30.10.2024, Wednesday

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 17 avgustdagi “Istirohat bog'lari va yashil zonalarni tashkil etish metodologiyasi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 671-sonli qarori to'g'risida

2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning  beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yili»da  amalga oshirishga oid davlat Dasturini bajarish, shuningdek, istirohat bog'larini tashkil etish  va ulardan foydalanishda davlat-hususiy sheriklikni joriy etish hisobidan investitsiyalarni jalb qilish orqali ularning faoliyatini takomillashtirish maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi qaror qiladi:

1. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 17 avgustdagi “Istirohat bog'lari va yashil zonalarni tashkil etish metodologiyasi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 671-sonli qarori ijro uchun rahbarlikka olinsin.

2. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yuqorida ko'rsatilgan qarori bilan:

a) Istirohat bog'lari va yashil zonalarni tashkil etish metodologiyasi to'g'risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi;

b) Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan birgalikda 2018-2020 yillarda davlat-hususiy sheriklik mexanizmlarini qo'llagan holda istirohat bog'larini tashkil etish va ulardan foydalanish bo'yicha hududiy dasturlarni ikki oy muddatda ishlab chiqish hamda tasdiqlash topshirilganligi;

v) vazirliklar va idoralarga o'zlari qabul qilgan normativ-huquqiy

hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirish topshirilganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.

3. Tumanlar va Nukus shahar hokimliklari Qoraqalpog'iston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Qurilish vazirligi bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasining yuqorida ko'rsatilgan qarori bilan tasdiqlangan Istirohat bog'lari va yashil zonalarni tashkil etish metodologiyasi to'g'risidagi nizom talablariga muvofiq bir oy muddatda 2018-2020 yillarda davlat-hususiy sheriklik mexanizmlarini qo'llagan holda istirohat bog'larini tashkil etish va ulardan foydalanish bo'yicha hududiy dasturlarni tasdiqlab, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga taqdim etsinlar.

4. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosarlari (Nagmetov, Jumanov) Qurilish vazirligi, Madaniyat vazirligi bilan birgalikda:

Qoraqalpog'iston Respublikasida 2018-2020 yillarda davlat-hususiy sheriklik mexanizmlarini qo'llagan holda istirohat bog'larini tashkil etish va ulardan foydalanish bo'yicha tumanlar va Nukus shahri hokimliklarining takliflarini inobatga olgan holda hududiy dasturni ishlab chiqsinlar va Vazirlar Kengashiga tasdiqlash uchun taqdim etsinlar.

 Dasturning bosqichma-bosqich sifatli va o'z vaqtida bajarilishini so'zsiz ta'minlash uchun shaxsiy javobgarlik Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosarlari S.Nagmetov, M.Jumanov, Qoraqalpog'iston Respublikasi Qurilish vaziri, Madaniyat vaziri, tumanlar va Nukus shahri hokimlari zimmasiga yuklansin.

5. Qoraqalpog'iston Respublikasi Qurilish vazirligi, Madaniyat vazirligi, tumanlar va Nukus shahri hokimliklari manfaatdor vazirliklar va idoralar o'zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosarlari S.I.Nagmetov, M.A.Jumanov, Qurilish vaziri J.S.Embergenov va Madaniyat vaziri Q.A.Turdiev zimmasiga yuklansin.


Qoraqalpog'iston Respublikasi  

 Vazirlar Kengashining Raisi

    Q.Sariev