22.12.2024, Sunday

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 avgustdagi «Yoshlarni ma'naviy-ahloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta'lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga ko'tarish chora-tadbirlari to'g'risida»gi PQ-3907-sonli qarori haqida


Yosh avlodni tarbiyalash borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish, ta'lim-tarbiya sifatini mazmun jihatidan yangi bosqichga ko'tarish, o'qituvchilik kasbining nufuzini oshirish maqsadida, shuningdek, 
2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq Vazirlar Kengashi qaror qiladi:
1. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 avgustdagi «Yoshlarni ma'naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta'lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga ko'tarish 
chora-tadbirlari to'g'risida»gi PQ-3907-sonli qarori ijro uchun rahbarlikka olinsin.
2. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarori bilan:
a) Quyidagi ustuvor yo'nalishlarni nazarda tutuvchi Yoshlarni 
ma'naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta'lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi (keyingi o'rinlarda Dastur deb yuritiladi) 
1-ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi:
yuksak ma'naviyatli, qat’iy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarashga ega bo'lgan fidoiy va vatanparvar yoshlarni tarbiyalash;
yoshlarni yot g'oyalar ta'siridan himoya qilish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, diniy bag'rikenglik va millatlararo totuvlik ruhida tarbiyalash;
pedagog xodimlarning qadr-qimmati va nufuzini oshirish, ularning moddiy-ma'naviy va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish;
yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ular o'rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatlar sodir etilishining oldini olish;
yoshlar jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug'ullanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, ular o'rtasida sog'lom turmush tarzini shakllantirish;
o'quvchi-yoshlarni ijtimoiy muhofaza qilish, ijtimoiy ehtiyojmand oilalar farzandlarini moddiy va ma'naviy qo'llab-quvvatlash;
vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning rahbarlari Dasturning o'z vaqtida, to'liq va sifatli bajarilishi uchun shaxsan mas’ul hisoblanishi belgilanganligi;
b) Yoshlar masalalari bo'yicha respublika idoralararo kengashi (A.N.Aripov)ga:
vazirlik va idoralarning mutaxassislari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini jalb etgan holda Dasturning amalga oshirilishi bo'yicha ishchi guruhlarni tashkil etsin, ularning samarali ishlashini ta'minlash;
Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning o'z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini tahlil qilib borish;
ta'lim-tarbiya sohasida qonun buzilishi holatlarining sabab va 
shart-sharoitlarini o'rganish hamda ularni bartaraf etish, joylarda yoshlarni qo'llab-quvvatlashga ajratilayotgan mablag'larning maqsadli sarflanishi ustidan nazoratni o'rganish bo'yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash topshirilganligi;
v) Umumiy o'rta ta'lim muassasalari xodimlarining bazaviy tarif stavkalari:
2018 yil 1 sentyabrdan:
boshlang'ich sinf o'qituvchilari uchun 1,1 baravarga;
yuqori sinf o'qituvchilari uchun o'rtacha 1,24 baravargacha;
direktor, uning o'rinbosarlari va axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun 1,1 baravarga oshirilganligi;
2019 yil 1 yanvardan:
oliy toifali o'qituvchilar uchun 1,25 baravarga;
birinchi toifali o'qituvchilar uchun 1,2 baravarga;
ikkinchi toifali o'qituvchilar uchun 1,15 baravarga;
mutaxassis o'qituvchilar uchun 1,1 baravarga;
direktor, uning o'rinbosarlari, axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun 1,1 baravarga oshirilganligi;
g) Umumiy o'rta va o'rta maxsus ta'lim muassasalarida, ulardagi o'quvchilar sonidan kelib chiqib, 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab psixolog shtat birligi quyidagicha belgilanganligi:
250 nafargacha – 1 shtat birligida;
250 nafardan 800 nafargacha – 1,5 shtat birligida;
800 nafardan 1600 nafargacha – 2 shtat birligida;
1600 nafardan 3000 nafargacha – 2,5 shtat birligida;
3000 nafar va undan ortiq – 3 shtat birligida.
Umumiy o'rta va o'rta maxsus ta'lim muassasalarida oliy ma'lumotli psixologlar uchun bazaviy tarif stavkalar 2018 yil 1 sentyabrdan ushbu muassasa mutaxassis o'qituvchilar bazaviy tarif stavkalarining 90 foiziga tenglashtirilishi, 2019 yil 1 yanvardan esa 1,1 baravarga oshirilganligi;
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga 2018 yil 1 noyabrga qadar muddatda o'quvchilarni psixologik-pedagogik qo'llab-quvvatlash ishlarini yanada takomillashtirish bo'yicha hukumat qarorini qabul qilish topshirilganligi;
d) Umumiy o'rta ta'lim maktabi o'qituvchilarining dars va to'garak mashg'ulotlarini tashkil etish hamda sinf jurnalini yuritishdan tashqari boshqa pedagogik yuklamalar bo'yicha hisobotlar va qo'shimcha ma'lumotlarni talab qilish qat’iyan taqiqlanganligi;
e) O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligiga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda 2018 yil 1 noyabrga qadar ilg'or xorijiy tajribadan kelib chiqib, direktor jamg'armasi mablag'lari hisobidan umumta'lim muassasalarining o'rnak ko'rsatgan pedagog kadrlarni faoliyatining natijaviyligi asosida rag'batlantirishning shaffof tizimini joriy etish yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish topshirilganligi;
j) O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligiga, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, O'zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi ikki oy muddatda:
hududiy, respublika va xalqaro fan olimpiadalarida sovrinli o'rinlarni qo'lga kiritgan o'quvchilarni tayyorlagan pedagog kadrlarga eng kam ish haqining 5 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda bir martalik pul mukofoti berish tartibini;
umumiy o'rta ta'lim muassasalari faoliyatini moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish va asosiy faoliyati bo'yicha qo'shimcha pullik xizmatlar ko'rsatish tartibini;
ta'lim rivojiga munosib hissa qo'shgan, davlat mukofotlariga sazovor bo'lgan pedagog kadrlarni davlat va xo'jalik boshqaruvi organlariga qarashli sanatoriy-sog'lomlashtirish muassasalarida imtiyozli shartlarda sog'lomlashtirish tartibini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirilganligi;
z) O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligiga Qurilish vazirligi hamda Iqtisodiyot vazirligi Moliya vazirligi, Markaziy bank, “O'zshaharqurilishinvest” va “Qishloqqurilishinvest” injiniring kompaniyalari bilan birgalikda ikki oy muddatda har yili qishloq va shaharlarda namunaviy loyihalar bo'yicha qurilayotgan arzon uy-joylarning bir qismini xalq ta'limi tizimidagi pedagog xodimlarga 20 yil muddatga, 
3 yillik imtiyozli davr hamda birinchi 5 yil mobaynida yillik 7 foiz stavkasi bilan va keyingi davrda O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida dastlabki badali 
10 foiz bo'lgan ipoteka krediti sifatida berish, shuningdek, “Har bir 
oila-tadbirkor” dasturi doirasida pedagog xodimlarning oila a'zolariga issiqxona tashkil etish, qoramol, parranda sotib olish va tadbirkorlik faoliyati uchun 3 yillik muddatga, 6 oylik imtiyozli davr bilan, yillik 
7 foiz stavka miqdorida kreditlar berish tartibini ishlab chiqish va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritish topshirilganligi;
i) O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligiga Moliya vazirligi, Markaziy bank, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda Xalq ta'limi vazirligi huzurida xalq ta'limi tizimidagi xodimlar uchun ipoteka krediti, avtotransport vositasi sotib olish va boshqa maqsadlar uchun iste’mol kreditlari berishni moliyalashtirish bo'yicha maxsus jamg'armani tashkil etish, unga O'zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasi hisobidan 100 million AQSh dollari ajratish hamda xalqaro moliya institutlarining mablag'larini jalb etishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqishi va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirilganligi;
y) O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan taqdim etilgan ro'yxat bo'yicha xalq ta'limi tizimidagi pedagog xodimlarga iste’mol kreditlari, shu jumladan, avtotransport vositalari sotib olish uchun maxsus jamg'arma hisobidan quyidagi shartlarda kreditlar berish tartibi o'rnatilganligi:
kreditni berish muddati – 1 yil imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga;
dastlabki badal summasi – sotib olinayotgan avtotransport vositasi qiymatining 25 foizi;
kredit uchun foiz stavkasi – O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan ko'p bo'lmagan miqdorda.
“O'zavtosanoat” AJga O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan taqdim etiladigan pedagog xodimlar ro'yxati asosida ular tomonidan tijorat banklari kreditlari hisobiga avtotransport vositalari sotib olish uchun avtotransport vositalari ajratish topshirilganligi;
k) O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligiga O'zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan birgalikda ikki oy muddatda xalq ta'limi sohasida barkamol avlodni voyaga etkazishda fidokorona mehnat qilayotgan, yoshlarni vatanparvarlik g'oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga munosib hissa qo'shayotgan xalq ta'limi tizimi xodimlarini taqdirlash uchun davlat mukofoti ta'sis etish bo'yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqishi hamda o'rnatilgan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirilganligi;
l) Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda 2018-2020 yillarda pedagoglik kasbining yuksak ijtimoiy mavqei va obro'sini targ'ib qiluvchi “O'qituvchi va murabbiylar xiyobonlari”ni tashkil etish topshirilganligi;
O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga Qurilish vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, O'zbekiston Badiiy akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi, “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda “O'qituvchi va murabbiylar xiyobonlari”ning kontseptsiyasi va namunaviy loyihasini ishlab chiqish hamda belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirilganligi;
l) O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining 2018/2019 o'quv yilidan boshlab umumta'lim maktablari, shu jumladan, ixtisoslashtirilgan maktablar, san’at va madaniyat maktab-internatlari, olimpiya zaxiralari maktab-internatlari hamda akademik litseylar bitiruvchilariga a'lo bilimi, namunali xulqi va jamoat ishlaridagi faolligi uchun beriladigan oltin va kumush medallarni ta'sis etish to'g'risidagi taklifi ma'qullanganligi;
Quyidagilar belgilab qo'yilganligi:
oltin medal umumiy o'rta ta'lim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik to'g'risidagi a'lo darajali shahodatnomasi mavjud, 
10-11-sinflardagi barcha fanlardan oraliq, yakuniy nazoratlari, choraklik va yillik baholari a'lo bo'lgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik ko'rsatgan 11-sinf bitiruvchilariga berilishi;
kumush medal umumiy o'rta ta'lim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik to'g'risidagi a'lo darajali shahodatnomasi mavjud, 
10-11-sinflardagi barcha fanlardan yillik baholari a'lo bo'lgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik ko'rsatgan 11-sinf bitiruvchilariga berilishi;
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda umumiy o'rta ta'lim muassasalari bitiruvchilarini a'lo baholarga o'qiganligi, namunali xulq-atvori va jamoat ishlaridagi faolligi uchun oltin va kumush medal bilan taqdirlash tartibini tasdiqlash topshirilganligi;
m) O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasiga, Xalq ta'limi vazirligi hamda Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda umumiy o'rta, o'rta maxsus, kasb-hunar, oliy ta'lim, maktabdan tashqari ta'lim sohasiga davlat-xususiy sheriklikning joriy etilishi borasida mavjud ahvolni va ilg'or xorijiy davlatlar tajribasini, jumladan, joyiga chiqqan holda o'rganib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish topshirilganligi;
n) O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligiga Tashqi ishlar vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi, tasarrufida oliy ta'lim muassasalari bo'lgan vazirlik va idoralar, O'zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan birgalikda ikki oy muddatda jahondagi oliy ta'lim muassasalari reytingida 1000 talik ro'yxatga kiradigan xorijiy oliy ta'lim muassasalarining, shu jumladan, pedagogika yo'nalishidagi oliy ta'lim muassasalarining filial (fakultet)larini O'zbekiston Respublikasida litsenziya olmasdan va boshqa imtiyozli shartlarda tashkil etish masalasini o'rganib chiqishi hamda aniq takliflar kiritish topshirilganligi;
o) Quyidagilar taqiqlanganligi:
xalq ta'limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog'liq bo'lmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko'kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo'jaligi ishlari hamda boshqa turdagi ishlarga jalb qilish; 
xalq ta'limi xodimlarini ularning kasbiy faoliyati bilan bog'liq bo'lmagan yig'ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning bosma nashrlarga majburan obuna bo'lishini tashkil etish;
xalq ta'limi muassasalari faoliyatini qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan asoslarga va o'rnatilgan tartibga rioya etmagan holda tekshirish;
Davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari mazkur talablar buzilgan hollarda tegishli javobgarlikka tortilishi haqida qat’iy ogohlantirilganligi;
O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda pedagog xodimlarning huquq va erkinliklarini cheklash holatlarini o'z vaqtida aniqlash va bartaraf etish maqsadida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan muntazam ravishda nazorat tadbirlarini o'tkazishi hamda aybdor shaxslarning javobgarlikka tortilishini ta'minlash topshirilganligi;
p) O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligiga Moliya vazirligi, Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Xalq ta'limi vazirligi, uning hududiy tuzilmalari faoliyatini yanada takomillashtirish, shu jumladan, uning tashkiliy tuzilmasini qayta ko'rib chiqish va shtatlar sonini maqbullashtirish orqali ta'lim sohasiga boshqaruvning ilg'or uslublarini joriy etish yuzasidan takliflar kiritish topshirilganligi;
r) O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligiga 2019 yil 
1 avgustga qadar Moliya vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi bilan birgalikda umumiy o'rta ta'limning amaldagi tayanch o'quv rejasini qayta ko'rib chiqib, 
2019/2020 o'quv yilidan boshlab 10 foizga qisqartirish hamda mazkur fanlar bo'yicha dars soatlari qisqartirilgan mutaxassislarni talab yuqori bo'lgan boshqa o'quv fanlarga bepul qayta tayyorlab o'tkazish yuzasidan taklif kiritishi topshirilganligi;
s) 19-20 bandlar mahfiy tarzda berilganligi;
t) O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga ushbu qaror va dasturlarni amalga oshirish bilan bog'liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur mablag'larni 2018 yil uchun ajratish topshirilganligi hamda 
2019 yildan boshlab O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlari parametrlarida nazarda tutish topshirilganligi;
u) O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o'zgartish va qo'shimchalar to'g'risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish topshirilganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.
3. Yoshlarni ma'naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta'lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Qoraqalpog'iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi Qoraqalpog'iston Respublikasi hududiy bo'limi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda 2018 yil 1 noyabrga qadar ilg'or xorijiy tajribadan kelib chiqib, direktor jamg'armasi mablag'lari hisobidan umumta'lim muassasalarining o'rnak ko'rsatgan pedagog kadrlarni faoliyatining natijaviyligi asosida rag'batlantirishning shaffof tizimini joriy etish yuzasidan Vazirlar Kengashiga taklif kiritsin.
5. Quyidagilar taqiqlansin:
xalq ta'limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog'liq bo'lmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko'kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo'jaligi ishlari hamda boshqa turdagi ishlarga jalb qilish; 
xalq ta'limi xodimlarini ularning kasbiy faoliyati bilan bog'liq bo'lmagan yig'ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning bosma nashrlarga majburan obuna bo'lishini tashkil etish;
xalq ta'limi muassasalari faoliyatini qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan asoslarga va o'rnatilgan tartibga rioya etmagan holda tekshirish;
Davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari mazkur talablar buzilgan hollarda tegishli javobgarlikka tortilishi haqida qat’iy ogohlantirilsin.
Qoraqalpog'iston Respublikasi prokuraturasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda pedagog xodimlarning huquq va erkinliklarini cheklash holatlarini o'z vaqtida aniqlash va bartaraf etish maqsadida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan muntazam ravishda nazorat tadbirlarini o'tkazishi hamda aybdor shaxslarning javobgarlikka tortilishini ta'minlasin.
6. Qoraqalpog'iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy bank hamda “Qishloqqurilishinvest” MChJ injiniring kompaniyalari bilan birgalikda ikki oy muddatda har yili shahar va tumanlarda namunaviy loyihalar bo'yicha qurilayotgan arzon uy-joylarning bir qismini xalq ta'limi tizimida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarga 20 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr hamda birinchi 5 yil mobaynida yillik 7 foiz stavkasi bilan va keyingi davrda O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida dastlabki badali 10 foiz bo'lgan ipoteka krediti sifatida berish, shuningdek, “Har bir oila - tadbirkor”   
dasturi doirasida pedagog xodimlarning oila a'zolariga issiqxona tashkil etish, qoramol, parranda sotib olish va tadbirkorlik faoliyati uchun 
3 yillik muddatga, 6 oylik imtiyozli davr bilan, yillik 7 foiz stavka miqdorida kreditlar berish bo'yicha takliflar kiritsin.
7. Shahar va tumanlar hokimliklari Qoraqalpog'iston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Oliy ta'lim muassasalari hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda 2018-2020 yillarda pedagoglik kasbining yuksak ijtimoiy mavqei va obro'sini targ'ib qiluvchi “O'qituvchi va murabbiylar xiyobonlari”ni tashkil etish bo'yicha takliflar tayyorlasin.
8. Maxfiy.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosari M.A.Jumanov zimmasiga yuklatilsin.

Qoraqalpog'iston Respublikasi 
Vazirlar Kengashining Raisi                                          Q.Sariev