O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 iyuldagi «Baliqchilik sohasidagi ilmiy faoliyatni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi 606-sonli qarori haqida
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil31 iyuldagi «Baliqchilik sohasidagi ilmiy faoliyatni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi 606-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi
QAROR QILADI:
1. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil
31 iyuldagi «Baliqchilik sohasidagi ilmiy faoliyatni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi 606-sonli qarori ijro uchun rahbarlikka olinsin.
2. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qarori bilan quyidagilar:
a) Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
2018-2021 yillarda baliqchilik sohasida ilmiy faoliyatni takomillashtirish va xorijiy mamlakatlarning etakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan xalqaro hamkorlikni yo'lga qo'yish chora-tadbirlari dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi;
O'zbekiston Fanlar akademiyasining Qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat ta'minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi direktoriga, zarurat bo'lganda, Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti xodimlarining cheklangan umumiy soni va mehnatga hak to'lash jamg'armasi doirasida uning tuzilmasiga o'zgartirishlar kiritish huquqi berilganligi;
b) Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutining asosiy vazifalari va faoliyat yo'nalishlari etib quyidagilar:
baliqchilik tarmog'ida ilmiy-tadqiqot ishlarining strategik yo'nalishlarini va sohadagi mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan istiqbolli tadqiqot mavzularini belgilash;
davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar asosida baliqchilik sohasini jadal rivojlantirish yuzasidan ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshirish;
sohada selektsiya-naslchilik ishlari, baliqlarni oziqlantirish, shuningdek, baliqlar kasalliklarining oldini olish va ularni davolash tadbirlarini amalga oshirish bo'yicha uslubiy va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish;
intensiv texnologiyalar asosida, jumladan, qafas moslamalarida, yopiq aylanma suv tizimida, oqar suv basseynlarida, sug'orish tarmoqlari va daryo bo'ylarida baliq etishtirishning innovatsion usullarini ishlab chiqarishga keng ko'lamda tatbiq etish;
baliqchilik tarmog'i uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishda ishtirok etish, sohaga oid seminar va treninglar o'tkazish;
yangi innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish bo'yicha xorijiy mamlakatlarning etakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan xalqaro hamkorlikni yo'lga qo'yish belgilab quyilganligi;
v) Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti va uning hududiy filiallarining faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar:
O'zbekiston Reslublikasi Davlat byudjetidan davlat ilmiy-texnik dasturlarini amalga oshirish uchun ajratiladigan mablag'lar;
«O'zbekbaliqsanoat» uyushmasining Baliqchilikni rivojlantirish jamg'armasi tomonidan baliqchilik sohasidagi ilmiy-tadqiqotlar uchun ajratiladigan mablag'lar;
xo'jalik yuritish va xizmat ko'rsatishdan tushadigan mablag'lar;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy tashkilotlar va donor mamlakatlar grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilanganligi;
Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti va uning hududiy filiallarining xodimlariga respublika ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq to'lash va moddiy rag'batlantirish shartlari tatbiq etish belgilanganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.
3. Qoraqalpog'iston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi, Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpog'iston Respublikasi filiali, «Qaraqalpaqbaliqsanoat» MChJ va tuman hokimliklari bilan birgalikda 2019 yil may oyiga qadar Xitoy Xalq Respublikasining Baliqchilik Fanlar akademiyasi mutaxassislari bilan hamkorlikda respublika hududlaridagi baliqchilik xo'jaliklarida o'quv seminarlar tashkil etsin.
4. Qoraqalpog'iston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o'zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosari S.J.Xojametov zimmasiga yuklatilsin.
Qoraqalpog'iston Respublikasi
Vazirlar Kengashining Raisi Q.Sariev