O'zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasi to'g'risida
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining
farmoni
Soliq yukini izchillik bilan kamaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirish va soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirish iqtisodiyotni jadal rivojlantirish hamda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini yaxshilashning eng muhim shartlari hisoblanadi.
Shu bilan birga, o'rganishlar natijalari mazkur sohada bir maromda iqtisodiy o'sishga, ishbilarmonlik va investitsiyaviy faollikni oshirishga, sog'lom raqobat muhitini shakllantirishga, shuningdek, soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar yig'iluvchanligining zarur darajasini ta'minlashga to'sqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammolarni ko'rsatdi, xususan:
birinchidan, umumbelgilangan soliqlarni to'lovchilar uchun soliq yuki darajasining yuqoriligi, shuningdek, soliq solishning soddalashtirilgan va umumbelgilangan tizimida soliqlarni to'laydigan xo'jalik yurituvchi sub’ektlar o'rtasidagi soliq yuki darajasidagi farqning sezilarliligi;
ikkinchidan, qo'shilgan qiymat solig'ini undirishning samarasiz tizimi, soliq to'lovchilarning aylanma mablag'larini jalb qiladigan, shuningdek, iste’mol mahsulotining oraliq va yakuniy qiymati qimmatlashishiga olib keladigan hamda yirik va kichik biznes o'rtasidagi kooperatsiyaning rivojlanishiga to'sqinlik qiladigan majburiy to'lovlarning mavjudligi;
uchinchidan, soliq to'lovchilar tomonidan xodimlarning real sonini va mehnatga haq to'lash fondini yashirishga olib keluvchi mehnatga haq to'lash fondi soliq stavkalarining yuqoriligi;
to'rtinchidan, imtiyozlarning samaradorligini monitoring va nazorat qilish bo'yicha ta'sirchan tizimning mavjud emasligi sababli sog'lom raqobatni ta'minlashga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi, xo'jalik yurituvchi sub’ektlarni soliq va bojxona, shu jumladan individual xususiyatga ega bo'lgan imtiyozlar hisobiga qo'llab-quvvatlash amaliyotining keng tarqalganligi;
beshinchidan, davlat organlari va tashkilotlari o'rtasida axborot almashish mexanizmlarining, elektron soliq ma'muriyatchiligi hamda soliq nazoratini amalga oshirish shakl va uslublarining takomillashmaganligi;
oltinchidan, o'tkaziladigan nazorat tadbirlarining sifatiga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi va insofli tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatiga aralashishlarni kamaytirishga to'sqinlik qiluvchi nazorat faoliyatini amalga oshirishda xavf-xatarlarni tahlil qilish va boshqarishning aniq tizimi yo'qligi;
ettinchidan, mahalliy soliq va yig'imlarning ma'muriyatchiligi mexanizmlarining samarasizligi oqibatida ularning yig'iluvchanlik darajasi etarli emasligi, shuningdek, ko'chmas mulk va er uchastkalarini to'liq hisobga olish va qiymatini ob’ektiv aniqlashning mavjud emasligi.
Mavjud tizimli muammolarni bartaraf etish, 2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan soliq yukini kamaytirish va soliq solish tizimini soddalashtirish, soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirish vazifalarini amalga oshirish maqsadida, shuningdek, keng jamoatchilik muhokamasi natijalari hamda Xalqaro valyuta jamg'armasi, Jahon banki va xalqaro ekspertlarning tavsiyalaridan kelib chiqib:
1. Quyidagilar O'zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasining asosiy yo'nalishlari etib belgilansin:
iqtisodiyotga soliq yukining darajasini kamaytirish, shuningdek, soliq solishning soddalashtirilgan va umumbelgilangan tizimi bo'yicha soliqlarni to'laydigan xo'jalik yurituvchi sub’ektlar o'rtasidagi soliq yuki darajasidagi nomutanosibliklarni bartaraf etish;
soliqlarni unifikatsiya qilish orqali ularning sonini optimallashtirish, shuningdek, o'xshash soliq solish bazasiga ega bo'lgan soliqlarni birlashtirish, soliq hisobotlarini qisqartirish va soddalashtirish, operatsion xarajatlarni minimallashtirish;
makroiqtisodiy vaziyatning barqarorligini, O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va uning daromadlarini shakllantirishning mustahkamligini ta'minlash;
soliq qonunchiligini soddalashtirish, soliq munosabatlari sohasida normativ-huquqiy hujjatlardagi qarama-qarshiliklar va ziddiyatlarni bartaraf etish, insofli soliq to'lovchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirish;
soliq solish masalalarini tartibga soladigan havolaki normalar va qonun osti hujjatlarinimaksimal darajada cheklagan holda, soliq qonunchiligining barqarorligini hamda O'zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi normalarining to'g'ridan-to'g'ri amal qilishini ta'minlash,
shu jumladan kodeksda soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar stavkalarining miqdorlarini belgilash;
xorijiy investorlar va investitsiyalar uchun qulay rejimni saqlab qolish, ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlash va ishonchli huquqiy himoyalash;
soliq nazoratining shakl va mexanizmlarini, shu jumladan soliq solish ob’ektlari hamda soliq to'lovchilarni yanada to'liq qamrab olish va hisobini ta'minlaydigan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish hisobigatakomillashtirish, transfer narxlarni shakllantirish bilan bog'liq operatsiyalarga soliq solish tartibini joriy etish.
2. Ma'lumot uchun qabul qilinsinki, O'zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasi doirasida 2019 yil 1 yanvardan boshlab:
a) birinchidan, mehnatga haq to'lash fondiga soliq yuki quyidagilar orqali kamaytiriladi:
barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig'ining yagona stavkasini 12 foiz miqdorida joriy etish, shundan 0,1 foizini shaxsiy jamg'arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga yo'naltirish. Bunda, ayrim toifadagi fuqarolarning eng kam oylik ish haqining 4 baravari miqdoridagi daromadlarini soliq solishdan ozod qilishning amaldagi tartibi saqlab qolinadi;
fuqarolarning mehnatga haq to'lash turidagi daromadlaridan Byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasiga ushlab qolinadigan sug'urta badallarini bekor qilish;
pensiya tizimining barqarorligini ta'minlash maqsadida byudjet tashkilotlari va davlat korxonalari, ustav jamg'armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ko'proq miqdorda bo'lgan yuridik shaxslar, ustav jamg'armasi (kapitali)ning 50 foizi va undan ko'proq miqdori davlat ulushi 50 foiz va undan ko'proq bo'lgan yuridik shaxsga tegishli yuridik shaxslar hamda ularning tarkibiy tuzilmalari uchun yagona ijtimoiy to'lovni 25 foiz miqdorida belgilash, shuningdek, boshqa yuridik shaxslar uchun ushbu to'lov stavkasini 15 foizdan 12 foizgacha pasaytirish;
b) ikkinchidan, oborot (tushum)dan soliqlarni optimallashtirgan holda umumbelgilangan va soddalashtirilgan soliqlar to'lovchilarni soliqqa tortish, shuningdek, soliq solishning soddalashtirilgan tartibiga o'tish mezonlari quyidagilar orqali takomillashtiriladi:
davlat maqsadli jamg'armalariga yuridik shaxslarning oboroti (tushumi)dan undiriladigan majburiy ajratmalarni bekor qilish;
yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig'i stavkasini 14 foizdan 12 foizgacha, tijorat banklari uchun – 22 foizdan 20 foizgacha pasaytirish, shuningdek, mobil aloqa xizmati ko'rsatayotgan yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) uchun rentabellik darajasidan kelib chiqib ular uchun qo'shimcha foyda solig'i hisoblash tartibini bekor qilgan holda 14 foizdan 20 foizgacha oshirish;
dividendlar va foizlar ko'rinishidagi daromadlar bo'yicha to'lov manbaidan ushlab qolinadigan foyda solig'i stavkasini 10 foizdan 5 foizgacha pasaytirish;
o'tgan yil yakunlari bo'yicha yillik oboroti (tushumi) 1 milliard so'mdan oshgan yoki yil davomida belgilangan chegaraviy miqdorga etgan korxonalarni umumbelgilangan soliqlarni to'lashga o'tkazish. Bunda, yillik oborot (tushum)ning 1 milliard so'm etib belgilangan chegaraviy miqdori 3 yilda kamida bir marta qayta ko'rib chiqiladi;
barcha tadbirkorlik sub’ektlari, shu jumladan oboroti (tushumi) 1 milliard so'mgacha bo'lgan yuridik shaxslar uchun yuridik shaxslarning mol-mulk solig'i, er solig'i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni joriy etish;
qo'shimcha foyda solig'ini hisoblash va to'lash tartibini, shu jumladan royalti to'lashni joriy etish orqali takomillashtirish;
v) uchinchidan, soliq solishning soddalashtirilgan tartibi bo'yicha soliq to'lovchilarga soliq siyosatini takomillashtirishning salbiy ta'sirini kamaytirish choralari quyidagilar orqali amalga oshiriladi:
yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasini, bino va inshootlardan, shu jumladan ilgari xususiylashtirilgan ob’ektlardan samarasiz foydalanayotgan yuridik shaxslar uchun oshirilgan stavkada soliq hisoblash tartibini saqlab qolgan holda, 5 foizdan 2 foizga pasaytirish;
yillik oboroti (tushumi) 1 milliard so'mgacha bo'lgan soliq to'lovchilar uchun oborotdan (tushumdan) soliqni 4 foiz miqdordagi bazaviy stavkadan kelib chiqib hisoblash va to'lash tartibini hamda qo'shilgan qiymat solig'ini ixtiyoriy ravishda to'lash imkoniyatini belgilash;
yagona er solig'i to'lovchilar uchun soliq solish tartibini saqlab qolish.
g) to'rtinchidan, qo'shilgan qiymat solig'i va aktsiz solig'ini hisoblash va to'lash tartibi quyidagilar orqali takomillashtiriladi:
qo'shilgan qiymat solig'ini to'liq hisobga olish tizimini joriy etish, soliq solish bazasini aniqlashtirish va imtiyozlar sonini kamaytirish, shuningdek, 2019 yil yakuni bo'yicha mazkur soliq stavkasi miqdorini pasaytirish orqali qo'shilgan qiymat solig'ining 20foiz miqdordagi amaldagi stavkasini saqlab qolish;
hozirgi vaqtda sotib olinadigan asosiy vositalar, qurilishi tugallanmagan ob’ektlar va nomoddiy aktivlar narxiga kiritiladigan qo'shilgan qiymat solig'ini hisobga olish summalariga kiritish huquqini berish;
tegishli tadbirlarni moliyalashtirish uchun mablag'larni respublika byudjetiga o'tkazgan holda,alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar uchunhar bir ishlab chiqariladigan mahsulot birligiga o'rnatilgan aktsiz va yig'imlarni birlashtirish.
3. O'zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish hamda samarasiz soliq va bojxona imtiyozlari va preferentsiyalarini bekor qilish bo'yicha ishchi komissiyaning yangilangan tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Ishchi komissiya (B.Mavlonov):
bir hafta muddatda tegishli yo'nalishlar bo'yicha ekspert guruhlari faoliyatini,shu jumladan ular ishiga soliqqa tortish sohasida amaliy tajribaga ega ekspertlar va biznes vakillarini jalb qilgan holda tashkil etsin;
2018yil 1noyabrga qadar muddatda samarasiz soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferentsiyalarini bekor qilish, O'zbekiston Respublikasining Soliq va Bojxona kodekslariga muvofiq doimiy amal qiluvchi soliq hamda bojxona imtiyozlarini taqdim etish tartibini joriy qilish bo'yicha takliflar tayyorlanishini ta'minlasin;
2018yil 1dekabrgaqadar muddatda Xalqaro valyuta jamg'armasi, Jahon banki va boshqa tashkilotlar ekspertlarinijalb qilgan holda, O'zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasining asosiy yo'nalishlaridan kelib chiqib, uning keng jamoatchilik muhokamasini o'tkazish orqali O'zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqilishini ta'minlasin.
O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O'zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahrirdagi loyihasini tayyorlashda va O'zbekiston Respublikasi soliq tizimini isloh qilishda texnikjihatdan ko'maklashishnita'minlash uchun Xalqaro valyuta jamg'armasiva Jahon banki bilan o'zaro hamkorlikni tashkil etish choralarini ko'rsin.
4. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda:
a) soliq majburiyatlarini bajaruvchisoliq to'lovchilar ma'muriy xarajatlarining keskin oshishini oldini olishga qaratilgan quyidagilarni nazarda tutuvchikompleks tadbirlarni tasdiqlasin:
davlat soliq xizmati organlari xodimlari va soliq to'lovchilarning, shu jumladan qo'shilgan qiymat solig'i va yuridik shaxslarning foyda solig'ini hisoblab chiqish va to'lash bo'yicha malakasini oshirish;
soliq hisobotini soddalashtirish va uning avtomatlashtirilgan buxgalteriya hisobini yurituvchi dasturiy mahsulotlar bilan integratsiyalashuvini ta'minlash;
soliq ma'muriyatchiligini, shu jumladan soliqlarni to'lash davriyligini tubdan takomillashtirish bo'yicha chora-tadbirlar dasturini;
pensiyalarni hisoblash uchun zarur bo'lgan hisoblangan ish haqining personallashtirilgan hisobini yuritish tartibini joriy qilish;
b) yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan amalga oshirishga ruxsat etilgan faoliyat turlari tanqidiy qayta ko'rib chiqilishi va qisqartirilishini ta'minlasin;
v) ma'lumotlar bazalari soliq organlarining Yagona integratsiyalashtirilgan axborot-resurs bazasiga integratsiya qilinadigan davlat organlari va tashkilotlarining ro'yxatini tasdiqlasin.
O'zbekiston Respublikasi Hisob palatasi Davlat soliq qo'mitasi bilan birgalikda 2019 yil 1 yanvarga qadar muddatda vazirlik va idoralarning soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni hisoblash uchun foydalaniladigan ma'lumotlar bazalarining ishonchliligini o'rgansin hamda ularning ishonchliligini ta'minlash bo'yicha “Yo'l xaritasi”ni ishlab chiqsin.
5. O'zbekiston Respublikasi Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo'mitasi Davlat soliq qo'mitasi, Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda ommaviy baholash o'tkazish bo'yicha ilg'or xorijiy tajribani hisobga olgan holda, yuridik shaxslar ko'chmas mulkining bozor qiymatini aniqlash mexanizmini joriy qilish yuzasidan kompleks chora-tadbirlarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Moliya vazirligi, Markaziy banki va Davlat statistika qo'mitasi bilan birgalikda 2018yil 1avgustga qadar muddatda strategik rejalashtirish va prognozlashning zamonaviy uslublaridan foydalangan holda va mazkur Farmonda soliq tizimini isloh qilish bo'yicha belgilangan chora-tadbirlarni inobatga olib, O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning 2019-2021 yillarga mo'ljallanganasosiy makroiqtisodiy ko'rsatkichlari prognozini ishlab chiqishni ta'minlasin.
7. O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – moliya vaziri J.A.Qo'chqorov:
2019yil uchun byudjetnomada ushbu Farmon bilan belgilangan norma va qoidalarni nazarda tutsin;
2019yilgi O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti loyihasini taqdim etish bilan bir vaqtda Vazirlar MahkamasigaO'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarining 2020-2021yillarga mo'ljallangan o'rta muddatli byudjet yo'nalishlarini kiritsin;
2019-2021yillarga O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetini ishlab chiqishda xorijdan jalb qilinadigan mablag'lar hisobiga moliyalashtiriladigan sarf-xarajatlarni inobatga olmagan holda uning mutanosibligini ta'minlasin.
8. Davlat soliq qo'mitasi, Davlat bojxona qo'mitasi, Moliya vazirligi rahbarlari, shuningdek, ularning o'rinbosarlari, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari byudjet tizimi byudjetlarining prognoz parametrlari bajarilishi uchun shaxsan mas’ul ekanligi belgilab qo'yilsin.
9. Moliya-byudjet intizomini mustahkamlash va O'zbekiston Respublikasi byudjetining balanslashgan ijrosini ta'minlash uchun:
vazirliklar va idoralar, ishonchli boshqaruvchilar, shuningdek, davlatning ishonchli vakillari 2019 yildan boshlab ustav kapitalidagi davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo'lgan xo'jalik birlashmalari tomonidan dividendlar so'zsiz hisoblanishini, shuningdek, amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq davlat unitar korxonalari tomonidan ularning sof foydasidan 30 foiz miqdorida O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga ajratilishini ta'minlasin;
O'zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko'maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasi
2018yil 1sentyabrga qadar muddatda davlat mulki bo'yicha ijara to'lovlarining minimal stavkalarini har bir hududning o'ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda qayta ko'rib chiqsin;
O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarning to'liq yig'ilishini, ish bilan band fuqarolarning maksimal qonuniylashtirilishini va ish haqi fondini ko'paytirishni ta'minlash bo'yicha qat’iy choralar ko'rsin;
O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo'mitasi Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda O'zbekiston Respublikasi Hisob palatasi bilan kelishilgan holda ikki oy muddatda mahalliy davlat hokimiyati, davlat soliqxizmati, moliya va boshqa organlarning, shuningdek, ular mansabdor shaxslarining aniq bosqichma-bosqich harakatlarini vaqat’iy javobgarligini nazarda tutgan holda, soliq solish bazasini kengaytirish, byudjetga qo'shimcha tushum manbalarini aniqlash, shuningdek, uning mutanosibligini hamda defitsit yuzaga kelishiga yo'l qo'ymaslikni ta'minlash bo'yicha tumanlar va shaharlar kesimida “Yo'l xaritalari”ni tasdiqlasin.
10. O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi, Davlat bojxona qo'mitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O'zbekiston Matbuot va axborot agentligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur Farmonning mazmun-mohiyatini keng tushuntirish ishlarini, shu jumladan ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog'i orqali tizimli ravishda tashkil etsin.
11. O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Hisob palatasi, Davlat soliq qo'mitasi, Davlat bojxona qo'mitasi, Moliya vazirligi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda ikki oy muddatda soliq to'lovchilarning soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni to'lashdan bo'yin tovlash holatlariga barham berishga, jismoniy va yuridik shaxslarning soliqlarni o'z vaqtida va to'liq to'lamaganligiuchun javobgarligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni kuchaytirish bo'yicha takliflar kiritsin.
12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O'zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B. Murodov va O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o'rinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
O'zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2018 yil 29 iyun