22.12.2024, Yakshanba

O'zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida


O'zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini  yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga  solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining

qarori
 
O'tgan davr mobaynida mamlakatda xalqaro iqtisodiy hamjamiyatga integratsiyalashish va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo'yicha izchil ishlar olib borildi.

Shu bilan birga, bojxona-tarif jihatdan tartibga solishning amaldagi tizimi raqobatning bozor printsiplari rivojlanishini rag'batlantirmayapti. Xususan, olib kirilayotgan tovarlarga nisbatan bojxona to'lovlarini to'lash bo'yicha haddan tashqari keng imtiyozlar berilishi tarif jihatdan samarali tartibga solish imkonini bermayapti, vaholanki, individual preferentsiyalar tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun teng bo'lmagan raqobat sharoitlarini yaratmoqda.

Raqobatbardosh ishlab chiqarishni kuchaytirishga, sog'lom raqobat muhitini qo'llab-quvvatlashga, yuqori qo'shilgan qiymatga ega mahsulotlar eksportini rag'batlantirishga, ichki bozorni sifatli iste’mol mahsulotlari bilan ta'minlashga qaratilgan bojxona-tarif jihatdan tartibga solishning samarali tizimini shakllantirish maqsadida:

1. Quyidagilar bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini yanada takomillashtirishning asosiy printsiplari etib belgilansin:

boj tariflarining tartibga solish funktsiyalarini iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishning qo'shilgan qiymat global zanjiriga uyg'un integratsiyalashuvga yo'naltirilgan ustuvorliklaridan kelib chiqqan holda kuchaytirish;

tashqi iqtisodiy faoliyatni tarif jihatdan tartibga solish tizimini ilg'or xorijiy tajribani, xalqaro printsiplar va normalarni inobatga olgan holda takomillashtirish;

mahalliy ishlab chiqaruvchilarni respublikada ishlab chiqarilmaydigan yoxud etarli bo'lmagan hajmda ishlab chiqariladigan hamda eksportga yo'naltirilgan mahsulot ishlab chiqarishda foydalaniladigan xomashyo va materiallar bilan ta'minlash uchun shart-sharoitlar yaratish;

yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish, shuningdek, mahalliy ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va qayta jihozlash, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish jarayonlarini yanada jadallashtirish maqsadida zamonaviy texnologik uskunalar va texnikalarni olib kirish uchun qulay shart-sharoitlarni saqlash;

bojxona rasmiylashtiruvida turi, maqsadi, xususiyati va tarkibi bo'yicha o'xshash, tashqi iqtisodiy faoliyatning tovar nomenklatura kodi bo'yicha yaqin bo'lgan tovarlarni bojxona to'lovlarining pastroq stavkalari qo'llaniladigan pozitsiyaga tasniflash holatlarini bartaraf etish maqsadida ushbu tovarlarga bojxona to'lovlari stavkalarini unifikatsiya qilish;

aktsiz solig'iga tortiladigan tovarlarga aktsiz solig'i stavkalarini unifikatsiya qilish, uni inson sog'lig'i va atrof-muhit uchun zararli bo'lgan tovarlarga nisbatan qo'llash.

2. Quyidagilar:

import bojxona bojlari stavkalari 1-ilovaga muvofiq;

O'zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan, aktsiz solig'iga tortiladigan tovarlarga aktsiz solig'i stavkalari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, ushbu band bilan tasdiqlanayotgan stavkalar 2019 yil 1 yanvardan e’tiboran amalga kiritiladi.

3. 2018 yil 1 sentyabrdan shunday tartib belgilansinki, unga muvofiq:

chegara bojxona postlarida bojxona organlari tomonidan bojxona nazorati o'tkazilganda veterinar, fitosanitar, ekologik va sanitar-epidemiologik nazorat ham amalga oshiriladi;

Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotiga a'zo davlatlarning akkreditatsiyadan o'tgan organlari tomonidan muvofiqlik sertifikatlari berilgan, O'zbekiston Respublikasiga olib kirilayotgan tovarlarga nisbatan majburiy muvofiqlik sertifikatlashtirishni amalga oshirish talab etilmaydi;

tovarlarning “erkin muomalaga chiqarish (import)” rejimiga bojxona rasmiylashtiruvi uchun tovarlarni davlat tilida majburiy markirovka qilish talab etilmaydi;

“bojxona ombori” rejimida olti oydan ko'p bo'lgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti

va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan bojxona to'lovlari yuzasidan taqdim etilgan imtiyozlar qo'llanilmaydi.

4. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

a) 2018 yil 1 sentyabrga qadar muddatda:

respublikaga tovarlar olib kirishda bojxona to'lovlari bo'yicha imtiyozlarni bekor qilish yuzasidan takliflar kiritilishini;

tovarlarni realizatsiya qilishda qulaylik yaratish uchun chegara hududlarda savdo majmualarini tashkil etish bo'yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilishini;

O'zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasining veb-saytida tovarlarning bojxona chegarasi orqali harakati rejimini tartibga soluvchi barcha normativ hujjatlar, tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi uchun zarur bo'lgan hujjatlar, har bir tovarga mos ravishda bojxona bojlari stavkalari, ushbu hujjatlarni beruvchi organlar to'g'risidagi batafsil axborotni, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish uchun boshqa ma'lumotlarni real vaqt rejimida bepul asosda olish imkonini beradigan “Integratsiyalashgan tarif” interaktiv xizmati joriy etilishini;

b) ikki oy muddatda:

“Integratsiyalashgan tarif” interaktiv xizmati orqali taqdim etiladigan axborotning, jumladan sanitar-karantin, fitosanitar

va veterinar nazorati bo'yicha, ruxsatnoma berish xususiyatiga ega bo'lgan boshqa hujjatlarning rasmiylashtirilishi to'g'risidagi talablarning to'liq ro'yxati;

“Integratsiyalashgan tarif” interaktiv xizmati orqali taqdim etiladigan axborotni o'z vaqtida yangilab borish bo'yicha texnologik yo'riqnomaning, tegishli vazirlik va idoralarning ushbu axborotni o'z vaqtida yangilab bormaganligi hamda sifatsiz yangilab borganligi uchun javobgarligini nazarda tutgan holda, ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini;

v) “Integratsiyalashgan tarif” interaktiv xizmatining uzluksiz ishlashini va axborot xavfsizligini ta'minlasin.

5. Belgilansinki, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat amalga oshirilganda davlat organlariga “Integratsiyalashgan tarif” interaktiv xizmatida nazarda tutilmagan ma'lumot va hujjatlarni talab qilish man etiladi.

6. O'zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko'maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasi Bosh prokuratura bilan birgalikda xo'jalik yurituvchi sub’ektlarning narx-navo yuzasidan o'zaro til biriktirish holatlarini hamda sog'lom raqobatni cheklaydigan kelishilgan harakatlarini aniqlash va ularning oldini olish mexanizmlari samaradorligini oshirish bo'yicha chora-tadbirlar ko'rsin.

7. Quyidagilar 2019 yil 1 yanvardan o'z kuchini yo'qotgan deb hisoblansin:

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 sentyabrdagi “O'zbekiston Respublikasining Tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ–3303-son qarori;

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi “O'zbekiston Respublikasining 2018 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko'rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to'g'risida”gi

PQ–3454-son qarorining 122-ilovasi.

8. O'zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o'zgartish va qo'shimchalar to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O'zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B. Murodov, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o'rinbosari B.M. Mavlonov va O'zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasi raisi M.B. Azimov zimmasiga yuklansin.

 

 

 

O'zbekiston Respublikasi

             Prezidenti                                                                                           Sh.Mirziyoev


Toshkent shahri,
2018 yil 29 iyun