Davlat umumiy o'rta ta'lim muassasalari o'quvchilarining kiyinish madaniyati va tartib-intizomga amal qilish ko'nikmalarini mustahkamlash, salomatliklarini muhofaza qilish uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish, ma'naviy va jismoniy sog'lom avlodni kamol toptirish maqsadida Vazirlar Kengashi qaror qiladi:
1. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi “Davlat umumiy o'rta ta'lim muassasalari o'quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta'minlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi 666-sonli qarori ijro uchun rahbarlikka olinsin.
2. Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori bilan:
a) O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligining, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va “O'zto'qmachiliksanoat” uyushmasining 2018/2019 o'quv yili davomida davlat umumiy o'rta ta'lim muassasalarida o'quvchilar uchun zamonaviy yagona maktab formasini (keyingi o'rinlarda maktab formasi deb yuritiladi) joriy etish to'g'risidagi taklifi ma'qullanganligi;
b) Quyidagilar:
- davlat umumiy o'rta ta'lim muassasalari o'quvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formasining shakllari 1 ilovaga muvofiq;
- davlat umumiy o'rta ta'lim muassasalari o'quvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formasini joriy etish tartibi to'g'risidagi nizom 2 ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi;
v) 2018/2019 o'quv yilidan boshlab o'quvchilarning davlat umumiy o'rta ta'lim muassasalariga 1 ilovaga muvofiq tasdiqlangan shakllardagi maktab formasida kelishlari ixtiyoriy, 2019/2020o'quv yilidan boshlab esa majburiy hisoblanishi belgilab qo'yilganligi;
g) “O'zto'qimachiliksanoat” uyushmasi maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarni belgilashda ularning texnologik jihatdan ishlab chiqarish imkoniyatlari va hududiy joylashuvini (Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududida) inobatga olgan xolda maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlar ro'yxatini hududlar bo'yicha shakillantirilganligi;
d) Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga “O'zto'qimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda maktab formasi savdosini tashkil qilish maqsadida respublikaning har bir tuman (shahar) markazida aholiga qulay joylarda maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning savdo shoxobchalarini tashkil etish va ularning joylashish manzillarini ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilish topshirilganligi;
e) O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligiga, “O'zstandart” agentligi, “O'zto'qimachiliksanoat” uyushmasi, O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'lim vazirligi maktab formasining belgilangan standartlarga sanitariya qoidalari normalari va gigiena normativlariga muvofiq sifatli to'qmachilik mahsulotlaridan tayyorlanishi ustidan nazorat o'rnatish topshirilganligi;
j) O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'lim vazirligiga:
- 2018/2019 o'quv yilidan boshlab maktab formasining davlat umumiy o'rta ta'lim muassasalarida ixtiyoriy joriy qilinishiga ko'maklashish;
- 2019/2020 o'quv yilidan boshlab maktab formasining davlat umumiy o'rta ta'lim muassasalarida to'liq joriy etilishini ta'minlash;
- o'quvchilarning ota-onalari yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxslar orasida davlat umumiy o'rta ta'lim muassasalariga maktab formasida kelishning afzalliklari to'g'risida tushuntirish ishlarini olib borish topshirilganligi;
z) Tijorat banklariga aholining maktab formalarini harid qilishi uchun O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan oshmaydigan foiz stavkasi bo'yicha qisqa muddatli (olti oydan kam bo'lmaydigan) iste’mol kreditlari ajratish tavsiya etilganligi;
i) O'zbekiston Milliy axborot agentligi va O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga ushbu qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyati, maktab formasi joriy qilinishining o'quvchilar o'rtasida ijtimoiy tengilikni mustahkamlashga va sifatli ta'lim-tarbiya olish uchun sharoit yaratishga xizmat qilishi ommaviy axborot vositalarida, jumladan ijtimoiy roliklar orqali muntazam va keng yoritish tavsiya etilganligi;
y) O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ular qabul qilgan
normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirish topshirilganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.
3. Qoraqalpog'iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi:
- 2018/2019 o'quv yilidan boshlab maktab formasining davlat umumiy o'rta ta'lim muassasalarida ixtiyoriy joriy qilinishiga ko'maklashish;
- 2019/2020 o'quv yilidan boshlab maktab formasining davlat umumiy o'rta ta'lim muassasalarida to'liq joriy etilishini ta'minlash;
- o'quvchilarning ota-onalari yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxslar orasida davlat umumiy o'rta ta'lim muassasalariga maktab formasida kelishning afzalliklari to'g'risida tushuntirish ishlarini olib borsin.
4. Tijorat banklari aholining maktab formalarini harid qilishi uchun O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan oshmaydigan foiz stavkasi bo'yicha qisqa muddatli (olti oydan kam bo'lmaydigan) iste’mol kreditlari ajratish bo'yicha takliflar kiritsin.
5. Qoraqalpog'iston Respublikasi teleradiokompaniyasi, Matbuot va axborot agentligiga ushbu qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyati, maktab formasi joriy qilinishining o'quvchilar o'rtasida ijtimoiy tengilikni mustahkamlashga va sifatli ta'lim-tarbiya olish uchun sharoit yaratishga xizmat qilishi ommaviy axborot vositalarida, jumladan ijtimoiy roliklar orqali muntazam va keng yoritish tavsiya etilsin.
6. Qoraqalpog'iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ular qabul qilgan
normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosari M.Jumanov zimmasiga yuklatilsin.
Qoraqalpog'iston Respublikasi
Vazirlar Kengashining Raisi Q.Sariev