22.12.2024, Sunday

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 iyuldagi «O'zbekiston Respublikasi hududida chegara rejimi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 504-sonli qarori haqida


O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 iyuldagi «O'zbekiston Respublikasi hududida chegara rejimi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 504-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi
 

QAROR  QILADI:

 

1. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 iyuldagi «O'zbekiston Respublikasi hududida chegara rejimi  to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 504-sonli qarori ijro uchun rahbarlikka olinsin.
2. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qarori bilan quyidagilar:

a) O'zbekiston Respublikasi hududida chegara rejimi to'g'risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi;

b) O'zbekiston Respublikasi davlat chegaralarini delimitatsiya, demarkatsiya va redemarkatsiya qilish, chegara muammolarini hal etish, noqonuniy migratsiyaga, respublika hududiga tovarlar va kontrafakt mahsulotlarni noqonuniy olib kirishga qarshi kurashish masalalari  bo'yicha Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar huzuridagi hududiy komissiyalar (keyingi o'rinlarda komissiya deb ataladi) 2018 yil 1 oktyabrgacha bo'lgan muddatda:

mamlakat ma'muriy-hududiy tuzilishiga muvofiq tumanlar, shaharlar, posyolkalar, qishloqlar, ovullar, temir yo'l stantsiyalari, aeroportlar va hududida chegara zonasi belgilangan boshqa ob’ektlar ro'yxatini;

joylarda fizik-geografik sharoitlari va relefiga qarab, ularda O'zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi chizig'idan chegara mintaqasining chegarasini belgilash topshirilganligi;

v) Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari, O'zbekiston Respublikasi Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo'mitasi hududiy komissiyalar ishlarining yakunlari bo'yicha 2019 yil 15 yanvargacha bo'lgan muddatda:

O'zbekiston Respublikasi Davlat chegaralarining jami uzunligida chegara mintaqasi va chegara zonasining chizmasini tushuntirish xati  bilan birgalikda aks ettirish ishlarining bajarishini ta'minlash va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun materiallar taqdim etish;

 O'zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini muhandislik-texnik jihozlash maqsadida O'zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik  xizmati chegara qo'shinlariga O'zbekiston Respublikasi Davlat chegaralarining jami uzunligidagi chegara mintaqasi doirasida beg'araz asosda doimiy foydalanish uchun erlar ajratish topshirilganligi;

g) Ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish xarajatlari O'zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo'shinlari, Ichki ishlar vazirligi, Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo'mitasining byudjetdan har  yili ajratiladigan mablag'lari doirasida amalga oshirilishi belgilab qo'yilganligi;

d) Quyidagilar:

Vazirlar Mahkamasining «O'zbekiston Respublikasi hududida chegara rejimi to'g'risidagi nizomning yangi tahririni tasdiqlash to'g'risida»gi 2001 yil 25 oktyabrdagi qarori;

Vazirlar Mahkamasining «O'zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o'zgatirish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi 
2004 yil 6 iyundagi qarorining 5-bandi o'z kuchini yo'qotgan deb hisoblanganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.
3. O'zbekiston Respublikasi davlat chegaralarini delimitatsiya, demarkatsiya va redemarkatsiya qilish, chegara muammolarini hal etish, noqonuniy migratsiyaga, respublika hududiga tovarlar va kontrafakt mahsulotlarni noqonuniy olib kirishga qarshi kurashish masalalari  bo'yicha Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi hududiy komissiyasi 2018 yil 1 oktyabrgacha bo'lgan muddatda:

mamlakat ma'muriy-hududiy tuzilishiga muvofiq tumanlar, shaharlar, posyolkalar, qishloqlar, ovullar, temir yo'l stantsiyalari, aeroportlar va hududida chegara zonasi belgilangan boshqa ob’ektlar ro'yxatini;

joylarda fizik-geografik sharoitlari va relefiga qarab, ularda O'zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi chizig'idan chegara mintaqasining chegarasini belgilasin.

4. Tumanlar hokimliklari, Er resurslari va davlat kadastri boshqarmasi hududiy komissiya ishlarining yakunlari bo'yicha 2019 yil 15 yanvargacha bo'lgan muddatda:

O'zbekiston Respublikasi Davlat chegaralarining jami uzunligida chegara mintaqasi va chegara zonasining chizmasini tushuntirish xati bilan birgalikda aks ettirish ishlarining bajarishini ta'minlash  va Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga tasdiqlash uchun materiallar taqdim etsin;

 O'zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini muhandislik-texnik jihozlash maqsadida O'zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo'shinlariga O'zbekiston Respublikasi Davlat chegaralarining jami uzunligidagi chegara mintaqasi doirasida beg'araz asosda doimiy foydalanish uchun erlar ajratsin.

5. Vazirlik va idoralar o'zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosarlari S.I.Nagmetov  va  S.J.Xojametov zimmalariga yuklatilsin.

 

Qoraqalpog'iston Respublikasi

  Vazirlar Kengashining Raisi                                      Q.Sariev