferensiyalar berish, ularning iqtisodiy jihatdan asosliligi hamda samaradorligini baholash tizimini, shuningdek, ulardan foydalanishni monitoring qilish mexanizmlarini takomillashtirish; 

soliq va bojxona imtiyozlarini faqat aniq maqsadda berish tartibini ishlab chiqish hamda tasdiqlash, ularni qo‘llash samaradorligini monitoring qilish va baholash tizimini joriy etish, samarasiz foydalanilgan imtiyoz summalarini byudjetga majburiy qaytarish mexanizmlarini mustahkamlash nazarda tutilmoqda. 

2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra: 

soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar (keyingi o‘rinlarda imtiyozlar deb yuritiladi) qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan umuman tarmoqlar, faoliyat sohalari, hududlar uchun beriladi, shuningdek, aniq maqsadga ega bo‘lishi hamda aniq ijtimoiy, iqtisodiy va moliyaviy natijalarga erishishni ta’minlashi zarur; 

vaqtinchalik imtiyozlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga beriladi, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno; 

individual imtiyozlar, alohida hollarda, xususiy sektor investitsiya kiritishdan manfaatdor bo‘lmagan tarmoqlarda ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun, aniq ijtimoiy yoki iqtisodiy asoslar mavjud bo‘lganda yoxud O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan beriladi; 

imtiyozlar berishga, bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar qo‘llagan holda O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan (import qilinadigan) tovarlar ro‘yxatlarini tasdiqlashga doir hukumat va idoraviy qarorlarni qabul qilish taqiqlanadi; 

bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar qo‘llagan holda O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan (import qilinadigan) tovarlar ro‘yxatlari va ularga tuzatishlar, imtiyozlar berish to‘g‘risida qonun yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjati mavjud bo‘lgan taqdirdagina, imtiyoz berilgan tashkilot tomonidan shakllantiriladi, shuningdek, ularning kompleks ekspertizasini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi "Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” davlat unitar korxonasiga kiritiladi; 

bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar qo‘llagan holda O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan (import qilinadigan) tovarlar ro‘yxatining kompleks ekspertizasi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi "Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” davlat unitar korxonasining ijobiy xulosasi olingan taqdirda, tashkilot ro‘yxatda ko‘rsatilgan tovarlarni belgilangan tartibda import qilish huquqiga ega; 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi berilgan imtiyozlarni muddatidan oldin tugatish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga asoslantirilgan takliflar kiritish huquqiga ega. 

3. Belgilab qo‘yilsinki: 

a) imtiyozlar berishni nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligida majburiy tartibda ekspertizadan o‘tkazilishi shart. Bunda ushbu loyihalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan amalga oshiriladigan ekspertizalarning boshqa turlari bir vaqtda o‘tkaziladi; 

b) ekspertizadan o‘tkazish uchun taqdim etilayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihasiga so‘ralayotgan imtiyozlar bo‘yicha asoslantirish va tegishli hisob-kitoblar majburiy tartibda ilova qilinadi, ularda loyihaning maqsadi, amalga oshirish muddati, kiritilayotgan investitsiya va eksport hajmi, yangidan tashkil etiladigan ish o‘rinlari soni, yaratilayotgan yoki joriy etilayotgan innovatsion mahsulot, texnologik yangiliklar, progressiv ilmiy izlanishlarning aniq natijalari, ishlab chiqarish, ishlar (xizmatlar, soliq tushumlari, imtiyozlarning hisoblangan summasi va boshqalar) hajmining o‘sishi ko‘rsatiladi. Ushbu hujjatlar, jumladan, quyidagilarni: 

mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan istiqbolli rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda, imtiyozlar va preferensiyalarning alohida tarmoqlar, faoliyat sohalari va hududlarga ta’sirini; 

berilayotgan imtiyozlar va preferensiyalarning byudjet va jamiyat uchun samaradorligini; 

ularning raqobat muhitiga va tadbirkorlik faoliyatiga ta’sirini baholash nuqtai nazaridan ko‘rib chiqiladi. 

4. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining so‘rovlariga ko‘ra tegishli ekspertiza o‘tkazish uchun zarur ma’lumotlarni taqdim etsin. 

5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda imtiyozlarning samaradorligini, imtiyozlar summasining kutilayotgan natijalarga va qabul qilingan majburiyatlarga muvofiqligini, berilgan imtiyozlarning O‘zbekiston Respublikasidagi, ayrim tarmoq va mintaqalardagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga hamda raqobat muhitiga ta’siri darajasini tizimli ravishda monitoring qilish va baholash tartibini tasdiqlasin. 

6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi: 

ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidagi yo‘qotishni aniq baholashni nazarda tutadigan, berilayotgan imtiyozlarni hisobga olish tizimini joriy etsin; 

navbatdagi moliya yiliga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlarida berilgan imtiyozlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidagi yo‘qotishning umumiy summasini alohida qatorda ko‘rsatib borsin. 

7. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda: 

ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin; 

o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsin. 

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori Sh.M.Sadikov zimmasiga yuklansin. 





O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                        Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018-yil 31-may