O'zbekiston Respublikasi aholisiga nefrologiya va gemodializ yordami ko'rsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining
q a r o r i
Keyingi yillarda mamlakatda nefrologik kasalliklarga chalingan shaxslarga tibbiy yordam ko'rsatish tizimini sifat jihatidan yaxshilash choralari ko'rilmoqda.
Bir qator respublika va barcha viloyat tibbiyot muassasalarida bemorlar umrining ancha uzayishini va ularning turmush sifati oshishini ta'minlaydigan gemodializ bo'linmalari faoliyat ko'rsatmoqda.
Shu bilan birga, mavjud ahvolning tahlili gemodializ yordamiga muhtoj bo'lgan bemorlarga to'liq tibbiy xizmat ko'rsatishga to'sqinlik qilayotgan bir qancha echimini kutayotgan muammolar mavjudligini ko'rsatdi. Xususan:
birinchidan, tibbiyot muassasalarida gemodializ olish uchun o'rinlarning umumiy soni real ehtiyojdan bir necha baravar kam, gemodializ bo'linmalarining yarmidan ortig'i moslashtirilmagan xonalarda joylashgan, ko'pgina gemodializ mashinalarining belgilangan foydalanish muddati o'tib ketgan;
ikkinchidan, aholiga yuqori malakali nefrologiya va gemodializ yordami ko'rsatish, shuningdek, buyraklarni transplantatsiya qilish bo'yicha mintaqaviy bo'linmalarga ega bo'lgan ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazini tashkil etishga ehtiyoj mavjud;
uchinchidan, terminal va o'tkir buyrak etishmovchiligiga duchor bo'lgan bemorlarni davolashning yagona standartlari va protokollari joriy etilmagan, shuningdek, nefrologik kasalliklarning barvaqt oldini olish, ularga o'z vaqtida tashxis qo'yishning samarali tizimi, bemorlarni tanlash va gemodializga yuborish tartib-taomillari yo'lga qo'yilmagan;
to'rtinchidan, nefrolog mutaxassislar, gemodializ shifokorlar va gemodializ bo'linmalarining boshqa tibbiyot xodimlarini tayyorlash bo'yicha yagona dastur mavjud emasligi sababli shifokor-nefrologlar va gemodializ bo'yicha mutaxassislar keskin etishmayapti;
beshinchidan, nefrologik kasalliklarni davolashning zamonaviy tibbiy infratuzilmasini yaratish va ushbu sohada to'planib qolgan muammolarni hal etishda davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlaridan foydalanilmayapti;
oltinchidan, gemodializ tibbiyot uskunalari va sarflash materiallarini olib kirish va sotib olishni ro'yxatdan o'tkazish, sertifikatlash va ruxsatnoma olishning murakkab va shaffof bo'lmagan tartib-taomillari amal qilmoqda, bu bozorga kirishni va ularni ishlab chiqaruvchilar o'rtasidagi raqobatni cheklamoqda.
Mavjud muammolarni tezkorlik bilan hal etish va kamchiliklarga barham berish, shuningdek, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirishni ta'minlash va nefrologik kasalliklardan azob chekayotgan shaxslarga tibbiy yordam ko'rsatish tizimini sifat jihatidan yaxshilash maqsadida:
1. O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligining aholiga nefrologik va gemodializ yordami ko'rsatish bo'yicha faoliyati qoniqarsiz, deb topilsin.
2. Quyidagilar O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi va uning hududiy bo'linmalarining aholiga nefrologik va gemodializ yordami ko'rsatishni yanada oshirish sohasidagi asosiy vazifalari va faoliyat yo'nalishlari etib belgilansin:
birlamchi tibbiyot-sanitariya yordami muassasalarida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, oliy tibbiyot ta'lim muassasalari klinikalari, respublika ko'p tarmoqli shifoxonalarining etakchi mutaxassislari ishtirokida tizimli ravishda aholi tibbiy ko'rikdan o'tkazilishini tashkil etish;
profilaktika qilish, tashxis qo'yish va davolashning zamonaviy hamda samarali usullarini joriy etish yo'li bilan sog'liqni saqlash tizimining viloyat va tuman darajalarida aholiga ixtisoslashtirilgan, yuqori texnologik nefrologik tibbiy yordam ko'rsatish sifatini oshirish;
buyrak patologiyasining barvaqt oldini olish, ularni o'z vaqtida aniqlash, mavjud bemorlarni davolash va reabilitatsiya qilish bo'yicha ishlarni tashkil etuvchi integratsiyalashtirilgan tizimni sog'liqni saqlash tizimining barcha darajalarida yaratish, shuningdek, bemorlarga tashxis qo'yish, tanlash va gemodializga yuborish jarayonini xalqaro amaliyotga muvofiq qayta ko'rib chiqish va optimallashtirish yo'li bilan nefrologik kasalliklarga chalinish hamda bu kasalliklar sababli vafot etishni kamaytirish;
davolashning yuqori texnologik usullari va zamonaviy standartlaridan keng foydalangan holda gemodializ yordamga muhtoj bemorlar umrining uzayishini va ularning turmush sifati oshishini ta'minlash;
tibbiy yordam ko'rsatishning barcha bosqichlarida katta yoshdagilar va bolalarda buyrak kasalliklariga tashxis qo'yish va uni davolashning yagona zamonaviy standartlari va protokollarini joriy etish, jumladan, gemodializ seanslari uchun majburiy klinik protokollarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
nefrologik va gemodializ muassasalarini zamonaviy yuqori texnologik tashxis qo'yish va davolash tibbiyot uskunalari bilan to'liq jihozlash, ularni ehtiyot qismlar, gemodializ uchun sarflash materiallari bilan uzluksiz ta'minlash va tegishli qurilish-ta'mirlash ishlarini amalga oshirish yo'li bilan nefrologiya va gemodializ muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
nefrologik kasalliklarning barvaqt oldini olish, ularni o'z vaqtida aniqlash va davolash bo'yicha kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning samarali tizimini yaratish;
aholiga nefrologik va gemodializ yordami ko'rsatish sohasida xususiy sektorni va davlat-xususiy sheriklikni jadal rivojlantirish.
3. Aholiga ixtisoslashtirilgan nefrologik va gemodializ tibbiy yordam ko'rsatish samaradorligini oshirish bo'yicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi o'rinlarda Chora-tadbirlar dasturi deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlik va idoralar rahbarlari Chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning o'z vaqtida, to'liq va sifatli amalga oshirilishi uchun shaxsan mas’ul ekanligi belgilab qo'yilsin.
4. Chora-tadbirlar dasturi amalga oshiriladigan muddatga 2-ilovaga muvofiq tarkibda Aholiga ixtisoslashtirilgan nefrologik va gemodializ tibbiy yordam ko'rsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi ijrosining borishini monitoring qilish bo'yicha ishchi komissiya (keyingi o'rinlarda – Komissiya) tashkil etilsin.
Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
ushbu qaror qoidalarini amalga oshirish, qo'yilgan vazifalarni bajarishda yuzaga keladigan muammolarni va ularni keltirib chiqaradigan shart-sharoitlarni aniqlash;
nefrologiya va gemodializ xizmati faoliyati, buyrak etishmovchiligiga duchor bo'lgan bemorlarga yuqori malakali yordam ko'rsatish bo'yicha tibbiyot xodimlariga yuklangan vazifalar bajarilishining samaradorligi ustidan tizimli nazorat olib borish;
surunkali buyrak kasalligiga chalingan bemorlarga tashxis qo'yish
va ularni davolashning ishlab chiqilgan standartlari asosida nefrologiya va gemodializ yordami ko'rsatuvchi tibbiyot muassasalari tomonidan vazifalar bajarilishi jarayonini, jumladan, joylarga borib o'rganish;
amalga oshirilgan tadbirlar materiallarini, Komissiya qarorlarini aniqlangan kamchiliklarni va tibbiyot muassasalari faoliyatidagi muammolarni bartaraf etish bo'yicha tegishli choralar ko'rish uchun Vazirlar Mahkamasiga, prokuratura organlariga va boshqa organlarga yuborish;
nefrologiya va gemodializ yordami ko'rsatuvchi tibbiyot muassasalari faoliyatidagi tizimli kamchiliklar va huquqbuzarliklarni aniqlash hamda bartaraf etish, bunday yordam ko'rsatishning tashkiliy tizimini yanada takomillashtirish bo'yicha takliflar ishlab chiqish.
5. O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligining:
Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazini tashkil etishni;
yangi tashkil etilayotgan Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi negizida Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida “Nefrologiya, gemodializ va buyrak transplantatsiyasi” kafedrasini tashkil etishni;
2019/2020 o'quv yilidan boshlab magistratura va klinik ordinaturaning “nefrologiya” va “bolalar nefrologiyasi” mutaxassisliklari bo'yicha yangi yo'nalishlarini ochishni nazarda tutuvchi takliflari qabul qilinsin.
Belgilab qo'yilsinki:
Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasining huquqiy vorisi hisoblanadi;
O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi tibbiyot tashkilotlarining nefrologiya va gemodializ bo'linmalari Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining mintaqaviy tashkiliy-metodik bo'linmalari hisoblanadi.
6. O'zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi uch oy muddatda Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazini joylashtirish uchun Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasi binosini rekonstruktsiya qilish bo'yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishini ta'minlasin.
7. “Sog'lom avlod uchun” fondi va keng jamoatchilikning surunkali buyrak etishmovchiligi bilan kasallangan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, gemodializ xizmati faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadida “O'zbekiston dializ jamiyati” nodavlat notijorat tashkilotini tashkil etish to'g'risidagi taklifi qo'llab-quvvatlansin.
O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “O'zbekiston dializ jamiyati” nodavlat notijorat tashkilotini ro'yxatdan o'tkazishda ko'maklashsin.
8. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi “Yo'l xaritasi” tasdiqlanishini ta'minlasin:
dasturiy gemodializ ko'rsatish sohasida davlat-xususiy sheriklik
va autsorsingni joriy etish, shuningdek, xususiy sektorni rivojlantirish bo'yicha amaliy harakatlar;
davlat-xususiy sheriklik asosida gemodializ xizmatlari ko'rsatuvchi tibbiyot muassasalarini qurish, jihozlash va ulardan foydalanish bo'yicha ishlab chiqilgan takliflarni joriy etish;
gemodializ apparatlari va sarflash materiallari etkazib berishga zarur ruxsatnomalar berishning, xususiy tibbiyot tashkilotlari tomonidan gemodializ xizmatlari ko'rsatishning amaldagi tizimini tubdan soddalashtirish bo'yicha zarur choralar ko'rish;
gemodializ xizmatlari ko'rsatish tartibini, uni amalga oshirish usullarini tartibga solishni, shuningdek, ushbu sohada davlat-xususiy sheriklik shartnomalarini tuzish, ijro etish va tugatishni nazarda tutuvchi gemodializ xizmatlari ko'rsatish sohasida davlat-xususiy sheriklik to'g'risidagi vaqtinchalik nizomni ishlab chiqish va tasdiqlash.
9. O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi:
a) ikki hafta muddatda Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining tuzilmasi va ustavini hamda uning mintaqaviy bo'linmalari to'g'risidagi namunaviy nizomni tasdiqlasin;
b) uch oy muddatda:
nefrologiya va gemodializ bo'linmalarining gemodializ uskunalari parkini tanqidiy tahlil qilsin, uning yakunlari bo'yicha ularni yangilash, shuningdek, gemodializ bo'linmalari tarmog'ini kengaytirish yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
dasturiy gemodializdagi bemorlarga tibbiy yordam ko'rsatishning majburiy klinik protokollarini tasdiqlasin;
respublika va mintaqaviy tibbiyot muassasalari kesimida gemodializ olishga bemorlarning teng miqdorda biriktirilishini ta'minlasin;
respublika, viloyat va tuman (shahar) miqyosida ko'rsatiladigan tibbiy xizmatlar hajmini, mutaxassislarning funktsional vazifalarini belgilagan holda nefrologiya kabineti va bo'limini jihozlash standartlarini nazarda tutuvchi nefrologiya ixtisosligi bo'yicha tibbiy yordam ko'rsatish tartibini tasdiqlasin;
v) O'zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda surunkali buyrak etishmovchiligiga duchor bo'lgan bemorlar hisobini yuritish va ularning monitoringini olib borishning yagona elektron registri mexanizmini joriy etsin;
g) Chora-tadbirlar dasturi sifatli va o'z vaqtida amalga oshirilishi ustidan monitoring olib borilishini ta'minlasin, monitoring natijalari to'g'risida har oyda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritsin.
10. O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo'yicha davlat qo'mitasi, Iqtisodiyot vazirligi Sog'liqni saqlash vazirligi, Fanlar akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
gemodializ o'tkazish uchun sarflash materiallarini mahalliy ishlab chiqarishni tashkil etish;
tibbiyot muassasalarini jihozlash va gemodializ xizmatlari ko'rsatish sifatini oshirish bo'yicha tadbirlarni amalga oshirish uchun xayriya mablag'lari va xalqaro (xorijiy) tashkilotlarning grantlarini jalb etish yuzasidan takliflar kiritsin.
11. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
“Sog'liqni saqlash” tarmog'i bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlarining har yilgi parametrlarini shakllantirishda ushbu qaror bilan tasdiqlangan tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur mablag'larni nazarda tutsin;
davlat-xususiy sheriklik asosida standartlar va normativlar bo'yicha o'tkazilgan gemodializ xizmatlari uchun o'z vaqtida haq to'lanishini ta'minlasin;
gemodializga muhtoj bo'lgan bemorlar sonining yillik o'sishini hisobga olgan holda zarur gemodializ uskunalari, ehtiyot qismlar va sarflash materiallari Sog'liqni saqlash vazirligining asoslangan buyurtmanomalari asosida o'z vaqtida xarid qilinishi uchun byudjet mablag'lari ajratilishini ta'minlasin.
12. O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Sog'liqni saqlash vazirligi ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlar bajarilishi, shuningdek, ajratilgan mablag'lardan o'z vaqtida, oqilona va maqsadli foydalanilishi ustidan qat’iy nazorat o'rnatsin.
13. O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o'zgartish va qo'shimchalar to'g'risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
ular tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari A.A.Abduhakimov, O'zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S.Qosimov va O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o'rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYoEV
Toshkent shahri,
2018 yil 12 iyul