Keyingi yillarda mamlakatda nefrologik kasalliklarga chalingan shaxslarga tibbiy yordam ko'rsatish tizimini sifat jihatidan yaxshilash choralari ko'rilmoqda.
Bir qator respublika va barcha viloyat tibbiyot muassasalarida bemorlar umrining ancha uzayishini va ularning turmush sifati oshishini ta'minlaydigan gemodializ bo'linmalari faoliyat ko'rsatmoqda.
Shu bilan birga, mavjud ahvolning tahlili gemodializ yordamiga muhtoj bo'lgan bemorlarga to'liq tibbiy xizmat ko'rsatishga to'sqinlik qilayotgan bir qancha echimini kutayotgan muammolar mavjudligini ko'rsatdi.
Mavjud muammolarni tezkorlik bilan hal etish va kamchiliklarga barham berish, shuningdek, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirishni ta'minlash va nefrologik kasalliklardan azob chekayotgan shaxslarga tibbiy yordam ko'rsatish tizimini sifat jihatidan yaxshilash hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 iyuldagi PQ-3846-sonli qarorining ijrosini ta'minlash maqsadida Vazirlar Kengashi qaror qiladi:
1. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 iyuldagi “O'zbekiston Respublikasi aholisiga nefrologiya va gemodializ yordami ko'rsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi
PQ-3846-sonli qarori ijro uchun rahbarlikka olinsin.
2. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarori bilan:
a) O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligining aholiga nefrologik va gemodializ yordami ko'rsatish bo'yicha faoliyati qoniqarsiz, deb topilganligi;
b)quyidagilar O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi va uning hududiy bo'linmalarining aholiga nefrologik va gemodializ yordami ko'rsatishni yanada oshirish sohasidagi asosiy vazifalari va faoliyat yo'nalishlari etib belgilanganligi:
birlamchi tibbiyot-sanitariya yordami muassasalarida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, oliy tibbiyot ta'lim muassasalari klinikalari, respublika ko'p tarmoqli shifoxonalarining etakchi mutaxassislari ishtirokida tizimli ravishda aholi tibbiy ko'rikdan o'tkazilishini tashkil etish;
profilaktika qilish, tashxis qo'yish va davolashning zamonaviy hamda samarali usullarini joriy etish yo'li bilan sog'liqni saqlash tizimining viloyat va tuman darajalarida aholiga ixtisoslashtirilgan, yuqori texnologik nefrologik tibbiy yordam ko'rsatish sifatini oshirish;
buyrak patologiyasining barvaqt oldini olish, ularni o'z vaqtida aniqlash, mavjud bemorlarni davolash va reabilitatsiya qilish bo'yicha ishlarni tashkil etuvchi integratsiyalashtirilgan tizimni sog'liqni saqlash tizimining barcha darajalarida yaratish, shuningdek, bemorlarga tashxis qo'yish, tanlash va gemodializga yuborish jarayonini xalqaro amaliyotga muvofiq qayta ko'rib chiqish va optimallashtirish yo'li bilan nefrologik kasalliklarga chalinish hamda bu kasalliklar sababli vafot etishni kamaytirish;
davolashning yuqori texnologik usullari va zamonaviy standartlaridan keng foydalangan holda gemodializ yordamga muhtoj bemorlar umrining uzayishini va ularning turmush sifati oshishini ta'minlash;
tibbiy yordam ko'rsatishning barcha bosqichlarida katta yoshdagilar va bolalarda buyrak kasalliklariga tashxis qo'yish va uni davolashning yagona zamonaviy standartlari va protokollarini joriy etish, jumladan, gemodializ seanslari uchun majburiy klinik protokollarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
nefrologik va gemodializ muassasalarini zamonaviy yuqori texnologik tashxis qo'yish va davolash tibbiyot uskunalari bilan to'liq jihozlash, ularni ehtiyot qismlar, gemodializ uchun sarflash materiallari bilan uzluksiz ta'minlash va tegishli qurilish-ta'mirlash ishlarini amalga oshirish yo'li bilan nefrologiya va gemodializ muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
nefrologik kasalliklarning barvaqt oldini olish, ularni o'z vaqtida aniqlash va davolash bo'yicha kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning samarali tizimini yaratish;
aholiga nefrologik va gemodializ yordami ko'rsatish sohasida xususiy sektorni va davlat-xususiy sheriklikni jadal rivojlantirish;
v) aholiga ixtisoslashtirilgan nefrologik va gemodializ tibbiy yordam ko'rsatish samaradorligini oshirish bo'yicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi o'rinlarda Chora-tadbirlar dasturi deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi;
vazirlik va idoralar rahbarlari Chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning o'z vaqtida, to'liq va sifatli amalga oshirilishi uchun shaxsan mas’ul ekanligi belgilab qo'yilganligi;
g) chora-tadbirlar dasturi amalga oshiriladigan muddatga 2-ilovaga muvofiq tarkibda Aholiga ixtisoslashtirilgan nefrologik va gemodializ tibbiy yordam ko'rsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi ijrosining borishini monitoring qilish bo'yicha ishchi komissiya (keyingi o'rinlarda – Komissiya) tashkil etilganligi;
quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilanganligi:
ushbu qaror qoidalarini amalga oshirish, qo'yilgan vazifalarni bajarishda yuzaga keladigan muammolarni va ularni keltirib chiqaradigan shart-sharoitlarni aniqlash;
nefrologiya va gemodializ xizmati faoliyati, buyrak etishmovchiligiga duchor bo'lgan bemorlarga yuqori malakali yordam ko'rsatish bo'yicha tibbiyot xodimlariga yuklangan vazifalar bajarilishining samaradorligi ustidan tizimli nazorat olib borish;
surunkali buyrak kasalligiga chalingan bemorlarga tashxis qo'yishva ularni davolashning ishlab chiqilgan standartlari asosida nefrologiya va gemodializ yordami ko'rsatuvchi tibbiyot muassasalari tomonidan vazifalar bajarilishi jarayonini, jumladan, joylarga borib o'rganish;
amalga oshirilgan tadbirlar materiallarini, Komissiya qarorlarini aniqlangan kamchiliklarni va tibbiyot muassasalari faoliyatidagi muammolarni bartaraf etish bo'yicha tegishli choralar ko'rish uchun Vazirlar Mahkamasiga, prokuratura organlariga va boshqa organlarga yuborish;
nefrologiya va gemodializ yordami ko'rsatuvchi tibbiyot muassasalari faoliyatidagi tizimli kamchiliklar va huquqbuzarliklarni aniqlash hamda bartaraf etish, bunday yordam ko'rsatishning tashkiliy tizimini yanada takomillashtirish bo'yicha takliflar ishlab chiqish;
d) O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligining:
Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazini tashkil etishni;
yangi tashkil etilayotgan Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi negizida Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida “Nefrologiya, gemodializ va buyrak transplantatsiyasi” kafedrasini tashkil etishni;
2019/2020 o'quv yilidan boshlab magistratura va klinik ordinaturaning “nefrologiya” va “bolalar nefrologiyasi” mutaxassisliklari bo'yicha yangi yo'nalishlarini ochishni nazarda tutuvchi takliflari qabul qilinganligi;
Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasining huquqiy vorisi hisoblanishi;
O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi tibbiyot tashkilotlarining nefrologiya va gemodializ bo'linmalari Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining mintaqaviy tashkiliy-metodik bo'linmalari hisoblanishi belgilab qo'yilganligi;
e) O'zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligiga uch oy muddatda Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazini joylashtirish uchun Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasi binosini rekonstruktsiya qilish bo'yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishini ta'minlash topshirilganligi;
j) “Sog'lom avlod uchun” fondi va keng jamoatchilikning surunkali buyrak etishmovchiligi bilan kasallangan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, gemodializ xizmati faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadida “O'zbekiston dializ jamiyati” nodavlat notijorat tashkilotini tashkil etish to'g'risidagi taklifi qo'llab-quvvatlanganligi;
O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga “O'zbekiston dializ jamiyati” nodavlat notijorat tashkilotini ro'yxatdan o'tkazishda ko'maklashish topshirilganligi;
z) O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi “Yo'l xaritasi” tasdiqlanishini ta'minlashtopshirilganligi:
dasturiy gemodializ ko'rsatish sohasida davlat-xususiy sheriklikva autsorsingni joriy etish, shuningdek, xususiy sektorni rivojlantirish bo'yicha amaliy harakatlar;
davlat-xususiy sheriklik asosida gemodializ xizmatlari ko'rsatuvchi tibbiyot muassasalarini qurish, jihozlash va ulardan foydalanish bo'yicha ishlab chiqilgan takliflarni joriy etish;
gemodializ apparatlari va sarflash materiallari etkazib berishga zarur ruxsatnomalar berishning, xususiy tibbiyot tashkilotlari tomonidan gemodializ xizmatlari ko'rsatishning amaldagi tizimini tubdan soddalashtirish bo'yicha zarur choralar ko'rish;
gemodializ xizmatlari ko'rsatish tartibini, uni amalga oshirish usullarini tartibga solishni, shuningdek, ushbu sohada davlat-xususiy sheriklik shartnomalarini tuzish, ijro etish va tugatishni nazarda tutuvchi gemodializ xizmatlari ko'rsatish sohasida davlat-xususiy sheriklik to'g'risidagi vaqtinchalik nizomni ishlab chiqish va tasdiqlash;
i) O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligiga:
- ikki hafta muddatda Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining tuzilmasi va ustavini hamda uning mintaqaviy bo'linmalari to'g'risidagi namunaviy nizomni tasdiqlashi;
- uch oy muddatda:
nefrologiya va gemodializ bo'linmalarining gemodializ uskunalari parkini tanqidiy tahlil qilib, uning yakunlari bo'yicha ularni yangilash, shuningdek, gemodializ bo'linmalari tarmog'ini kengaytirish yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
dasturiy gemodializdagi bemorlarga tibbiy yordam ko'rsatishning majburiy klinik protokollarini tasdiqlash;
respublika va mintaqaviy tibbiyot muassasalari kesimida gemodializ olishga bemorlarning teng miqdorda biriktirilishini ta'minlash;
respublika, viloyat va tuman (shahar) miqyosida ko'rsatiladigan tibbiy xizmatlar hajmini, mutaxassislarning funktsional vazifalarini belgilagan holda nefrologiya kabineti va bo'limini jihozlash standartlarini nazarda tutuvchi nefrologiya ixtisosligi bo'yicha tibbiy yordam ko'rsatish tartibini tasdiqlash;
- O'zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda surunkali buyrak etishmovchiligiga duchor bo'lgan bemorlar hisobini yuritish va ularning monitoringini olib borishning yagona elektron registri mexanizmini joriy etish;
- Chora-tadbirlar dasturi sifatli va o'z vaqtida amalga oshirilishi ustidan monitoring olib borilishini ta'minlashi, monitoring natijalari to'g'risida har oyda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritish topshirilganligi;
k) O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo'yicha davlat qo'mitasi, Iqtisodiyot vazirligi Sog'liqni saqlash vazirligi, Fanlar akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
gemodializ o'tkazish uchun sarflash materiallarini mahalliy ishlab chiqarishni tashkil etish;
tibbiyot muassasalarini jihozlash va gemodializ xizmatlari ko'rsatish sifatini oshirish bo'yicha tadbirlarni amalga oshirish uchun xayriya mablag'lari va xalqaro (xorijiy) tashkilotlarning grantlarini jalb etish yuzasidan takliflar kiritishtopshirilganligi;
l) O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga:
“Sog'liqni saqlash” tarmog'i bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlarining har yilgi parametrlarini shakllantirishda ushbu qaror bilan tasdiqlangan tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur mablag'larni nazarda tutish;
davlat-xususiy sheriklik asosida standartlar va normativlar bo'yicha o'tkazilgan gemodializ xizmatlari uchun o'z vaqtida haq to'lanishini ta'minlash;
gemodializga muhtoj bo'lgan bemorlar sonining yillik o'sishini hisobga olgan holda zarur gemodializ uskunalari, ehtiyot qismlar va sarflash materiallari Sog'liqni saqlash vazirligining asoslangan buyurtmanomalari asosida o'z vaqtida xarid qilinishi uchun byudjet mablag'lari ajratilishini ta'minlashtopshirilganligi;
m) O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga va Sog'liqni saqlash vazirligiga ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlar bajarilishi, shuningdek, ajratilgan mablag'lardan o'z vaqtida, oqilona va maqsadli foydalanilishi ustidan qat’iy nazorat o'rnatishtopshirilganligi;
n) O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligiga manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o'zgartish va qo'shimchalar to'g'risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
ular tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirish topshirilganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.
3.Aholiga ixtisoslashtirilgan nefrologik va gemodializ tibbiy yordam ko'rsatish samaradorligini oshirish bo'yicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi o'rinlarda Chora-tadbirlar dasturi deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlik va idoralar rahbarlari Chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning o'z vaqtida, to'liq va sifatli amalga oshirilishi uchun shaxsan mas’ul ekanligi belgilab qo'yilsin.
4. Chora-tadbirlar dasturi amalga oshiriladigan muddatga 2-ilovaga muvofiq tarkibda Aholiga ixtisoslashtirilgan nefrologik va gemodializ tibbiy yordam ko'rsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi ijrosining borishini monitoring qilish bo'yicha ishchi komissiya (keyingi o'rinlarda – Komissiya) tashkil etilsin.
Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
ushbu qaror qoidalarini amalga oshirish, qo'yilgan vazifalarni bajarishda yuzaga keladigan muammolarni va ularni keltirib chiqaradigan shart-sharoitlarni aniqlash;
nefrologiya va gemodializ xizmati faoliyati, buyrak etishmovchiligiga duchor bo'lgan bemorlarga yuqori malakali yordam ko'rsatish bo'yicha tibbiyot xodimlariga yuklangan vazifalar bajarilishining samaradorligi ustidan tizimli nazorat olib borish;
surunkali buyrak kasalligiga chalingan bemorlarga tashxis qo'yishva ularni davolashning ishlab chiqilgan standartlari asosida nefrologiya va gemodializ yordami ko'rsatuvchi tibbiyot muassasalari tomonidan vazifalar bajarilishi jarayonini, jumladan, joylarga borib o'rganish;
amalga oshirilgan tadbirlar materiallarini, Komissiya qarorlarini aniqlangan kamchiliklarni va tibbiyot muassasalari faoliyatidagi muammolarni bartaraf etish bo'yicha tegishli choralar ko'rish uchun Vazirlar Kengashiga, prokuratura organlariga va boshqa organlarga yuborish;
nefrologiya va gemodializ yordami ko'rsatuvchi tibbiyot muassasalari faoliyatidagi tizimli kamchiliklar va huquqbuzarliklarni aniqlash hamda bartaraf etish, bunday yordam ko'rsatishning tashkiliy tizimini yanada takomillashtirish bo'yicha takliflar ishlab chiqish.
5. Quyidagilar Qoraqalpog'iston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligining aholiga nefrologik va gemodializ yordami ko'rsatishni yanada oshirish sohasidagi asosiy vazifalari va faoliyat yo'nalishlari etib belgilansin:
birlamchi tibbiyot-sanitariya yordami muassasalarida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, oliy tibbiyot ta'lim muassasalari klinikalari, respublika ko'p tarmoqli shifoxonalarining etakchi mutaxassislari ishtirokida tizimli ravishda aholi tibbiy ko'rikdan o'tkazilishini tashkil etish;
profilaktika qilish, tashxis qo'yish va davolashning zamonaviy hamda samarali usullarini joriy etish yo'li bilan sog'liqni saqlash tizimining shahar va tuman darajalarida aholiga ixtisoslashtirilgan, yuqori texnologik nefrologik tibbiy yordam ko'rsatish sifatini oshirish;
buyrak patologiyasining barvaqt oldini olish, ularni o'z vaqtida aniqlash, mavjud bemorlarni davolash va reabilitatsiya qilish bo'yicha ishlarni tashkil etuvchi integratsiyalashtirilgan tizimni sog'liqni saqlash tizimining barcha darajalarida yaratish, shuningdek, bemorlarga tashxis qo'yish, tanlash va gemodializga yuborish jarayonini xalqaro amaliyotga muvofiq qayta ko'rib chiqish va optimallashtirish yo'li bilan nefrologik kasalliklarga chalinish hamda bu kasalliklar sababli vafot etishni kamaytirish;
davolashning yuqori texnologik usullari va zamonaviy standartlaridan keng foydalangan holda gemodializ yordamga muhtoj bemorlar umrining uzayishini va ularning turmush sifati oshishini ta'minlash;
nefrologik va gemodializ muassasalarini zamonaviy yuqori texnologik tashxis qo'yish va davolash tibbiyot uskunalari bilan to'liq jihozlash, ularni ehtiyot qismlar, gemodializ uchun sarflash materiallari bilan uzluksiz ta'minlash va tegishli qurilish-ta'mirlash ishlarini amalga oshirish yo'li bilan nefrologiya va gemodializ muassasalarining
moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
nefrologik kasalliklarning barvaqt oldini olish, ularni o'z vaqtida aniqlash va davolash bo'yicha kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning samarali tizimini yaratish;
aholiga nefrologik va gemodializ yordami ko'rsatish sohasida xususiy sektorni va davlat-xususiy sheriklikni jadal rivojlantirish.
6. Qoraqalpog'iston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligiga:
- uch oy muddatda:
nefrologiya va gemodializ bo'limlarining gemodializ uskunalari parkini tanqidiy tahlil qilsin, uning yakunlari bo'yicha ularni yangilash, shuningdek, gemodializ bo'limlari tarmog'ini kengaytirish yuzasidan Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga takliflar kiritish;
respublika,shahar va tumanlar tibbiyot muassasalari kesimida gemodializ olishga bemorlarning teng miqdorda biriktirilishini ta'minlash;
Chora-tadbirlar dasturi sifatli va o'z vaqtida amalga oshirilishi ustidan monitoring olib borilishini ta'minlash, monitoring natijalari to'g'risida har oyda Vazirlar Kengashiga axborot kiritish topshirilsin.
7. Qoraqalpog'iston Respublikasi Moliya vazirligi:
“Sog'liqni saqlash” tarmog'i bo'yicha Qoraqalpog'iston Respublikasi byudjeti xarajatlarining har yilgi parametrlarini shakllantirishda ushbu qaror bilan tasdiqlangan tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur mablag'larni nazarda tutsin;
davlat-xususiy sheriklik asosida standartlar va normativlar bo'yicha o'tkazilgan gemodializ xizmatlari uchun o'z vaqtida haq to'lanishini ta'minlasin;
gemodializga muhtoj bo'lgan bemorlar sonining yillik o'sishini hisobga olgan holda zarur gemodializ uskunalari, ehtiyot qismlar va sarflash materiallari Sog'liqni saqlash vazirligining asoslangan buyurtmanomalari asosida o'z vaqtida xarid qilinishi uchun byudjet mablag'lari ajratilishini ta'minlasin.
8.Qoraqalpog'iston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatdaqabul qilingan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosari M.A.Jumanov zimmasiga yuklansin.
Qoraqalpog'iston Respublikasi
Vazirlar Kengashining Raisi Q.Sariev