14.12.2024, Shembi

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyundagi “Obod mahalla” dasturining asosiy parametrlarini tasdiqlash va ularning ijrosini ta'minlash masalalari to'g'risida”gi PQ-3812-sonli qarori haqida


O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil  27 iyundagi “Obod mahalla” dasturining asosiy parametrlarini tasdiqlash va ularning ijrosini ta'minlash masalalari to'g'risida”gi PQ-3812-sonli qarori haqida

 

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyundagi “Obod mahalla” dasturi to'g'risida”gi PF-5467-sonli Farmoni ijrosini ta'minlash, shuningdek, mahallalarning me’moriy qiyofasini tubdan yangilash, hududlarni kompleks rivojlantirish, yo'l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo etish, shu asosda aholining turmush darajasini oshirish maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi qaror qiladi:

1. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil  27 iyundagi “Obod mahalla” dasturining asosiy parametrlarini tasdiqlash va ularning ijrosini ta'minlash masalalari to'g'risida”gi PQ-3812-sonli qarori ijro uchun rahbarlikka olinsin.

2. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida ko'rsatilgan qarori bilan:

a) “Obod mahalla” dasturi doirasida:

2018-2019 yillarda qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladigan mahallalar ro'yxati 1-ilovaga muvofiq;

2018-2019 yillarda qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishning asosiy ko'rsatkichlari 2.1-2.9-ilovalarga muvofiq;

2018-2019 yillarda amalga oshiriladigan qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlarini moliyalashtirish parametrlari 3-3.1-ilovalarga muvofiq tasdiqlanganligi;

Dastur ijrosining borishi yuzasidan shahar (tuman)lar hokimlari har chorak yakuni bilan xalq deputatlari shahar (tuman) kengashiga hisobot berib borishi belgilab qo'yilganligi;

b) Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimliklariga:

bir oy muddatda “Obod mahalla” dasturi doirasida qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish bo'yicha har bir mahalla kesimida “yo'l xaritalari”ni ishlab chiqib, ularni amalga oshirish mexanizmlari, muddatlari va mas’ullarni aniq belgilash;

“Obod mahalla” dasturini amalga oshirish va belgilangan parametrlar ijrosini ta'minlash yuzasidan korxona, tashkilot va ijrochilarning faoliyatini muvofiqlashtirish, buning uchun har bir mahalla bo'yicha maxsus shtablar faoliyatini tashkil etish;

tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar bilan birgalikda uch oy muddatda mahallalar hududlarida 4-ilovada keltirilgan xizmatlar va tuzilmalarni tashkil etib, ularning yuqori malakali mutaxassislar, zarur moddiy-texnika bazasi, bino va inshootlar bilan ta'minlagan holda to'liq faoliyat yuritish choralarini ko'rish topshirilganligi;

v) “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan ob’ektlar bo'yicha:

tegishliligi bo'yicha Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimliklarining “Yagona buyurtmachi xizmati” injirining kompaniyalari hamda vazirlik, idora va xo'jalik birlashmalari tizimidagi buyurtmachi xizmatlari buyurtmachi etib belgilanganligi;

bosh loyihachi va pudratchi tashkilotlarni tanlov savdolari o'tkazmasdan, eng maqbul takliflar tanlovi orqali aniqlashga ruxsat berilganligi;

mazkur tanlovlarni tashkil etish, jarayonlarni nazorat qilish va ularning samaradorligini ta'minlash uchun shaxsiy javobgarlik shaharlar hokimlari hamda tegishli vazirlik, idora va xo'jalik birlashmalari rahbarlari zimmasiga yuklatilganligi;

g) Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimliklariga:

“Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlari doirasida mahalliy byudjet mablag'lari hisobidan bajariladigan qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari bo'yicha buyurtmachi funktsiyasini bajarish uchun “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalarining shahar va tumanlar hokimliklari huzurida Loyihalarni amalga oshirish guruhlarini tashkil etish;

O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda ikki hafta muddatda “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalarining shahar va tumanlar hokimliklari huzuridagi Loyihalarni amalga oshirish guruhlarining namunaviy nizomlari hamda mahalliy byudjet mablag'lari hisobidan bajariladigan qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlarini mazkur guruhlar nazorati ostida moliyalashtirish tartibini ishlab chiqib, tasdiqlanishini ta'minlash topshirilganligi;

            d) O'zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligiga, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklariga:

mazkur qarorning 1-ilovasida keltirilgan loyiha tashkilotlari bilan birgalikda “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan mahallalarni kompleks rivojlantirishni nazarda tutuvchi bosh rejalar va batafsil rejalashtirish loyihalarini mahalliy byudjet mablag'lari hisobidan ishlab chiqishni;

mahallalar hududidagi bo'sh er maydonlarini tadbirkorlik sub’ektlari uchun ajratishda bosh reja talablariga qat’iy amal qilinishi yuzasidan mahalliy hokimlik va arxitektura organlari mas’uliyatini oshirishni ta'minlashi;

ushbu tartibga rioya etilmagan taqdirda barcha darajadagi mahalliy hokimliklar va arxitektura organlarining mutasaddi rahbarlari va xodimlari o'rnatilgan tartibda javobgarlikka tortilishi qayd etilganligi;

e) Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklariga, sektorlar rahbarlari, “O'zdavergeodezkadastr” davlat qo'mitasi, Qurilish vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirligi, Suv xo'jaligi vazirligi, Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi, “O'zbekenergo” AJ, “O'ztransgaz” AJ, “O'zbektelekom” AK, boshqa tegishli idora va tashkilotlar bilan birgalikda “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan mahallalarni o'rnatilgan tartibda xatlovdan o'tkazib, uning natijalariga ko'ra:

mavjud uy-joylar, bino va inshootlar, infratuzilma ob’ektlari, yo'l-transport va muhandislik kommunikatsiyalarining texnik holatini o'rganib hamda shu asosda ularda qurilish, rekonstruktsiya qilish va ta'mirlash ishlari bajarilishini tashkil etish;

texnik talablarga javob bermaydigan yoki noqonuniy ravishda qurilgan bino va inshootlar, qurilmalarning buzilishini ta'minlash;

bir oy muddatda ko'p qavatli bino va inshootlar, ularga tutash hududlar, obodonlashtirish elementlari, shuningdek, umumiy foydalanish ob’ektlarini to'liq qamrab olgan holda kadastr ma'lumotlarini yangilash topshirilganligi;

j) O'zbekistan Respublikasi Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasiga “Obod mahalla” dasturi doirasida Respublika yo'l jamg'armasi mablag'lari hisobidan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llari va piyodalar yo'laklarini ta'mirlash ishlarini, yo'l bo'ylarini obodonlashtirish va ko'kalamzorlashtirish ishlarining zaruriy elementlar bilan to'liq va sifatli amalga oshirilishini ta'minlash topshirilganligi;

z) O'zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirligiga, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan mahallalarda mavjud ko'p xonadonli uy-joy fondini yaxshilash, umumfoydalanishdagi qismlar va maydonlarni (fasad, pod’ezd, zina maydonlari, tom, erto'la, trotuar, bolalar maydonchalari va h.k.) ta'mirlash, maishiy infratuzilma ob’ektlarini joylashtirish hamda atrofidagi hududlarni tartibga keltirish bo'yicha namunaviy talablarni (eskiz loyihasini) ishlab chiqish va shy asosda ishlarni amalga oshirishni ta'minlash topshirilganligi;

i) Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklariga  Davlat ekologiya qo'mitasi va tegishli sanitar tozalash korxonalari bilan birgalikda “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan mahallalarda chiqindilarni yig'ish maydonchalarini barpo etish, muntazam ravishda chiqindilarni yig'ish va olib chiqib ketish xizmatlarini tashkil qilish choralarini ko'rish topshirilganligi;

k) Iqtisodiyot vazirligiga, “O'zqurilishmateriallari” aktsiyadorlik jamiyati, tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Obod mahalla” dasturi doirasida qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlarini bajarish uchun tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq talab etiladigan 5-ilovada keltirilgan asosiy turdagi mahalliy qurilish materiallari va jihozlari bilan ta'minlash bo'yicha tartib ishlab chiqish va shu asosda ishlarni tashkil etish;

“O'zqurilishmateriallari” AJ, “O'zmetkombinat” AJ, “O'zbekneftgaz” AJ, “O'zmaxsusmontajqurilish” AK, “O'zeltexsanoat” AK tarkibida qurilish materiallari va jihozlari ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud bo'lgan xo'jalik birlashmalari “Obod mahalla” dasturi doirasida qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlarini bajarish uchun mahalliy qurilish materiallari, buyumlari va jihozlarini muntazam ravishda etkazib berishni tashkil etish topshirilganligi; 

l) O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari - Investitsiyalar bo'yicha davlat qo'mitasi raisi S.R.Xolmurodovga vazirlik, idora va mahalliy ijro etuvchi organlar bilan birgalikda “Obod mahalla” dasturini amalga oshirishga xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining uzoq muddatli imtiyozli kreditlari va grant mablag'larini jalb etish choralarini ko'rish topshirilganligi;

m) O'zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligiga o'rnatilgan tartibda:

“Obod mahalla” dasturi doirasida qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish va mahallalarning me’moriy qiyofasini yaxshilash tizimini takomillashtirish uchun zarur hollarda shaharsozlik norma va qoidalarini qayta ko'rib chiqib, o'zgartishlar kiritishni hamda yangilarini ishlab chiqishni ta'minlash;

ob’ektlar bo'yicha loyiha-smeta hujjatlarining davlat ekspertizasi o'tkazilishi va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazorati o'rnatilishini ta'minlash topshirilganligi;

n) O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 martdagi PQ-Z630-sonli qarori bilan tuzilgan “Obod qishloq” dasturini amalga oshirishni muvofiqlashtirish bo'yicha respublika komissiyasi (A.J.Ramatov)ga:

“Obod mahalla” dasturini amalga oshirishda ishtirok etayotgan vazirlik, idora, hokimlik va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning o'zaro hamkorlikda ish yuritishlarini ta'minlash, bu borada yuzaga kelgan muammoli masalalarni hal etish;

“Obod mahalla” dasturi doirasida qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari bo'yicha belgilangan parametrlar ijrosini o'z vaqtida va to'liq ta'minlashning borishi yuzasidan tizimli monitoring yuritish;

kelgusi yillarda “Obod mahalla” dasturiga kiritilib, qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladigan mahallalar ro'yxatini shakllantirish va dastur parametrlarini ishlab chiqish;

“Obod mahalla” dasturini amalga oshirish jarayonida zarur hollarda vazirlik, idora, hokimlik va tashkilotlar-buyurtmachilarning takliflari asosida tegishli parametrlarga qo'shimcha va o'zgartirishlar kiritish hamda bajariladigan ish turlari va hajmlariga aniqlik kiritish;

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining tashriflari davomida berilgan topshiriqlardan kelib chiqib, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 martdagi PQ-3630-son qarori bilan tasdiqlangan “Obod qishloq” dasturiga tuzatishlar kiritish hamda yangilangan parametrlarni tasdiqlash vazifalari yuklatilganligi;

o) Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklariga O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Qurilish vazirligi, boshqa tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar bilan kelishgan holda, har yili 1 oktyabrga qadar kelgusi yilda “Obod mahalla” dasturi doirasida bajariladigan qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlarining parametrlarini ob’ektlar kesimida shakllantirish, tasdiqlash uchun Respublika komissiyasiga kiritib borish;

bunda, dastur doirasida ajratiladigan mablag'larning samaradorligini oshirish va ortiqcha sarf-xarajatlarga yo'l qo'ymaslik maqsadida ob’ektlar va tarmoqlar bo'yicha eng maqbul me’moriy va texnik echimlar asosida loyihalashtirish va qurilish-ta'mirlash ishlarining bajarilishini ta'minlash topshirilganligi;

p) Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida amalga oshiriladigan ishlar bo'yicha korxona va tashkilotlar o'rtasidagi debitor va kreditor qarzdorlikni oshib ketmasligiga shaxsan mas’ul ekanligi belgilab qo'yilganligi;

r) O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo'yicha davlat qo'mitasi va Moliya vazirligiga tegishli vazirlik, idora va hokimliklar bilan birgalikda ikki hafta muddatda 2018 yil manzilli dasturiga kiritilgan va qurilish-montaj ishlari boshlanmagan ijtimoiy soha va infratuzilma ob’ektlarini xatlovdan o'tkazib, zarur hollarda ularning o'rniga “Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlarida ko'zda tutilgan ob’ektlarni kiritish bo'yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirilganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.

3. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosari (S.Nagmetov), Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Qurilish vazirligi, Investitsiyalar bo'yicha qo'mitasi, Nukus shahar hokimligi bilan birgalikda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida ko'rsatilgan qarori bilan:

1-ilovaga muvofiq tasdiqlangan 2018-2019 yillarda qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladigan mahallalar ro'yxati;

2.1-2.9-ilovalarga muvofiq tasdiqlangan 2018-2019 yillarda qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishning asosiy ko'rsatkichlari;

3-3.1-ilovalarga muvofiq tasdiqlangan 2018-2019 yillarda amalga oshiriladigan qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlarini moliyalashtirish parametrlari doirasida  Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'yicha belgilangan dastur parametrlarning bajarilishini ta'minlasin.

Dastur ijrosining borishi yuzasidan Nukus shahar hokimi har chorak yakuni bilan xalq deputatlari Nukus shahar kengashiga hisobot berib borishini ta'minlasin.

4. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosari (S.Nagmetov), Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Qurilish vazirligi, Investitsiyalar bo'yicha qo'mitasi, Nukus shahar hokimligi bilan birgalikda:

un kun muddatda “Obod mahalla” dasturi doirasida qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish bo'yicha har bir mahalla kesimida “yo'l xaritalari”ni ishlab chiqib, ularni amalga oshirish mexanizmlari, muddatlari va mas’ullarni aniq belgilab tasdiqlash;

“Obod mahalla” dasturini amalga oshirish va belgilangan parametrlar ijrosini ta'minlash yuzasidan korxona, tashkilot va ijrochilarning faoliyatini muvofiqlashtirsin, buning uchun har bir mahalla bo'yicha maxsus shtablar faoliyatini tashkil etsin;

tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar bilan birgalikda bir oy muddatda mahallalar hududlarida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida ko'rsatilgan qarori bilan 4-ilovada keltirilgan xizmatlar va tuzilmalarni tashkil etib, ularning yuqori malakali mutaxassislar, zarur moddiy-texnika bazasi, bino va inshootlar bilan ta'minlagan holda to'liq faoliyat yuritish choralarini ko'rsin.

5. Qoraqalpog'iston Respublikasi Qurilish vazirligi Nukus shahar hokimligi bilan birgalikda “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan ob’ektlar qurilishi va obodonlashtirish ishlariga:

tegishliligi bo'yicha Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashining yagona buyurtmachi xizmati “Injirining kompaniyasi” hamda vazirlik, idora va xo'jalik birlashmalari tizimidagi buyurtmachi xizmatlari buyurtmachi etib belgilasin;

bosh loyihachi va pudratchi tashkilotlarni tanlov savdolari o'tkazmasdan, eng maqbul takliflar tanlovi orqali aniqlashga ruxsat berilsin.

Mazkur tanlovlarni tashkil etish, jarayonlarni nazorat qilish va ularning samaradorligini ta'minlash uchun shaxsiy javobgarlik Nukus shahar hokimi hamda tegishli vazirlik, idora va xo'jalik birlashmalari rahbarlari zimmasiga yuklansin.

6. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosari (S.Nagmetov), Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Qurilish vazirligi, tumanlar va Nukus shahri hokimliklari hamda Vazirlar Kengashining yagona buyurtmachi xizmati “Injiniring kompaniyasi” bilan birgalikda:

“Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlari doirasida mahalliy byudjet mablag'lari hisobidan bajariladigan qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari bo'yicha buyurtmachi funktsiyasini bajarish uchun Vazirlar Kengashining yagona buyurtmachi xizmati “Injiniring kompaniyasi” huzuridagi Loyihalarni amalga oshirish guruhini tashkil etish bo'yicha taklif kiritishni;

O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda bir hafta muddatda Vazirlar Kengashining yagona buyurtmachi xizmati “Injiniring kompaniyasi” huzuridagi Loyihalarni amalga oshirish guruhining nizomlari hamda mahalliy byudjet mablag'lari hisobidan bajariladigan qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlarini mazkur guruh nazorati ostida moliyalashtirish tartibini ishlab chiqib, tasdiqlanishini ta'minlasin.

7. Qoraqalpog'iston Respublikasi Qurilish vazirligi, Moliya vazirligi Nukus shahar  hokimligi bilan birgalikda:

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida ko'rsatilgan qarorining 1-ilovasida keltirilgan loyiha tashkilotlari bilan birgalikda “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan mahallalarni kompleks rivojlantirishni nazarda tutuvchi bosh rejalar va batafsil rejalashtirish loyihalarini mahalliy byudjet mablag'lari hisobidan ishlab chiqishni;

mahallalar hududidagi bo'sh er maydonlarini tadbirkorlik sub’ektlari uchun ajratishda bosh reja talablariga qat’iy amal qilinishi yuzasidan Nukus shahar hokimligi arxitektura boshqarmasining mas’uliyatini oshirishni ta'minlasin.

Belgilangan tartibga rioya etilmagan taqdirda barcha tumanlar va Nukus shahri  hokimliklari va arxitektura bo'limlarining mutasaddi rahbarlari va xodimlari o'rnatilgan tartibda javobgarlikka tortilishi belgilansin.

8. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosari (S.Nagmetov),  sektorlar rahbarlari, Qurilish vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirligi, Suv xo'jaligi vazirligi, Avtomobil yo'llari hududiy bosh boshqarmasi, Er resurslari va davlat kadastri boshqarmasi, Er tuzish va ko'chmas mulk kadastri korxonasi, Koraqalpog'iston elektr tarmoqlari hududiy korxonasi, “O'ztransgaz” AJ Koraqalpog'istongaz filiali, “O'zbektelekom” AK Koraqalpog'iston filiali, Nukus shahar hokimligi, boshqa tegishli idora va tashkilotlar bilan birgalikda “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan mahallalarni o'rnatilgan tartibda xatlovdan o'tkazib, uning natijalariga ko'ra:

mavjud uy-joylar, bino va inshootlar, infratuzilma ob’ektlari, yo'l-transport va muhandislik kommunikatsiyalarining texnik holatini o'rgansin hamda shu asosda ularda qurilish, rekonstruktsiya qilish va ta'mirlash ishlari bajarilishini tashkil etsin;

texnik talablarga javob bermaydigan yoki noqonuniy ravishda qurilgan bino va inshootlar, qurilmalarning buzilishini ta'minlasin;

o'n besh kun muddatda ko'p qavatli bino va inshootlar, ularga tutash hududlar, obodonlashtirish elementlari, shuningdek, umumiy foydalanish ob’ektlarini to'liq qamrab olgan holda kadastr ma'lumotlarini yangilasin.

9. Qoraqalpog'iston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirligi, Nukus shahar hokimligi bilan birgalikda “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan mahallalarda mavjud ko'p xonadonli uy-joy fondini yaxshilash, umumfoydalanishdagi qismlar va maydonlarni (fasad, pod’ezd, zina maydonlari, tom, erto'la, trotuar, bolalar maydonchalari va h.k.) ta'mirlash, maishiy infratuzilma ob’ektlarini joylashtirish hamda atrofidagi hududlarni tartibga keltirish bo'yicha talablarni (eskiz loyihasini) ishlab chiqib, shy asosda ishlarni amalga oshirishni ta'minlansin.

10. Qoraqalpog'iston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitini muhofaza qilishi qo'mitasi, Sanitar tozalash korxonasi, Nukus shahar hokimligi bilan birgalikda “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan mahallalarda chiqindilarni yig'ish maydonchalarini barpo etish, muntazam ravishda chiqindilarni yig'ish va olib chiqib ketish xizmatlarini tashkil qilish choralarini ko'rsin.

11. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosari (S.Nagmetov), Iqtisodiyot vazirligi va Nukus shahri hokimligi bilan birgalikda “Obod mahalla” dasturi doirasida qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlarini bajarish uchun tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq talab etiladigan asosiy turdagi mahalliy qurilish materiallari va jihozlari ishlab chiqaruvchi korxonalardan muntazam ravishda etkazib berishni tashkil etsin.

12. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosari (S.Nagmetov), Iqtisodiyot vazirligi, Nukus shahri hokimligi bilan birgalikda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil                    29 martdagi PQ-Z630-sonli qarori bilan tuzilgan “Obod qishloq” dasturini amalga oshirishni muvofiqlashtirish bo'yicha respublika komissiyasi vazifalariga muvofiq,  “Obod mahalla” dasturi doirasida qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlarini bajarishda yuzaga kelgan muammoli masalalarni hal etish bo'yicha o'z vaqtida Respublika komissiyasiga takliflar kiritib borsinlar.

13. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosari (S.Nagmetov), Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, tegishli vazirlik va idoralar, Nukus shahri hokimligi bilan birgalikda har yili              1 oktyabrga qadar kelgusi yilda “Obod mahalla” dasturi doirasida bajariladigan qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlarining parametrlarini ob’ektlar kesimida shakllantirib, tasdiqlash uchun Respublika komissiyasiga kiritib borsin.

Dastur doirasida ajratiladigan mablag'larning samaradorligini oshirish va ortiqcha sarf-xarajatlarga yo'l qo'ymaslik maqsadida ob’ektlar va tarmoqlar bo'yicha eng maqbul me’moriy va texnik echimlar asosida loyihalashtirish va qurilish-ta'mirlash ishlarini bajarish ta'minlansin.

14. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosari (S.Nagmetov), Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, tegishli vazirlik va idoralar, tumanlar va Nukus shahri hokimlari “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida amalga oshiriladigan ishlar bo'yicha korxona va tashkilotlar o'rtasidagi debitor va kreditor qarzdorlikni oshib ketmasligiga shaxsan mas’uldir.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosarlari S.I.Nagmetov, M.A.Jumanov, B.S.Xabibullaev zimmasiga yuklansin.

 

 

Qoraqalpog'iston Respublikasi  

 Vazirlar Kengashining Raisi          

    Q.Sariev