22.12.2024, Yakshanba

«O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida


«O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida
O'zbekiston Respublikasining Qonuni

Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 12 iyunda qabul qilingan
Senat tomonidan 2018 yil 28 iyunda ma'qullangan


1-modda. O'zbekiston Respublikasining 2004 yil 3 dekabrda qabul qilingan «O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to'g'risida»gi 712–II-sonli Qonuniga (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2005 yil, № 1, 16-modda) o'zgartish va qo'shimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlansin (ilova qilinadi).

2-modda. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo'lgan o'z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko'rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta'minlasin;
ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga etkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o'rtasida tushuntirilishini ta'minlasin.

3-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o'tgach kuchga kiradi.

O'zbekiston Respublikasining Prezidenti                        Sh. Mirziyoev

Toshkent shahri, 2018 yil 9 iyul
№ O'RQ—483

O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to'g'risida
(yangi tahriri)

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi

O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlik faoliyati sub’ektlarini birlashtiruvchi nodavlat notijorat tashkilotidir.
«O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi» nomidan faqat ushbu Qonunning qoidalariga muvofiq foydalanilishi mumkin. Boshqa tashkilotlar o'z nomlarida «savdo-sanoat palatasi», «savdo palatasi», «sanoat palatasi» degan so'z birikmalaridan hamda ular asosida tuzilgan so'z birikmalaridan foydalanishga haqli emas.

2-modda. O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to'g'risidagi qonun hujjatlari

O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to'g'risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir. 
Agar O'zbekiston Respublikasining ¬xalqaro shartnomasida O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to'g'risidagi O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo'lsa, ¬xalqaro shartnoma qoidalari qo'llaniladi.

3-modda. O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasini tashkil etish maqsadi

O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi (bundan buyon matnda Palata deb yuritiladi) tadbirkorlik tashabbusini amalga oshirish uchun qulay huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy shart-sharoitlarni ta'minlash, biznes hamjamiyati hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, boshqa organlar va tashkilotlar o'rtasida o'zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilashga har tomonlama ko'maklashish, tadbirkorlik sub’ektlarining tashqi iqtisodiy faoliyatini barcha choralar bilan qo'llab-quvvatlash maqsadida tashkil etiladi.

4-modda. Palata faoliyatining asosiy printsiplari

Palata faoliyatining asosiy printsiplari qonuniylik, Palata a'zolarining teng huquqliligi, mustaqillik, ochiqlik, oshkoralik hamda tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligidan iboratdir.

5-modda. Palataning vazifalari

Palataning vazifalari quyidagilardan iborat:
tadbirkorlik sub’ektlarini qo'llab-quvvatlash, ayniqsa, o'z faoliyatini yo'lga qo'yishi davrida qo'llab-quvvatlash tizimini shakllantirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, xususiy mulk va tadbirkorlikning rivojlanishiga, ularning ustuvorlik rolini, shuningdek daxlsizligini ta'minlashga, mamlakat aholisini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etishga barcha choralar bilan ko'maklashish;

tadbirkorlik faoliyati to'g'risidagi qonun hujjatlari normalarini takomillashtirishga oid takliflarni ishlab chiqish, tadbirkorlik sub’ektlarining ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, ushbu sohadagi normativ-huquqiy hujjatlarning jamoatchilik ekspertizasini tashkil etish va ularning amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish jarayonlariga jalb etish;

tadbirkorlik sub’ektlariga biznesni tashkil etish, yuritish hamda rivojlantirishda yordam ko'rsatish, davlat organlari va boshqa organlarning, shuningdek bozor infratuzilmasi sub’ektlarining barcha turdagi xizmatlaridan foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish va imkoniyat berish, maslahat yordami ko'rsatish hamda axborot bilan ta'minlash;

davlat hokimiyatining barcha tarmoqlari — qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati, shuningdek bank-moliya tashkilotlari va bozor infratuzilmasining boshqa sub’ektlari bilan hamkorlikni amalga oshirish;

tadbirkorlik tuzilmalari uchun kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi sifatini oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlarini inobatga olgan holda yo'nalishlar va ixtisosliklar bo'yicha o'quv dasturlarini va ta'limni takomillashtirish;

O'zbekiston Respublikasining tadbirkorlik sub’ektlarini xalqaro ishbilarmonlik hamjamiyatiga integratsiyalash, ular mahsulotlarining tashqi bozorlarga chiqarilishini ta'minlashda ko'maklashish, milliy brendlarni xorijda ilgari surish, investitsiyalarni, shu jumladan chet el investitsiyalarini, shuningdek zamonaviy texnologiyalarni jalb etish.
Palata qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.

6-modda. Palata faoliyatining kafolatlari

Palata o'z faoliyatida davlat hokimiyati organlaridan mustaqildir. 
Davlat Palataning axborotni izlash, olish, tadqiq etish, tarqatish, undan foydalanish va uni saqlashga bo'lgan huquqini qonun hujjatlariga muvofiq ta'minlaydi. 

Qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati organlari, shuningdek bank-moliya tashkilotlari hamda bozor infratuzilmasining boshqa sub’ektlari Palataga tadbirkorlik sub’ektlarining davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorligini tashkil etishda ko'maklashadi. 
Davlat organlarining va ular mansabdor shaxslarining Palata faoliyatiga aralashishiga, xuddi shuningdek Palataning davlat organlari hamda ular mansabdor shaxslari faoliyatiga aralashishiga yo'l qo'yilmaydi. 

2-bob. Palataning funktsiyalari 

7-modda. Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilish sohasida Palataning funktsiyalari

Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilish sohasida Palata quyidagi funktsiyalarni amalga oshiradi:
tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi holatining tahlilini o'tkazadi; 
tadbirkorlik faoliyati to'g'risidagi qonun hujjatlari normalarining ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazorati amalga oshirilishini ta'minlaydi;

davlat va xo'jalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga nisbatan da'vo arizalari bergan tadbirkorlik sub’ektlarining manfaatlarini ifoda etadi;

Palata a'zolari bo'lgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatining monitoringini amalga oshiradi hamda ushbu faoliyatni tekshirishlarda ishtirok etadi.

Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilish sohasida Palata qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funktsiyalarni ham amalga oshirishi mumkin. 

8-modda. Ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash sohasida Palataning funktsiyalari

Ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash sohasida Palata quyidagi funktsiyalarni amalga oshiradi:
tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini shakllantirish bo'yicha davlat dasturlarini, shuningdek hududlarni kompleks rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;

tadbirkorlik sub’ektlarini ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yanada yaxshilash bo'yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish, tadbirkorlik tuzilmalari bilan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik ekspertizasini tashkil qilish, shu jumladan ekspert kengashlarini tuzish orqali tashkil etish jarayonlariga jalb qiladi;

tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolatlarini mustahkamlashga, ularning rivojlanishini rag'batlantirishga qaratilgan qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir takliflar tayyorlaydi;

ishbilarmonlik muhitining holati, qonun hujjatlari normalari va talablarining amalga oshirilishi natijalari tahlilini o'tkazadi, ularni yaxshilashga doir takliflarni belgilangan tartibda kiritadi.

Ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash sohasida Palata qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funktsiyalarni ham amalga oshirishi mumkin. 

9-modda. Tadbirkorlik faoliyatiga ko'maklashish sohasida Palataning funktsiyalari

Tadbirkorlik faoliyatiga ko'maklashish sohasida Palata quyidagi funktsiyalarni amalga oshiradi:
faoliyatini boshlayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini joylashtirish uchun biznes-inkubatorlar barpo etadi hamda ushbu biznes-inkubatorlarning faoliyatini tashkil etadi, ularga biznes-rejalarni tayyorlashda, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog'liq zarur axborotni olish va masalalarni hal etishda ekspert, huquqiy va maslahat yordami ko'rsatadi;
investitsiya va ishlab chiqarish jarayonlarini tashkil etish bo'yicha amaliy ko'nikmalarning tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan o'zlashtirilishida ko'maklashishni ta'minlaydi;

tadbirkorlik sub’ektlari tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotganda, ularning faoliyati tekshiruvlardan o'tkazilayotganda ularni huquqiy, shu jumladan yuridik jihatdan qo'llab-quvvatlaydi;

moliyaviy, tovar-xomashyo va tabiiy resurslardan, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridan, texnologik mashinalar va uskunalardan, ishlab chiqarish ob’ektlaridan foydalanishda, shuningdek er uchastkalarini olishda yordam ko'rsatadi;

Palata a'zolari va sheriklari ishtirokida jamoatchilik asosida qo'mitalar, ishbilarmonlik va muvofiqlashtiruvchi kengashlarni tashkil etadi;

innovatsiya tadbirkorligi joriy etilishini, «startup» loyihalar amalga oshirilishini, yoshlarning, avvalo, oliy va o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari bitiruvchilarining biznesni tashkil qilish hamda yuritishga doir tadbirkorlik tashabbuslarini, shuningdek aholi bandligining va daromadlarining o'sishini ta'minlashga ko'maklashuvchi kichik, xususiy hamda oilaviy tadbirkorlik, kasanachilikning va hunarmandchilikning turli shakllari rivojlantirilishini qo'llab-quvvatlaydi.

Tadbirkorlik faoliyatiga ko'maklashish sohasida Palata qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funktsiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.

10-modda. Davlat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar bilan hamkorlik qilish sohasida Palataning funktsiyalari

Davlat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar bilan hamkorlik qilish sohasida Palata quyidagi funktsiyalarni amalga oshiradi:

tadbirkorlik sub’ektlarining davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlik qilishini «to'g'ridan-to'g'ri va qayta aloqa» printsipi bo'yicha tashkil etishga ko'maklashadi;

jismoniy shaxslarni va tadbirkorlik sub’ektlarining vakillarini qabul qiladi hamda ularning murojaatlarini ko'rib chiqadi, shuningdek ularning hal etilishi monitoringini va tahlilini o'tkazadi;

Qoraqalpog'iston Respublikasida, viloyatlarda, Toshkent shahrida, tumanlar va shaharlarda tadbirkorlikka ko'maklashish markazlari faoliyatini tashkil etadi, ularning davlat organlari, davlat xizmatlarini ko'rsatuvchi boshqa organlar va tashkilotlar bilan hamkorlik qilishini ta'minlaydi.

Davlat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar bilan hamkorlik qilish sohasida Palata qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funktsiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.

11-modda. Tadbirkorlik sub’ektlarini o'qitish va kadrlarni tayyorlash sohasida Palataning funktsiyalari

Tadbirkorlik sub’ektlarini o'qitish va kadrlarni tayyorlash sohasida Palata quyidagi funktsiyalarni amalga oshiradi:
O'zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko'maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasi bilan Respublika tadbirkorlik faoliyati asoslarini o'qitish markazi hamda uning hududiy filiallari faoliyati doirasida hamkorlik qilinishini tashkil etadi;

Respublika tadbirkorlik faoliyati asoslarini o'qitish markazi faoliyatining yo'nalishlari bo'yicha xalqaro moliya institutlari, chet ellik donorlar va xorijiy mamlakatlardagi tadbirkorlik sub’ektlari vakillari o'qitiladigan shunday markazlari bilan hamkorlikni amalga oshiradi;

tadbirkorlik sub’ektlari uchun o'quv kurslarini ishlab chiqadi hamda o'tkazadi, bunda ushbu sub’ektlarning biznes yuritish, biznes-rejalar tuzish, tadbirkorlik faoliyati sohasida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, menejment, moliyaviy boshqaruv asoslari va boshqa zarur fanlar bo'yicha o'qitishni tashkil etadi;

tadbirkorlik tuzilmalari uchun kadrlarni tanlash va o'qitishda, ularning kasbiy malakasini doimiy ravishda oshirishda tadbirkorlik sub’ektlariga yordam ko'rsatadi, aniq hududlarda va tadbirkorlik sohalarida malakali kadrlarga bo'lgan ehtiyojlardan kelib chiqqan holda, o'rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta'lim muassasalarida mutaxassislar tayyorlash uchun davlat buyurtmasini shakllantirishda ishtirok etadi;

o'qitishni tashkil etish uchun oliy ta'lim muassasalarining, kasb-hunar kollejlarining o'qituvchilarini, amaliyotchi-mutaxassislarni, muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlarni va chet ellik mutaxassislarni jalb etishni amalga oshiradi.

Tadbirkorlik sub’ektlarini o'qitish va kadrlarni tayyorlash sohasida Palata qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funktsiyalarni ham amalga oshirishi mumkin. 

12-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat va chet el investitsiyalarini jalb etish sohasida Palataning funktsiyalari

Tashqi iqtisodiy faoliyat va chet el investitsiyalarini jalb etish sohasida Palata quyidagi funktsiyalarni amalga oshiradi:
biznes-anjumanlar, ko'rgazmalar va yarmarkalar tashkil etadi hamda o'tkazadi, ularda mahalliy tadbirkorlik sub’ektlarining ishtirok etishini ta'minlaydi;

tadbirkorlik sub’ektlariga sheriklarni, yangi bozorlarni izlashda va o'zlari ishlab chiqargan mahsulotni tashqi bozorlarga olib chiqishda, eksport turlarini kengaytirish va tadbirkorlik sub’ektlarining eksport salohiyatini oshirishda, shuningdek ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ko'maklashadi;

tashkil etilgan kichik sanoat va erkin iqtisodiy zonalarda zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish, ichki hamda tashqi bozorlarda talab yuqori bo'lgan, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish bo'yicha loyihalarni amalga oshirish doirasida tadbirkorlik sub’ektlarini, shu jumladan chet ellik investorlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlaydi;

mazkur sohadagi vazifalarni amalga oshirish uchun O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek Palataning xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalari bilan hamkorlikni ta'minlaydi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat va chet el investitsiyalarini jalb etish sohasida Palata qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funktsiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.

3-bob. Palataning davlat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar bilan hamkorligi. Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirishlarda Palataning ishtirok etishi

13-modda. Palataning davlat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar bilan hamkorligi

Davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari Palataga o'z vazifalari va funktsiyalarini amalga oshirishida har tomonlama ko'maklashadi.

Palata huquqni muhofaza qiluvchi, nazorat qiluvchi organlar, boshqa davlat organlari va jamoat birlashmalari bilan birgalikda tadbirkorlarning huquqbuzarliklari profilaktikasida ishtirok etadi, ularning oldini olish choralarini ko'radi. 

Palata o'z funktsiyalarini amalga oshirish maqsadida davlat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar bilan hamkorlik to'g'risida bitimlar tuzishga haqli. 

Palata vakillari davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar huzurida tuziladigan jamoatchilik maslahat kengashlari tarkibiga kiritiladi.

14-modda. Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirishlarni kelishib olish va o'tkazishda Palataning ishtirok etishi

Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun Palata:
ularning faoliyatini tekshirishlarni kelishib olishda ishtirok etadi;
ularning faoliyatini tekshirishlarda bevosita ishtirok etadi;
huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarning tekshirishlar yakunlari bo'yicha qabul qilingan qarorlari ustidan shikoyat qiladi.

4-bob. Palataning faoliyatini tashkil etish 

15-modda. Palatani tashkil etish

Palata o'z muassislarining tashabbusiga ko'ra tashkil etiladi.

Palata muassislari Palataning qurultoyini chaqiradi, unda Palataning ustavi qabul qilinadi, boshqaruv va nazorat organlari tuziladi.

Palataning qurultoyini chaqirish va o'tkazish, uning boshqaruv va nazorat organlari faoliyatini tashkil etish tartibi Palata ustavi bilan tartibga solinadi. 

16-modda. Palataning tizimi

Palataning tizimiga quyidagilar kiradi: 
O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi;

Savdo-sanoat palatasining Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boshqarmalari (bundan buyon matnda Palataning hududiy boshqarmalari deb yuritiladi);
tadbirkorlikka ko'maklashish markazlari;
hakamlik sudlari;
xalqaro tijorat arbitraj sudi;
Palataning xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalari.

Qonun hujjatlariga muvofiq Palata unitar korxonalar, ta'lim muassasalari va boshqa tashkilotlar tashkil etishga haqli. 
Palata, uning hududiy boshqarmalari, tadbirkorlikka ko'maklashish markazlari, unitar korxonalari, xorijdagi vakolatxonalari, shuningdek boshqa muassasalari va tashkilotlari Palataning yagona tizimini tashkil etadi. 

17-modda. Palataga a'zolik

Palataga a'zolik kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari uchun ixtiyoriy, boshqa tadbirkorlik sub’ektlari uchun esa majburiydir.

Palataga a'zolik tadbirkorlik faoliyati sub’ekti yoki tadbirkorlik faoliyati sub’ektlarining birlashmasi yoxud tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash uchun tashkil etilgan boshqa tashkilot, chet el kompaniyalarining vakolatxonalari va Palata o'rtasida shartnoma tuzish yo'li bilan rasmiylashtiriladi.

Palata a'zolari Palata ustavida hamda a'zolik to'g'risidagi shartnomada belgilangan teng huquq va majburiyatlarga ega bo'ladi. 

18-modda. Palataning ustavi

Palataning ustavida quyidagilar ko'rsatilishi kerak:
Palataning nomi va joylashgan eri (pochta va elektron manzili);
Palataning maqsad va vazifalari;
Palataning hududiy boshqarmalarini va tadbirkorlikka ko'maklashish markazlarini tashkil etish tartibi;
Palataning boshqaruv va nazorat organlarini shakllantirish tartibi hamda ularning vakolatlari, bu vakolatlarning muddatlari va mazkur organlarning qarorlar qabul qilish tartibi;
Palata a'zoligiga qabul qilish hamda a'zolikdan chiqish shartlari va tartibi;
Palata a'zolarining huquq va majburiyatlari;
Palataning pul mablag'lari va boshqa mol-mulkini shakllantirish manbalari;
Palataning ustaviga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish tartibi;
Palatani qayta tashkil etish va tugatish tartibi;
Palata tugatilgan taqdirda uning mol-mulkidan foydalanish tartibi.
Palata ustavida qonun hujjatlariga zid bo'lmagan boshqa qoidalar ham bo'lishi mumkin.
Palataning ustaviga kiritiladigan o'zgartish va qo'shimchalar Palata qanday tartibda ro'yxatdan o'tkazilgan bo'lsa, shunday tartibda ro'yxatdan o'tkazilishi lozim.

19-modda. Palataning boshqaruv organlari

Palataning boshqaruv organlari quyidagilardan iborat:
Palata qurultoyi;
Palata Rayosati;
Palata ijroiya qo'mitasi.

Palataning to'rt yilda kamida bir marta chaqiriladigan qurultoyi Palata boshqaruvining yuqori organidir.

Qurultoy delegatlari tomonidan yigirma besh nafar kishidan iborat tarkibda saylanadigan Palata Rayosati Palata boshqaruvining qurultoylar oralig'idagi rahbar organidir.

Palata boshqaruvining ijro etuvchi organi uning o'z faoliyatida Palata Rayosatiga bevosita hisobdor bo'lgan Palata ijroiya qo'mitasidir.

Palata raisi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga ko'ra Palata qurultoyi delegatlari tomonidan lavozimga saylanadi.

Palata raisi lavozimiga ko'ra Palata Rayosatining raisi bo'lib, u Palata ijroiya qo'mitasining ishiga rahbarlik qiladi.
Palata raisining birinchi o'rinbosari va o'rinbosarlari Palata raisining taqdimnomasiga ko'ra Palata Rayosati tomonidan lavozimga tayinlanadi.

20-modda. Palatani davlat ro'yxatidan o'tkazish

Palatani davlat ro'yxatidan o'tkazish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Palataning hududiy boshqarmalarini davlat ro'yxatidan o'tkazish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishincha Qoraqalpog'iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.

21-modda. Palataning huquqlari

Palata quyidagi huquqlarga ega:
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, vazirliklarga, davlat qo'mitalariga va idoralarga ishbilarmonlik hamda investitsiya muhitini yaxshilash masalalari yuzasidan, shu jumladan tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishiga to'sqinlik qilayotgan yoki uning rivojlanishini cheklayotgan normativ-huquqiy hujjatlarga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish, shuningdek ularni o'z kuchini yo'qotgan deb topish to'g'risida takliflar kiritish;

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik ekspertizasini o'tkazish va tadbirkorlikning boshqa masalalarini muhokama qilish uchun tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokida ekspert kengashlarini tuzish;

tadbirkorlik sub’ektlari va davlat organlari o'rtasidagi nizoning hal etilishini ta'minlash, shuningdek bozorlarni o'rganish hamda tahlil qilish maqsadida davlat va xo'jalik boshqaruvi organlaridan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlaridan va ularning mansabdor shaxslaridan zarur ma'lumotlar, hujjatlar, materiallarni hamda statistika ma'lumotlarini so'rab olish, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;

taraflar o'rtasidagi nizolarni sudgacha hal etishni amalga oshirish;

Palata a'zolarining, shuningdek o'z manfaatlarini ko'zlab sudlarga davlat boji to'lamasdan da'volar taqdim etish, davlat va xo'jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish;

jinoyat ishlari bo'yicha ish yuritishda tadbirkorlik sub’ektlarining jamoatchilik himoyachilari sifatida ishtirok etish;
davlat va xo'jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinganda tadbirkorlik sub’ekti nomidan sud muhokamasining istalgan bosqichida ishtirok etish (ikkala taraf Palata a'zolari bo'lgan hollar bundan mustasno), shuningdek da'vo arizalari bilan bir qatorda apellyatsiya, kassatsiya shikoyatlari, arizalar, shu jumladan nazorat tartibida protest keltirish haqida iltimosnomalar berish;

davlat aktivlarini xususiylashtirish, shu jumladan davlat mulki ob’ektlarini «nol» xarid qiymati bo'yicha realizatsiya qilish, shuningdek davlat organlari funktsiyalarining va davlat xizmatlarining ayrim turlarini xususiy sektorga o'tkazish, davlat-xususiy sheriklikning ta'sirchan mexanizmlarini joriy etish to'g'risida takliflar kiritish;
o'z tuzilmasida ta'lim muassasalarini tashkil etish;

O'zbekiston Respublikasida va chet davlatlarda tashkilotlar tashkil etish, o'z vakolatxonalarini ochish;
tadbirkorlik faoliyati sub’ektlariga ixtirolarni, foydali modellarni, sanoat namunalarini patentlashda, tovar belgilarini, xizmat ko'rsatish belgilarini va tovarlar kelib chiqqan joy nomlarini ro'yxatdan o'tkazishda ko'maklashish;
O'zbekiston Respublikasida va uning hududidan tashqarida ko'rgazmalar hamda yarmarkalar tashkil etish va o'tkazish;
tadbirkorlik faoliyati sub’ektlariga huquqiy va boshqa xil yordam ko'rsatish;

gazetalar, jurnallar va boshqa bosma materiallar nashr etish, shuningdek tadbirkorlik faoliyatini ta'minlash uchun noshirlik hamda reklama xizmatlari ko'rsatish;

xalqaro va chet el tashkilotlarida Palata a'zolarining tadbirkorlik faoliyati bilan bog'liq manfaatlarini ifoda etish;
tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyati masalalariga doir normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda va muhokama qilishda ishtirok etish;

iqtisodiy nizolarni hal qilish uchun qonun hujjatlariga muvofiq hakamlik sudlarini, shuningdek xalqaro tijorat arbitraj sudini tashkil etish; 

chet ellik sheriklar murojaat etgan hollarda, tovarlarning kelib chiqishi to'g'risidagi sertifikatlarni tasdiqlash;
Palata a'zolari bo'lgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirishlarda ishtirok etish;

chet el va xalqaro tashkilotlarning moliyaviy hamda texnik yordamini jalb etishda tadbirkorlik faoliyati sub’ektlariga ko'maklashish. 

Palata qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo'lishi mumkin.

22-modda. Qonun ijodkorligi faoliyati sohasida Palataning vakolatlari

Palata normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholash uchun ular yuzasidan xulosalar beruvchi vakolatli organdir.

Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga bevosita yoki bilvosita ta'sir qiladigan masalalarga doir normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari majburiy tartibda Palata bilan kelishilishi lozim.

Palata normativ-huquqiy hujjat loyihasining mazmuniga umuman yoki uning biror qismiga rozi bo'lmagan taqdirda, normativ-huquqiy hujjatni qabul qiladigan organga tegishli xulosa kiritishga haqli.

Tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishiga to'sqinlik qilayotgan yoki uning rivojlanishini cheklayotgan normativ-huquqiy hujjatlarga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish, shuningdek ularni o'z kuchini yo'qotgan deb topish zarurligi to'g'risidagi Palata tavsiyalari va yozma so'rovlari qonunda belgilangan muddatlarda majburiy ravishda ko'rib chiqilib, keyinchalik Palataga ularni ko'rib chiqish natijalari haqida asoslangan xulosalar yuborilishi lozim.

23-modda. Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazorati

Palata va uning hududiy boshqarmalari tadbirkorlik faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini quyidagi yo'llar bilan amalga oshiradi:

davlat organlarining, birinchi navbatda, mahalliy davlat hokimiyati organlarining tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari bajarilishi, tadbirkorlik faoliyatiga ko'maklashish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash bo'yicha faoliyatiga doir zarur ma'lumotlarni so'rab olish hamda tahlil qilish;

davlat organlarining, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa organlarning jamoatchilik-maslahat kengashlari faoliyatida majburiy ravishda ishtirok etish; 

davlat organlarining, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa organlarning tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ta'minlash sohasidagi faoliyati to'g'risida tadbirkorlik sub’ektlari o'rtasida so'rov o'tkazish hamda ularning fikr-mulohazalarini tahlil qilish; 

normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholash yuzasidan jamoatchilik ekspertizasini tadbirkorlik sub’ektlarini jalb etgan holda o'tkazish; 

tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga, qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini shakllantirishga doir davlat dasturlarini, shuningdek hududlarni kompleks rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish; 
Palata a'zolari bo'lgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirishlar monitoringini amalga oshirish va ushbu tekshirishlarda ishtirok etish.

Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazorati qonun hujjatlariga muvofiq boshqa usullarda ham amalga oshirilishi mumkin.

24-modda. Palataning hududiy boshqarmalari

Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Palataning tegishincha bitta hududiy boshqarmasi tashkil etilishi mumkin.
Palataning hududiy boshqarmasi yuridik shaxs bo'lib, u Palata tomonidan tasdiqlanadigan nizom asosida faoliyat ko'rsatadi.

25-modda. Tadbirkorlikka ko'maklashish markazlari

Tadbirkorlikka ko'maklashish markazlari Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyatlar markazlarida tashkil etiladi, tumanlar va shaharlarda esa ularning bo'linmalari tashkil etiladi hamda ular belgilangan tartibda ro'yxatdan o'tkaziladi. 
Tadbirkorlikka ko'maklashish markazlari faoliyatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

zarur shart-sharoitlar yaratish hamda davlat organlarining va bozor infratuzilmasi sub’ektlarining barcha turdagi xizmatlaridan hamda biznes-xizmatlardan bir joyning o'zida foydalanish imkoniyatini berish orqali tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash;

tadbirkorlik sub’ektlariga muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishda, axborot bilan ta'minlanishda, davlat xizmatlaridan foydalanishda (ro'yxatdan o'tkazish, ruxsat berish, litsenziyalash hujjatlarini va boshqa hujjatlarni olishda) ko'maklashish;

biznes-rejalar ishlab chiqish, shuningdek lizing, sug'urta va baholash xizmatlaridan foydalanish uchun zarur hujjatlarni tayyorlash;

moliyaviy, tovar-xom ashyo va tabiiy resurslardan, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridan, texnologik mashinalar va uskunalardan, ishlab chiqarish ob’ektlaridan foydalanishda, shuningdek er uchastkalari olishda ko'maklashish;

soliq solish, xodimlarni yollash, statistika, moliya, soliq hisobotlarini hamda boshqa hisobotlarni topshirish, bank xizmatlari, binolar va xonalarning ijarasi va (yoki) ularni olish, shu jumladan davlat mulki ob’ektlarini «nol» xarid qiymati bo'yicha olish sohasida maslahatlar berish;

xalqaro standartlarni va sertifikatlashtirish tizimini joriy etishda, kooperatsiya aloqalarini yo'lga qo'yishda, shu jumladan tashqi savdodagi sheriklar bilan yo'lga qo'yishda, shuningdek tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda ko'maklashish;

tadbirkorlik sub’ektlari uchun tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish hamda amalga oshirish bilan bog'liq bo'lgan masalalar bo'yicha davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, bozor infratuzilmasi sub’ektlari bilan ikki tomonlama va ko'p tomonlama muzokaralarni tashkil etish.

Tadbirkorlikka ko'maklashish markazlari o'z faoliyatini O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiradi. 

26-modda. Hakamlik sudlari

Palata va uning hududiy boshqarmalari huzurida hakamlik sudlari faoliyat ko'rsatadi.
Hakamlik sudlari o'z faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.

27-modda. Xalqaro tijorat arbitraj sudi

Palata huzurida chet ellik investorlarning, shuningdek xorijiy sheriklar bilan o'zaro munosabatlarda milliy kompaniyalarning hamda tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta'minlash bo'yicha Xalqaro tijorat arbitraj sudi tashkil etiladi.

Xalqaro tijorat arbitraj sudi o'z faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.

28-modda. Palataning xorijdagi vakolatxonalari

Palata xorijiy mamlakatlarda vakolatxonalar tashkil etishga, shu jumladan savdo-investitsiya uylari tarzida vakolatxonalar tashkil etishga haqli.

Xorijiy mamlakatlardagi savdo-investitsiya uylari O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida va ushbu savdo-investitsiya uylari qaysi davlatlar hududida tashkil etilgan bo'lsa, o'sha davlatlarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, o'z xarajatlarining o'rnini o'zi qoplash hamda o'zini o'zi moliyaviy jihatdan ta'minlash printsiplari asosida faoliyat ko'rsatadi.

Palata xorijiy mamlakatlardagi savdo-investitsiya uylari orqali quyidagi funktsiyalarni amalga oshiradi:
mamlakatimizda tayyorlangan, eksportga yo'naltirilgan mahsulotni xorijiy bozorlarda ilgari surish;

O'zbekiston Respublikasining investitsiyaviy imkoniyatlarini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish hamda chet ellik investorlar va ularning sheriklari uchun axborot-maslahat berib borilishini tashkil etish;

ilg'or texnologiyalarni, shu jumladan mini-texnologiyalarni ularni keyinchalik O'zbekiston Respublikasi tadbirkorlariga etkazib berish uchun tanlashda ko'maklashish;
Palata va uning a'zolari manfaatlarini xorijiy mamlakatlarda ifoda etish.

29-modda. Palataning ekspert kengashlari

Normativ-huquqiy hujjatlarning, shuningdek ular loyihalarining jamoatchilik ekspertizasini o'tkazish maqsadida Palata huzurida ekspert kengashlari tashkil etiladi.

Ekspert kengashlari huquqiy masalalar bo'yicha, shuningdek sanoat, transport, qurilish, moliya, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, savdo va xizmatlar, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda faoliyatning boshqa sohalari bo'yicha tashkil etilishi mumkin.

Ekspert kengashlari tarkibiga Palataning, tadbirkorlik sub’ektlarining, davlat va xo'jalik boshqaruvi organlarining, huquqni muhofaza qiluvchi hamda nazorat qiluvchi organlarning, shuningdek ta'lim, ilmiy-tadqiqot, ekspert muassasalarining va boshqa muassasalarning vakillari kiradi.

Zarur hollarda, ekspert kengashlari majlislarining natijalari bo'yicha Palata ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilashga doir normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan takliflar kiritadi. 

Ekspert kengashlari muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi, qarorlar majburiy tartibda ko'rib chiqish va natijalari haqida ma'lum qilish uchun tegishli davlat organlariga yuboriladi. 

Ekspert kengashlarining faoliyatini tashkil etish tartibi Palata ijroiya qo'mitasi tomonidan tasdiqlanadigan nizomda belgilanadi. 

30-modda. Palataning mulki

Binolar, inshootlar, uskunalar, inventar, pul mablag'lari, shu jumladan chet el valyutasidagi pul mablag'lari, qimmatli qog'ozlar hamda ustavda belgilangan vazifalarni bajarish uchun zarur bo'lgan boshqa mol-mulk Palataning mulki bo'lishi mumkin.

Palataning mulki qonun bilan muhofaza qilinadi.

31-modda. Palataning mol-mulkini shakllantirish manbalari

Palataning mol-mulkini shakllantirish manbalari quyidagilardan iborat:
Palata a'zolarining kirish va a'zolik badallari;
Xususiylashtirilgan korxonalarga ko'maklashish jamg'armasidan kelib tushadigan, faqat bozor infratuzilmasini rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlarini huquqiy jihatdan qo'llab-quvvatlash hamda o'qitish uchun maqsadli yo'naltiriladigan mablag'lar;
vaqtincha bo'sh turgan mablag'larni tijorat banklarining depozitlariga va boshqa moliyaviy vositalarga joylashtirishdan olingan daromadlar;
pullik xizmatlar ko'rsatishdan olingan daromadlar;
tadbirkorlik va boshqa xo'jalik faoliyatidan olingan daromadlar; 
Palata tomonidan ta'sis etiladigan korxonalarning foydasidan ajratmalar;
xalqaro donorlarning grantlari va homiylarning mablag'lari;
qonun hujjatlariga zid bo'lmagan boshqa mablag'lar va tushumlar.

32-modda. Palata a'zolarining kirish va a'zolik badallari

Palata a'zolari Palata ustavida belgilanadigan tartibda hamda miqdorlarda kirish va a'zolik badallari to'laydi.

5-bob. Yakunlovchi qoidalar

33-modda. Palataning xalqaro hamkorligi

Palata qonun hujjatlariga muvofiq xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlariga a'zo bo'lishi, to'g'ridan-to'g'ri xalqaro muloqotlar va aloqalarni yo'lga qo'yishi, hamkorlik to'g'risida tegishli bitimlar tuzishi mumkin.

34-modda. Nizolarni hal etish

Palataning faoliyati sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

35-modda. Palata va uning a'zolari majburiyatlari bo'yicha javobgarlik

Palata o'z majburiyatlari bo'yicha o'ziga qarashli barcha mol-mulk bilan javob beradi. Palata o'z a'zolarining majburiyatlari bo'yicha javob bermaydi. Palata a'zolari Palataning majburiyatlari bo'yicha javob bermaydi.

36-modda. O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo'ladi.

Mavzular
Eng ko'p ko'rilgan
Vatan himoyasi – muqaddas burch
Vatan mahalladan boshlanadi
Xotin- qizlarga e’tibor - kelajakka e’tibor
Yoshlarga oid davlat siyosati
Bolalar sporti
Fotogalereya: 30 iyun yoshlar kuni

1234567891011121314151617181920
Video Online TV
Mobil ilova



Reklama
Shurtan gas chemical complex
Rasmiy manbalar
press.jpg
gov.jpg
1_uz.JPG
Axborotlar taqvimi
       

Pn Vt Sr Cht Pt Sb Vs
25 26 27 28 29 30 1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31 1 2 3 4 5
Interaktiv xizmatlar
Internet qabulxona
Savol-javob
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari
Tadbirlar yoritish uchun murojaat
Obuna
Rezyume qoldirish
Sayt xaritasi
 



×